Alisher Navoiy. Meni men istagan o‘z suhbatig‘a arjumand etmas (video)

Meni men istagan o‘z suhbatig‘a arjumand etmas,
Meni istar kishining suhbatin ko‘nglum pisand etmas.

Ne bahra topqamen andinki, mendin istagay bahra,
Chu ulkim, bahrayi andin tilarmen bahramand etmas.

Netay huru pari bazminki qatlim, yo hayotimg‘a
Ayon ul zahri chashm aylab, nihon bu no‘shxand etmas.

Kerakmas oy ila kun shaklikim, husnu malohatdin
Ichim ul chok-chok etmas, tanim bu band-band etmas.

Kerak o‘z chobuki qotilvashi majnunshiorimkim,
Buzug‘ ko‘nglumdin o‘zga yerda javloni samand etmas.

Ko‘ngul uz charxi zolidin firibin yemakim, oxir
Ajal sarrishtasidin o‘zga bo‘ynungg‘a kamand etmas.

Ul oy o‘tlug‘ yuzin ochsa Navoiy tegmasun, deb ko‘z
Muhabbat tuxmidin o‘zga ul o‘t uzra sipand etmas.

Alisher Navoiy