Abdulhamid Cho‘lpon. Go‘zal (video)

GO‘ZAL

Qorong‘u kechada ko‘kka ko‘z tikib,
Eng yorug‘ yulduzdan seni so‘raymen.
Ul yulduz uyalib, boshini bukib,
Aytadir: men uni tushda ko‘ramen.
Tushimda ko‘ramen – shunchalar go‘zal,
Bizdan-da go‘zaldir, oydan-da go‘zal!

Ko‘zimni olaman oy chiqqan yoqqa,
Boshlayman oydan-da seni so‘rmoqqa.
Ul-da aytadir: bir qizil yanoqqa
Uchradim tushimda, ko‘milgan oqqa.
Oqqa ko‘milganda shunchalar go‘zal,
Mendan-da go‘zaldir, kundan-da go‘zal!

Erta tong shamoli sochlarin yoyib,
Yonimdan o‘tganda so‘rab ko‘ramen.
Aytadir: bir ko‘rib, yo‘limdan ozib,
Tog‘ va toshlar ichra istab yuramen!
Bir ko‘rdim men uni – shunchalar go‘zal,
Oydan-da go‘zaldir, kundan-da go‘zal!

Ul ketgach, kun chiqar yorug‘lik sochib,
Undan-da so‘raymen sening to‘g‘ringda.
Ul-da o‘z o‘tidan bekinib, qochib
Aytadir: bir ko‘rdim, tushdamas, o‘ngda.
Men o‘ngda ko‘rganda shunchalar go‘zal,
Oydan-da go‘zaldir, kundan-da go‘zal!

Men yo‘qsil na bo‘lib uni suyibmen,
Uning-chun yonibmen, yonib-kuyibmen,
Boshimni zo‘r ishga berib qo‘yibmen,
Men suyib… men suyib kimni suyibmen?
Men suygan suyukli shunchalar go‘zal,
Oydan-da go‘zaldir, kundan-da go‘zal!

Abdulhamid Cho‘lpon