Eshqobil Shukur. Qish. Dasht. O‘tov… (video)

QISh. DAShT. O‘TOV. YoSh ChO‘PON KELINChAGI BILAN YoLG‘IZ

«Kulrang tusda bo‘zardi ufq,
Kecha sovuq bo‘ladi, Hilol…
O‘tovning bir burjidan joy qil,
Qo‘zichoqlar ketmasin uvol»

Kuyovining ko‘nglini sezib,
Kelin o‘tga ko‘mar o‘choqni…
Bolasiday bag‘riga bosib,
Keltiradi besh qo‘zichoqni.

«Hilol, sovuq boshlandi kecha,
Ayoz momo g‘azabga mindi.
Bolalarin qanday isitar
Bolalagan itimiz endi?..»

Qo‘zg‘olishar o‘choqboshidan
Gina qilib sovuq kechaga
Va o‘choqning bir yonboshidan
Joy topilar to‘rt kuchukchaga.

«Hilol, qishning kechasi uzun,
Tundan ko‘ra sovuq kelar tong.
Bolalagan uch echki bugun,
Olti go‘dak saqlarmikin jon?..»

Asta-asta kengayar o‘tov,
Tashqarida uvillar kecha.
Qish ne’mati — bir o‘choq olov,
Kirib kelar olti uloqcha.

Va olovni ko‘radi baham
Bir o‘tovda o‘n yettita jon.
Go‘daklarning o‘n yettisin ham
Chapak chalib qarshilaydi tong.

Kuyov bo‘sa olayin desa,
Kelin nari ketadi birdan.
Nima qilsin, shuncha ko‘z tursa…
Iymanadi go‘dakchalardan

Eshqobil Shukur