G‘afur G‘ulom. Sen yetim emassan (video)

SEN YeTIM EMASSAN

(Ulug‘ Vatan urushining ota-onasiz qolgan go‘daklarga)

Sen yetim emassan,
Tinchlan, jigarim.
Quyoshday mehribon
Vataning-onang,
Zaminday vazminu
Mehnatkash, mushfiq
Istagan narsangni tayerlaguvchi
Xalq bor- otang bor.
Cho‘chima, jigarim,
O‘z uyingdasan,
Bu yerda
Na g‘urbat, na ofat, na g‘am.
Bunda bor: harorat, muhabbat, shafqat
Va mehnat nonini ko‘ramiz baham,
Sen yetim emassan,
Uxla, jigarim.

Bu yerda muzlagan
Ajdar halqumli
Vahshat to‘plarining
Qahqahasi yo‘q.
Bu yerda — odamzod
shaklida yurgan
manfur, yukumli, maraz namoyishi
topolmas huquq.

Ulug‘ jang kunidir,
Jangki, beomon,
Lashkar degan axir
Bexatar bo‘lmas,
Otang o‘lgan bo‘lsa,
Qayg‘urma, qo‘zim,
Ko‘zim usti
Minnating boshimga durra.
Shu sog‘lom havoda
Salomat-omon,
Xo‘rsinmay, erkinlab
Ola bera nafas.

Ey, ulug‘ naslimning
Yuragi, joni,
Kiprigingga ilinmas
Yig‘idan zarra.
Sen yetim emassan,
Uxla, jigarim.

Etimlik nimadir-
Bizlardan so‘ra,
O‘ninchi yillarning
Sargardonligi
Isitma aralash
Qo‘rqinch tush kabi
Xayol ko‘zgusidan
Uchmaydi sira.

Men yetim o‘tganman,
Oh, u yetimlik…
Voy, bechora jonim,
Desam arziydi.
Boshimni silashga
Bir mehribon qo‘l,
Bir og‘iz shirin so‘z
Nondek arzanda.
Men odam edim-ku,
Inson farzandi…
Sen yetim emassan,
Uxla jigarim.

Ko‘zimga o‘yquning
Mudroq ovchisi
To‘rin solmasdan, —
(Birinchi gudokka
Ikki soat bor)-
Otalik hissining
Bebaho, laziz
To‘lqinlar ichra
G‘arq bo‘lib ketib,
Aziz boshing ustida
Termulmakdaman,
Sen yetim emassan,
Uxla, jigarim.

Nega cho‘chib tushding,
Murg‘ak xayolingga
Nimalar keldi?
Balki Odess dahshati,
Kerch fojiasi,
Yovvoyi maxluqlar,
Qonxo‘r vahshiylar…
Mammasi kesilgan
Sho‘rlik onangning
Pajmurda gavdasi
Ko‘zing o‘ngida
Butun dahshati-la
Aks etar endi.

Onang xo‘rlandimi,
Otang o‘ldimi,
Sen yetim qoldingmi,
Qayg‘urma, qo‘zim,
Ko‘zim usti,
Minnating boshimga durra.

Ota-onasining
Tayini ham yuq,
Sut ko‘r qilgur, haromi
Gitler oqpadar
Farzandning qadrini
Qayerdan bilsin?
Bir qo‘ng‘iz mo‘ylovli,
Baroq soch mal’un,
Jigar rang bir mundir
Istagi uchun,
Nahotki yerimiz
Chappa aylanib,
Nahotki daryolar
Oqar teskari,
Nahotki odamlar
Kezar darbadar?!

Axir, juda yaqin
Qonli intiqom,
Alhazar, alhazar,
Ko‘pirar tomirlarda qon,
Va portlar hademay
Bu o‘tli vulqon.

Sen yetim emassan,
Uxla, jigarim.
Sen kulayotibsan,
Balki bu kulgi
So‘nggi oylar ichra
birinchi chechak.
La’li labingdagi
G‘uncha tabassum
Albat toleingga
Muhr bo‘ladi
Va bunda aks etar
Porloq kelajak.
Tong yaqin, tong yaqin,
oppoq tong yaqin.
Bir nafas orom ol,
Uxla, jigarim.

Oq oydin tong oldi,
Uxlamoqdasen.
Lablaring shivirlar,
Izlamokdalar
Balki bir erkalash,
Bir ona bo‘sa,
Ulug‘ oilaning
go‘dak farzandi,
bilib qo‘y endi:
Sen tezda ulg‘ayib,
Olam kezasan.
Manglayda porlagan
Toleing — quyosh,
Butun yer yuzini
Qilur munavvar.
Xaqorat yemrilur,
Zulm yanchilur,
Jahonda bo‘lurmiz
Ozod, muzaffar.
Sen yetim emassan,
Mening Jigarim!

G‘afur G‘ulom