Tohir Malik «13-studiya» ko‘rsatuvida

Tohir Malik (taxallusi; asl ism-sharifi Hobilov Tohir Abdumalikovich) (1946.27.12, Toshkent) — O‘zbekiston xalq yozuvchisi (2000). O‘zbek adabiy fantastikasining asoschilaridan biri. Toshkent davlat universitetining kechki jurnalistika fakultetini tugatgan (1969).
Quruvchi (1963—64), maktabda o‘qituvchi (1965—66) bo‘lib ishlagan. «Lenin uchquni» gazetasi, «Guliston» (1975—78), G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda muharrir (1981—82), «Cho‘lpon» nashriyotida bosh muharrir (1985—87), «Sharq yulduzi» (1982—85), «Yoshlik» (1989—91) jurnalilarida adabiy xodim, mas’ul kotib, bosh muharrir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida kotib (1988—90) bo‘lib ishlagan.
Birinchi yirik asari — «Hikmat afandining o‘limi» (1972). «Zaharli g‘ubor» (1974), «Falak» (1975), «Somon yo‘li elchilari» (1978), «Chorrahada qolgan odamlar» (1982), «Bir ko‘cha, bir kecha» (1983), «Alvido, bolalik» (1989), «So‘nggi o‘q» (1990), «Ov» (1995) kabi ilmiy-fantastik, sarguzasht qissalari mashhur. «So‘nggi o‘q» qissasi asosida 7 qismli telefilm (1994) yaratilgan. «Qaldirg‘och» (1987) epik asari Abdulla Avloniy taqdiri misolida 20-yillar o‘zbek ziyolilarining shakllanishi haqida bahs yuritadi.
«Shaytanat» romani (1-kitob, 1992; 2-kitob, 1995; 3-kitob, 1997; 4-kitob, 2000; 5-kitob, 2011) Tohir Malikning yirik asarlaridan. Asar asosida ko‘p seriyali telefilm yaratildi. Romanda turli qiyofadagi zamondoshlarimizning obrazlari yorqin lavhalarda katta mahorat bilan chizilgan, muhim ma’naviy-axloqiy muammolar ko‘tarilgan. Asarda jinoyat olamidagi voqealar fonida asosiy e’tibor asar qahramonlarining ruhiy dunyosini tahlil etishga qaratilgan.

Kishilarni jinoyatning razil olamidan ehtiyot bo‘lishga chaqiruvchi ushbu ogohlantiruvchi asar mazmuni Tohir Malikning «Jinoyatning uzun yo‘li» (2004) ilmiy-tahliliy risolasida davom ettirilgan. «Mehmon tuyg‘ular» (2003) nomli xotira, yodnoma, adabiy maqolalar to‘plamida adabiy jarayondagi muammolar aks etgan.
Tohir Malikning yozuvchi Mirzakalon Ismoiliy ijodiy faoliyatini yorituvchi «Yozuvchining baxti va baxtsizligi» (1988), Asqad Muxtor ijodini taxlil etuvchi «Sobir» (2003), O‘lmas Umarbekov ijodiga bag‘ishlangan «Qiyomat qarz» (2002) hamda Abdulla Qodiriy romanlari taxlil etilgan «Ibrat maktabi» (1993) badialari ham bor.
Tohir Malik hujjatli kino sohasida ham faoliyat ko‘rsatgan. Uning «Amir Temur davri adabiyoti» (1998), «Varaxsha» (1999), «Unvoni inson» (1999), «Sohilsiz dentiz» (2000), «Zulmat saltanati» (2001), «Moshtabib» (2002) siyenariylari asosida hujjatli filmlar ishlangan.
Rus yozuvchisi F.M. Dostoyevskiyning «Ma’suma» kissasini, shuningdek, jahon adabiyoti namoyandalarining ayrim asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.