Bobur (taxallusi; to‘liq ismi Zahiriddin Muhammad ibn Umarshayx Mirzo) (1483.14.2, Andijon 1530.26.12, Agra) — o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili: buyuk shoir; tarixchi, geograf; davlat arbobi, iste’dodli sarkarda; boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzoda.
Boburning otasi — Umarshayx Mirzo Farg‘ona viloyati hokimi, onasi — Qutlug‘ Nigorxonim Mo‘g‘uliston xoni va Toshkent hokimi Yunusxonning qizi edi. Boburning onasi o‘qimishli va oqila ayol bo‘lib, Boburga hokimiyatni boshqarish ishlarida faol ko‘mak bergan, harbiy yurishlarida unga hamrohlik qilgan. Umarshayx Mirzo xonadoni poytaxt Andijonning arki ichida yashar edi. Hokim yoz oylari Sirdaryo bo‘yida, Axsida, yilning qolgan faslini Andijonda o‘tkazardi.
Boburning yoshligi Andijonda o‘tgan. Bobur barcha temuriy shahzodalar kabi maxsus tarbiyachilar, yirik fozilu ulamolar ustozligida harbiy ta’lim, fiqh ilmi, arab va fors tillarini o‘rganadi, ko‘plab tarixiy va adabiy asarlar mutolaa qiladi, ilm-fanga, she’riyatga qiziqa boshlaydi. Dovyurakligi va jasurligi uchun u yoshligidan «Bobur» («Sher») laqabini oladi.