“Qo‘g‘irchoq” nomli olmon ovozsiz filmi Buxoro, Qarshi va Termiz shaharlarida namoyish etiladi. Premera Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Film “So‘g‘diyona“ o‘zbek milliy cholg‘ulari kamer orkestri badiiy rahbari va dirijyori, professor Feruza Abdurahimova tomonidan yaratilgan musiqiy kompozitsiyalar jo‘rligida namoyish qilinadi.
Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi xabariga ko‘ra, film namoyishi Buxoro (Buxoro viloyati musiqali drama teatri, 24 noyabr soat 17:00), Qarshi (Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri, 26 noyabr soat 17:00) hamda Termiz (Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri, 28 noyabr soat 17:00) shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Kirish bepul. Kartina o‘zbekcha tarjima bilan ko‘rsatiladi.
“Qo‘g‘irchoq” filmi berlinlik taniqli rejissyor Ernst Lyubich tomonidan 1919 yilda suratga olgan. Ernst Lyubich (1892–1947) tragik va satirik ohanglarga boy komedik filmlar suratga olgan atoqli olmon rejissyori hisoblanadi. 1922 yilda Hollivudga ketgunga qadar u qisqa muddat Germaniyada ijodiy faoliyat yuritgan.
Bir soat davom etadigan ushbu film komediya janrida bo‘lib, uning muxtasar mazmuni quyidagicha: badavlat baronning jiyani uning mol-dunyosini meros qilib olish uchun uylanishi talab etiladi. Lekin jiyanning mutlaqo uylangisi yo‘q. Vaziyatdan chiqish uchun u odamga o‘xshash qo‘g‘irchoq bilan soxta nikohdan o‘tishga qaror qiladi. Biroq ayni nikoh arafasida qo‘g‘irchoq sinib qoladi! Nima qilmoq kerak? Qo‘g‘irchoq yasovchi ustaning quvnoq qizi otasi yangi qo‘g‘irchoq yasaguncha, qo‘g‘irchoq rolini o‘ynab turadi. Xo‘sh, baronning jiyani va qo‘g‘irchoq ustasi qizining taqdiri qanday kechadi? Filmni to‘liq ko‘rib bu savollarga javob topish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Germaniya elchixonasi bir necha yil avval rejissyor Ernst Lyubich suratga olgan yana bir kinodurdona – “Chig‘anoqlar malikasi” nomli ovozsiz komediyani ham namoyish etgan edi.
Shu mavzudagi maqola:
Germaniyada suratga olingan ovozsiz kinodurdona Jizzax va Gulistonda namoyish etiladi. 16.12.2016