«Afrosiyob» gazetasi yangi yo‘nalishda chop etila boshladi

Samarqandda yana bir yangi gazeta chop etila boshlandi. Aslida, «Afrosiyob»ning nomi gazetxonlarga 2012 yildan beri tanish. Ammo gazetaga yozuvchi Karimberdi To‘ramurod muharrir etib tayinlangach, gazeta o‘z yo‘nalishini o‘zgartirdi, u adabiy-ma’rifiy gazetaga aylandi.

Gazetaning «Mutolaa zavqi» sahifasida zamondosh ijodkorlarning yangi hikoyalarini, «Nafis majlislar» ruknida shoirlarimizning yangi she’rlarini o‘qishingiz mumkin.

«Ustozlardan saboqlar» sahifasida Shukur Xolmirzayev, Said Ahmad, O‘tkir Hoshimov, O‘lmas Umarbekov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Shavkat Rahmon, O‘ktam A’zam singari so‘z ustalarining asarlarini o‘qiysiz.

Gazeta ajoyib loyiha boshlagan, «Gazeta ichida kitob» ruknida hali chop etilmagan yangi asarlar gazeta o‘rtasiga joylashtirilganki, bu sahifalarni yulib olib, yig‘ib borsangiz, o‘z kitobingizga ega bo‘lasiz. Gazetaning birinchi sonida 2017 yilda Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan Buyuk Britaniyalik yapon adibi Isiguro Kadzuoning «Meni bag‘ringdan chiqarma» romanini chop etish boshlangan. Eslatib o‘tamiz, bu roman hali o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan edi. Romanni «Afrosiyob» gazetasi buyurtmasi bilan mohir tarjimon Mirsharif Xo‘jayev o‘zbek tiliga o‘girmoqda.

«Afrosiyob» yana bir g‘aroyib loyihaga qo‘l urgan. «Yozuvchi bo‘lolmay qolgan edim» degan rukn tashkil qilingan va bu ruknda yozuvchi bo‘lishni orzu qilgan, ammo o‘qiy olmagan, mashqlarini hali birovga ko‘rsata olmagan havaskorlarning mashqlari deyarli tahrirsiz berib boriladi. Bu rukn elimiz orasida qalamkashlikni orzu qilgan, ammo hali bir yerda bir satri chop qilinmagan havaskorlar orasida katta qiziqish uyg‘otishi shubhasiz.

Gazetaning xalq gazetasi bo‘lib qolishini maqsad qilgan tahririyat xodimlari internetdagi ijtimoiy tarmoqlar, xususan, «Feysbuk»da ancha tanilib qolgan Abu Muslim, Zebunniso Ahmedova, Mubashshir Ahmad, Xayrulla Hamidov, Temur A’zam, Nodira Ibrohimova singari ko‘plab ijodkorlarni gazeta ishiga jalb qilgan. Xalq ichidan chiqqan hazillar ustasi Dilmurod Boltaboyevga «Dima Qayum nima deydi?» degan butun boshli sahifa «yuklangan». Bu gazeta ijtiomiy tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida ham ommalashishini ma’minlaydi.

Gazetadagi «Olisdagi yaqinlarimiz» ruknida turli sabablar bilan chet ellarda yurgan qalamkashlarning ijodlaridan namunalar berib boriladi.

«Adabiyot atomdan kuchli» ruknida taniqli adabiyotshunoslar, bu sohada izlanish olib borayotgan yosh olimlarning o‘z zamondoshlari, tengdoshlari ijodiga bergan baholari, asarlari xususidagi taqriz va tanqidlari berib boriladi.

«Unutmoq osonmas bizlarni» ruknida esa dunyodan o‘tib qolgan shoirlar va yozuvchilar xotirlanadi, ularning asarlaridan namunalar beriladi.

Eng muhimi, gazeta xaridorgirligini o‘ylab, o‘z muqovalariga, boshqa gazetalardan farqli ravishda, qo‘shiqchi yoki aktrisalarni emas, shoir va yozuvchilarni olib chiqmoqda. Gazetaning birinchi sonida shoira Xosiyat Rustamova bilan suhbat berilgan bo‘lsa, keyingi sonida shoira Farida Afro‘z tahririyat mehmoni bo‘ladi. Keyingi sonlarida yozuvchilar Isajon Sulton, Ulug‘bek Hamdam, shoirlar Usmon Azim, Iqbol Mirzo, Qutlibeka Rahimboyeva, Guljamol Asqarovalar bilan suhbatlarni o‘qishingiz mumkin.

Albatta, gazetada ozginadan bo‘lsa ham yurtimiz va dunyo yangiliklari, salomatlik va go‘zallikka oid ma’lumotlar, kino olamidagi yangiliklar ham berib boriladi. Boshqotirma ishqibozlariga krossvord va skanvordlar ham taqdim etiladi.

Yangi gazetada birgina narsa ayrim gazetxonlarga ma’qul bo‘lmasligi mumkin: bu gazetada bashoratnomalar, o‘zga olamlarga oid turli oldi-qochdi gaplar mutloqo chop etilmas ekan.

Tahririyat xodimlari eski, qadrdon an’analarni tiklash maqsadida mana bunday narsani e’lon qilishibdi: «Bizga xat yozing. Biror xatingiz e’tiborsiz qolmaydi. Biz ularni chop qilishdan tashqari, o‘zingizga, uy manzilingizga pochta orqali javob yuboramiz».

Ana shunday ezgu niyatlar bilan ish boshlagan «Afrosiyob» gazetasi barcha adabiyot ixlosmandlariga, gazetxonlarga muborak bo‘lsin!