28 dekabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Turkiyaning yurtimizdagi yangi elchisi Ahmet Bashar Shenni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi siyosat mahkamasi matbuot xizmati xabar beradi.
Favqulodda va muxtor elchi Ahmet Bashar Shen vazir Abdulaziz Komilovga ishonch yorlig‘i nusxasini topshirgan.
Muloqot asnosida ayni vaqtda ikki mamlakat o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda do‘stlik va sherikchilikka asoslangan hamkorlikni rivojlantirishga imkon beradigan konstruktiv va ochiq munosabat o‘rnatilgani qayd etilgan.
Joriy yil 17-18 noyabr kunlari Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Samarqandda O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. Vazir va elchi uchrashuvida oliy darajadagi ana shu muzokaralarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga doir aniq masalalar muhokama etilgan.
Samarqanddagi muzokaralarda O‘zbekiston va Turkiya Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazish yuzasidan kelishuvga erishilgan edi. Abdulaziz Komilov va Ahmet Bashar Shen uchrashuvida siyosiy maslahatlashuvlarni o‘tkazish vaqti va mazmuni bo‘yicha ham fikr almashilgan.
Turkiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi Ahmet Bashar Shen 1967 yilda tug‘ilgan. 1988 yili Anqara universitetining Siyosatshunoslik fakultetini tamomlagan. Diplomat, shuningdek, Istanbul universitetida Yevropa Ittifoqi huquqiy tizimi, Shtutgart universitetida esa siyosatshunoslik hamda olmon tili va adabiyoti yo‘nalishlarida tahsil olgan. Turkiya tashqi siyosat mahkamasidagi faoliyatini 1996 yili boshlagan. Shu tariqa u 20 yil davomida Tashqi ishlar vazirligining turli boshqarmalarida, shuningdek, Turkiyaning Berlin va Minskdagi elchixonalarida, Nyu-Yorkdagi bosh konsulligida mas’ul vazifalarni bajargan. Ahmet Bashar Shen O‘zbekistonga kelgunga qadar (2012-2016 yillar) Turkiyaning Berlindagi bosh konsuli sifatida faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, 2014 yil fevraldan Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi sifatida ish boshlagan Namik Gyuner Erpul joriy yil dekabrda yurtimizdagi diplomatlik faoliyatini tamomlab vataniga yo‘l oldi.
Sobir Salim