Bobur. Kim ko‘rubdur, ey ko‘ngul, ahli jahondin yaxshilig‘ (video)

Kim ko‘rubdur, ey ko‘ngul, ahli jahondin yaxshilig‘?
Kimki, ondin yaxshi yo‘q, ko‘z tutma ondin yaxshilig‘!

Gar zamonni nafy qilsam, ayb qilma, ey rafiq,
Ko‘rmadim hargiz, netayin, bu zamondin yaxshilig‘!

Dilrabolardin yomonliq keldi mahzun ko‘ngluma,
Kelmadi jonimg‘a hech oromi jondin yaxshilig‘.

Ey ko‘ngul, chun yaxshidin ko‘rdung yamonliq asru ko‘p,
Emdi ko‘z tutmaq ne, ya’ni har yamondin yaxshilig‘?

Bori elga yaxshilig‘ qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q —
Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘!

Yaxshilig‘ ahli jahonda istama Bobur kibi,
Kim ko‘rubdur, ey ko‘ngul, ahli jahondin yaxshilig‘?!

Zahiriddin Muhammad Bobur