Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir al-Farg‘oniy(798—861) Farg‘onada tug‘ildi, shu yerda ilmiy ta’lim oldi, voyaga yetdi va, nihoyat, Bag‘doddagi «Bayt al-hikma» nomli akademiyada ilmiy ishlar bilan shug‘ullandi. Bu ilm makonida al-Farg‘oniy boshqa atoqli olimlar, jumladan, Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy bilan birgalikda xizmat qilgan. Al-Farg‘oniyning Misrda, Nil daryosi bo‘ylarida ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy sohalarda ijodiy faoliyat ko‘rsatganligi ham jahonga ma’lum.
1. Al-Farg‘oniy asarlari.
Ahmad al-Farg‘oniyning 8 asari ma’lum. Shu bilan birga, ta’kidlab o‘tishimiz kerakki, Rizoulloh Ansoriyning dalolat berishicha, uning qoldirgan asarlari soni o‘n bitta. Bu kitoblarning har birida astronomiyaga oid yangi, qimmatli fikrlar aytilgan. Ularning ayniqsa ikkitasi jahon astronomlariga ma’lum va mashhurdir. Biz bu o‘rinda al-Farg‘oniy asarlarining mazmuni bilan chegaralanamiz.
«Astronomiya ilmi asoslari» — «Samoviy harakatlar va umumiy astronomiya kitobi» («Kitob fiy harakat as-samoviya va javomi’ ilm an-nujum»). Risolaning asl qo‘lyozmalari matni bir xil bo‘lsa-da, besh nom ostida saqlanib kelmoqda, ya’ni: «Al-Majistiyga bag‘ishlangan falakiyot risolasi», «Falak sferalari sababiyati», «Al-Majistiy haqida», «Ilm al-hay’a» deb ham ataladi.
Yana bir kitobi — «Asturlob yasash haqida kitob»(«Kitob al-komil fiy san’a al-asturlob»).