Afrikaning 14 davlati YuNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyalari bosh kotiblari Ozarbayjonning Shusha va Fuzuliy shaharlariga tashrif buyurdi. Bu haqda AZERTAC axborot agentligi xabar berdi.
Ushbu tashrif ADA universiteti, YuNESKO ishlari bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Milliy komissiyasi va Taraqqiyot va diplomatiya instituti o‘quv dasturi doirasida tashkil etildi. Dasturning asosiy maqsadi Ozarbayjon va Afrika mamlakatlari o‘rtasidagi YuNESKO doirasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, mazkur mintaqada xabardorlikni oshirish, shuningdek, ishg‘oldan ozod qilingan hududlardagi restavratsiya va qurilish bo‘yicha yangiliklarni yetkazishdan iborat.
Dasturning ochilish marosimida ADA universiteti prorektori va Taraqqiyot va diplomatiya instituti direktori Fariz Ismayilzade, Ozarbayjon davlat turizm agentligi raisi Fuad Nagiyevlar o‘zaro aloqalarning ahamiyati haqida so‘zladi. YuNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya bosh kotibi Seymur Fataliyev esa mamlakatning YuNESKO tamoyillari va qadriyatlarini targ‘ib etishdagi roliga to‘xtaldi.
Avval xabar berganimizdek, Ozarbayjonda 2022 yil “Shusha shahri yili” deb e’lon qilingan. Bu o‘rinda shaharning tarixiy ahamiyati, ma’naviy-madaniy qadr-qimmati inobatga olingan. Joriy yilda mazkur tarixiy shaharning 270 yilligi ham nishonlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Shusha TÜRKSOY tashkiloti tomonidan 2023 yilda “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti” deb e’lon qilingan.