Abu Ja’far (Abu Abdulloh) Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy al-Majusi al-Katrabbuli (783, Xiva – 850, Bag‘dod) – o‘rta osiyolik buyuk matematik, astronom, geograf, fan tarixidagi ilk krmusiy olimlardan. Dastlabki ma’lumotni Xiva shahrida olgan va yetuk olim bo‘lib shakllangan. Bunda arab istilosidan so‘ng muayyan darajada saqlanib qolgan qadimgi Xorazm fani an’analari asosiy rol o‘ynagan. Xalifa Horun ar-Rashidning o‘g‘li va uning Xurosondagi voliysi alMa’mun huzuriga – Marvga taklif etilgan. 819 y. da Bag‘dodni egallagan al-Ma’mun turkistonlik olimlardan Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Habash al-Hosib Marvaziy, Abul Abbos Javhariy va boshqalarni o‘zi bilan olib ketib, o‘ziga xos ilmiy jamoa tashkil etgan. Bu jamoa fan tarixidagi dastlabki rosmana akademiya deb qaraladigan ilmiy muassasa – “Bayt ul-hikmat” (“Donishmandlik uyi”) ning o‘zagini tashkil etgan. Bu akademiyada Xorazmiy yetakchi olim va ilmiy rahbar bo‘lgan. U shu davrdan boshlab Bag‘dodda al-Ma’mun (813 – 833), so‘ng al-Mo‘tasim (833 842), al-Vosiq (842 – 847) xalifaligi davrlarida yashab ijod etgan.
Xorazmiyning bizgacha o‘ntacha asari to‘liq, qisman yoki ayrim parchalar tarzida yetib kelgan. Shu asarlarning o‘ziyoq ko‘rsatadiki, Xorazmiy insoniyat sivilizatsiyasiga buyuk hissa qo‘shgan olimdir. Amerikalik fan tarixchisi Jorj Sarton Xorazmiyni “O‘z zamonasining eng buyuk matematigi, agar barcha holatlar e’tiborga olinsa, barcha zamonlarning eng buyuk matematiklaridan biri”, deb baholagan. Bunday baho Xorazmiyning matematika tarixida tutgan bekiyos o‘rni tufaylidir.