Umarali Normatov — munaqqid, adabiyotshunos; 1931 yil 3 yanvarda Farg‘ona viloyati Beshariq tumanidagi Rapqon qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) filologiya fakultetida (1952-1957), so‘ng aspiranturasida (1959-1962) ta’lim olgan. 1962 yildan Milliy universitet o‘zbek adabiyoti kafedrasida ishlaydi, filologiya fanlari doktori (1979), professor (1979). «Hozirgi o‘zbek hikoyachiligi taraqqiyoti tendentsiyalari» mavzusida nomzodlik, «Hozirgi o‘zbek prozasi (Traditsiya va novatorlik problemasi») mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan. 1974-2000 yillari Hozirgi o‘zbek adabiyoti kafedrasiga mudirlik qilgan. Bu yillari kafedrada O.Sharafiddinov, A.Aliyev, A.Rasulov, N.Xudoyberganov, S. Sodiqov, D.Quronov, B. Karimov, U..Hamdam, R. Qo‘chqorov, A. Ulug‘ov singari iste’dodli munaqqid-adabiyotshunoslardan iborat ilmiy jamoa shakllandi; mazkur jamoaning sa’y-harakati tufayli O. Shrafiddinov boshliq milliy tanqidchilik maktabiga asos solindi.
U. Normatov 1957 yildan matbuotda ko‘rina boshladi, 500 dan ortiq maqolalari, 50 dan ortiq adabiy-tanqidiy asarlari, darslik, o‘quv qo‘llanmalari chop etilgan. Adabiyotshunos-olimning adabiy-tanqidiy ishlari yaxlit holda zamonaviy adabiy jarayon hamda yangi o‘zbek adabiyoti tarixi, taraqqiyoti masalalariga bag‘ishlangan; uning qalamiga mansub milliy adabiyotimizning nodir asarlari tahlili, o‘ziga xos talqini, bu adabiyotning o‘nlab namoyandalari adabiy portretlari, nihoyat, yangi o‘zbek adabiyotining o‘ziga xos xususiyatlari, taraqqiyot tamoyillariga oid ilmiy-nazariy ishlari ahamiyati adabiy jamoatchilik tomonidan e’tirof etilgan. Munaqqidning «Nasrimiz ufqlari» (1974), «Etuklik» (1982), «Qalb inqilobi» (1986), «Qodiriy bog‘i» (1996) kitoblari zamonaviy o‘zbek adabiyotshunosligining yutug‘idir.
Umarali Normatov tanqidchi-adabiyotshunos sifatida mustaqillik yillaridagi milliy adabiy jarayonni qadam-baqadam sinchiklab kuzatib, adabiyotimizda paydo bo‘lgan yangicha adabiy-estetik tamoyillarni aniqlash, bugungi adabiy jarayonning nazariy muammolarini tadqiq etish yo‘lidan bordi. «Umidbaxsh tamoyillar», «Tafakkur yog‘dusi», «Qahhorni anglash mashaqqati», «Ko‘ngillarga ko‘chgan she’riyat», «Ustoz ibrati», «Ijod sehri», «Ijodkorning daxlsiz dunyosi», yaqinginada o‘quvchilar qo‘liga yetib borgan “Qodiriy mo‘jizasi«va „Nafosat gurunglari“ kitoblari, matbuotda e’lon etilgan yuzlab adabiy-tanqidiy maqolalari ayni shu muammolarga bag‘ishlangan.
Asarlari rus, turk, tojik tillarida chiqqan.
Umarali Normatov 1991 yildan umumta’lim maktablari uchun tubdan yangilangan adabiyot dasturi va darsliklari yaratish bo‘yicha mualliflar guruhiga rahbarlik qildi, 5, 9, 11-sinflar uchun darslik, qo‘llanmalar muallifi sifatida qatnashdi; uning ishtirokida oliy o‘quv yurtlari uchun «XX asr o‘zbek adabiyoti tarixi», «Yangi o‘zbek adabiyoti» kitoblari yaratildi.
U. Normatov hozir „Jahon adabiyoti va nazariya“ kafedrasida professor lavozimida ishlaydi; bakalavriat bosqichida „Hozirgi adabiy jarayon“, „O‘zbek adabiy tanqidchiligi tarixi“, magistratura bosqichida esa „Ilmiy tadqiqot asoslari“, „Hozirgi adabiy jarayon muammolari“ fanlaridan dars beradi. Uning rahbarligida 12 ta fan nomzodi, 3 ta fan doktori yetishib chiqqan. 50 dan ortiq fan doktorligi va nomzodligi dissertatsiyalarig opponentlik qilgan. U Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti huzuridagi fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyalar himoyasi bo‘yicha Birlashgan ixtisoslashgan kengash a’zosi. 1966 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi sifatida adabiy jarayonda faol ishtirok etib keladi
U. Normatovning adabiyotshunoslik, ta’lim-tarbiya sohasidagi xizmatlari munosib taqdirlangan. U O‘zbekiston Respublikasi Fan arbobi (1981), „Qalb inqilobi“ kitobi uchun Hamza Hakimzoda nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1989); O‘zbekiston Respublikasi Xalq maorifi a’lochisi nishoni (1992), «ToshDU mohir pedagogi»(1998) unvoni sohibi. Adabiy-tanqidiy maqolalari uchun «Sharq yulduzi», «Guliston», «Tafakkur» jurnallari mukofotlarini olgan.