Abdulla Oripov. Hayotga qaytish (video)

HAYoTGA QAYTISh

Yonimda aytmagil baxt degan so‘zni,
Tanamda nogahon titroq boshlanar.
Tutib turolmayman aslo o‘zimni,
Yuragim zo‘riqib, ko‘zim yoshlanar.

Axir men umrimni ishonib rosa
O‘sha baxt yo‘lida sarflaganim rost.
O‘tdi u davronlar, o‘rnida esa
Bir uyum va’dalar qoldilar, xolos.

Agar bo‘lsang menga chindan xayrixoh,
Do‘st degan so‘zni ham qilmagin takror.
Ko‘ksimdan vulqondek ko‘tarilar oh,
Insonni do‘sti ham aylar ekan xor.

Qorong‘u tunlarda ko‘tarib mash’al,
Do‘st deya o‘zimni urdim kulfatga.
Ular-chi, bir kuni topib kuch, amal,
O‘zimni otdilar o‘sha zulmatga.

Muhabbat qanchalar sehrli kalom,
Ruhingga suyanchiq, toza, bokira.
Men-chi, unutganman uni batamom,
Bul ajib so‘zni ham eslatma sira.

Muhabbat deganda ko‘zimga endi,
Jafo ko‘rinadi, vafo ko‘rinmas.
Dildagi olovli hislar ham tindi,
U yorug‘ xayollar barham topgan, bas.

Deyman, aldanmasin hayotda inson,
Savoli qolmasin zinhor bejavob.
Sarobga aylansa agarda armon,
Hatto bir narsa ham ko‘ringay xarob.

Lekin ishonaman, tog‘lar yuksalib,
Daryolar guvillar men uchun yana.
Tag‘in hayot qaytar gulduros solib,
Yana sevgi qalbda qilgay tantana.
03.04.2015

Abdulla Oripov