Imom al-Buxoriy va Imom at-Termiziy (video)

Imom al-Buxoriyning ismi Muhammad, kunyasi Abu Abdulloh, laqabi ba’zan imom al-muhaddisiyn (muhaddislarning imomi, peshvosi), ba’zan amir ul-mu’miniyn fil-hadis (hadis ilmining amiri, sultoni) va nasabi Muhammad ibn Ibrohiym ibn al-Mug‘iyra ibn Bardazbah ibn Bazazbehdir. So‘nggi ikki ismi ibn Bardazbeh ibn Bazazbeh)dan ko‘rinib turibdiki, imom al-Buxoriyning asl nasabi ajamlarga borib taqaladi. Bu fikr talay adabiyotlarda qayd qilingan bo‘lib, ko‘pchilik muhaddislarning ta’kidlashlaricha, “Bardazbeh” so‘zi arabcha “zori’” (ziroat, dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi kishi) ma’nosini bildiradi. Mashhur olim imom as-Subkiy o‘zining “Tabaqot ash-shofi’iyya al-kubro” (“Shofe’iy ulug‘ tabaqalar”) nomli yirik asarida Bardazbehning otasini Bazazbeh deb ko‘rsatgan.Imom al-Buxoriy haqida yozgan ko‘pchilik olimlar esa uning nasabini faqat Bardazbehga bog‘lab tugatganlar. Afsuski tarixchilar Bardazbeh, uning otasi Bazazbeh haqlarida deyarli hech qanaqa ma’lumot keltirmaganlar. Ba’zi olimlarning xabarlariga ko‘ra ular ikkovlarining kelib chiqishi ajamdan bo‘lib, ularning dinlariga e’tiqod qilganlar. Imom al-Buxoriy otasining bobosi al-Mug‘iyra Buxoro hokimi Yaman al-Juafiydan islom dinini qabul qilgan bo‘lib, Buxoroni vatan tutib yashab qolgan. O‘sha paytdagi taomulga ko‘ra, agar biron kishi islom dinini kimdan qabul qilsa, o‘sha kishining qabilasiga mansub hisoblangan. Bu odat qabul qilingan dinga sodiqlikning belgisi bo‘lib, arabcha nisbat ul-vilo‘ fil-islom (islom diniga sodiqlik nisbati) deb atalishi odat tusiga kirgan edi. Albatta al-Mug‘iyra ham o‘sha davrda ommaviy tus olgan ushbu urfdan holi bo‘lmaganligidan uning o‘zi ham, undan keyingi tug‘ilgan avlodlari ham, shu jumladan imom al- Buxoriy ham Ju’afiy deb atala boshladilar. Imom al-Buxoriyning nasli-nasabi haqida tarixchilar keltirgan ma’lumotlardan yana shuni qayd qilish kerakki, uning bobosi Bardazbehning ismini ba’zilar aslida al-Ahnaf deb keltirganlar. Ahnaf deb odatda eng aqlli, dono kishilarganisbat berilgan, go‘yoki saxiy, qo‘li ochiq kishilar “Hotamtoy” deb aytilgani singari. Bundan ko‘rinib turibdiki, imom al-Buxoriyning bobosining haqiqiy ismi Bardazbeh bo‘lsa-da, u oqil, zukko inson bo‘lganligidan al-Ahnaf laqabi bilan ham atalgan.