Yo‘ldosh Eshbek. Yig‘layotgan qiz (video)

YIG‘LAYoTGAN QIZ

Bu og‘ir bog‘ ichra og‘ir qadamlar
Tashlab ketayotgan og‘irgina qiz,
Dunyo ko‘zlaringdan dunyo alamlar
Tomchilar, har biri bir ulkan yulduz.
Tomchilar ko‘zingdan norasidalik,
So‘zga aylanmagan yonish tomchilar.
Beshafqat diydormi og‘ir judolik,
Yo‘qotish tomchilar, topish tomchilar.
Yo‘q, seni aldagan, birov aldagan,
U seni sevgandir, yo‘q, yo‘q, sevmagan.
Ko‘ksingga chiroyli o‘qlar qadagan,
Birovlar aldagan, birov aldagan.
Tomchilar ko‘ksingdan kelayotgan kuz,
Og‘ular tomchilar, gullar tomchilar.
Yaqin xotiralar… idrok faromush,
Vijdoningni o‘yib urar tomchilar.
Vijdonsiz nomusli niqobin qo‘ymas,
Vijdonning har dami ruhiy iztirob.
Vijdonsiz xatosiz kunlardan to‘ymas,
Vijdon bu xatodan ulg‘aygan azob.
Seni yupatmoqqa jurat yo‘q menda,
Sen mening kechmishim, umrim bo‘lagi.
Faqat men qayg‘ular tilarman senga,
Kattakon quvonchning unsiz o‘lanin!
Aldanmoq tilarman senga ko‘p marta,
Aldanmoq – dunyoga nazar, anglamoq.
Aldanmoq – ko‘z yoshi qilmoq, yo‘q, artmoq,
Aldanmoq – kurashga otlanmoq demak.
Yig‘lamoq tilarman, qaynab yig‘lagin,
Tishlaringai sekin qayrab yig‘lagin!
O‘nta mard o‘g‘loning bo‘lguncha yig‘la!
Yuzta mard o‘g‘loning bo‘lguncha yig‘la!
Mingta mard o‘g‘loning bo‘lguncha yig‘la!
Paymonang to‘lguncha, to‘yguncha yig‘la!
Ular lazzatxo‘rlar, qaroqchilardir,
Umrlari uzun, sob bo‘lmas, esiz!
Bu dunyo – aslida aldoqchilardir!
Bu dunyo – aslida yig‘layotgan qiz!
Men senga qo‘shilib yig‘lay olmasman,
Faqat bosh egaman qaygungga so‘zsiz.
Men senga talpinib, aslo tolmasman,
Men seni sevaman, yig‘layotgan qiz!

Yo‘ldosh Eshbek