“Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi ziyoratni yuqori saviyada tashkil etish, ziyoratchilarimizga mamlakatimizda va Saudiya Arabistonida qulay shart-sharoitlar yaratish yo‘lida faoliyat olib bormoqda. Kengash qarorlari asosida haj va umra tadbirlari tashkil etilmoqda, deya xabar beradi din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati.
Joriy yilning 3-14 sentyabr kunlari o‘zbekistonlik 5200 nafar ziyoratchi “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining Toshkent-Madina, Buxoro-Madina, Samarqand-Madina, Termiz-Madina, Namangan-Madina, hamda Urganch-Madina yo‘nalishlarida haj safariga jo‘natilishi rejalashtirilgan.
Joriy yilning 28 avgust kuni hojilar uchun mehmonxona, tibbiy markaz, oshxona va boshqa tashkiliy masalalarni hal etish maqsadida 10 nafar ishchi guruhi a’zolari Saudiya Arabistoniga jo‘natiladi. Kuzatish va kutib olish tadbirlari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, mutasaddi vazirlik va idoralar hamkorligida amalga oshiriladi.
Ziyoratchilarga safar oldidan davlatimiz ramzlari aks ettirilgan maxsus kiyim (kamzul) va sumkalar, “Hajnoma” kitobchasi va videotasmalar taqdim etildi. Barcha ziyoratchilar markazlashgan tibbiy punktlarida minengit va grippga qarshi zardob bilan emlandilar. Saudiya Arabistonida havo haroratining yuqori darajada bo‘lishi kuzatilayotganligini inobatga olib, shifokorlar guruhi tomonidan ziyoratchilarning salomatligini saqlash maqsadida eslatma va tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun Madina shahrida “Masjid an-Nabaviy”dan 100 metr uzoqlikda joylashgan “Javharat ul-Asima”, Makka shahrida esa Haramdan 4500-5000 metr uzoqlikdagi to‘rt burjli “Abroj al-Muhammadiya” mehmonxonasi tayyorlab qo‘yilgan. Har bir xona muzlatgich, televizor, kir yuvish mashinasi hamda konditsionerlar bilan jixozlangan. 24 soat davomida zamonaviy avtobuslarda ziyoratchilarni Makka shahridagi xaram masjidiga tashish yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zbekistonlik hojilar Madina shahrida 3 kecha – 4 kunduz bo‘lib, bu yerdagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilganlaridan so‘ng Makka shahriga yo‘l oladilar. Ziyoratchilarga mavsum davomida o‘zbekistonlik 25 nafardan iborat ishchi guruhi, 102 nafar guruh rahbari, 30 nafar shifokor va 10 nafar oshpaz xizmat ko‘rsatadi. Ziyoratchilar uchun Saudiyadagi mehmonxonalarda sun’iy yo‘ldosh orqali O‘zbekiston televideniyasi dasturlarini tomosha qilish, Vatanimizda bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lish imkoniyatlari yaratilgan.
27 sentyabr – 8 oktyabr kunlari o‘zbekistonlik hojilarni “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi samolyotlarida Jidda-Toshkent, Jidda-Buxoro, Jidda-Samarqand, Jidda-Termiz Jidda-Namangan, hamda Jidda-Urganch yo‘nalishlari bo‘yicha Vatanimizga olib kelish rejalashtirilgan.
2015 yilda muqaddas Makka shahri va uning atrofida taxminan 1,5 mln kishi haj ibodatini ado etadi. Makkaga xorijdan 1,35 mln, mamlakatning ichki hududlaridan 185 ming nafar hojilarning kelishi kutilmoqda. Bugunga qadar esa taxminan 100 ming kishi qirollikka kelib ulgurdi. Muqaddas Makka shahridagi 2015 yilgi haj mavsumi 20 sentyabrda boshlanadi.