Istiqlol fidoyilari: Munavvar qori (video)

«Istiqlol fidoyilari: Munavvar qori»
Stsenariy muallifi: Naim Karimov
Rejissyor: G‘ayrat Shodmonov

O‘rta Osiyo jadidchilik harakatining yo‘lboshchisi, XX asr o‘zbek milliy matbuoti va yangi usuldagi milliy maktab asoschisi, yangi milliy teatr tashkilotchilaridan biri, adib, shoir, murabbiy, muharrir, ma’rifatparvar, jamoat arbobi Munavvar qori Abdurashidxon o‘g‘li 1878 yilda Toshkent shahrining Shayx Xovand Tohur dahasi Darxon mahallasida mudarris oilasida tug‘ildi. Otasi Abdurashidxon Sotiboldixon o‘g‘li mudarris, onasi Xosiyat otin Xonxo‘ja Shorahimxo‘ja mudarris qizi otinoyi bo‘lgan. U oilada uchinchi o‘g‘il bo‘lib, katta akalari A’zamxon (1872—1919) va Muslimxon (1875—1954) muallim bo‘lishgan. Otasidan yosh yetim qolgani tufayli dastlabki ta’lim-tarbiyani onasidan olgan. So‘ng o‘z davrining mashhur o‘qituvchisi Usmon domladan ilmi qiroat va tajvidni o‘rganib, hofizi Qur’on bo‘lgan. 1885—90 yillarda Buxorodagi Mirarab madrasasida tahsil olgan, ammo tahsilni oxiriga yetkazmay, Toshkentga qaytib, Darxon masjidida imomlik vazifasini bajaradi.

Munavvar qori XIX asrning oxiridan boshlab jadidchilik harakatlarida faol ishtirok eta boshladi. 1901 yilda o‘z hovlisida, keyinchalik Toshkentning turli dahalarida jadid maktablarini ochadi.

1904 yildan ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotga aralasha boshlagan. 1906 yildan «O‘rta Osiyoning umrguzorligi, taraqqiy», «Taraqqiy» gazetalarida adabiy xodim. Shu yili noshir va muharrir sifatida «Xurshid» gazetani tashkil etgan. «Shuhrat» (1907), «Tujjor» (1907), «Osiyo» (1908) gazetalarini g‘oyaviy boshqargan va adabiy xodim vazifasini bajargan. So‘ng «Sadoyi Turkiston» (1914—15) gazetasida mas’ul muharrir muovini, «Al-isloh» jurnali (1915—17)da muharrir, «Najot» va «Kengash» (1917) gazetalarida mas’ul muharrir.

U 1909 yili Toshkentda «Jamiyati xayriya» uyushmasini tuzadi va «Turon» nomli jamiyatni ochadi. Munavvar qori 1906-yilda dastlabki o‘zbek matbuoti namunalaridan biri «Xurshid» gazetasini nashr etdi. Keyinchalik «Najot», «Kengash» gazetalarida bosh muharrir, «Sadoyi Turkiston»da esa bo‘lim muharriri bo‘lib xizmat qiladi.