2022-2023 yillarda buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligi YuNESKO shafeligida xalqaro miqyosda keng nishonlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining qarorida so‘z boradi.
Qarorga binoan, respublikamizdagi Abu Rayhon Beruniy nomi bilan bog‘liq obida va qadamjolar, shu jumladan, alloma sharafiga o‘rnatilgan yodgorlik majmualari mukammal ta’mirlanadi va ularning hududi obodonlashtiriladi. Olimlar va mutaxassislarning taklif-mulohazalari asosida ishlab chiqiladigan kontseptsiya asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida 2023 yil yakuniga qadar Abu Rayhon Beruniy majmuasi barpo etiladi.
Alloma merosini o‘rganish maqsadida xalqaro miqyosda keng ko‘lamli ilmiy izlanishlar olib borish va ularning natijalarini e’lon qilish, shu mavzuda ilmiy, badiiy-publitsistik asarlar yaratish, xorijiy olimlarning asarlarini o‘zbek va qoraqalpoq tillarida nashr qilish choralari ko‘riladi.
Bundan tashqari, yubiley doirasida allomaning ilmiy-ma’rifiy merosini dunyo miqyosida chuqur o‘rganish va ommalashtirishga ulkan hissa qo‘shgan shaxslar hamda ilmiy-ijodiy muassasalarni taqdirlash maqsadida Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro mukofot ta’sis etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini nishonlash YuNESKOning 2022-2023 yillarda nishonlanadigan xalqaro yubileylar ro‘yxatiga kiritilgan.
O‘rta asrning buyuk qomusiy olimi Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy astronomiya, fizika, matematika, geodeziya, geologiya, mineralogiya, tarix kabi fanlar rivojiga ulkan hissa qo‘shgan.