15 iyul – Turkiya qayta tug‘ilgan kun

Turkiyada 2016 yil 15 iyul tunida yuz bergan davlat to‘ntarishiga urinishning bir yilligi butun mamlakat miqyosida  birodarlik va birdamlik kuni sifatida keng nishonlanmoqda.

Istanbulda yig‘ilgan ko‘p ming sonli xalq oldida chiqish qilgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on mamlakat birligi va kelajagini himoya qilib chiqqan vatandoshlarga minnatdorlik izhor etdi. 2016 yil 15 iyul kuni Turkiya xalq isyonchilarga qarshi bir tanu bir jon bo‘lib kurashdi.

“Yaqinlaridan ayrilgan onalar, otalar, rafiqalar, aka-ukalar, singillar va bolalarning dardiga sherikmiz. Erkinlik va ertangi kun uchun jonini fido qilgan o‘g‘lonlarning nomi barhayotdir”, – dedi Turkiya yetakchisi.

Prezident Erdo‘g‘on terrorchilar shunchaki ijrochi ekani, aslida ushbu ulkan fitna ortida qudratli kuchlar turganiga e’tibor qaratarkan, Turkiya har qanday g‘animni yengishga qodir ekanini eslatib o‘tgan.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 15 iyul shahidlariga xotirasiga Istanbulda yodgorlik ochilishida ham qatnashgan.

“Unutmang, Turkiya ko‘p ming yillik davlatchilik tarixiga ega mamlakat.  Turk madaniyati ildizi 1400 yillik o‘tmishga borib taqaladi. Turk xalqi tarix mobaynida turfa sinov va imtihonlarga ro‘baro‘ bo‘lib, ularni mardona yengib o‘tgan. Biz ko‘chmanchi elat emas, jips millatmiz. Bizning kuchimiz ana shunda!” – degan Turkiya rahbari.

Erdo‘g‘onga ko‘ra, bu kabi sinovlar turk xalqini yanada jips,  yanada qudratli, yanada irodali qiladi.

Qayd etilishicha, 2016 yil 15 iyul sanasida Fathulla Gulen boshchiligidagi FETÖ deb nomlangan harbiylashgan terrorchi tashkilot Turkiyada xoinlarcha davlat to‘ntarishi qilishga urindi. Turkiya xalqi 100 yil avval Chanoqqal’ada qanday qahramonlik ko‘rsatgan bo‘lsa, 15 iyul tunida ham jasorat ko‘rsatib, ulkan g‘alabaga erishdi.

“Gulenchi-terrorchilar turk jamiyatini parchalab tashlash uchun barcha imkoniyatlarini ishga soldi. Turkiyaga qarshi rejalarini amalga oshirish uchun Turkiyaga xayrixoh bo‘lmagan kuchlar yordamidan foydalandi. Ammo unutmasinlarki, bizni na terrorchi tashkilotlar, na ular ortidagi kuchlar sindira oladi”, – degan Turkiya Prezidenti.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga ko‘ra, 15 iyul fitnasi qatnashchilarining barchasi jazolanishi, o‘sha mash’um kunda shahid bo‘lganlar esa hech qachon unutilmasligini ta’kidlagan.

Turkiya Prezidenti poytaxt Anqaradagi 15 iyul shahidlari yodgorligi ochilishida ham qatnashgan.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yil 15 iyul kuni Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish ro‘y berdi. Turkiya rahbariyatiga ko‘ra, mazkur jinoyat AQShda yashayotgan Fathulla Gulen va uning terrorchi tashkiloti tomonidan uyushtirilgan. Rasmiy Anqara AQShdan Fathulla Gulenni Turkiyaga ekstraditsiya qilishni so‘rab bir necha marta murojaat yo‘llagan.

“O‘sha kecha codir bo‘lgan voqea – Turkiya armiyasiga sizib kirgan va o‘zini “koinot imomi” deb bilgan bir telba kimsaning malaylari bo‘lgan xoinlarning Turkiya davlatiga qarshi tajovuzi edi. O‘z milliy parlamentini bombalagan, terroristik tashkilotlarga qarshi kurashda oldingi saflarda shijoat ko‘rsatgan politsiya maxsus kuchlari qarorgohini yer bilan yakson qilgan, tinch aholi ustiga tank bilan bostirib borgan, jangovar samolyot va vertolyotlardan o‘q yog‘dirgan jinoyatchilar bilan yuzma-yuz qolgan edik. Tariximizda bunday vahshiylik bo‘lmagan edi”, – deya bir yil avvalgi fojiani yodga oladi Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim.

Turkiya Qurolli kuchlari ichiga sizib kirgan va FETÖ terrorchi tashkiloti a’zosi bo‘lgan harbiylar tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishiga urinishning maqsadi Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga suiqasd uyushtirish, konstitutsion tuzum va parlament tizimini ag‘darish edi.

Davlat to‘ntarishiga urinish vaqtida 250 kishi shahid bo‘lgan, 1500 dan ortiq kishi jarohatlangan. Harbiy isyon xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin qoralangan.

O‘n minglab turkiyaliklar demokratiyani va hokimiyatga saylov orqali kelgan hukumatni himoya qilish maqsadida ko‘chalarga chiqdi. Shu tariqa xalqning misli ko‘rilmagan qat’iyati va jasorati bois davlat to‘ntarishining oldi olindi.

Sobir Salim

Shu mavzudagi maqolalar:

Mehmet Akarja: “Turkiyani parchalab tashlamoqchi bo‘lgan kuchlarning umidi chippakka chiqdi”. 17.10.2016

Vladimir Avatkov: “Fathulla Gulen Rossiya va Markaziy Osiyoga do‘st bo‘lmaydi”. 17.08.2016

Turkiya: 15 iyul fitnasi qatnashchilari jazosiz qolmaydi. 18.07.2016