Tohir Malik (Hobilov Tohir Abdumalikovich) 1946 yil 27 dekabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq yozuvchisi (2000). O‘zbek fantastikasining asoschilaridan biri. Toshkent universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan (1969). Birinchi yirik asari — «Hikmat afandining o‘limi» (1972). «Zaharli g‘ubor» (1974), «Falak» (1975), «Somon yo‘li elchilari» (1978), «Chorrahada krlgan odamlar» (1982), «Bir ko‘cha, bir kecha» (1983), «Alvido, bolalik» (1989), «So‘nggi o‘q» (1990), «Ov» (1995) kabi ilmiy-fantastik, sarguzasht qissalari mashxur.
«Shaytanat» romani (1-kitob, 1992; 2-kitob, 1995; 3-kitob, 1997; 4-kitob, 2000) yozuvchining yirik asarlaridandir. Asar asosida ko‘p seriyali telefilm yaratilgan. «Jinoyatning uzun yo‘li» (2004) ilmiy-tahliliy risolasi, «Mehmon tuyg‘ular» (2003) nomli xotira, yodnoma, adabiy maqolalar to‘plami ham bor. Uning «Amir Temur davri adabiyoti» (1998), «Varaxsha», «Unvoni inson» (1999), «Sohilsiz dengiz» (2000), «Zulmat saltanati» (2001), «Moshtabib» (2002) stsenariylari asosida hujjatli filmlar ishlangan.
Rus yozuvchisi F. M. Dostoyevskiyning «Ma’suma» qissasini, shuningdek, jahon adabiyoti namoyandalarining ayrim asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.