Jaloliddin Manguberdi (video)

Xorazmshohlar davlatining so‘nggi hukmdori, mohir sarkarda. Anushteginiylardan. Xorazmshohlardan Muhammadning katta o‘g‘li. Onasi – Oychechak turkman kanizaklaridan bo‘lgan. Jaloliddin burnida holi (mank) bo‘lgani uchun Mankburni nomi bilan atalgan. Keyinchalik bu nom talaffuzda o‘zgarib “Manguberdi” nomi bilan mashhur bo‘lib ketgan. Jaloliddin voyaga yetgach, otasi uni G‘azna, Bomiyon, G‘ur, Bust, Takinobod, Zamindovar va Hindiston hududlarigacha bo‘lgan yerlarda hokim va taxt vorisi etib tayinlangan (1215). Biroq Turkon xotun va qipchoq amirlarining qat’iy noroziligi sababli Qutbiddin O‘zloqshoh foydasiga vorislikdan mahrum etilgan. Jaloliddin otasining harbiy yurishlarida ishtirok etib, o‘zining jasur jangchi, iqtidorli sarkardalik qobiliyatlarini namoyish etgan (qadimgi Irg‘is daryosi bo‘yidagi jang).

Chingizxon boshchiligidagi mo‘g‘ul qo‘shinlari Movarounnahrga bostirib kirib birin-ketin shaharlarni egallab, Samarqandga yaqinlashganlarida xorazmshoh Muhammad Kaspiy dengizi bo‘yida joylashgan Obeskun shahri yaqinidagi Ashur ada orolidan panoh topgan. Og‘ir bemor bo‘lgan Muhammad o‘g‘illarini yoniga chorlab, so‘nggi damda Jaloliddinni o‘z o‘rniga xorazmshoh etib tayinlagan. Jaloliddin Manguberdi ukalari Oqshoh va Qutbiddin O‘zloqshohlar bilan birga Urganch mudofaasiga oshiqadi. Lekin Urganchdagi qipchoq amirlari Turkon xotunning akasi Xumorteginni sulton deb e’lon qilib, Jaloliddin Manguberdiga qarshi suiqasd uyushtirmoqchi bo‘ldilar. Bundan xabar topgan Jaloliddin Manguberdi Temur Malik boshchiligidagi 300 kishilik suvoriylar bilan o‘z vatani – Xorazmni tashlab Xurosonga ketishga majbur bo‘ladi. Niso shahri yaqinida uni 700 nafar mo‘g‘ul suvoriysi kutardi. Jaloliddin Manguberdi shiddatli jangdan so‘ng ularni tor-mor keltirib, Nishopurga keldi. Bu yerdan u barcha viloyat hokimlariga qarshi birlashishga da’vat etdi, bir oydan so‘ng G‘azni tomon yurdi. Yo‘lda unga Hirot voliysi, qaynotasi Aminalmulk 10 ming kishilik qo‘shin bilan kelib qo‘shildi. Qandahorni qamal qilib turgan mo‘g‘ul qo‘shinlari bilan 3 kunlik jangda Jaloliddin Manguberdu ularni tor-mor keltirgan. U G‘aznaga 1221 yil keldi. Bu yerda unga xalaj qabilasi boshlig‘i Sayfuddin Ig‘roq, Balx voliysi A’zam malik, afg‘onlar sardori Muzaffar malik, qarluqlar boshlig‘i Hasan Qarluq kelib qo‘shildilar. Ularning har biri ixtiyorida 30 minglik qo‘shin bor edi. Jaloliddin Manguberdining o‘zidagi kuchlar esa 60 ming suvoriy edi. Jaloliddin Manguberdi Valiyon qal’asini qamal qilayotgan Takajuk va Malg‘ur boshchiligidagi mo‘g‘ul qo‘shiniga hujum qilib, 3 kunlik jangdan so‘ng ular tor-mor keltirgan, 1000 dan ortiq mo‘g‘ul askari o‘ldirilgan, omon qolgan qismi Panjshir daryosidan o‘tib, ko‘priki buzib tashlashgan. Bu Jaloliddin Manguberdining mo‘g‘ullar ustidan qozongan dastlabki yirik g‘alabasi edi.