Mirzo Ulug‘bek (video)

Ulug‘bek o‘zbek xalqi tarixida buyuk astronom va matematik, davlat arbobi sifatida iz qoldirgan. Shohruxning o‘g‘li, Amir Temurning nabirasidir Sohibqironning “besh yillik yurish”ida (1392-96) Iroqdagi Mordin qal’asini qamal qilish chog‘ida tug‘ilgan. Sharafuddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida yozishicha, Amir Temur huzuriga chopar kelib Ulug‘bekning tug‘ilgani va munajjimlar bu nevara kelajakda ham olim, ham hukmdor bo‘lishini bashorat qilganlari xushxabarini yetkazadi. Sohibqiron xursandligidan Mordin qal’asi qamalini to‘xtatib, uning xalqiga yuklangan to‘lovni bekor qiladi. Uning o‘z nabirasiga Muhammad Tarag‘ay va Ulug‘bek deb ism qo‘yganini ham munajjimlarning yuqoridagi bashorati bilan bog‘lash mumkin. Amir Temur Ulug‘bek tarbiyasiga alohida e’tibor bergan va uni davlat ahamiyatiga molik tadbirlarda qatnashtirgan. Klavixoning qayd etishicha, Ulug‘bek bobosining xorijiy elchilarni qabul qilish marosimlarida ishtirok etgan. 1404 yil Konigilda o‘tkazilgan tantanalarda Amir Temur oltita nabirasining (jumladan, Ulug‘bekning) nikoh to‘ylarini o‘tkazgan. To‘yda Sohibqiron Ulug‘bekka Toshkent, Sayram, Yangi (hoz. Taroz), Ashpara va Mo‘g‘ulistonni to Xitoy hududigacha suyurg‘ol qilib bergan. Amir Temur O‘trorda vafot etgan chog‘da Ulug‘bek ham o‘sha yerda bo‘lgan.