ESLASh
Otam bilan birga otga mingashib,
Kitob dovonidan oshgandik bir vaqt.
Qarab bo‘lmas edi pastga engashib,
Bir qadam narida jarlik– halokat.
Qanday o‘tgan edik u yo‘ldan omon?
Eslasam, entikib ketaman hamon.
Tun edi, shahardan qishloqqa qarab,
Katta akam bilan tushardik qirdan.
To‘rtta bo‘ri bizni olgandi o‘rab,
Ufqda to‘rt otliq ko‘rindi birdan.
Biz ular tufayli qolgandik omon,
Eslasam, entikib ketaman hamon.
Kezdim, yer yuzini sayohat qildim,
Ortga qaytar bo‘ldim kemada bir kun.
Dengiz nimaligin o‘shanda bildim,
Baloyi azimday quturdi to‘lqin.
Kemamiz to‘fondan chiqdi-ku omon,
Eslasam, entikib ketaman hamon.
Nima ham qilardim, issiq jon ekan,
Musofir yurtlarda chalindim dardga.
Tiriklik aslida imtihon ekan,
Axir zor bo‘ldim-ku men ham madadga.
Kunimdan bor ekan, sog‘aydim omon,
Eslasam, entikib ketaman hamon.
Bugun nasib etdi salobatli yosh,
Shukrona aytaman barchasi uchun.
Lekin nokaslar ham bo‘ldilar yo‘ldosh,
Umrimni egovlab yedilar butun.
Ne baxtkim, baridan o‘toldim omon,
Eslasam, entikib ketaman hamon.
8.10.2014
Abdulla Oripov