Yangi avlod ovozi (Qozoqboy Yo‘ldoshev, Umarali Normatov, Ibrohim G‘afurov) (2013)

XULOSA:

Ibrohim G‘afurov javoblari:

O‘zbekiston va uning xalqi ko‘z ochib yumguncha Istiqlolning chorak asriga yaqinlashib qoldi. Adabiyotchilar uchun bu endi adabiy jarayonlar borasida masofadan turib fikrlash va ayrim xulosalar chiqarishga imkon beradi.

Bugun hamda ertaga qanday yo‘llar, yo‘nalishlarda yozish ma’qul, ularning qaysi biri bugun zamon ijodkorligining tabiati, maqsadi, ravishi, fe’l-atvoriga to‘g‘ri keladi, ko‘proq samara beradi, ijodkorlikning gullab-yashnashiga xizmat qiladi deganga o‘xshash savollar adabiy-badiiy ijodkorlikning oldida ko‘ndalang turibdi.

“Eski” adabiyotdan nimalarni yo‘limizga olamiz, undan nimalarni o‘rganamiz-u, “yangi” adabiyotni qanday yaratamiz, bu yaratuvchilikka nimalarni asos qilamiz, nimalarga tayanamiz? – singari savollar ham ijod ahli xayolida mustahkam o‘rnashgan. “Sharq yulduzi” jurnalining o‘rtaga muhokama uchun tashlagan savollari ham jarayonning qon tomirlariga diqqat-e’tiborni jalb qiladi. Bular balki biroz kechikibroq, balki ayni o‘z vaqtida qo‘yilgan savollar. Ular jamoatchilikni fikr almashish, ba’zi mulohazalar bilan o‘rtoqlashishga chaqiradi.

XX asr mobayni hech qachon tinmagan yashirin hamda oshkora og‘ir kurashlardan so‘ng tarixning adolati tilga kirib, O‘zbekiston neokolonializmdan milliy istiqlol davriga o‘tdi. Ozodlikka erishdi. Necha o‘n yilliklar hukmron bo‘lgan tuzum shiddatli tarzda o‘zgardi. Bu osonmi, axir, ne-ne dramalar, ne-ne bashoratlar, ne-ne inqiloblar yuzaga chiqdi bu tuzum o‘zgarishi zamirida. Kupondan milliy pul birligiga o‘tish, davlat tilining qaror topishi, insonning erkin va ongli mavjudot kabi tan olinishi, O‘zbekiston va uning xalqining jahon hamjamiyati orbitasiga chiqishi, huquq egasi bo‘lishi, yigirma ikkiga chiqqan yangi navqiron avlodning yetilishi va maydonga kira boshlashi, mamlakat hayotining barcha sohalarida goh sokin, goh shiddatli islohotlar borayotgani – inqilobiy ruh va mazmunga oid barcha hodisalar inson psixologiyasi, qarashlari, ruhoniyati, ma’naviyati, yashash hamda turmush maromlariga keskin, juda kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Xalqning maishiy hayoti, ongi, qarashlarida o‘zgarish katta. Yasharish ichida qarish, qarish ichida yasharish turfa qarama-qarshiliklar ichida to‘xtamay davom etmoqda. Ijodkor tarix yo‘lida shunday ulkan asos o‘zgarishlarga ro‘para keldi. XX asrning ikkinchi o‘n yilligi boshlanganda Qodiriy, Cho‘lpon, Behbudiy, Avloniy, Hamza shunaqa miqyosdagi tuzum o‘zgarishlariga ro‘para kelgan, “Yangi dunyo” boshlanganiga suyungan, milliy istiqlol dastur-yo‘riqlari bilan chiqqan, ammo ko‘p o‘tmay neokolonializm tomonidan ijodiyotlari ham, o‘zlari ham og‘iz-burnilari qora qonga botirilgan edilar. Neokolonializm millatni va uning oydin ziyolilarini qonga botirmay turoladimi? Turolmaydi! Zero, uning tabiatida, Qodiriy aytmoqchi, bo‘g‘magarlik va ashaddiy qonga botiruvchilik tuganmas kuch – zo‘ravonlikka ega.

Tarix davlat va uning mafkurasining to‘la ta’siridagi adabiyot necha o‘nlab talantli vakillarning asarlariga qaramay, qanday temir iskanjada bo‘lishini ko‘rdi.

Adabiyot endilikda yangi zamon tarixi ichiga kirdi. Uning eskicha bo‘lib qololmasligi kunday ravshan. Lekin yangicha adabiyot qanday bo‘ladi? Adabiyotning yangi modeli bormi? Asrning so‘nggi choragida yangragan “Otamdan qolgan dalalar”ning jo‘shqin, mardona milliy hayqirig‘idan so‘ng yangi model shu hayqiriqlarni suron solib davom ettiradimi, yangicha registrlar kasb etadimi? Yo bu – istiqlol davrining butunlay o‘zgacha sadolari bo‘ladimi? Usmon Azim: “Adabiyotni halol odamlar yaratadi”, deb chiqyapti. Bu ham bir kontseptsiya, model g‘ildiragining bitta tayanchi. Eskicha – yangicha borasida chinakam insoniy dramalar ham yo‘q emas. Shunday dramalardan birini M.M.Do‘st ro‘y-rost ifodalab berdi: “Bugun, yosh bir joyga borib qolganda ko‘nglimda eski aqidalar ustunroq ekanini angladim. Albatta, yangi zamonga munosib emasligimdan uyalaman, lekin nachora… eski qarashlardan butkul xalos bo‘lishning iloji yo‘q. Qolaversa, yangi zamonni buyuk hayajon bilan kuylayotgan tengqurlar va yosh do‘stlarimizga yetib olishim juda qiyin. Shu sabab, ochiq tan olishim kerak, yangicha qahramonlarni, yangicha qarashlarni qalamga olmaslikka harakat qilaman…” (“Yoshlik”, 2012 yil, 4-son). Bu o‘ziga, o‘z ijodiga, uning yo‘nalishiga sof individual, shaxsiy qarash. Mardona tan olish. Nima desak ekan, yozuvchining kredosi. Shu kredo ifodalangan suhbatning tepasiga u: “Mahdudlikka berilmaylik” – degan so‘zni chiqargan. Yozuvchilar va o‘quvchilarni “mahdudlikka”, ya’ni cheklanib, tor doirada qotib qolmaslikka chaqirish va o‘zi, avvalo, shunga amal qilish uchun intilish – bu ham hozirgi zamon yangi adabiyotini yaratadiganlar modeliga yana bitta tayanch qoziq. Keksa hurmatli adibimiz Nosir Fozilov esa: “Adabiyot yasalmaydi, yaratiladi”, deb chiqdi. Adabiyotga o‘yin deb qaraydiganlar, albatta, yaratishdan ko‘ra ko‘proq yasashga ishtiyoqmand bo‘ldilar. Yasash mayllaridan past farosatlarga mo‘ljallangan so‘zbozliklar, o‘yinbozliklar, turli yasamagarchiliklar urchib chiqadi. Yaratish, ya’ni ixtiro ruhi, kashfiyotchilik ruhi yangi adabiyot modelini mustahkam tutib turuvchi egilmas, bukilmas, sinmas tayanchdir.

Yozuvchi san’atkorning bosh tasvir predmeti – inson. Inson universal hodisa. San’atkor ushbu universal mavjudotni tasvirlaganda, eski gaplarni yangilamoqchi bo‘lganda, universal qonun-qoidalarga rioya qiladi. Oqimlar, yo‘nalishlar, uslublar shu universallikka original o‘ziga xos yondashuvlarni ilgari surishga ko‘maklashadi.

Adabiyot va san’atni “o‘yin”, “tomosha” deb qarash qadimdan kelayotgan cho‘pchak. Albatta, san’at cho‘pchaksiz bo‘lmaydi. Modern cho‘pchak, rivoyatlarga kutilmagan ma’nodor qirralar bag‘ishlaydi. Asqad Muxtor aytmoqchi, cho‘pchakda “nimadir” bor. Asqad Muxtor yozuvchilarning asarlarini tinimsiz o‘qib, baho berishga, ijobiy yoki salbiy jihatlarini ro‘y-rost aytishga andisha qilsa, bu asarda “nimadir” bor, derdi. Agar hozirgi aksar asar-cho‘pchaklarga “o‘yin” yo “tomosha” deb qaralsa, albatta, ularda “nimadir” bor, “nimadir” bo‘lmasligi sira mumkin emas. Ammo bu o‘yin faqat o‘yin uchun-da. Joysning “Uliss”ida o‘yin ruhi behad kuchli. Ammo bu o‘yinlar tagida inson, xalq, taqdirlarning ulkan dramalari, fojialari qalashib yotadi. Mohirona tasvirlangan o‘yinlar (bu kolliziyalar-da) inson ruhiy olamlarining simfoniyasi kabi yangraydi. Raskolnikov yo knyaz Mishkinning o‘yinlarini aytmaysizmi? Ammo o‘yindan o‘yinning farqi bor. Buning shakli o‘yinga qurilgani bilan asli o‘yin emas. Asli inson ruhoniyati kashfiyotlari.

Davrlarning qiyofasi va mazmuni avlodlarning faoliyatlariga qarab belgilanadi. Avlodlar bo‘lmasa, davrlar ham bo‘lmaydi. Nega Navoiy avlodi bo‘lmasin: Lutfiy, Jomiy, Sakkokiy, Atoiy… bular Navoiy avlodi! Bobur avlodi, Mashrab avlodi, Muqimiy, Furqat, Zavqiylar avlodi! Qodiriy, Behbudiy, Avloniy, Munavvar qori, Tavallo, Hamza avlodi! Oybek, G‘afur G‘ulom, Uyg‘un, G‘ayratiy, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjon, Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya avlodi! Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Xayriddin Saloh, Yusuf Shomansur, Husniddin Sharipov avlodi! To XX asrning 70-yillariga yetib kelguncha yana qancha avlodlar bor! Zafar Diyoru Hasan Po‘lat, Hamid G‘ulomu Ramz Bobojon, Ibrohim Rahim, Asqad Muxtoru Shukrullo! Adabiy-madaniy avlodlarning keti uzilmaydi. Avlod hech qachon yakranglik degani emas. Hatto, qolaversa, bir adabiy oqim namoyandalari ichida ham yakranglik bo‘lmaydi. Oybek bir boshqa olam, G‘afur G‘ulom bir boshqa olam! Sholoxov boshqa olam, Tvardovskiy, Yevtushenko, Uyg‘un boshqa olam! Qolaversa, Aytmatovning o‘zi necha turfa ranglar bilan tovlanadi. Adabiyotni ramkaga solish, chegaraga kiritishning iloji yo‘q. Ehtimol, neokolonializm mafkurasi sotsialistik realizm asosida barcha ijodkorlarni bir qolipga solib, besh qoida doirasida yakranglik hosil qilmoqchi bo‘lgandir, ma’lum darajada bunga erishgandir. Ammo hech qachon rang-barang ovozlarni o‘chirolgan, batamom qiyratib ulgurolgan emas. Talantlarning qudrati va tabiati o‘z ishini qilgan. Adabiy avlod sifatida shakllanish, avlod bo‘lib tanilish, tarixga kirib – tarixning yaratuvchisiga aylanish uchun o‘ttiz, ellik yil vaqt kerak bo‘ladi. Qirq yilda davr o‘zgaradi. Hazrat Sulaymonga mansub deb qaraladigan (er. avv. 960-935 yillar) “Masoyillar kitobi”da (“Ekkleziast kitobi” deb ham yuritiladi) aytilganki:

“Odamga uning mehnatlaridan nima foyda?
Avlod keladi va avlod ketadi va yer mangu qoladi.
Nima bo‘lgan esa, yana o‘sha bo‘ladi,
neki yaralgan, yana yaralgay
va Quyosh ostida hech yangilik yo‘q.
Biron narsani, qara, yangilik deydilar,
asrlar qa’rida esa u bo‘lgan edi, bizgacha bo‘lib o‘tgandi.
Ko‘p oriflikdan ko‘p g‘am tug‘ilgay
va ma’rifatni ko‘paytiruvchi g‘am-qayg‘uni orttirgay …”

O‘sha ko‘z ilg‘amas zamonlarda ham avlodlar haqida fikr o‘tgan. Avlodlarning kelib-ketishi faqat tabiatning hukmida, inson izmida emas. Bu kelib-ketishlar xuddi Ja’diy yo Savr yulduz turkumlarining chiqishi va botishi va bular bilan chambarchas bog‘liq tabiat hamda koinot hodisalariga o‘xshaydi. Zero, koinotda ham yulduzotlar bejiz turkum-turkum qilib yaratilmagan. Koinot turkumlarni jamladi va Quyosh, Oy, Yerga ularni makon qilib va bizga ko‘rinib turgan bepoyon olamni tartibotga soldi. Odamzodning ishlari koinotdan qochib qayga borgay? Avlodga jamlanish kuchga kuch, ijodga ijod qo‘shadi. Umuman, mabodo, og‘izga tatti tuyulgan yakranglik haqida jindak so‘zlab o‘tadigan bo‘lsak, har qanday yakranglik ichida rang-baranglik yotadi. Odam odamga o‘xshaydi va o‘xshamaydi, bir ovoz ichida ko‘p ovozlar zuhurda: manavi evara: uning yuragingizning eng teran qa’rlariga kirib boradigan ovozi minglab nasllarning ovozlarini o‘zida jamlagan, ammo biz ularni tasnif qilib registrlarga ajratib berolmaymiz. Abdullaning ovozida Navoiy va Lutfiy va ulardan ham ilgariroq o‘tganlarning ovozlari yo‘q deb kim ishonch bilan aytoladi. Muhit, sharoit va ayniqsa, koinotning aylanishi avlodga tarz, qiyofa va mehnat maromlarini beradi. Neokolonializm Ikkinchi jahon urushigacha va undan keyingi qirq yil orasida bir necha adabiyot avlodlarini yetishtirdi. Shartli tarzda “70-yillar avlodi” deyilgan adiblar sirasi asrning oxirgi avlodi bo‘ldi. Istiqlol arafasida yangi boshqacha yoshlar maydonga kirib kela boshladi. Ularni bir-yarim yasarlaridan birov tanidi yo tanimadi: lekin bundan qat’i nazar, “70-yillar avlodi”dan ancha-muncha xususiyatlari bilan farq qilib turgan bu yangi avlod mavjud va u o‘zini ertami-kechmi, albatta, badiiy-falsafiy namoyon qiladi. Avlodlarga shartli bir tarzda chegara belgilash qandaydir qulaylik yaratarkan, XX asrni ikkiga ajratib tashlagan Ikkinchi jahon urushi va u bilan bog‘liq kataklizmlarni chegara qilish o‘rinliroq tuyuladi. Ikkinchi jahon urushigacha va undan keyingi avlodlar. Jahon urushidan ancha avval maydonga chiqqan, neokolonializm sharoitida kurashlar va mislsiz tahlikalar ichida yashagan avlodning hayot yo‘li, serqirra faoliyatlari urushdan keyin ham davom etdi va yosh avlodning ko‘z ochishida sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Adabiyot tarixi – avlodlar tarixi. Bu aksiomadan hech yoqqa qochib bo‘lmaydi. Bir zamonlar: madaniyat arboblari sizlar kim bilan? – deyilganiday, endilikda adabiyot kimning yonida, deyilyapti. Savol xayolning o‘yini uchun berilganday taassurot qoldiradi. Adabiyotni xalqning yonida, mamlakatning yonida yo biznesmenning yonida deb bo‘lmaydi. Adabiyot doim xalq, jamiyatning ichida. Xalqning ichidan chiqadi va xalqning ichiga kiradi. U tashqarida yoki yonboshda qolib ketsa, o‘zini tanazzulga mahkum etadi. Yozuvchi kim uchun yozadi? Xalq uchunmi yoki boringki, o‘nlagan yo yuzlagan allakim aytmoqchi, “aristokrat o‘quvchi” uchun yozadimi? Istiqlol davrining gorkiylari, oybeklari, qodiriylari bo‘lsa qani edi? Lekin XX asrning limiti bunday olamshumul iste’dodlardan so‘ng tugagan, tagi ko‘ringan chog‘i. So‘nggi yonar yulduz Tog‘ay Murod va “Otamdan qolgan dalalar” bo‘ldi. XX asrning hayqirgan, ayqirgan, bong urgan uslubi shu asar bilan yakunlandi. Endi Isajonu Nazaru Behzodu Xurshidlarning mayin ovozlari, mayin kuzatishlari urfga kirdi. Ko‘ring, bu avlod endi ko‘proq adabiy, falsafiy, tarixiy, psixologik manbalarga murojaat etyapti. Tezroq nom qozonish, shov-shuvga intilyapti. Adabiyotning, yangi davr adabiyotining badiiy falsafasi, ruhoniy xayolini yaratishga intilyapti, o‘z mifologiyasi – asotirlarini shaklga solyapti; rang-barang iqtiboslarga, qiyoslarga qiziqyapti, uzoq zamon hukm surgan infatilizmdan xalos bo‘lishga, bolacha va boladay ma’sum fikrlashdan azamat tafakkurga o‘tmoqchi; lekin infatilizmdan qutilish bu avlod namoyandalariga ham qiyin bo‘layotgani, ammo, baribir, qutilish yo‘lidan qat’iyat bilan boraverishi aniq bo‘lmoqda.

Suhbatlar asnosida hozirgi zamonning qator asarlari sanaldi, tilga olindi, lekin ko‘p adabiy hodisalar suhbat doirasidan butunlay chetda qolib ketdi. Qamrovning torligi juda sezilarli. Buni suhbat ishtirokchilari yo qator asarlarni o‘qib ulgurmagani yo o‘qigan bo‘lsalar-da, faqat o‘zlarigagina ma’qul ko‘rganlari ustida fikr yuritayotganliklari bilan izohlash mumkin. Suhbat esa rang-baranglikni o‘rtaga qo‘ygan va rang-baranglikni taqozo qilardi. Nachora, sub’ektivizm tobora kuchayib jangovar va hatto jangari tus olayotgan zamonda yashayapmiz. Ayrim adiblarimiz mahdudlikdan qanchalik ogohlantirmasinlar, mahdudlik, torlik yengilmas istukan misoli mustahkam qad rostlayapti. Adiblarimiz ezgulik va uning aksi – yomonlikning ham qiyofasi zamonamizda o‘zgarganligini qayd etishyapti. Ezgulik va yomonlikning yangi shaklu shamoyilini teran tushunish uchun yangi sharoitda xalq ichida ustuvor kayfiyatlaru odamlarning o‘y-xayollari, dardu darmonlarini teran bilish zarur, albatta. Hozir yaxshilik va yomonlikni kim qanday tushunadi, o‘zining hayoti, turmushi misolida ularni qanday anglaydi, tasavvur qiladi? Yaxshilik ham, yomonlik ham o‘ta harakatchan. Ular juda konkret namoyon bo‘ladi. Yer yuzida tabiat ofatlari kuchayib boryapti. Iroqda, Shomda, Afrikada, yaqin qo‘shni mamlakatlarda odamlar qirilyapti, birodarkushlik avjga chiqyapti. Bu qirg‘inlar zaharli va benihoya zararli ta’sir ko‘rsatadi. Shafqatsizlik bunday miqyosda barcha odamlarning diydalarini qotirib qo‘ymasligiga kim kafolat beroladi? Yer yuzida agar yetti milliard odam kun ko‘rayotgan bo‘lsa, ularning hammasini dardi bor va dardi bir-biriga o‘xshaydi. Ammo tushunish, tushuntirish turli-tuman. Adabiyot va san’at yaxshilik hamda yomonlikni o‘tkir sezishi, o‘tkir his qilishi, unga o‘tkir munosabat bildirishi bilan tirik va o‘z inson oldidagi missiyasini bajaradi. “Mahabxarata”, “Alpomish”, “Gilgamesh”lardan qolgan o‘git – shu.

XX asr insoniyat tarixida eng yovuz asr bo‘ldi. O‘tmishdagi barcha sarkardalarning qirg‘inlari XX asr qirg‘inlari oldida urvoq ham bo‘lmay qoldi. Odamlar odamiylikka ishonchsiz va umidsiz bo‘ldilar. Pikasso, Salvador Dali, Joys, Nitshe, Markes, Aytmatov bu dahshatlarning ifodasini topdilar, antigumanizmning mudhish tovlanishlardagi qiyofasini ko‘rsatdilar. Bu voqelikning favquloddaligi realizmdan ko‘ra ham dinamikroq uslublarni, poetik vositalarni talab qildi. Modernizm va undan keyingi oqimlarni shu voqelikning o‘zi, ob’ektiv sharoiti yaratdi. Suhbat asnosida bu fikr o‘tdi va uni boshqa suhbatlardan ilgariroq pozitsiyaga olib chiqdi. Baribir, biz bu hodisalarni juda kech anglab yetyapmiz. Nazar Eshonqul ezgulik va yovuzlik murakkab­lashdi, chunki insonning o‘zi murakkablashdi, deganda haq. Murakkablashish esa kurash avjda ekanligini ko‘rsatadi. Lekin jarayonda shu kurashning sezgisi ham kuchli emas.

Suhbatlarda modernizm va uning davomati to‘g‘risida ko‘p qiziqarli mulohazalar bildirildi. O‘n yil ilgari shunday emasdi. Chamasi, u chog‘lar o‘qishlar doirasi ham g‘oyatda tor, sayoz edi. Tasavvurlar Kafka, Markes, Kamyuning ayrim tarjima qilingan asarlaridan nariga o‘tolmasdi. Realizm va uning san’atdagi tajribalari bepoyon bo‘lgani kabi modernizm va unga yondosh oqimlarning uslublari, tajribalari bepoyon. San’atning barcha sohalarida bular juda keng va rang-barang namoyon bo‘lib kelmoqda. Qorishiq, konglomerat (aralash-quralash) tariqasidagi uzuq-yuluq fikrlashlar bir qadar tartibga tushib, izchillik va mantiqiylik kurtak otmoqda. Hozirgi fikrlarning bari amaliyotdan emas, o‘qishlardan, o‘qish bo‘lganda ham ko‘proq kechagi tendentsioz adabiyotlarni o‘qishdan iborat bo‘lmoqda. Nitsheni, kommunistik mafkura yo‘sinidagi kitoblarda yozilganidek, hamon fashizm maddohi va shaytanat faylasufi deguvchilar hali ham topiladi. Adabiyotlarni, yo‘nalishlarni saralay olmaslik va ularga mustaqil, to‘g‘ri baho berolmaslik ham illat-da. Ammo, baribir, modern haqida adabiyotlar o‘qilayotgani, fikrlashilayotgani, tasavvur hosil qilinayotgani ijobiy hol. Buning intensivroq tus olganiga Nazar, Ulug‘bek, Isajon asarlarining muvaffaqiyati sabab bo‘lsa kerak. Milliy xarakterimizda chillakining chillakiga qarab chumak urishi urf bo‘lgan. Hamma narsani ancha kechikib boshlaymiz.

Uch-to‘rt kitob o‘qigan universitetdoshimiz bor edi. U aqlli, ilmiy gapirishga hayron qoladigan darajada ishqivoz edi. O‘zini dunyoning barcha bilimlarini egallab bo‘lgandek qilib ko‘rsatar, domlalar bilan toza bo‘g‘ilib, bo‘g‘riqib bahslashardi. O‘sha o‘qigan sanoqli kitoblardagi (masalan, “Sarob”dagi) munosabatlar, yondashuvlarni mutlaq qonuniyat deb tushunar va tushunganicha hammamizni urib yengardi. Eng qizig‘i, u Stendalni tarjima qilgan kursdoshimiz bilan Stendalni mutlaqo o‘qimay turib bahslashardi. “Qizil”-“qora” munosabatlariyu nisbatlarni xamirdan qil sug‘urgandek hal qilib berardi. Ba’zi bahslarni o‘qisam, o‘sha jangovar do‘stimiz bot-bot esimga tushadi.

XX asrda Pikasso, Dali, Joys, Bekket, Sartr, Uelbek, Begbeder, Pinchon, Tibor Fisher, Italo Kalvino, Kasares, Eko, Shimoliy va Janubiy Amerika adabiyotlarining Somon yo‘lidek sochilib yotgan buyuk namunalarini va loaqal shularni o‘qimay turib, kundalik mulohazalarimiz doirasiga tortmay turib (bularning ayrim asarlari rus tiliga tarjima qilingan), dunyo adabiyoti oqimlari haqidagi nazariy bilimlarimiz havoda osilib qolaveradi. Do‘stimiz bizga Oybekni eslatadi. Oybek rus shoiri Blokni sevib qolib, undan “oniy lahza”ni tasvirlash manerasini o‘rganganligini yodimizga soladi. “Lekin bu bilan Oybek simvolist ham emas, impressionist ham bo‘lib qolmadi – milliy shoirimizligicha qoldi”, deb xulosa chiqaradi. Bir qarashda ilmiy beozor gapdek tuyuladi. Lekin savol tug‘iladi: nima, simvolist yoki impressionist bo‘lish, bu yo‘lda asar yozish milliy shoir bo‘lishlikni inkor etadimi? Milliy shoir impressionist bo‘lolmaydimi? Unda milliylik o‘zi nima ijodda? Faqat milliylik bilan kifoyalanib yashash mumkinmi? R.Qo‘chqorning jig‘ibiyron bo‘lib savod, M.M.Do‘stning miyig‘ida kulib mahdudlik to‘g‘risida so‘zlayotganlari bekor gap emas, shekilli. Adabiyotning tabiati, maqsadi, vazifalari borasida, afsuski, chalkash gap­lar ko‘payib boryapti.

Yozuvchi, san’atkorning tasvir predmeti: inson va hayot. Inson universal mavjudot. Yozuvchi shu universalliklarni tasvirlaganda universal qonun-qoidalarga rioya qiladi. Loaqal nazarda tutadi. Oqimlar esa yangi zamon voqeligiga original yondashuvlarni shakllantirishga ko‘maklashadi.

Modern adabiyotlarida ochiq aytilgan gaplardan ochiq aytilmagan, ammo nazarda tutilgan gaplarning nisbati va ta’siri juda kuchli. Ruslar buni “podtekst” deyishadi. Bizda “tagma’no” deb olish odat tusiga kirdi. Undan keyin “simulyakr” degan sirli hodisa, ya’ni bir narsaday bo‘lib ko‘rinish, allanarsalarday bo‘lib ko‘rinish – g‘oyatda mislsiz ta’sirchanlik, o‘ychanlik yaratadi. Joys va Bekketda bu ikki hol badiiy ifodaning yuksak cho‘qqilarini dunyoga keltiradi. Isajon shularning nozik torlarini topayotganga o‘xshaydi. Isajon “Shamolli kecha” hikoyasida (“Yoshlik”, 2012 yil 4-son) o‘smir yigitcha va uning o‘n yashar singlisi Dang‘ara dashtida shamol quturgan kechada buvilari yashaydigan uzoq qishloqqa yo‘l olganlarini tasvirlaydi. Shamol va dashtlar Isajon asarlarining xarakterli makonlari. Bolalarning yuragi qorong‘i shamol uvillagan dasht qo‘rqinchlari bilan to‘la. Yigitcha oldinda munkayib va burkanib, qizcha ortda qo‘rqqanidan akasini dam-badam chaqirib yelib borishadi. Yigitcha qattiq qo‘rqayotganini singilchasiga bildirgisi kelmaydi. Singilchasining chorlovlariga quloq solmay, qizchaning holiga qarashga yuragi dov bermay chopqillagancha boradi. Bir payt singilchaning jon holatda akalagan, yolvorgan: “Aka, akajon!” – degan tovushi chiqadi. Lekin yigitcha e’tibor bermaydi. Ketib boradi. Buvisining qo‘nalg‘asiga shu qo‘rquv vahimada yetib boradi. Buvi: singling qani? – deb so‘raydi. Shundagina yigitcha singlisining dasht yarmida qolib ketganini eslaydi. Qo‘rquv qancha kuchli bo‘lmasin, uni qidirib yana vahimali tun va shamol hokim dashtga chiqib ketadi. Hikoya shu yerda tugaydi. Qizchaning taqdiri noma’lum. Yozuvchi buni o‘quvchiga ochmoqchi emas. Mana shu aytilmagan narsa – noma’lumlik yurakni larzaga soladi. Biz adabiyot ortidan shunday qichqirib boramiz. Lekin adabiyot bizga qaramaydi. Uning tashvishi, hadigi, qisinishi va kelajak oldidagi qo‘rquvlari o‘ziga yetadi. Shuhratjon Rizayev: 60-yillarda adabiyot maydoniga kirgan Erkin Vohidovlar avlodida “yagona ijtimoiy dard bor edi”, deydi-yu, lekin bu “dard”ning o‘zi nima bo‘lganligini qisqacha bo‘lsa ham aniqlab, tilga olib o‘tmaydi. Holbuki, dard tushunchasi juda keng, bepoyon. U, chamasi, milliy istiqlolga erishish orzusini aytmoqchi. Albatta, milliy istiqlolga muyassar bo‘lish – eng ulug‘ dard edi va G‘afur G‘ulomdan tortib, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va Halima Xudoyberdiyevagacha har turli pardalangan ifodalarda, shivirlangan ohanglarda shamaga tutilardi. Dardning ifodasi shama-ishoralar edi.

Adabiyot bedard yasholmaydi. Buni kattayu kichik yaxshi tushunadi. Shu bilan birga, ezgulik haqida so‘z ketganda, buni boshqa hech narsa emas, hamdardlik deb tushunamiz. Adabiyot azal-abad hamdardlik uchun dunyoga kelgan. Shu hamdardliksiz adabiyot hech narsa bo‘lolmaydi. Tog‘ay Murodning eng chuqur dardlarida hamdardlik ohangi kuchli. Uning asarlari hamdardlik, shafqat, matonat bilan yo‘g‘rilgandi. Nahot endi ezgulik, hamdardlik eskiradi? Unda adabiyot ham eskiradimi?

Ma’lumki, 80-yillarning o‘rtalariga kelibgina ijodkorlar, jamiyatshunoslar: “ijtimoiy ong o‘zgarayotgani”, “yangicha fikrlash boshlanayotgani” to‘g‘risida andak dadil so‘z yuritish imkoniga ega bo‘ldilar. Bungacha faqat hayiqish, qo‘rquv, “dardni o‘z ichiga qamash” hukmron edi. Shoirlar siyosiy huquqlari bo‘lmagani ustiga egalik huquqlari ham bo‘lmagan xalqning dardini anglashga intilar va nimtatir ranglarda chizishga urinardilar. Shartli tarzda “70-yillar avlodi” deyilgan adabiyot vakillari ko‘proq “o‘zlik” va uni bir qadar idrok etish, o‘z-o‘zini ifodalash, anglash ustida bosh qotirdi. Lekin bu anglamlar, tushunchalarning o‘zini bot-bot takrorlayverishdan nariga o‘tmadi. Faqat tarix sahifalariga murojaat qilish birmuncha intensivlashdi. “O‘zlik” deganda ko‘proq ruhiy olam nazarda tutildi va shu ruhiy olamni sirtdan bo‘lsa-da, tasavvur qilishga g‘ayrat kuchaydi. Adolatga ehtiyoj, bong urish kayfiyatlari, “shirin yolg‘onlarga aldanib” yashagan xalqni yolg‘onlar iskanjasidan xalos etish kabi romantik intilishlar bot-bot kuzatiladi.

Erkin inson bo‘lish juda katta fan. Hozirgi avlod 60 yashardan 21 yashargacha shu erkin bo‘lishlik fanini o‘qiyotgan, o‘zlashtirayotgan va shuning zamirida eski tutimlardan qutulishga, uni uloqtirib tashlashga kuch sarflayotgani kuzatiladi. Mana endi ma’lum bo‘ldiki, chinakam erkin bo‘lish (G‘afur G‘ulom zamonasidagi kabi hammasi qog‘ozda emas) juda katta zamonaviy madaniyat va juda katta insoniy mas’uliyatni talab qiladi. Shunday madaniyat va mas’uliyatga ega insongina, ijodkorgina odamga, odamiylikka, ezgulikka yangicha faol qaray oladi. O‘z asarlarida “biz kimmiz?” – degan zamon o‘rtaga qo‘ygan savolga haqqoniy to‘g‘ri, badiiy javob topa oladi. Odam ildizini qidirar ekan-da. Bu savol XX asrning to‘ng‘ich avlodi qarshisida “kim edigu kim bo‘ldik?” tarzida ko‘ndalang bo‘lgandi. Va unga o‘z-o‘zini kamsituvchi, mozoxistlarcha ho‘rlikni bo‘yniga olib javob aytilgandi. 80-yillarda “biz kimmiz?” savoli yangicha, ozod bo‘layotgan inson bo‘g‘zidan chiqaroq jarangladi. Savolga erkinlikka chiqqanlargina haqqoniy javob bera olishlari mumkin edi. Hozirgi avlodning barcha asarlari zamirida shu savol turibdi. Avlodning ijodiy, insoniy kredosi shu to‘la javob berib bo‘lmaydigan, ma’nosini aniqlash qiyin bo‘lgan savolga peshonasi borib taqaladi. Ruslarning ikki yuz yildan beri peshonasi “Nima qilmoq kerak?” savoliga tiralgan va hamon javob yo‘q. Shuning uchun ham, to haligacha milliy g‘oya nimaligini ifodalab berolmaydilar. Tarixan shakllangan shovinizm g‘oyasini esa tan olgilari kelmaydi. Kim tarixga bosqinchi nomi bilan kirishni istaydi? 60-70-yillarda bironta ijodkor XX asrning ikkinchi yarmiga mos va munosib ijodiy manifest – qarashlar tizimi bilan chiqqani yo‘q.

To‘g‘ri, Erkin Vohidov 1974 yilda “Mas’uliyat tuyg‘usi” degan manifest ruhidagi bir maqola bilan ko‘rindi. Bu ta’sirchan, yorqin adabiyot ahliga murojaatda, jumladan, shunday so‘zlar bitilgan: “Bizning yoshligimiz nisbiydir. Zero, san’atda umuman yoshlik nisbiy tushuchadir. San’atning, adabiyotning, she’riyatning katta-kichikka talabi bitta: qalblarni zabt etish! (Ta’kid bizniki – I.G‘.) Zabt etilgan qalblarga esa ezgulik urug‘ini sochish!” Shoir shu urug‘lar unganini ko‘rish qalamkash uchun eng oliy mukofot ekanligini ta’kidlaydi (“Iztirob”, 1992). Shoir o‘z avlodini “ijodkor yurakli yoshlar” deb ataydi va el-yurt, zamon, kelajak oldidagi ijodkorlik mas’uliyatini birinchi o‘ringa qo‘yadi va uni tarbiyalashga asosiy urg‘u beradi. Mas’uliyat tuyg‘usi ushbu avlod faoliyatida to‘la namoyon bo‘ldi. Keyingilar esa ijodiy manifestlarni belgilashni ortiqcha ish deb bildilar, ko‘p o‘tmay shoirlar bashorati yuzaga chiqdi: O‘zbekiston erkin mamlakatga aylandi. “Biz kimmiz?”, “Men kimman?” – degan savollarga kim qanday javob bergan bo‘lmasin, savollar hech qachon sahnadan tushmaydi, har bir ijodkor va ongli inson unga o‘z taqdiri, yuragi, ijodidan javob axtaradi. Savollarning zamirida bilish ishtiyoqi bor. Bilishga qiziqish adabiyotga intellektualizm ruhini olib kirdi. Ijodkor individ sifatida namoyon bo‘lishni maqsad qilib qo‘ydi. Intellektuallik va individuallashishda yangi zamonga munosib bo‘lish, unga muvofiqlashish tendentsiyalari ko‘zga tashlandi. Bularning yorqin ko‘rinishi adabiyotni aql, axborot, huquq zamoni uchun g‘oyatda qiziqarli qiladi. Intellektuallik, ayniqsa, temalarning nihoyatda rang-barangligida, yondashuv va badiiy yechimlarning o‘ziga xosligida, jahoniy voqelik qamrovida yangicha tasvir va ifoda o‘lchovlarida ko‘zga tashlandi (G‘afur G‘ulom, Shayxzoda, Asqad Muxtor, Omon Matjon, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Xurshid, Nazar, Olim Otaxon, Ahmad A’zam, Isajon, Nodir, Erkin, Ulug‘bek…) Intellektuallik ortidan jahon badiiy oqimlariga nigoh tashlashdi. Hozirda temalar rang-barangligi o‘rnida faqat “men” o‘zagi atrofida quduq qazishni ko‘ramiz. Ko‘p mahal obi hayot chiqmaydi, teshik chelak esa hech to‘lmaydi… Albatta, hozirgi adabiyotga “men” o‘zak bo‘loladi. Bir sharti: takror, qayta-qayta takror bo‘lmasa… Ko‘p she’r yozish muqarrar suratda o‘z-o‘zini takrorlashga keladi. Ba’zi yozuvchilar bunga toqat qilolmaganlar: Xeminguey, Kafka, Fitsjerald kabilar yozishdek ne’matga chek qo‘yganlar. Takrorlar so‘zbozlikka olib borayotganini kuzatyapmiz. So‘zbozlik tema qolmaganini, sayozlikni bildiradi. Ba’zan kishi: bunday yozgandan o‘qigan yaxshi-ku! – deb yuboradi. Son-sanoqsiz buyuk kashfiyot asarlar bor. Ularni o‘qish va ibratli xulosalar chiqarish ham ijodkorlikka kiradi. Badiiy adabiyot nuqsonlarini nega tanqidchilar tuzatmaydilar deb mudom yozg‘irishadi. Aybni sho‘rlik tanqidchilikning bo‘yniga ag‘darishadi. Nega tanqidchilar sayozlikka, so‘zbozlikka, ochiqdan-ochiq xalturaga qarshi kurashmaydilar? – degan savollar bot-bot takrorlanadi. O‘z aybini boshqalardan ko‘rish va ag‘darish azaldan davom etib keladi. Bu ma’naviy ojizlik. Keling, tan olaylik. Hozirgi davrga kelib tanqidning mohiyati o‘zgardi. Eski tanqid tugaydi. Yangisi boshlangani yo‘q. Adabiy tanqid – adabiy ijodning bir turi. Adabiyotga xizmat ko‘rsatuvchi soha emas, lekin uni “xizmat ko‘rsatish” sohasiga aylantirishga urinishlar bor. Hozir “tanqidchi” degan kasb-ixtisos yo‘q. Hech qaysi oliy o‘quv dargohi tanqidchi tayyorlamaydi. Lekin “tanqidchilik” inertsiyasi davom etib keladi. Tanqidchilikning tanazzuli inson huquqlarining ustuvor bo‘lishi, adabiyot chin erkinlikka chiqishi bilan ham bog‘liq bo‘lsa, ehtimol. Tanqidchi mutaxassis bo‘lmagach, undan nimani talab qilish mumkin va bu qaysi mantiqqa sig‘adi? Hozir tanqidchi sifatida chiqib turganlarga e’tibor bering: ularning hammasi oliy o‘quv dargohlarining o‘qituvchilari, ya’ni adabiyot, filologiya mutaxassislari. Ularning diplomlari bor. Keyingi paytlarda tanqidchilikning o‘rnini asta-sekin tadqiqotchilik egallab kelyapti. Universitetlar, ilm dargohlari adabiyot mutaxassislari, tadqiqotchilarni yetishtiradilar. Yangi zamonda tanqid o‘rnini tadqiqotchi egallaydi. Evolyutsiya shuni taqozo qiladi. Ixtisoslar keng tarmoq otayotgan zamonda bu tabiiy ham. Diplomsiz tanqidchining fikridan diplomli tadqiqotchining fikri e’tiborliroq, fikrlari, tahlillari, talqinlari ancha yuksakroq saviyada va ancha ishonarliroq va adabiyot rivoji, jarayonlari jonliligi uchun foydaliroqdir. Taqrizlar ham, tadqiqotlar ham tadqiqotchi tomonidan yozilgani ma’qulroqdir. Tanqid esa tadqiqotning ichida va zamirida bo‘ladi. Tadqiqotchi – munaqqid. Menimcha, mutaxassis tadqiqotchilar zamoni boshlanishi oldida turgandekmiz. Intellektual salohiyatlar quvvatga kiradigan davrda mutaxassis tadqiqotchining o‘rni katta. Bu mulohazalar davom etarkan, ba’zi ukalarim: “Intellektuallik deganingiz o‘zi nima? Uning she’rga, hikoyaga nima aloqasi bor?” – deb yer tepinishlari ham mumkin. Milliy entsiklopediyamizda “intellektuallik” chunonchi, shunday izohlangan: “Intellektuallik tarkibiga idrok qilish, xotirlash, fikr yuritish, so‘zlash va hokazo psixik jarayonlar kiradi. Intellektuallikning rivojlanishi tug‘ma iste’dod, miya imkoniyatlari, jo‘shqin faoliyat, hayotiy tajriba kabi ijtimoiy omillarga bog‘liq”. Bu tushunchalarning bari hayron qoladigan darajada ijodkorga, ijodiy faoliyatga ham to‘la bog‘liq. Bulardan loaqal birontasi yetishmasa yo faoliyatdan tushib qolgan bo‘lsa, ijodkorlikda yetishmovchiliklar, nuqsonlar urchiydi. Bular hammasi ilmiy asoslangan, isbotini topgan narsalar. Shuning uchun eski “burungi” tanqid o‘rnini tadqiqotchilikka bo‘shatib beradi. “Burungi” maqomidagi tanqidchilik endi adabiyot tarixidagina qoladi. Intellektuallik bilan tadqiqotchilik, yangi oqimlarning kirib kelishi esa chambarchasdir. U endi estetika – badiyanavislikday jozibali sohani keng istifoda etadi va shu bilan birga, fan sohasi – adabiyotshunoslikni taraqqiy ettiradi. Adabiyot o‘z mangu og‘riqlarini endi bilimdon ijodkor olim tadqiqotchilarga ishonib topshiradi va ulardan badiiy, ilmiy, nazariy tafakkurda yuksak professionalizmni talab qilishga haqli bo‘ladi.

Tanqid aslo “saralash” (klassifikatsiya)gina emas. “Saralash” uning faqat bir qirrasi. Boshqa juda muhim qirrasi – estetik bilimlarga tayangan holda tushuntirish, muhokamalar yuritish (lekin aslo hukm chiqarish emas), qiziqarli mulohazalarni o‘rtaga qo‘yish, xolisona baho berish va teran xulosalar chiqarish, o‘quvchilarda badiiy didni tarbiyalash. O‘qish, kitobxonlikka qiziqish, ishtiyoq uyg‘otish. Bularni faqat chuqur bilimlar, komil did-farosatga ega mutaxassislargina bajara oladilar. “Burungi” tanqidni doim ikki narsa yemirib, obro‘sizlantirib keladi: biri savodning yetishmasligi, ikkinchisi, xolislikning yo‘qligi. Tanqiddan ko‘ngil to‘lmasligi shundan. Tanqidning zaifligi badiiy tafakkurda tanqidiy yo‘nalishning so‘nishiga, talantlarni payqash, namoyon bo‘lishida xafsalasizliklarga sabab bo‘ladi. Nima demang, tanqid ijtimoiy fikrning ta’sirchan turi-da! Suhbatlardagi qalamkashlarning chiqishlarida ularning jahon adabiyotidan baholi qudrat xabardor ekanliklari, o‘qiyotganlari, o‘rganishdan or qilmayotganlari ko‘rinib turibdi. Ular yangi jahon oqimlarining tub mohiyatini anglab yetish uchun aytaylik, Ortega-i Gassetni, Kamyuning “Kaligula”sini, Kafkani, Bulgakovni o‘qiyotganlarini yozishdi. Bu odamni xursand qiladi. To‘qson to‘qqiz foiz o‘qish, bir foiz yozish. Bu juda samarali me’yor. Modernizmni uqish, anglash nechog‘lik yaxshi. U aslo olabo‘ji emas. Uslublar, yondashuvlar jamuljami, xolos. U tushga o‘xshaydi. Tush – reallikning teskari va tugal bashoratlari, tugal masala-masoyillari. Rivoyatlar. Afsona va asotirlar va butunlay yangicha talqin. Behbudiyning “Padarkush”, Qodiriyning “Jinlar bazmi” o‘z vaqtining modernizmi edi. Umid qilamiz: bizda ham kun kelib Bekketning “Molloy”i, Umberto Ekoning “Atirgul nomi”, Tog‘ay Murodning “Oydinda yurgan odamlar” singari asarlar yaratiladi. Buning uchun kerakli asarlarni ko‘p o‘qish kerak-da. Bir paytlar Ortegani o‘qimay turib ham modernizmning ustidan tuproq tortib yuborishgan edi. Shoyad, u “tanqidlar” zamoni o‘tib ketdi. Va yangi adabiy bag‘ri keng ijodiy ma’rifat zamoni boshlandi. Bunga odam yana ishongisi keladi.

 

Qozoqboy Yo‘ldoshev javoblari:

1. Savolingizning o‘zida beriladigan javobning uchqunlari ham borday. Negaki, siz to‘rt avlodni (aslida, ularning sonini yana ko‘paytirish mumkin edi) sanar ekansiz, har safar “ijtimoiy kayfiyat” birikmasini ham qo‘shib ishlatasiz. Shuning o‘ziyoq adabiy avlod degan tushuncha ijodiy kechimda ijtimoiy asos ustuvor bo‘lgan sharoitda vujudga kelishini anglatadi. Odam jamiyatga qarshi qo‘yilmaydigan, har bir individning o‘ziga xos yaratiq va qadriyat ekani tan olinadigan davrda bir-biridan kes­kin farqlanadigan adabiy avlod yuzaga kelmasa kerak. Chunki iste’dod ham, kayfiyat ham o‘ta individual hodisalar, hatto, bu tushunchalarga tatbiqan “ijtimoiy” aniqlovchisini qo‘llashda ham qandaydir notabiiylik borday. Individning o‘z hayoti bilan yashashi ayb sanalmagan, alohida bir odam dardining ahamiyati jamiyatnikidan kam emasligi anglab yetilgan paytda, siz ko‘zda tutgan shakldagi adabiy avlodlar paydo bo‘lmaydi, deb o‘ylayman.

Endilikda ijod kechimi qaysidir tamoyilga ko‘ra muayyan to‘daga aylangan avlod emas, balki bir-biriga o‘xshamaydigan adabiy iste’dodlar tomonidan mustaqil yo‘sinda yuzaga keltirilishiga ko‘nikish vaqti keldi. Prof. D.Quronov aytganidek: “…bugun san’atkorning ijtimoiy dardni shaxsiylashtira olishi kifoya emas, aksincha, shaxsiy dardni ijtimoiy ahamiyatga molik darajada badiiy talqin qila olish …zarur”. Bugun bir odamning tashvishiga butun jamiyatning tashvishidan kam, deb qaralmaydi. Shaxsning qadri jamiyatnikidan kam deb qaralgan joyda, albatta, mustabidlikka yo‘l ochiladi. Negaki, alohida odamlarni toptagan holda, kimligi mavhum ko‘pchilikka yaxshilik qilish haqida gapiraverish mumkin. Aslida, hazrat Navoiyning: “Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay, Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa obod aylagay” tarzidagi qanoati ham shunchaki aytilmagan, u kishi hammaga birvarakayiga yaxshilik qilishni orzulagandan ko‘ra, aniq bir shaxsni avaylash afzalligini ko‘zda tutganlar.

Ma’lumki, sovetning davrida tuzum odamni yaratadi, deb qaralar va shunga ko‘ra odamni o‘zgartirish tuzumni o‘zgartirishdan boshlanishi kutilardi. Endi har qanday ijtimoiy tuzum ham odamlar tomonidan vujudga keltirilishi ma’lum bo‘ldi, shu bois oldin odamni o‘zgartirish kerakligiga ko‘nikilayotir. Demakki, individning qadri ham, dardi ham jamiyatning qadriyu dardidan kam emasligi anglanilayotir. Lekin bu holga ko‘nikish qiyinroq kechmoqda. Shu bois biz hali odamni chinakamiga qadrlash, hurmat qilishga o‘rganolganimiz yo‘q. Ulug‘ ijtimoiy maqsadlar, qadriyatlar, odamning azizligi to‘g‘risida og‘izda ko‘p gapiriladi, ammo aniq bir odamni, shunchaki odam bo‘lgani uchungina ayash, hurmatlash axloqiy-ma’naviy miqyosda ham, ijtimoiy-tashkiliy darajada ham hal etilmagan. Ishxonalarda xodimlarga, aeroportlarda yo‘lovchilarga, bojxonalarda o‘tuvchilarga munosabatdagi hurmatsizliklar, aslida, alohida shaxsga e’tiborsizlik natijasidir. Korchalon byurok­rat, zo‘ravon rahbar, sansolar xizmatchi o‘ta yuksak ijtimoiy tutumlar haqida bemalol gapira olgani holda, bir odamning oddiygina muammosini hal qilish sari qadam bosmaydi.

Bugun barcha jamiyat a’zolari singari ijodkor ham individuallashib boryapti, zamondoshimiz o‘z dardining shaxsiyligidan xijolat chekmay qo‘ydi. Aslida, dard qancha shaxsiy bo‘lsa, shuncha yuqumli ham ta’sirli va shu bois uning badiiy ifodasi ham individual bo‘ladi. Bunday davrdagi adabiyot, asosan, alohidalashgan ijodkor shaxs­ning ko‘ngil holatlarini aks ettiradi. Endi yozuvchilar oldingiday ijtimoiy vazifa bajarmaydilar, balki boriday yashab ijod qiladilar. Sovet davrida ijodkorlar davlatning qaramog‘iga olingan alohida ijtimoiy qatlam edilar. Bugun ular hamma qatori bo‘lmagan hamma qatori odamlardir. Har bir iste’dodli shaxsni badiiy ijodga undayotgan omil har xilligi sabab, ijodkorlarning avlodlarga bo‘linishi uncha sezilmaydi, deb o‘ylayman.

2. Badiiy adabiyot aynan har xillikka intilish samarasidir. Shu bois chinakam adabiyotning hamisha va faqat har xil yo‘sinda bitilgan asarlardan iborat bo‘lishi tabiiydir. Muayyan adabiy avlodga mansub bo‘lgan ko‘pchilik ijodkorlarni yozganlaridan tanish mumkin edi, bugun yozganiga qarab, adabiy avlod u yoqda tursin, bir yozuvchining o‘zini tanib olish ham qiyin kechyapti. Chinakam adabiyot rivoji manfaatidan kelib chiqilsa, bu holdan quvonmoq kerak. Negaki, yozuvchilar nafaqat o‘zgalar, balki o‘zlarini-da takrorlamaslikka urinishmoqda. Oldinlari o‘z uslubiga ega bo‘lish ijodiy marra hisoblangan bo‘lsa, hozirda ko‘pchilik yozuvchi-shoirlar atay uslubi shakllanib qolmasligiga intilishmoqda. Ular o‘quvchiga har safar tamomila yangi ijodkor sifatida noma’lum qirralari bilan ko‘rinishni istashadi.

Adabiyotimizda xilma-xil uslubiy yo‘nalishda qalam tebratayotgan ijodkorlarning ko‘payib borayotgani quvonarli hol. Har qanday bir xillik adabiyot uchun o‘lim ekani aniq! Bizda bir yomon odat bor: chinakam muammolar bir yoqda qolib, yo‘q joydan muammo o‘ylab topib, o‘sha bilan ortiqcha andarmon bo‘lamiz. Menimcha, o‘zbek adabiyotidagi “izm”lar borasidagi bahslar – shunga o‘xshash muhim bo‘lmagan zo‘raki muammolardan biri. Avvalo, adabiyotimizda “izm”lar judayam ko‘p emas. Bor-yo‘g‘i, ayrim ijodkorlar odatdagidan o‘zgacharoq yo‘sinda qalam tebratishga, olamni o‘zgacharoq ko‘rish va noklassik tarzda ifodalashga urinishyapti, xolos. Garchi, bu urinishlar natijasida bir qator baquvvat asarlar yuzaga kelgan bo‘lsa-da, bu yo‘nalish biror jihati bilan badiiy ijodning azaliy an’analarini inkor etishni xayoliga ham keltirgani yo‘q. Negaki, yangicha yozayotgan o‘zbek san’atkorlari mumtoz tajribalarga tayangan holda modernizmning falsafasiga emas, balki ko‘proq ifoda yo‘siniga amal qilishyapti. Shuning uchun ham modern adabiy yo‘nalishni an’anaviy adabiyotga qarshi qo‘yish, unda badiiy adabiyot rivojiga zarar yetkazadigan qandaydir jihatlar borligidan xavotirlanish mutlaqo o‘rinsiz.

Milliy tafakkur tub o‘zgarishlarga uchragan, badiiy did yangilanayotgan hozirgiday sharoitda modernistik yo‘nalishning yuzaga kelishi tabiiydir. Chunki yillar davomida ruhsat berilganiday yozishdan zada bo‘lib, nafasi qaytgan adabiyotga “toza havo” kiritilishi kerak edi. Men modernizmning milliy adabiyot ravnaqiga xavf solib, iste’dodsizlik niqobiga aylanayotgani borasidagi vahimalarga hech tushunmayman. Nega modernistik yo‘nalishdagi asarlar adabiyot taraqqiyotiga xatar yoki iste’dodsizlikni yashiradigan vosita bo‘lar ekan? Iste’dodsizlikni berkitib bo‘ladimi o‘zi? U – har qanday shaklga solinganda ham mohiyati o‘zgarmaydigan xususiyat. Buning ustiga, iste’dodsizlik bilan yozilgan qaysidir bir bitikning modern deb atalgani uchun qiziqib o‘qilishi mumkinligi ham hech aqlimga sig‘maydi.

Bu xildagi o‘rinsiz vahimalar kishida go‘yo modern yo‘nalishida son-sanoqsiz asar bitilib hamma yoqni bosib ketayotganday tasavvur uyg‘otadi. Holbuki, bizda modern yo‘nalishda yozadiganlar juda kam. Shu ahvolda modern yozarlarni an’anaviy adabiyotga qarshi qo‘yish mantiqsizlikdan boshqa narsa emas. Aslida, aynan modernizm badiiy adabiyotni iste’dodsizlik va qolipdan xalos etish maqsadida yuzaga kelgan. Aynan modernizm badiiy yaratiq mavzu dolzarbligi, fikr yangiligi, ifodaning tushunarliligi singari tashqi belgilar sababli emas, balki chindan ham betakror va original bitilgani uchun o‘qilishini istash oqibatida paydo bo‘lgan. Modern yo‘nalish adabiyotni bulg‘ash emas, balki uni tozalash, yuksaltirish va noziklashtirish vositasi ekanini tan olish kerak.

3. Shakkoklikday ko‘rinsa-da, mening nazarimda, adabiyot Yaratganning o‘zidan bo‘lak hech kimning oldida burchli emas. U faqat o‘ziga, ya’ni go‘zallik va haqiqatgagina xizmat qilishi kerak. Kunbotish ellarida hamisha adabiyotning yelkasiga ijtimoiy yuk ortmoqchi bo‘lib kelinadi. Adabiyot qanchalik ijtimoiylashsa, shunchalik ezgulashadi, degan yanglish o‘y hamon ko‘pchilikni o‘z og‘ushida tutib turibdi. Holbuki, turli-tuman jamiyatlar va ularda hukmron bo‘lgan mafkurayu g‘oyalarning tarixi tuganmas adashishlar tarixidan iborat ekani bot-bot namoyon bo‘lyapti. Badiiy adabiyotdan jamiyatga xizmat qilishni talab qilish, uni yanglish yo‘lga burishning boshlanishi ekani hisobga olinmayotir.

Adabiyot haqiqat va go‘zallikdan bo‘lak hech kim va hech nima oldida burchli bo‘lmaganda o‘z-o‘zidan ezgulikka, demakki, ko‘pchilikka xizmat qilgan bo‘lib chiqadi. Odamzod hamma narsani qandaydir yo‘l bilan bo‘lsa-da, o‘ziga xizmat qildirishga moyil. U olamdagi biror narsaning shunchaki, o‘z holicha bor bo‘lishiga ko‘nikolmaydi. Holbuki, Yaratgan barcha yaratiqlarini faqat odamlarga xizmat qildirish uchun emas, balki, avvalo, o‘z qudrati va jamolini ko‘rsatish uchun yaratib qo‘yibdi. Axir, shaftoli odam ko‘zini quvontirish uchun gullamaydi, bulbul insonning kayfiyatini ko‘tarish uchun sayramaydi, suv ham faqat chanqog‘imizni qondirish uchungina oqmaydi, tovusga faqat et deb qarab bo‘lmaydi. Ularning Yaratuvchi belgilab qo‘ygan o‘z missiyalari bor. Menimcha, adabiyot odam tiynatidan aynan shu “Hamma narsa men uchun yaratilgan!” – degan iste’molchilik kayfiyatini quvib chiqarishga, unda “Yaratgan tomonidan menga shuncha ne’mat berilgan ekan, men o‘zim qanday ezgulik qildim?” – degan fikr uyg‘otishga xizmat qilishi kerakday. Qarangki, baribir, “xizmat qilishi kerak” bo‘lar ekan-da?!

Badiiy adabiyot odam nazarini atrofi olamdan o‘zining ichki dunyosi sari ko‘chirishga, o‘zini tekshirish tomon yo‘llashga qaratilgan san’at turidir. Chunki barcha yetuk ko‘rkam asarlarda o‘zga odamning tuyg‘ulari aks etadi. Estetik yaratiqlardagi ana shu tuyg‘ularni tuyish, ulardan ta’sirlanish asnosida odamda o‘xshash sezimlar tarkib topa boradi. Unda o‘zida mavjud ezgu tuyg‘ularni o‘stirish, yo‘qlarini esa yaratish ehtiyoji paydo bo‘ladi.

4. Menimcha, adabiyot hech kimning yonida emas. Badiiy adabiyot uni sevgan, uni qo‘msagan, unga intilgan, undan lazzat oladigan shaxslar ko‘nglidadir! Boshqalar esa… Adabiyotni ularning oldiga olib borib yoki ularni buning yoniga keltirib bog‘lab qo‘yganingiz bilan ham unga qiziqmasa, o‘qimasa, bundan ne naf?! Odamlar tana istaklariga bo‘lgan ehtiyojlarini bir darajada qondirganlaridan so‘ng nafis tuyg‘ular ifodasi bo‘lmish adabiyotga yuzlanadilar. Lekin tashnalik darajasidagi bu ehtiyoj tushmagurni qondirib bo‘larmikin? Qizig‘i shundaki, badiiy adabiyotgina kishining ko‘nglini tozalash orqali uning ko‘zini to‘ydiradi. Ma’lumki, ko‘z to‘ymaguncha, nafs­ga orom yo‘q. Demak, bugungi adabiyot odamning odamiyligi bilan yelkama-elka bo‘lib, uning nafsoniyligiga qarshi kurashadiganlar ichidadir.

5. Menimcha, “izm”larning birortasi ham adabiyot uchun shohko‘cha bo‘lolmaydi. Agar adabiyot mohiyatan biror “izm”ning izmida yurishi shart bo‘lganda, hazrat Navoiy bu haqda aytgan bo‘lardi. To‘g‘ri, olamda Navoiy qayd etmagan narsalar ham juda ko‘p, ammo badiiy ijod borasida hazrat to‘xtalmagan narsalarning ko‘pchiligi shunchaki o‘ylab topilgan o‘tkinchi gaplar. Endi postmodernizm borasida… Ko‘plardan farqli tarzda, unga erta kundan yovlarcha qaramaganingiz juda yaxshi. Bizda “postmodern kayfiyat paydo bo‘lgani” to‘g‘risidagi to‘xtamingiz menga ancha erta aytilayotgan bahsli fikrday tuyulsa-da, umuman, masalaning shu taxlit qo‘yilishi juda go‘zal. Chindan ham, hamonki, bir adabiy hodisa to‘g‘risida turli qarashlar tug‘ila boshlagan ekan, u haqda fikrlashib olgan ma’qul.

Menimcha, ayrimlarning o‘zbek postmoderni haqidagi qarashlari masala mohiyatini bilmasdan shoshqaloqlik qilish namunalaridir. Chunki postmodernizm – san’at va adabiyotdagi shunchaki moderndan keyingi navbatdagi bosqich emas, balki tamomila o‘zgacha falsafiy asosga tayaniladigan va modernizmga tubdan qarshi bo‘lgan yangi oqim. Yo‘q, u bizga taqdim etishayotganiday, atay san’at va adabiyotni buzishga qaratilgan yo‘nalish emas. Postmodernizmning bosh belgisi, unda hech qanday turg‘un belgining yo‘qligida, adabiy kategoriyalarning atay qorishtirib yuborilishi natijasida badiiyat borasidagi tushunchalar, uning norma va o‘lchamlarining ongli ravishda inkor etilishida namoyon bo‘ladi.

Oldingi ijodiy metodlarda ijodkorlardan qoidada belgilab qo‘yilganiday yozish talab qilinardi, modernizm ko‘ngil buyurganiday yozishni aqidaga aylantirdi, postmodernda esa, qo‘pol qilib aytganda, xayolga kelganiday yozish bosh talabga aylandi. Bu yo‘nalish adabiyotning obro‘sini to‘kish maqsadida emas, balki yozishni istagan har qanday odam badiiy asar yozish imkoniga ega bo‘lsin, degan kreativ demokratiya istagi natijasi o‘laroq yuzaga keldi.

Postmodernizm butun boshli falsafiy-estetik oqim bo‘lib, unda mug‘ombirlik va tovlamachilik ma’nosidagi “simulyakr”, soxta va arzon ma’nosidagi “kich”, nusxakashlik va ko‘chirmachilik ma’nosidagi “parodiyaviylik”, “kinoyaviylik”, buzg‘unchi ma’nosidagi “dekonstruktsiya”, “nutqning shizofrenlashuvi”, “shizotahlil”, yo‘q joydan bino bo‘lgan narsa ma’nosidagi “artefakt”, talabchanlik yo‘qligi ma’nosidagi “adabiy konformizm”, qorishiqlik ma’nosidagi “madaniy diffuziya”, nusxa olinadigan manba ma’nosidagi “metaadabiyot”, badiiy asarni birgalikda yaratish ma’nosidagi “interaktivlik”, ommaboplik ma’nosidagi “universalizm” va boshqa bir qator xos atamalar tizimi mavjud va ularga qay darajadadir amal qilingandagina postmodern asar yuzaga keladi. Shukurki, bizda hali bunday talablar tizimiga to‘la javob beradigan birorta ham asar yozilgani yo‘q. Ehtimol, yaqin yillarda yaratilmas ham.

Negaki, bizning kutilmagan eksperimentlarga o‘ch ijodkorlarimiz ham, an’analarni butunlay inkor qilish, muqaddas qadriyatlarni tuban tushunchalar bilan qorishtirib yuborish kabi xamoqotga bormaydilar. Postmodern bitik, asosan, yuksak san’at asarlariga parodiya sifatida, undagi fikru g‘oyalar, san’atu ifodalar ustidan kulib, buncha donolik qilib o‘tirmay, mana bunday jo‘ngina qilib yozib qo‘yaversa ham bo‘lardi-ku, yo‘sinidagi yondashuv oqibatida yuzaga keladi. Balki Muhammad Yusufning “Ot qadrini qaydan bilsin, Ot minmagan erkaklar”day jiddiy va dardli satrlarining ayrim “ijodkor”lar tomonidan: “Bulbul qadrin qaydan bilsin, Bulbuli yo‘q erkaklar” shakliga solib aytilayotgani qulog‘ingizga chalingandir. Asl postmodern adabiyot taxminan shu yo‘nalishda bo‘ladi. To‘g‘ri, postmodern yo‘nalishda ham ba’zan U.Ekoning “Atirgul nomi” asariga o‘xshash juda yuksak badiiy bitiklar yaratilib qoladi. Lekin asos e’tibori bilan u badiiy ijodni iste’dodli shaxsning emas, ommaning yumushiga aylantirishga qaratilgan yo‘nalishdir. Bu haqda gapni cho‘zaversam, juda uzalib ketadi. Yaxshisi, biror kun bu to‘g‘rida alohida yozilar.

6. O‘yin, ko‘pchilik o‘ylaganganidek, faqat bolalikka tegishli nojiddiy ermak emas. E’tibor qilsangiz, aslida, o‘ynab dam olinmaydi, o‘ynab charchaladi. Lekin u odamni tirikchilikning tuganmas bir xilligidan chalg‘itib, turmushiga zavq va joziba baxsh etadi. Hatto bolalar ham o‘ynab dam olmaydilar, balki o‘ynab yashaydilar. Ko‘pchilikning bir dunyo mablag‘u vaqt sarflab, sport o‘yinlari bilan shug‘ullanishi yoki tomosha qilishi bejizga emas. Adabiyot ham, aslida, xuddi badiiy gimnastika, figurali uchish yoki sinxron suzish kabi bir o‘yin. Faqat adabiyotning o‘yini darddan kelib chiqadi. Boshqacharoq aytsak, adabiyotda o‘ynab dard chekiladi, yig‘lab zavqlaniladi. Hazrat Navoiy bekorga: “So‘z aro yalg‘on kibi yo‘q nopisand, Aylar aning nazmini dono pisand”, demaganlar. O‘yin – ko‘rkam adabiyotning o‘z xususiyati.

Shaxsning hayoti qadrsiz bo‘lgan va jamiyat tahlikada qolgan sharoitda adabiyot jiddiylashib, qovog‘ini soladi. Ko‘ngilga o‘yin sig‘maydigan bunday tahdidli vaziyatlarda dard o‘ynab emas, yig‘lab aytiladi. Haqiqatni so‘zlashning iloji bo‘lmagan sharoitda adabiyot gap aytish vositasiga aylanadi. Bunga ham adabiyotning moyasidagi o‘yin unsuri yo‘l ochadi. Ochiqchasiga aytib bo‘lmaydigan fikr o‘yin yo‘li bilan bildiriladi. Adabiyotga ijtimoiy salmoq beradigan bunday sifatning bo‘lishi ham jamiyatning tanazzulidan, ham ko‘rkam adabiyotning o‘ziga begona ish bilan shug‘ullanayotganidan dalolatdir.

Salkam bir yarim asrlik mustamlaka davrida adabiyot shunchalar jiddiylashdiki, endilikda uning o‘z asliga qaytayotgani bizga erish tuyuladigan bo‘lib qoldi. Kishilik tarixida bunday holat tez-tez uchrab turadi. Sovet davrida adabiyot ijtimoiy hayotning yuragi sanalardi. Siyosat ham, falsafa ham, tarix ham, publitsistika ham o‘z yukini adabiyotning yelkasiga ortgandi. Ijtimoiy tafakkurning barcha sohalari badiiy adabiyotdan imdod kutardi. Adabiyot ijtimoiy borliqning markaziga aylangan bunday holga literaturotsentrizm, deyiladi. Siyosatda yolg‘on, falsafa va tarixda mafkura hukmron bo‘lib, ilmiy yo‘sinda aytish mumkin bo‘lmaydigan haqiqatlar badiiy shaklda bildirilardi. Bunday vaqtda butun umid adabiyotdan bo‘ladi va unga hamma kamoli jiddiyat bilan ko‘z tikib turadi.

Aslida, o‘yin – adabiyotning o‘z xossasi. Adabiyotda o‘yinning ko‘payib borayotgani jamiyatning sog‘lomlashayotganidan dalolatdir. Sizning: “keyingi vaqtlarda o‘yinning hissasi kuchayib ketdi. Bu degani shuki, nimani aytishdan ko‘ra, qanday aytish, dard aytishdan ko‘ra, “nimanidir” bo‘lsayam go‘zal shakllar yordamida o‘quvchiga yetkazish birinchi o‘ringa chiqib borayotir”, tarzidagi xavotiringiz meni quvontirdi. Bilimdon olim Rahimjon Rahmat: “…bizda adabiyotning o‘yinga aylanishiga hali ancha vaqt bor”, deganida haq edi. Ko‘rinadiki, o‘yin adabiyotning o‘z xususiyati, jiddiylik esa uning qo‘shimcha belgisi. Ortega 1953 yildagi maqolasida endilikda adabiyotning ko‘proq o‘yin xususiyatiga ega bo‘lib borishi tabiiy ekanini ta’kidlagan edi.

Ayni vaqtda, yana bir jihatni ta’kidlashni ham istardim: inson tabiatan shunday yaralganki, DARD uni hech qachon butunlay tark etmaydi, binobarin, adabiyot qanchalik o‘yinga yuz burmasin, ko‘ngil holatining ifodasi o‘laroq, dardchilligicha qolaveradi.

7. Bu savol hamda unga shu vaqtgacha olingan javoblar zamirida adabiy tanqiddan norozilik, uning faoliyatidan qoniqmaslik, tanqidchilikning haqqoniy va xolisligiga ishonmaslik silqib turibdiki, men bunga qo‘shilmayman. Siz bosh harflarda yozgan adabiy tanqidchilikdagi xolislik tushunchasi adabiyotga tatbiqan unchalik mo‘tabar tushuncha bo‘lolmasligini ta’kidlash kerak, deb o‘ylayman. Chunki kim bo‘lishidan qat’i nazar, bandaning xolisligi uning o‘zi darajasida bo‘ladi. Men adabiyotga doir chiqishlar bilan imkon qadar tanishib boradigan bir o‘quvchi sifatida keyingi vaqtda deyarli birorta to‘la xolis yoxud butunlay noxolis yozilgan tanqidiy maqolani uchratmadim. Badiiy asar haqidagi konkret bir maqolaning saviyasi, ilmiy qimmati, ishontirish darajasidan qoniqmaslik mumkin va bu tabiiy hol. Ammo qandaydir ta’ma ilinjida bitilgan birorta maqolani o‘qiganim yo‘q. Faqat hozirgi adabiy tanqidda jiddiy bir sifat o‘zgarishi sodir bo‘ldi: u endi ko‘proq tekshirilayotgan badiiy yaratiqning fazilati nimadan iboratligini ko‘rsatib berishga yuz burgan. Chunki ijod erkinligi sharoitida tanqidchi estetik qozi ham, adabiy sanitar ham bo‘lolmasligini va bo‘lmasligi ham kerakligi anglab yetildi. Sizning savolingiz qo‘yilishi hamda aksariyat javoblardagi iddaolardan juda ko‘pchilik hamon Norboy Xudoyberganov dom­laning zarbalariga o‘xshash hamlalarni qo‘msab yurgani seziladi. Menimcha, endi bunday bo‘lmaydi. Endi tanqidchilik tomonidan saviyasi o‘ta past bitikni do‘pposlashga sarflanadigan ilmiy kuch boshqa bir tuzuk asarning sharhiga sarflangani ma’qulligi anglab yetildi. Chunki hali insoniyat tarixida talantsiz odamning talantsizligiga ishontira olgan birorta olim bo‘lmagan.

Yana bir jihat, ko‘p kasbdoshlarimiz Behbudiy domlaning: “Tanqid saralamoqdir”, degan gapini ushlab olib, tanqiddan badiiy asarlarni saralab berishni talab qilishadi. Holbuki, otajadid o‘z fikrini adabiy tanqid to‘g‘risida emas, balki tanqid yordamida yaxshi va haq fikr saralab olinadi, degan ma’noda noto‘g‘ri holatni tanqid qilish holatiga nisbatan bildirgan edi. Biz asl ma’noni bir yoqqa surib qo‘yib, gapning o‘zini ushlab olganmizki, ko‘p yanglishishlarimiz ayni shu yerdan boshlanadi.

Keyingi jihat shundaki, adabiy tanqidchilik hodisasiga to‘g‘ri nom berilmagan. Xalqda nom taqdirdir, degan haqqoniy qarash bor. Hodisaning to‘g‘ri nomlanmagani uning noto‘g‘ri talqin qilinishiga yo‘l ochadi. Ya’ni nomi adabiy tanqid bo‘lsa-yu, yaqin o‘tmishdagi Sotti Husayn, Ayniy, Sa’diy, Trig‘ulov, N.Xudoyberganovlar yozgan bitik­lardagi kabi tishu tirnoq bo‘lmasa, kishida o‘z-o‘zidan e’tiroz uyg‘onadi. Holbuki, bu hodisaning vazifasi o‘nakay tanqid qilish emas, balki muayyan badiiy yaratiqning matnidan kelib chiqqan holda yutuq va kamchiliklarini ko‘rsatib berishdan iborat bo‘lishi kerak. Bunday missiyaga ega hodisa yonimizdagi qozoq va qirg‘iz qardoshlarda “sinchilik”, bu missiyani amalga oshiruvchi shaxs “sinchi”, deb ataladi. Hatto, Qozog‘istonda “Sin” deb atalgan qalin oybitik ham chop etiladi.

Sinchiligimizning bugungi holati borasida kasbdoshlarimizning qarashlari o‘ta salbiy va keskinligi bilan ajralib turadi. Taniqli bir olim: “yaqin-yaqingacha adabiy tanqidni taqdir deb qabul qilgan o‘nlab mutaxassislar” bo‘lganini aytib: “Hozir, asosan, maqtov, alqash, aqlli yolg‘on gapirish, tilyog‘lamalik, xushomad va hokazo illatlar adabiy tanqidimizning xos xususiyatlari bo‘lib bormoqda”, deb yozadi. O‘zqarashli boshqa bir olim aniq qilib: “Umuman, bizda adabiy tanqidda tanqid yo‘qligini ham e’tirof etish joiz. Bizlar adabiy tanqid vositasida bir-birimizning ko‘nglimizni ko‘tarib, do‘stona munosabatimizni bildirib qo‘yamiz, xolos”, deydi. U o‘z fikrini yanada kuchlantirib: “Uzoq vaqt mashhur adabiyotchi olimlarning yonida yurgan odamman. Ustozlarimiz rosmana adabiyotchi olim emas, balki adabiyotdagi diplomatlar ekanligini yaxshi bilaman”, deyishgacha boradi. Mashhur adabiyotchi olimlarning yonida uzoq vaqt yurgan dadil olimning ustozlari haqidagi fikri shu bo‘lsa, bir narsa deyishga ham qiynalasan kishi. Faqat bunday qarash egalaridan farq qilib, aksariyat ilm ahli kabi biz ham M.Qo‘shjonov, O.Sharafiddinov, U.Normatov, I.G‘afurov, A.Rasulov, N.Xudoyberganov, O.Tog‘ayev, S.Umirov, S.Sodiqov, A.Kattabekov singari olimlarni halol va o‘zso‘zli kishilar, deb bilardik va hamon shu qarash tarafdorimiz.

Boshqa bir mashhur kasbdoshimiz yanada qattiqroq ketib: “Bugun xuddi har bir qo‘shiqchining yonida o‘zining prodyusseri, dalloli bo‘lgani singari ko‘pchilik yozuvchi-shoirlarning ham hamtovoq talqinchilari – “adabiyotshunos”lari bo‘lishi kutiladigan holga aylangan. Xolis, samimiy, kuyunchak tahlilu talqin o‘rnini “shishadoshni qo‘llab yuborish”, “keyingi yil mukofot-unvonga ilintirib qolish” istagi, “bir yerdan ekanligini unutmaslik mas’uliyati”, “narigi guruhdagilar hujumiga qoldirmaslik”dek sergaklik… sifatlari egallamoqda”, deb yozadi. Ibrohim G‘afurov, No‘mon Rahimjonov, Yo‘ldosh Solijonov, Suvon Meli, Bahodir Karim, Uzoq Jo‘raqul, Abdulla Ulug‘ov, Islom Yoqubov, Qurdosh Qahramon singari bir qadar faol sinchilarining biror ijodkorga dallolik qilganini tasavvurga ham sig‘dirib bo‘lmaydi. Albatta, bugungi o‘zbek sinchiligi borligini tan olmaydigan hurmatli kasbdoshlarimiz o‘zlarini tilyog‘lamalik qiladigan, diplomatlikdan nari o‘tmaydigan, shishadoshlarni qo‘llaydigan sinchilar qatorida sanashmaydi.

Masalaning mohiyatiga jiddiyroq qaralsa, “adabiy tanqidni taqdir deb qabul qilgan o‘nlab mutaxassislar” hozir ham bor. Ehtimol, ularning soni yana ko‘paygandir ham. Ammo oldinlari adabiy tanqid kishiga chindan ham taqdir bo‘la olardi. Ya’ni u davrlarda o‘z ishi ortidan sinchining qora qozoni qaynab, tirikchiligi o‘tardi. Hozirgi kunda qay darajadadir adabiy sinchilik bilan shug‘ullanayotgan kishilardan jamiyat qarzdor va ulardan faqat minnatdor bo‘lish kerak. Negaki, yaxshidir-yomondir, mutlaqo beg‘araz asar yozib, uni o‘z puliga chiqarayotgan ijodkorlar faqat sinchilardir. Hatto, yozuvchilarga ham ozdir-ko‘pdir qalam haqi berila boshlandi. Sinchilarga esa hozirgacha yozg‘iriqdan boshqa haq to‘lanmayotgani hammaga ayon. Biror misol hamda dalilu isbotsiz, bemalol barcha sinchilarni nohalolligu noxolislikda ayblash mumkinligiga hayron qoldim. Birovning faoliyatini baholashda iymon tarozi qilinsa, to‘g‘ri bo‘ladi.

Butun boshli milliy adabiyotning sinchilik nazoratida bo‘lishi mumkin bo‘lgan davr­lar qaytmas bo‘lib o‘tib ketdi. Yozgandan o‘qigan ko‘p bo‘lishi tabiiy. Lekin o‘qigan asarlari to‘g‘risida yozadiganlar hamisha kam bo‘lishgan. Sovetning davrida bir yilda bir roman yaratilib qolishi katta voqea sanalar, saviyasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, u ancha vaqt og‘izdan tushmasdi. Endilikda bir yilda o‘nlab romanlar yozilayotir va bular haqda yozib ulgurish, ularning taraqqiyot tendentsiyasini belgilash juda mushkul. Sinchilikning holatidan mutlaqo qoniqmayotgan do‘stlarimizning hammasi ham sinchilar. Nega ularning birortasi faollik ko‘rsatmayapti? Xolis, haqqoniy, tilyog‘lamalik qilinmay, yurtdoshlikni hisobga olmay, adabiy asarlarning saragini sarakka, puchagini puchakka ajratib tashlashmayapti? Chunki buning imkoni yo‘q. Endi umumlashmalar ish bermaydi. Endi individning o‘ta individual mehnati samarasi bo‘lmish badiiy yaratiq to‘g‘risida g‘oyat individual fikr bildirishgina mumkindir. Bu fikrlar kimgadir o‘tirishmasa, ular, albatta, noxolis bildirilgan bo‘lib chiqmaydi. Bunga ko‘nikish kerak bo‘ladi.

8. O‘zbek adabiyoti – an’analar adabiyoti. Uning eng modern ko‘rinishida ham nafaqat modern, balki mumtoz an’analarga-da amal qilish seziladi. O.Muxtor, A.Qutbiddin, B.Ro‘zimuhammad, Faxriyor singari mohiyatan modernchi adiblarni mumtoz adabiyotni bilmaydi yoki uni rad etadi deb bo‘ladimi? Ayni vaqtda, har bir ijodkorning o‘z yo‘lini ochgisi, bir adib aytganidek: “Shoirlarda ikkinchi bo‘lmas, Shoirlarning bari – birinchi” bo‘lgisi kelishi tabiiy ham. Adabiyot – turfalikka intilish sababligina mavjud hodisa. Bir xillashadigan bo‘lsa, uning keragi bo‘lmay qoladi. Shu sababli bugungi ijodkorning kechagiday emas, bugungiday yozishga urinishining ajablanarli joyi yo‘q. Lekin yangilik – yangilik bo‘lgani sababli emas, balki oldingisidan yuksakligi bilan qadrli bo‘lishi kerak. Yuksalish uchun tagzamin kerak, bunga esa mavjud an’analargina yaraydi. Shu bois hozirgi o‘zbek adabiyotida eski bilan yangi o‘rtasidagi kurash haqida gapirish ortiqcha, deb o‘ylayman.

9. Bunday savol adabiyot kurash vositasiga aylangan holatlarda o‘rinli bo‘ladi. Har qanday odam singari ijodkor ham turli vaziyatlarda turlicha qadam bosib, ba’zida to‘g‘ri, ba’zida chalkash yo‘llardan yurib, o‘z qismati sari boradi. Ijodkorning burchlari qanday bo‘lishi kerakligini belgilab beradigan jamiyatda ijod erkinligiga zug‘um o‘tkazilayotgan bo‘ladi. Har kimning qozisi – yolg‘iz Olloh. Ijodkor ham Undandir va faqat Unga boradi. Demak, borarini o‘ylab ish qilishi kerak. Men asl ijodni ko‘ngil holatining ifodasi, deb bilaman. Ko‘ngilning qandaydir talablarni o‘ylab izhor etilishini tushuna olmayman. Ijodkorning odam ekanining o‘zida uning ijtimoiy va estetik missiyasi baravar namoyon bo‘ladi.

10. Jamiyatimiz hayotiga bozor munosabatlarining kirib kelishi “bozor adabiyoti”ni ham yuzaga keltirdi. Va u shiddat bilan yoyilib, semirib borayotir. Siz “jiddiy” deb aytayotgan adabiyot ham qarab turgani yo‘q. U ham g‘oyat turfalashib, mavjud sharoitlarni imkon qadar hisobga olishga intilib, rivojlanmoqda. Lekin “jiddiy” degani, albatta, yuqori saviyali degani emas. Sovetning davridagi adabiyot yoppasiga o‘ta jiddiy edi. Shunchalar jiddiy ediki, birovga tishining oqini ko‘rsatmasdi. Lekin bu adabiyot namunalarining katta qismi mualliflaridan oldin unutilib ketdi.

Menimcha, milliy tilning jilosi namoyon bo‘lmagan, odamning serqatlam ruhiy dun­yosi ochilmagan, o‘quvchini o‘ylashga majbur etolmagan bitiklar qanchalar qiziqarli ekani, qaysi nashrda, kimning tavsiyasi bilan, qancha nusxada bosilgani va qanday sotilganidan qat’i nazar, “bozor adabiyoti”ga tegishlidir. Siz aytgan “jiddiy adabiyot”ning bosh belgisi bitik bilan tanishish o‘quvchiga zavq bergani holda, uni o‘ylantirib qo‘yadigan xususiyatga ega bo‘lishida, deb bilaman.

Jiddiy adabiyotning keng omma orasida yoyilishi uchun uzluksiz ta’limning barcha bosqichlarida adabiyot o‘qitishni tubdan yaxshilash kerak, deb o‘ylayman. Adabiyot o‘qitish kechimi asl asarlar bilan tanishish va ularni sevib qolishga qaratilgan holda tashkil etilgandagina millat ma’naviy dunyosining ezgu qadriyatlar asosida shakllanishi borasida muayyan ijobiy natijalarga erishish mumkin bo‘ladi.

 

Umarali Normatov javoblari:

Mana, nihoyat, jurnalimiz sahifalarida yil bo‘yi davom etgan “Yangi avlod ovozi” nomi ostida o‘tkazilgan adabiy-tanqidiy gurung o‘z nihoyasiga yetayotir, endi uni sarhisob qilish payti ham keldi. Xo‘sh, shunday mavzuda bahs-munozara yuritishga ehtiyoj bormidi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Sir emas, tarix uchun qisqa fursat – mustaqilligimizning 22 yili davomida mamlakatimiz asrlarga teng mislsiz o‘zgarishlar, tub yangilanishlar yo‘lini bosib o‘tdi, millatning yangi avlodi tug‘ilib, yigit yoshiga yetdi, istiqlolni 50, 60, 70 yoshida qarshi olgan avlodlar qarashi, tafakkurida, hayot tarzida ham tub burilish yuz berdi. Bu hol, ayniqsa, adabiyot va san’at ahli taqdirida chuqur iz qoldirdi, garchi gurung mavzusi “Yangi avlod ovozi” deb atalsa-da, mustaqillik yillari adabiyot bo‘stonida shakllangan, unib-o‘sib bo‘y ko‘rsatgan qalam sohiblari ovoziga xos xususiyatlar talqiniga qaratilgan bo‘lsa-da, aslida, mavzu ko‘lami kengroq, yangi bosqichda mana shu yangi avlod bilan hamnafas yeng shimarib yagona ulkan va sharafli maqsad – istiqlol g‘oyalari amaliyoti yo‘lida baqamti ijod etayotgan ustozlar aks-sadosi ham chetda qolayotgani yo‘q.

Mazkur gurung bizda odat tusini olgan birdaniga bir majlisda o‘rtaga tashlangan masala bo‘yicha ishtirokchilarning behos ko‘ngliga kelgan o‘y-mulohazalari izhori shaklida emas, bosh muharrirning puxta o‘ylangan hozirgi adabiy jarayon tamoyillariga oid 10 banddan iborat savollariga shoshilmay, puxta o‘ylab jiddiy tayyorgarlik ko‘rib bergan javoblarini yil davomida jurnalning olti sonida e’lon etish tarzida kechdi.

Adabiy-tanqidiy gurung “Yangi avlod ovozi” deb nomlagan ekan, uning ishtirokchilari ham milliy adabiyotimizning yangi avlodi namoyandalari, istiqlol arafasida, istiqlol yillarida adabiyot bo‘stoniga kirib kelgan shoir, nosir va munaqqidlar; ular orasida yoshi eng ulug‘lari – H.Boltaboyev 1954, Sh.Rizayev 1958 yilda tug‘ilgan, D.Quronov 1960, I.Yoqubov, R.Qo‘chqor, B.Ro‘zimuhammad, R.Rahmatlar 1961, N. Eshonqul, A.Yo‘ldosh 1962, R.Haydarova 1966 yilda tavallud topgan. Ularning barchasi adabiyotda, adabiy tanqidda allaqachon o‘z mavqeini egallab, ijodiy, ilmiy yo‘li, maslagini tayin etib olgan qalam sohiblaridirlar. Qolaversa, ular bosh muharrirning har bir savoliga “etti o‘lchab bir kes” naqliga amal qilib, puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda javob qaytarishga harakat qilganlar.

Jurnal tahririyati kaminadan mazkur adabiy gurungga yakuniy chiqish bilan ishtirok etishni taklif etganda, ochig‘i, boshda biroz ikkilanib qoldim. Axir, men butunlay boshqa davr, o‘zga avlod odamiman-ku, “Yangi avlod ovozi” gurungining eng ulug‘idan ham yoshim chorak asr kattaroq-ku, degan andishaga bordim. Biroq do‘ppini boshdan olib bundoq o‘ylab qarasam, ularning birortasiyam men uchun begona emas, Abduqayum bilan Islomjonni mustasno etganda, qolganlari barchasi mening 60 yillik umrim kechgan Milliy universitetda ta’lim olgan, aksariyati shu dargohda birga ishlagan, bir ma­yizni bo‘lib baham ko‘rgan qadrdon maslakdoshlarim-ku; qolaversa, Hamidulla, Dilmurod, Rahimjon, Ulug‘beklarning ilmiy ishlariga rahbarlik qilganman… Qisqasi, garchi qirq yillik faoliyatim mash’um mustabid tuzum zamonida kechgan bo‘lsa-da, Ollohning beadad inoyati tufayli Abdulla Qahhordek buyuk siymo adabiy muhiti hamda Milliy universitetda qaror topgan Ozod Sharafiddinov adabiy-tanqidiy maktabiga daxldor baxtiyor bir bandai mo‘minman.

Davra gurunglarini kuzata borib shunga amin bo‘ldimki, 60-yillardayoq shakl­langan Qahhor adabiy muhiti, ustoz Ozod Sharafiddinov adabiy-tanqidiy maktabi saboqlari istiqlol davri adabiyoti, adabiy-tanqidiy tafakkuri, yangi adabiy-tanqidiy avlod parvozi uchun mustahkam zamin vazifasini o‘tagan, boz ustiga, ustozning o‘zi mustaqillik yillaridagi o‘n besh yillik faoliyatida, yangi sharoitda yangi adabiy avlod himoyasi, kamoloti yo‘lida beqiyos zahmat chekkan, jasorat ko‘rsatgan.

Mazkur adabiy-tanqidiy gurungda qo‘yilgan barcha savollarga birma-bir javob qaytarish shart emasdir, degan o‘yga borib, nazarimda, men uchun eng muhim bosh masala – yangi avlod va uning ijodiy qiyofasi xususidagi o‘z fikr-qarashlarim izhori bilan cheklansam.

“Bugungi adabiy avlodning (magar u bor bo‘lsa) g‘oyaviy-badiiy estetik qarashlari nimalardan iborat?” degan bir qarashda oson, oddiy rasmiy savolga, qiziq, gurung qatnashchilarining javoblari ancha parishon tusda kechdi. Ehtimol, muharrirning qavs ichida keltirilgan shubhasi salaflariga ham yuqdi shekilli, ular ham bu xususda ikkilanib qoldilar. Professor H. Boltaboyev to‘g‘ridan-to‘g‘ri “keyingi davrlarda ijod qilgan alohida iste’dodlar nomini tilga olish mumkin, biroq ular adabiy avlod sifatida shakllanmaganga o‘xshaydi” desa, Sh.Rizayev “Hozirgi paytda ana shu kayfiyatni o‘z asarlarida aks ettiruvchi avlod voyaga yetdi, deb dabdurustdan aytish juda mushkul”, deya hamkasbi qarashini ma’qullaydi. Prof. D. Quronov bu masalaga biroz keskinroq yondashsa-da, biroq oxir-oqibatda hamkasblari qarashidan uncha uzoq ketmaydi. Uningcha, ijtimoiy tafakkurning ham ilg‘orida boradigan ijodkorlar – shu kunning gapini aytadigan “adabiy avlod” orzuligicha qolyapti; “yangilangan kayfiyatni o‘z asarlarida aks ettiruvchi avlod ham voyaga yetgan”, faqat undan endi “salaflaridagi belgilarni izlash befoyda”, “endi ijod ahlining barini birdek o‘rtovchi umummilliy dard yo‘q”.

Nazarimda, bu xususda Rahmon Qo‘chqor masala mohiyatiga ancha yaqin kelganday ko‘rindi menga. Darhaqiqat, u aytganiday, bugungi adabiy avlodning g‘oyaviy-badiiy qarashlari bir xillikdan uzoq – hayotning o‘zidek rang-barang ekan, ijodkorlarning voqelikni idrok etish va uni talqin qilish usul-uslublari bir-biriga o‘xshamasligi, eng muhimi – yosh o‘zbek shoir-yozuvchilari dunyoning ilg‘or adabiyotlariga bo‘ylashib ijod qilayotganligini sezmaslik mumkin emas… Munaqqidning kuyunchaklik bilan aytgan mana bu iddiolariga qo‘shilmay iloj yo‘q: “bu avlodning bor ekaniga hali ham shubha qilish, uning izlanishlarini tumovning yo‘talidek o‘tib ketadigan hodisa, deb qo‘l siltashdan ko‘ra, unga tenglashmoq, uni ixlos-la o‘qimoq va uqmoq, agar qo‘ldan kelsa, nafaqat milliy miqyosda, balki xalqaro estetik maydonda ham uning targ‘ib-tashviqi bilan shug‘ullanmoq vaqti allaqachon kelgan”ini ta’kidlar ekan, munaqqid salaflarining bu xususdagi iddiolariga javoban qizishib: “Nima uchun rang-baranglik avlod tushunchasini inkor etar ekan? Nega avloddan dunyoqarashdagi yakranglik talab qilinar ekan? Axir, dunyoqarashi, didi, estetik ideallari, ijodiy uslublari rang-barang bo‘lmasa, bu zamondoshlarning nomi “adabiy avlod” emas, “adabiy poda” atalishi kerak emasmi? Qaysi zamonda, qaysi avlodda bir-birini takrorlaydigan ikki ijodkorni topasiz? Axir, ijodkorni shu maqomga loyiq qiladigan eng asosiy mezon aynan hech kimnikiga o‘xshamaydigan dunyoqarashi, badiiy idroki, estetik didi emasmi?” deya o‘z qarashida qat’iy turadi.

Yangi avlod, uning bugungi adabiy jarayondagi o‘rni, ovozi xususida gurungda ishtirok etgan ijod ahlining qarashlari Rahmonjonning ovoziga hamohang. Chunonchi, Nazar Eshonqul yangi bosqichda qalam tebratgan turli yoshdagi ijod ahli nomlarini keltirib “ular asarlarini uslubiga va kontseptsiyasiga ko‘ra, yangi avlod nasriga tegishli, deb baholash mumkin. Shuning uchun yoshiga qarab emas, adabiy avlodni asarlarning mazmuni, uslubi, kontseptsiyasiga qarab belgilash tarafdoriman” (Ta’kid bizniki – U.N.), deydi.

G‘oyat o‘rinli, oqilona mulohaza. Bu xususda keyinroq maxsus to‘xtalsam. Hozircha boshqa davra qatnashchilarining bosh savol xususidagi mulohazalari bilan tanishtirishda davom etaylik.

Shoir Bahrom Ro‘zimuhammad esa o‘zi bevosita daxldor bo‘lgan she’riyat, xususan, modern yo‘nalishi, uning tadriji, hozirgi holati, qolaversa, miqyosi, namoyandalari, yaxshi namunalari xususida batafsil to‘xtalib “har xil usullarda asar bitadigan shoirlarni bir avlodga mansub deyish o‘rinlimi?” degan savol qo‘yadi va “menimcha, yo‘q” deya javob qiladi. Uning da’vosicha, “bir maktabga daxldor deyish boshqa narsa”.

O‘ylab ko‘rishga arziydigan mulohaza.

Adiba Risolat Haydarova ko‘lamni yanada kengroq olib so‘nggi o‘n-yigirma yil mobaynida ijtimoiy hayotda yuz bergan o‘zgarishlar adabiy jarayonga shu qadar ta’sir ko‘rsatdiki… bir qarashda kishi hozirgi adabiyotimizning qiyofasini bor bo‘yicha ang­lab ololmaydi. Anglash uchun esa shu choqqacha miyamizda yashab kelgan “ramkalar”dan sal chetroqqa chiqib olish kerak bo‘ladi”, degan jiddiy fikrni ilgari suradi.

Xo‘sh, bir qarashda kunday ravshan bugungi adabiy avlodning bosh masala bobidagi qiyofasi xususidagi savolga bu qadar ziddiyatli, munozarali javoblar berilishining boisi nimada? Bu haqida to‘laroq tasavvurga ega bo‘lish uchun ayni shu yangi bosqichda bosib o‘tilgan yo‘l, uning eng muhim jihatlarini eslab o‘tmoq darkor.

Gap shundaki, adabiyotimizning yangi avlodi mansub bo‘lgan mustaqillik davri millatimiz tarixida g‘oyat noyob, murakkab, ko‘p qirrali hodisa. Ko‘p asrlik milliy adabiyotimiz tarixidagi muhim burilish zamonaviy jahon adabiyoti tomon yuz o‘girishi jarayoni – yangi o‘zbek adabiyoti deb atalgan hodisaning shakllanishi, yuz yillik taraqqiyoti chorizm mustamlakasi davrida boshlanib mustabid kommunistik tuzum sharoitida, mash’um yakkahokim mafkura tazyiqi ostida kechdi, kompartiya yo‘l-yo‘riqlaridan salgina chetga chiqqan qanchadan-qancha qalam ahlining oltin boshi qurbon bo‘ldi. Kishini hayratga soladigan jihati shundaki, hatto ana shunday mash’um sharoitda ham millat sha’nini ulug‘laydigan, uning asl orzu-intilishlari – erki, ozodligi g‘oyalarini tarannum etadigan, zulm doyalari ildiziga bolta bo‘lib tushadigan asarlar yaratildi, turli-tuman ko‘rinishda yaratilaverdi.

Nihoyat, yuz yillik ezgu orzu-niyat ro‘yobga chiqdi. Bunda bir necha avlod ozodlik kuychisi va jarchisi sanalgan adabiy avlod asl namoyandalarining xizmatlari beqiyos.

Istiqlol g‘oyalarini amalga oshirish esa osonlikcha kechgani yo‘q; boshqa, oldinroq ozodlikka erishgan Sharq mamlakatlaridan farqli o‘laroq, bizda bir tizim – sotsializmdan – boshqa bir tizim, bozor iqtisodi munosabatlariga o‘tish, barcha sohada jahonning eng ilg‘or mamlakatlari andozalariga mos keladigan jamiyatni shakllantirish, bu borada hozirda jahon tan olgan o‘zbek modelini ishlab chiqish va uni amalga oshirish – bu hazilakam ish emas! Ana shu ko‘p qirrali qudratli jarayon asnosida ma’naviyatga alohida ahamiyat berildi, “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”, jumladan, “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor”, degan shior ostida son-sanoqsiz amaliy ishlar ado etildi, etilmoqda. Milliy adabiyotimiz tarixida hech qachon ko‘rilmagan ijod erkinligining qonuniy asoslari yaratildi, avvalo, so‘z san’ati uchun hayotiy manba – ona tilimiz davlat maqomiga ega bo‘ldi, ma’naviy merosga, badiiy ijodga munosabat tubdan o‘zgardi, fikrlar xilma-xilligi uchun yo‘l ochildi, “fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi” qonun bilan rasmiylashtirildi. Konstitutsiyamizda “O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy hayoti siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi. Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas”, deb yozib qo‘yilgan.

Bu ijtimoiy, ma’naviy, adabiy taraqqiyot uchun benihoya muhim tarixiy hodisadir. Dadil aytish mumkinki, ijod ahli adabiyotimiz va san’atimiz tarixida ilk bor ana shunday noyob kafolatga ega bo‘ldi. Shu tariqa, adabiyot va san’at ahli yaqin o‘tmish yakkahokim mafkura tazyiqidan butunlay xalos bo‘ldi, bizda ham jahonning taraqqiy etgan erkin demokratik mamlakatlaridagi kabi falsafiy-mafkuraviy sajiya, estetik printsiplari jihatidan xilma-xil adabiy-badiiy oqimlar, turli adabiy maktablar shitob bilan qaror topa boshladi. Boz ustiga, mana shu jarayonlarning barchasi jahonda globallashuv jarayoni avjiga chiqqan, informatika tarmog‘i benihoya kengaygan, internet, kompyuter kundalik hayotga shiddat bilan kirib kelayotgan bir pallada yuz berdi, berayotir. Milliy adabiyotimizning bugungi taraqqiyoti, hozirgi adabiy avlod qiyofasi haqida so‘z ketganda ana shunday ko‘lamli jarayonni chetlab o‘tish aslo mumkin emas.

Yana bir muhim jihat, shu yillar davomida “ko‘pmillatli sovet adabiyotining tarkibiy qismi” sanalgan, Kremlda ishlab chiqilgan adabiy estetik printsiplar asosida ish ko‘rishga majbur etilgan o‘zbek adabiyoti o‘zgalarga tobelikdan ozod bo‘lib o‘z erki, xohish-ixtiyoriga ko‘ra ilg‘or jahon adabiyoti o‘zanlari bo‘ylab rivojlanish yo‘liga o‘tdi. Yakkahokim mafkura, yakkahokim sotsrealizm qoliplaridan chiqib o‘z milliy an’analarini erkin davom ettirish, jahon adabiyotidagi ilg‘or tajribalarni bemalol ijodiy o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mustabid zamonda “reaktsion” deb atalgan diniy-islomiy motiv – talqinlar, “reaktsion burjua oqimi” sanalgan modernizmning eshiklari ijod ahli uchun keng ochib qo‘yildi. Qur’oni karim, hadislarning bugungi ona tilimizga tarjima etilishi, “ilg‘or sovet adabiyoti” sahnasidan badarg‘a etilgan tasavvuf falsafasi, adabiyoti tadqiqi, targ‘ibotiga keng yo‘l ochilishi, Yassaviy, Sulaymon Boqirg‘oniy, So‘fi Olloyor kabi mutasavvuf shoirlar merosining xalqqa qaytarilishi millat ma’naviy hayotida, ayniqsa, badiiy va adabiy-ilmiy tafakkur rivojida yangi davr ochganini unutmaylik, azizlar. Asarida birgina Olloh so‘zini qo‘llagani, “modernizm” xususida ikki og‘iz iliq gap aytgani uchun malomat toshlari ostida qolgan ijod va fan namoyandalarini ko‘rganmiz, ko‘ra turib ular yonini olishga qurbimiz yetmay, alam-o‘kinchdan o‘ksinib iztiroblar olovida qovrilib yurgan kezlarimiz hamon yodimda. Bundoqroq nosir va shoirlarni qo‘yib turing, Chingiz Aytmatovdek nomi, asarlari jahonga mashhur adibning “Plaxa” (“Qiyomat”) romanidagi diniy motiv, Iso Masih qismatiga oid boblar tevaragida qanchalar mashmasha bo‘lgani, markaziy matbuot sahifalarida adibni “Ollohga g‘amza qilish”da ayblangani esimizdan chiqqani yo‘q. Axir, bular uzoq emas – 1986 yilda bo‘lgan edi-ku! Bugun universitet auditoriyasida filolog talabalarga shu haqida so‘zlab bersangiz, hayratdan yoqa ushlaydi.

Qiyinchiliklar, ikkilanishlar bilan bo‘lsa-da, davr taqozosiga ko‘ra, bizda ham jahonning ilg‘or mamlakatlaridagi kabi mafkuraviy-falsafiy asosi jihatidan xilma-xil yo‘nalishga mansub asarlar paydo bo‘la boshladi. Moddiy dunyo qonuniyatlariga, tarixiylik, ijtimoiy tahlil printsiplariga qat’iy amal qilgan an’anaviy realizm bilan barobar deyarli barcha tur, janrlarda diniy, ruhoniy-islomiy talqin ustuvor asarlar yaratish an’ana tusini oldi. Shaxsni faqat ijtimoiy munosabatlar mahsuli sifatida emas, ko‘proq ilohiy, tug‘ma, tabiiy, sirli-sehrli mavjudot tarzida ko‘rsatuvchi, uning ijtimoiy-tarixiy sharoit – tuzum, davlat, siyosat, mafkuraga bo‘ysunmaydigan g‘aroyib tuyg‘u, xislatlarini, ong-idrokdan tashqarida anglab yetilmagan holat-kafiyatlarini badiiy tadqiq etuvchi, ekzistentsializm falsafasiga tayanuvchi asarlar ham yaratilayotir. Qiziq, biz allaqachon so‘z san’atining o‘tmish bosqichiga mansub deb atagan romantizm yoxud naturalizm yo‘lida bitilgan yaxshi asarlar ham paydo bo‘layotir. Ular haqida yozildi, yozilayotir. Qo‘chqor Norqobilning “Nozi… Nozigul”, Jo‘ra Fozilning “Sohildagi uy”, Muyassar Tilovovaning “Ko‘kko‘l qo‘shig‘i” hikoyalari shular jumlasidan.

Mana endi Nazar Eshonqul o‘rtaga tashlagan “adabiy avlodni yoshiga qarab emas, asarlarining mazmuni, uslubi, kontseptsiyasiga qarab belgilash” maqbul yo‘l ekani xususidagi mulohazalarga o‘tsam bo‘lar.

Istiqlolni 60, 70 yoshida qarshilagan adib va ustoz munaqqidlarning tafakkur tarzi – ijodiy, ilmiy aqidalaridagi evrilishlarni eslaylik. Ustoz Said Ahmadning “Umrim bayoni”, Ozod Sharafiddinovning “E’tiqodimni nega o‘zgartirdim?” deb nomlangan hasbi hol, iqrornoma tarzidagi badialari – biri biriga tengdosh adiblar, ikkinchisi esa zamondosh munaqqid-adabiyotshunoslarning o‘ziga xos hasbi holidir. (Maqtanishga yo‘ymang, azizlar: kaminaning “O‘tilgan yo‘lning ba’zi saboqlari” badiasi ham ayni shu ruhda bitilgan.) Bu ikki tarixiy hujjat shunchaki sho‘ro davridagi yo‘l qo‘yilgan chalg‘ishlar, xatolar uchun mualliflarning mardona tazarrusi, izohnoma, iqrornomasigina emas, balki zabardast, jasur ijodkor bilan munaqqidning yangi bosqichdagi ijodiy manifesti kabi yangraydi. Bu ikki hujjat ostiga xolis niyatli barcha tengdosh – safdoshlari imzo chekishi mumkin. Said Ahmadning istiqlol yillarida birin-ketin chop etilgan boshdan-oyoq yangi davr nafasi ufurib turgan, istiqlol g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan “Yo‘qotganlarim va topganlarim”, “Qorako‘z Majnun”, “Kiprikda qolgan tong”, Ozod Sharafiddinovning “Ijodni anglash baxti”, “Dovondagi o‘ylar” kitoblari har jihatdan “Yangi avlod ovozi”ga hamohangdir. Bu ikki siymoning o‘nlab iste’dodli safdoshlari, izdoshlari, shogirdlari faoliyatida ham shu holni kuzatishimiz mumkin.

Bahrom aytgan adabiy maktablar masalasiga kelsak, milliy adabiyotimiz taraqqiyotida yorqin iz qoldirgan, istiqlol yillarida yanada yorqinroq namoyon bo‘lgan yana qator adabiy maktablarimiz bor. Bu xususda Islomjon Yoqubov javoblaridagi mulohazalarni yanada kengaytirib, ularga quyidagilarni ilova qilib o‘tishni istar edim.

Adabiy jarayon g‘aroyib qudratli hodisa. Agar tabiatan chin insoniy, olijanob, hayotbaxsh ruh bilan yo‘g‘rilgan bo‘lsa, bunday hayotbaxsh tamoyillar har qanday sharoitda ta’qibu tazyiqlarga qaramay, u milliy zaminda ildiz otib yashayveradi. Cho‘lponu Oybek, G‘.G‘ulom, H.Olimjonlardan ulgi olgan, keyingi yarim asr davomida baqamti yonma-yon qad rostlab, mudom millat kayfiyati, ruhiyati, orzu-intilishlari kuychisi sifatida bayroqni qo‘lda tutib kelayotgan Erkin Vohidov va Abdulla Oripov atrofida uyushgan qalam ahlining qo‘shaloq ijodiy maktablari milliy she’riyatimizning ulkan boyligidir. H.Olimjon bilan Mirtemirlar asos solgan xalqona she’riy yo‘nalish an’analarini davom ettirgan Muhammad Yusuf, Mahmud Toir, Sirojiddin Sayyid, Iqbol Mirzolar mansub maktab allaqachon el og‘ziga tushgan. Yana o‘sha mash’um zamonda ne-ne to‘sig‘u tahdidlarga qaramay, buyuk tarixiy siymolarimiz hayotiga bag‘ishlangan biografik asarlar yaratishga jur’at etgan Oybek, Shayxzoda, Mirkarim Osim, Javdad Ilyosov, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Xudoyberdi To‘xtaboyevlar an’anasi, yangi bosqichda uni davom ettirgan Muhammad Ali, Nurali Qobul, Asad Dilmurod, Nabi Jaloliddin, Sa’dulla Siyoyevlar tajribasi har jihatdan e’tirofga sazovor. Faqat millat emas, jahon tarixida o‘z zamondoshlariga ko‘ra eng yuksak g‘oyalar – adolat va ma’rifatga asoslangan ulug‘ saltanat bunyodkori Amir Temur haqida qator munosib asarlar, jumladan, Muhammad Alining tetralogiyasi yaratildi. Eng muhimi, ayni shu tetralogiya bizda o‘ziga xos barqaror adabiy-badiiy biografik maktab mavjudligini yana bir karra tasdiqladi. Yarim asr davomida chin o‘zbek ayoliga xos sadoqat va matonat timsoli sifatida tan olingan, ovozi necha bor jahon minbarlarida yangragan, umri poyonida – baqo bo‘sag‘asida bitgan “Xotiram siniqlari” dostoni orqali bosib o‘tgan umr va ijod yo‘liga mardona yakun yasagan, qatag‘onlar doyasi – mustabid tuzum haqidagi shafqatsiz xulosani va qalb tubida asrab yurgan ezgu orzusi – Istiqlol xususidagi dil so‘zlarini aytishga ulgurgan Zulfiya opamiz asos solgan yangi o‘zbek shoiralari maktabi haqida faxr-iftixor bilan so‘z yuritish mumkin. Saida Zunnunova qissa va hikoyalari orqali jamolini-ko‘rkini namoyon etgan o‘zbek milliy ayol nasri Shahodat Isaxonova, Dilbar Saidova, xususan, Salomat Vafo, Zulfiya Qurolboy qizi, Risolat Haydarova hikoya, qissa, romanlari orqali o‘z mavqeini mustahkamlayotir.

Nihoyat, yana bir ibratli fakt – jahon bolalar adabiyoti namunalari bilan bo‘ylasha oladigan yoshi ulug‘roq Xudoyberdi To‘xtaboyev, Tohir Malik roman, qissalari, Tursunboy Adashboyev, Anvar Obidjon she’riyati mohiyatan “yangi avlod ovozi”ga hamohang ekani bilan qimmatlidir.

Yana qanchadan-qancha shu xil adabiy-ijodiy maktablarimiz bor. “Yangi avlod ovozi” gurungi faqat milliy adabiyotimizning hozirgi avlodi, istiqlol yillarida maydonga chiqqan ijodkorlar emas, yuz yillik adabiyotimizda chuqur iz qoldirgan adabiy avlodlar, o‘nlab ijodiy maktablar, shu zaminda yuzaga kelgan hayotbaxsh adabiy tamoyil – an’analar haqida o‘ylashga undaydi, yangi o‘zbek adabiyotining keng ko‘lamli fundamental tarixini yaratish zarurligini taqozo etadi. Istiqlolimiz chorak asrlik yoshiga yaqinlashib boryapti, o‘tgan asr poyonida ustoz Ozod aka va kamina tuzgan o‘quv dasturi asosida “XX asr o‘zbek adabiyoti tarixi” chop etilgan edi, so‘ng prof. B.Qosimov boshchiligida yangi o‘zbek adabiyotining ilk bosqichi haqida “Milliy uyg‘onish davri adabiyoti tarixi” darsligi ham yaratildi. Til va adabiyot institutida bir necha yillar davomida tayyorlangan ko‘p jildlik “XX asr yangi o‘zbek adabiyoti tarixi”ni esa kutyapmiz. Holbuki, qo‘shni mamlakatlarda, jumladan, Rossiyada XX asr adabiyoti tarixiga oid ko‘plab o‘quv qo‘llanmalari, maxsus tadqiqotlar paydo bo‘ldi, ularning aksariyati yangicha yo‘lda bitilgan, adabiy jarayon jamiki qirralari bilan ko‘rsatilgan, jumladan, adabiy oqim, maktablar tavsifiga keng o‘rin berilgan. Ular bilan bo‘ylashadigan, ulardan aslo qolishmaydigan ijodiy tajribalarga boy, ko‘pqirrali yangi o‘zbek adabiyoti tarixining tubdan yangicha fundamental tadqiqotini yaratish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa ekaniga mazkur adabiy gurung chog‘i yana bir karra iqror bo‘ldik. Adabiy avlod, maktablar xususidagi ayrim chalg‘ishlar, asosan, shunday fundamental tadqiqotlarning yo‘qligi oqibatidir.

“Bugungi o‘zbek adabiy tanqidi mavjud haqiqatni qay darajada o‘zida aks ettirmoqda”, degan savolga deyarli barcha gurung qatnashchilari javoblarida mavjud holatdan qoniqmaslik kayfiyati oshkor bo‘ldi; faqat ijodkorlar emas, munaqqidlar, jumladan, kamina ham shunday fikrdaman. Buning bir necha sabablari bor. Birinchidan, hozir munaqqid uchun adabiy jarayonni to‘laligicha kuzatib borish mushkul yumush bo‘lib qoldi. O‘zimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, 60 yoshga qadar salkam 40 yillik faoliyatim davomida milliy adabiyotimizda paydo bo‘lgan jamiki yangi asarlarni o‘qib, kuzatib borganman, ruscha chiqqan, og‘izga tushgan rus hamda jahon adabiyoti, adabiyotshunosligi asarlari bilan muntazam tanishib turardim. Hozir jahon adabiyotini qo‘ya turing, o‘zimizda matbuot sahifalarida, Internet saytlarida e’lon etilayotgan, yuzlab nashriyotlarda chiqayotgan son-sanoqsiz asarlarning yarmini ham topishga, o‘qishga ulgurolmayman. “Tanqid – saralamoqdir” deymiz, hammasini o‘qimay turib qanday qilib saralaysiz…

Ikkinchidan, bugungi kunning munaqqidi o‘z doirasi, faqat adabiyot dunyosi bilangina cheklanib qolsa, uzoqqa borolmaydi; bugungi adabiy jarayon taraqqiyoti zamonaviy teatr, kino, televideniye, teleserial, Internet, tasviriy san’at, musiqa olami ummonida ular bilan yondosh, hamnafas, hamkorlikda birga kechmoqda. Gapning ochig‘i, bir-ikki munaqqidni, aniqrog‘i, Shuhrat Rizayevni mustasno etganda, so‘z san’ati bilan barobar teatr, kino, tasviriy san’at, musiqa tilini teran anglaydigan, u haqida yozishga qodir adabiy tanqidchi bormi hozir bizda?!

Meni yana bir hol tashvishga soladi. Marhum akademik To‘rabek Dolimov Milliy universitetga rahbarlik qilgan kezlari ustoz Ozod Sharafiddinov bilan bamaslahat O‘zMU filologiya fakultetida ayni shu adabiyotshunos-san’atshunoslik ixtisosligi bo‘yicha maxsus bo‘lim va kafedra tashkil etilgan edi. Milliy madaniyatimiz, adabiyotshunosligimizning hozirgi kuni, kelajagini o‘ylab barpo etilgan mana shu mo‘tabar xilqat hozir tugatilish arafasida…

Adabiyot nazariyasi, milliy adabiyot tarixi bo‘yicha yetuk kadrlar, shuningdek, jurnalistlar yetishtirish tizimi shakllangan; loaqal birgina Milliy universitet filologiya fakultetida zamon zayliga mos milliy adabiy tanqidchilar tayyorlaydigan maxsus guruh, qolaversa, ustoz Ozod Sharafiddinov orzu qilgan adabiy tanqidchilik kafedrasi tashkil etilsa, ayni muddao bo‘lardi.

Nihoyat, gurung chog‘i o‘rtaga tashlangan har xil “izm”larga, “o‘yin”larga ortiqcha berilib insonning katta harflar bilan yoziladigan DARDidan uzoqlashib ketmayapmizmi, degan iddio ustida to‘xtalib o‘tsam. Buning yoniga DARDning o‘zi taqozo etadigan yana bir bosh harflar bilan yozilishi shart bo‘lgan ILHOMni ham qo‘shgan bo‘lardim.

Keyingi yillarda biz munaqqidlar badiiy ijoddagi yangicha tamoyillar, ifoda usullarining xilma-xilligi, har xil “izm”lar, adabiyotshunoslikka oid yangi tahlil-tadqiqot metodlari ustida ko‘p gapiryapmiz; struktural, poststruktural metodlar asosida asarlarni tahlil etishga urinishlar bo‘lyapti. Bunday tashabbuslar har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga loyiq. Biroq shu jarayonda badiiy shakl, asar strukturasi, poetikasi, ifoda tarzi, usullarining o‘ziga xosligi, betakrorligi hali asar taqdirini belgilovchi yagona uzil-kesil omil emasligini, ko‘pincha, unutib qo‘yayotirmiz. Qanday usul, uslub, shaklda bo‘lishidan qat’i nazar yozuvchi-shoirni qalam olishga undagan, unga tinchlik bermagan, qalbini o‘rtagan cho‘g‘ – chinakam ichki bir dard, munaqqidni hayajonga solgan beqiyos ruhiy holat – ilhom haqida gapirish “moda”dan qolganday tuyuladi menga. Holbuki, keyingi yuz yillikda o‘zimizda yaratilgan “O‘tkan kunlar”, “Sarob”, “Qutlug‘ qon”, “Ufq”, “Ulug‘bek xazinasi”, “Qasoskorning oltin boshi”, “Tushda kechgan umrlar”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Muvozanat”, “Go‘ro‘g‘li”kabi romanlar shakl-shamoyilidan qat’i nazar, avvalo, ularni ichdan yoritib turgan o‘sha yolqin – ayni teran ijtimoiy dard va bemisl ilhom ekani bilan kitobxonlar qalbidan, binobarin, adabiyotimiz tarixidan muqim o‘rin olganligiga hech kim e’tiroz bildirolmaydi. Faqat romanchilik emas, hikoya, qissa, lirik she’riyat, doston, daramaturgiyadan ham bu xil misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Ular qarshisida “yangi”likka da’vo qilingan, “yangi”lik qoliplariga solib yasalgan hissiz, dardsiz, sun’iy bitiklarning asl basharasi shundoq ko‘rinadi-qoladi.

Qisqasi, muayyan kam-ko‘stlariga qaramay “Yangi avlod ovozi” gurungi ham ijod ahlini, ham munaqqid – adabiyotshunoslarni bir qadar hushyor torttiradi, bu tashabbus istiqloldan ruh olib yangi bosqichga ko‘tarilgan, yanada kengroq miqyoslarga shaylanayotgan milliy adabiyotimizning kechagi kuni, buguni va ertasi xususida jiddiy o‘ylashga undashi bilan Sizu biz uchun qimmatlidir.

“Sharq yulduzi” jurnalining 2013 yil, 1-6-sonlaridan olindi.