29 sentyabr kuni Toshkentda Xitoy Xalq Respublikasi tashkil etilganining 67 yilligi munosabati bilan tantanali qabul marosimi o‘tkazildi. Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi uyushtirgan tadbirda O‘zbekiston parlamenti va hukumati vakillari, xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar diplomatlari, ilm-fan, madaniyat va san’at namoyandalari qatnashdi. Marosimda O‘zbekiston hukumati nomidan Bosh vazir o‘rinbosari G‘ulom Ibrohimov ishtirok etdi.
XXRning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze o‘z nutqida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafotini Xitoy tomoni chuqur qayg‘u ila qabul qilganini bildirdi.
Diplomat mamlakatlar o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlik izchil rivojlanayotganini qayd etdi. Ikki tomonlama savdo aylanmasi joriy yil yarmida 3,9 foizga o‘sib, 1,87 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Xitoyning O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyasi esa 6,5 milliard AQSh dollariga yetdi.
Iqtisodiy jabhadagi hamkorlikka misol sifatida Xitoy – Markaziy Osiyo tabiiy gaz quvuri, Qamchiq dovoni osha Farg‘ona vodiysiga qatnovchi temiryo‘l kabi yirik loyihalarni eslab o‘tish mumkin.
Diplomat o‘z nutqida joriy yil 4 dekabr kuni O‘zbekistonda muhim siyosiy voqea – Prezident saylovi tashkil etilayotganini esga olib, saylov Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq o‘tishiga ishonch bildirdi.
Xitoy elchisi madaniy-gumanitar jabhada ham hamkorlik samarali kechayotganini mamnuniyat ila qayd etdi. Sun Litszega ko‘ra, rasmiy Pekin O‘zbekiston bilan an’anaviy do‘stlik va strategik hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishga hamisha tayyor.
Eslatib o‘tamiz, 1949 yil 1 oktyabrda Xitoy Xalq Respublikasi tashkil etilgan. O‘sha yildan beri mazkur sana milliy bayram sifatida nishonlanadi.