Eshqobil Shukur. Qaldirg‘ochning ko‘z yoshlari (video)

QALDIRG‘OChNING KO‘Z YoShLARI

Men
Qabrda tug‘ilgan Go‘ro‘g‘li edim,
Ikki jahon aro Yo‘lo‘g‘li edim,
Zulmat yo‘rgaklagan Nuro‘g‘li edim…

Men
Qizg‘in qizg‘aldoqlar kaftida o‘sdim,
Yonayotgan muzning taftida o‘sdim,
Bir juft kabutarning kiftida o‘sdim…

Men
Rizq gullagan dala bo‘yida edim,
Qanot yozgan yalpiz bo‘yida edim,
Visol va Hijronning to‘yida edim…

Men
Qaldirg‘och qo‘rg‘onin mehmoni bo‘ldim,
Adashgan musofir armoni bo‘ldim,
“Bor ekan, yo‘q ekan” dostoni bo‘ldim…

Men
Bitta bolariga tolib tushibman,
Ko‘hna bir tandirga qolip tushibman,
O‘z-o‘zimga mag‘lub – g‘olib tushibman…

Men
Mahluqdan malaklik izladim ko‘proq,
Qoshimda Insonday gulladi tuproq,
Qo‘lim qanot bo‘ldi, ko‘zlarim chiroq…

Men
Bulbul o‘qiyotgan kitobni ko‘rdim,
Go‘dak kulgusida xitobni ko‘rdim,
Shamolni iyartgan shitobni ko‘rdim…

Men
Qaqragan cho‘l edim, chin daryo bo‘ldim,
Bo‘m-bo‘sh osmon edim, o‘zimga to‘ldim,
Erga jilg‘alarni yetaklab keldim…

Men
Bildim ruh ro‘yomas, qon ham emas jon,
Ko‘z yoshlar suv emas, non emas vijdon:
Odam hech et emas, xokmas bu jahon!

Men
Qizg‘in qizg‘aldoqlar kaftida o‘sdim,
Yoshayotgan muzning taftida o‘sdim,
Bir juft kabutarning kiftida o‘sdim…

Eshqobil Shukur