MEN NEChUN SEVAMAN O‘ZBEKISTONNI
Men nechun sevaman O‘zbekistonni,
Tuprog‘in ko‘zimga aylab to‘tiyo.
Nechun vatan, deya yeru osmonni,
Muqaddas atayman, atayman tanho.
Aslida dunyoda tanho nima bor?
Paxta o‘smaydimi o‘zga elda yo?
Yoki quyoshmi sevgimga sabab?
Axir quyoshli-ku, butun Osiyo.
Men nechun sevaman O‘zbekistonni,
Bog‘larin jannat, deb ko‘z-ko‘z etaman.
Nechun ardoqlarkan tuprog‘ini men,
O‘paman, tuprog‘ing bebaho, Vatan!
Aslida tuproqni odil tabiat,
Taqsim aylagan-ku, yer yuziga teng
Nechun bu tuproq, deb yig‘ladi Furqat,
O, Qashqar tuprog‘i, qashshoqmiding sen?
Men nechun sevaman O‘zbekistonni?
Sababin atgin, desalar menga.
Shoirona, go‘zal so‘zlardan oldin,
Men ta’zim qilaman ona xalqimga:
Xalqim, tarix hukmi seni agarda,
Mangu muzliklarga eltgan bo‘lsaydi,
Qorliklarni makon etgan bo‘lsayding,
Mehrim bermasmidim o‘sha muzlarga?
Vatanlar, Vatanlar,
Mayli, gullasin,
Bog‘ unsin mangulik muzda ham, ammo,
Yurtim, seni faqat boyliklaring chun
Sevgan farzand bo‘lsa, kechirma aslo!
Abdulla Oripov