Ulug‘lik ifori (shoir Yo‘ldosh Eshbek bilan suhbat) (2017)

http://n.ziyouz.com/images/yuldosh-eshbek.jpg

Savol: – Siz shoirsiz. Nasr haqida, ayniqsa, Abdulla Qodiriy ijodi xususida biror narsa yozishni istaganmisiz?

Javob: – Xohlash… juda xohlaganman. Bora-bora (yillar davomida) bu istak maqsadga aylanib qolgan, ha qolgan, chunki har gal yozishga otlanar, taraddudlanar va nihoyatda qo‘rqardim… Faqat nima uchun deb so‘ramang, so‘rasangiz-da, javobim bitta, go‘yo hamma mening bu holimni (no‘noqligimni) tushunadigandek. Yozsam yozajak narsam yozilgandan keyin, yozmasam yozmagan narsam yozilmagandan keyin, ya’ni yozilmagani sababli butkul tinchimni yo‘qotadigandek… yo‘qotardim ham, yo‘qotadi ham: qanday chiqarkin, qanday chiqdiykan, kabi xavotirlar. Bu qo‘rqoqlik emasa-da, qo‘rquv! Mana shu narsa yozadiganlarni adib (shoir-yozuvchi) va butkul ijod ahlini adoi tamom qilsa kerak deb o‘ylayman. Balki xatodir, lekin men shunday o‘ylayman va o‘zim bu tuyg‘udan, bu yo‘ldan ozod damlarimni eslay olmayman. Bu juda iskanjalidir. Nihoyat, nogahoniy taklif va sizning savolingiz. Keling, marhamat qiling! Suhbatning qiziqarli chiqishi ko‘p jihatdan savolga bog‘liq (buni bahona tarzida qabul qilsangiz ham roziman).
Shunday qilib menga avvallar A.Qodiriy juda sirli adib va buyuk inson bo‘lib tuyulardi. Hozir ham shunday. Balki undan ham ziyoda ulug‘. Avvallar Qodiriy haqda hamma narsa aytib bo‘lingandek ko‘rinardi. Hozir ham shunday. Lekin shu bilan birga ul daho zotning sinov va sinoatlarga to‘la hayoti va ijodida har gal nimadir, qandaydir sir qolayotgandek bo‘lardi. Hozir ham shunday. Va nimadir u zot haqida yozgim kelar, bunga jur’at etib etmaslik orasida, bir holda yurgandek edim. Hozir ham shunday. U zotning asarlaridagi quyma jumlalar, jozibali, go‘zal til va rangin ohang, yorqin tasvir yo‘sini, tafakkur tarzi (buni mag‘rib va Ovro‘pada olimlar strukturalizm deyishadi chog‘i, bu bir metod) qiziqtirardi. Va lekin asarning o‘quvchida hosil qilgan fikrini nima deyishardi, bilmasdim. Hozir ham bilmayman. Tafakkur yuksak maqomdir. Barcha o‘quvchi mutafakkir darajasiga yetmasa-da, har qalay fikrlaydi, yoshlar fikrlashga o‘rganadi, o‘ylari miqyos kasb etadi. Umuman o‘quvchi xalqni adabiyot boshqaradi. Adabiyotda shunday yaxshi ma’nodagi magik xususiyat, ya’ni sehrli ta’sir kuchi mujassam. Shuning uchun tarixda ba’zi hatto sho‘ro zamonida ham badiiy adabiyotni hukmdorlar yoqtirishmagan va josus, ayg‘oqchi, jallodlarini adib (shoir, yozuvchi)ning juda yaqinidan tanlashgan. Mamlakat erksizlik zindoniga aylantirilganda, ota-bola, aka-uka bir-biriga sotqinga aylantirilganda, ezgulikka o‘rin qolmadi deb o‘ylanganda zindonda ko‘pgina yaxshi odamlar hatto shunday o‘ylab qolishi ham mantiqqa zid emas, lekin umidga teskari. Barcha darchalar qattiq, mahkam yopilsa-da, bir tuynuk miltillab qoladi. Bu adabiyot. Umidni shunday og‘ir damda, zindonda uni tarbiyalab, bepoyon-buyuk erkka eltadi. Insonni, millatni zindon baxtiyoriga aylantiradi. Men Qodiriyni, o‘sha paytdagi o‘quvchilarni shunday baxtiyorlar degim keladi.

Savol: – Tafakkur nima?

Javob: – Ko‘ngildagi, hayotdagi yaxshi-­yomon narsalarni, hodisalarni ko‘rib yaratganning qudratini o‘ylash va shukur qilishdir. Qodiriy qahramonlari, o‘zi ham yovuzlik, zulm ichida yashagan bo‘lsalar-da, ular (ning qalblaridan va yuzlari)dan shukr nuri taralib turadi. Chunki inson, banda yaxshi va yomon kunlarda ham shukr qilishi kerak.

Savol: – Bu borada, ya’ni tafakkur tarzida g‘arb yozuvchilaridan farqimiz bormi?

Javob: – Albatta, bor. Yo‘q, avval biroz izohlamasam meni ayblashlari mumkin. Albatta, azaliy-abadiy tuyg‘ular vasfi, mehr-muhabbat, nafrat-adovat tasviri esa-da, badiiy saviya joyida, ko‘pgina g‘arb yozuvchilari asarlari zamirida shukr tuyg‘usi sezilmaydi, ba’zilarida umuman yo‘q. Bu so‘zim ko‘proq zamonaviy adabiyotga taalluqli. Tafakkurning sharti esa shukrdir. Yaxshi-yomon kunda yashamoq sharti shukr. Avvalo, ko‘pchilik tushunadigan tafakkur tarzida ikki millatdan hatto e’tiqoddosh adib ham farqlanishi mumkin. Bu boshqa masala. Gap yuqorida eslatganimiz yuqori darajadagi ibodatga aylangan, ibodatga teng fikrlash haqda ketmoqda. Bu ibodatga tafakkur etib boriladi.

Savol: – Mumtoz adiblarimizdan kimlarni shu maqomda deb hisoblaysiz, shu ro‘yxatga A.Qodiriyni ham qo‘shsa bo‘ladimi?

Javob: – Bu xatning boshida Hazrati Yassaviy va A.Qodiriy turadi.

Savol: – Tushunishimcha, demak, bizning va musulmon sharqi mutafakkir adiblari tafakkur tarzi “yadro”si shukr, g‘arb adiblari uchun esa bu shart emas.

Javob: – Bu savolingizga qisman javob berdim. Nima uchun qisman? Chunki bu murakkab, uzoqroq va uzunroq tadqiqotni talab etadi. Qisqaroq bir tarzda javobimni yanada oydinlashtirishga harakat qilaman. G‘arb va Rossiya mumtoz adib (shoir va yozuvchi)lar, masalan, Pushkin, Tolstoy, Gyoteda bo‘rtib ko‘rinadi. G‘arbda ham, bizda ham A.Qodiriydan keyin kuchli adiblar asarlari mavjud esa-da, bu holat sezilmaydi. Siyosiy, ruhiy (psixologik) sabablari borki, bu ham alohida mavzu. Chamasi mumtoz adiblar shukr tuyg‘usi ichida yoki yonida umid tuyg‘usi borligini chuqurroq bilgan yoki bu haqiqiy iste’dod uchun tabiiy hol bo‘lganki, muhimi asar milliyligi va umuminsoniyligi hatto yuksak badiiy saviyasini, yetuk­ligini ta’min etgan, adibni o‘quvchini iloh va ilohiyat bilan bog‘lab turgan. Barcha buyuk asarlarning tabiati shunday – ishq, iltijo, umid, shukr. Faqat zohiri kurash, hayajon, ichki talosh, isyonlardan, olamdan, olam elidan shikoyat.
A.Qodiriyning asosiy qahramonlari oyatu hadislarni, mumtoz shoirlarni yaxshi bilishadi, hayotlariga tatbiq etishadi. Qahramonlari yaxshi biladi degan so‘z Qodiriy yaxshi biladi demakdir. Otabekni kitob bilan, Anvar va Ra’noni she’r aytishgan holda va boshqa holu korlarida esa shuk­ronalar bilan to‘lib toshganini ko‘ramiz. Kumushning onasiga xatini “Alhamdulillah!” bilan boshlaganini eslang. Holbuki, turmushi tinch, bir tekis deb bo‘lmasdi.

Savol: – Fano nedir?

Javob: – Lug‘aviy ma’nolari tugash-tugalish, vafot etmoq, baqosizlik. Istilohiy ma’nosi yo‘q bo‘lish, bu ma’naviy daraja, bu yo‘q bo‘lishda jism ishtiroki muhim emas, ya’ni yo‘q bo‘lish ma’naviy jihatdan dunyodan uzilish, dunyodan uzilish esa jisman emas, dunyoga ko‘ngul qo‘ymaslik, muhabbat bog‘lamaslik, xalq ichra Haqni o‘ylash, sevish, Haq sifatlar va xulqlar bilan xulqlanish va sifatlanish. Bu tasavvufda eng yuksak bir maqom; fano fij – shayx, fano fir – rosuldan so‘ng fano fillah – bu komillik degani. Kishi (bad)nafsini tamom yo‘q qilib, baqoda bor bo‘lishidir. Bu komillik shubhasiz, el-yurt, millat-vatan uchun xizmat qilishdir. Millat – vatan esa taraqqiyga komil zotlar bilan(gina) kiradi. O‘tkinchi, yo‘lovchi kabi kamtarinlik kasb etgan ma’nolari bilan birga hazrati Navoiyning Foniy taxallusini ham baqoda fano bo‘lish deb tushunamiz, ba’zan aytilganidek, turk adabiyotida boqiy, fors she’riyatida o‘tkinchi deb emas. Turk va jahon xalqlari adabiyoti va tarixidagi boqiyligining asosiy sababi fano maqomiga ko‘tarilganida deb yaxshi gumon qilamiz. Yo‘qsa, yuqori (dagi) misralar tug‘ilmasdi. Mavzudan chetlab ketmadikmi?

Savol: – Yo‘q. A.Qodiriy qahramonlarida shu harakatlar ko‘rinadimi? Tasavvufga aloqasi bormi? “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” karomatmi? Shunday bo‘lsa, Qodiriy nomiga “hazrat” qo‘shilsa joizmi? Umuman Qodiriy ijodiga, xotirasiga munosabatimiz qay holda? “Zindon baxtiyorlari” g‘alatiroq, bir-biriga zid tushunchalar emasmi?

Javob: – Hurmat qilgan hurmat ko‘radi. Buyuk zotlar bizning maqtovlarimizga zormas, bu o‘zimiz, yoshlarimiz, el-yurtimiz uchun kerak. Bunday hurmatli munosabat davlatimiz tomonidan ado etildi, davlatimiz rahbari tomonidan bildirildi. A.Qodiriy nomiga bog‘, ko‘cha, oliygohlar berildi. Endi soha olimlari, adiblar g‘ayrat ko‘rsatishi, ijodidagi ishoralar, pinhon nuqtalar ustida to‘xtalishi, xotirlashi, suhbatlar uyushtirishi, kechalarini o‘tkazish juda muhimdir. Bu borada taniqli olim Bahodir Karim ishlari e’tibor va e’tirofga sazovordir.
Haqiqatda “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” horiqulodda hodisadirki, bir qancha yillardan buyon o‘quvchilarni maftun etib keladi, hayratlarga soladi, xatarli yillarda qo‘lma-qo‘l o‘qiladi, shunday xavfli zamonda Qodiriy ijodi namunalarini o‘qish jinoyat bo‘lgan bir paytda ko‘ngli go‘zallikka maftun, go‘zallik bilan hayot kechirgan xalq baxtiyor bo‘lmay kim baxtiyor bo‘lsin? Zindon baxtiyorlari deganimning ma’nisi bu. Zindon mamlakatning chiqishi – erki yo‘q edi, erksiz millat ko‘ngli tashnaligini Qodiriy asarlari sug‘orib turardi. Hozir ham, erkin zamonlarda ham shunday. Bu badiiy asar go‘zalligining qudratidir. A.Qodiriy romanchilikning piri, Navoiysi, raisi, podshosi. Demak, shohga shohona munosabat lozim. O‘smir chog‘larim roman (“O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”)larning faqat ishqiy sarguzashtlariga maftun edim, ya’ni faqat ishqiy asar bo‘lib tuyulardi, ularning ijtimoiy-siyosiy jihatlariga, bu jihatlarning chuqurroq nuqtalariga e’tibor etmasdim. Ammo baribir bugun ham bu asarlar haqida
L.Aragon shoshilibroq, ya’ni tezroq “Jamila” xususida “dunyodagi eng go‘zal sevgi dostoni” demaganida ham kimdir Qodiriyning ikki romani haqida aytgan bo‘lardi. Chunki Otabek – Kumush, Anvar – Ra’nolar Layli – Majnun, Vomiq – Uzro, Tohir – Zuhra, Alpomish – Barchin qatoriga ko‘tarildi. Hatto sevimlilik jihatidan eng yaqin bir manzilga aylanib qoldi, desam bu ulug‘ (qahramon)lar xafa bo‘lmas va ularning ulug‘ligiga hech futur, zarar yetmas. Qodiriyning bu qahramonlari bilan butun turk xalqlari, Buyuk Turk Dunyosi faxrlanadi desak yanglishmaymiz. Chunki bu haqda ularning samimiy e’tirof­lari bor adiblarning, olimlarning… Shundan kelib chiqib bu ikki roman “Dunyodagi eng go‘zal vatan qo‘shig‘i” deyilsa o‘rinli. Chunki bu qahramonlar bilan birga Yusufbek Hoji, Mirzakarim Qutidor, Toshkentning qipchoq qushbegisi (Normuhammad edimi), Sultonali va ayniqsa, Hasanali barcha turk xalqlari faxrlanadilar, ular “Qipchoq – qora chopon” deya odam ajratmasdan beshafqat zamonda inson nomidan nafaqat ko‘rsatadilar, keng ma’nodagi vatan farzandlariga, vatan obraz (timsol)lariga aylanadilar. Bu asarlar, bu qahramonlar keng kitobxonlar, turli qatlam o‘quvchilar ko‘nglini zabt eta oldi. Bu kamdan-kam adibga nasib etadigan baxtdir. Demak, A.Qodiriy inson sifatida qiyinchiliklar va fojealarga duch kelgan bo‘lsa, adib sifatida buyuk saodatga muyassar bo‘ldi… va aksincha… balki aksinchadir. Albatta, Qodiriy va bosh qahramonlari aro yaqinlik, o‘xshashlik mavjud (Bu deyarli barcha buyuk adiblar xususida avvaldan aytilgan so‘z). Otabek shahid, Qodiriy shahid, Anvar shoir, Qodiriy shoir, Yusufbek Hoji valiy, bunday deyishga jur’atlanishimizning sababi romanda Otabek: “– Tushunmagan Toshkand xalqini Azizbekning makriga uchkanidan, eng oxirida… – asarlanib to‘xtab oldi, – manim shu holg‘a tushmog‘imni karomat qabilida so‘zlab, menga bir muncha nasihatlar ham qilg‘on edi” (101-bet, G‘.G‘ulom nashriyoti, 1994). Va Yusufbek Hoji maktubidan aloqador parchani keltiramiz: “Azizbek fotiha berdi. Xalq urush hozirlig‘ig‘a kirishdi. Ana, o‘g‘lim, bizning xalqning holiga yig‘lashni ham bilmaysan, kulishni ham! Har holda Toshkand ustiga yaqin qonliq bulutlar chiqdi, ishning oxiri nima bilan tinchlanar – bu bir Xudog‘ag‘ina ma’lumdir. Boshqa so‘zlardan ham ortiqroq esingga shuni solib o‘tayki, siyosat to‘g‘rilarida o‘ylanibroq so‘zla! Arzimagan sabablar bilan talaf (nobud, Y.Eshbek) bo‘lg‘an jonlarni hamisha ko‘z oldingda tut! Sen bilan menim ko‘ngillarimizdagi yaratuchig‘ag‘ina ma’lum bo‘lib, ammo Farg‘onada meni Azizbekning sherikidir, deb o‘ylashlari va seni bir fitnachining o‘g‘li, deb tanishlari ehtimoldan yiroq emasdir, shu jihatlarni mulohaza qilib oyog‘ bos!
… mendan Hasanaliga salom ayt! Addoi otang Yusufbek Hoji, Toshkand, 27 dalv oyida 1264-nchi yilda yozildi”.
Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, shoir va shoirtabiat, avliyo va avliyosifat qahramonlar ichki dunyosini, ma’naviy olamini – ko‘nglini mahorat bilan, betakror tadqiq eta olgan Qodiriy kim?! “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” karomat bo‘lmasa, nima?!

Savol: – Nega g‘arb ilmida ilmi g‘ariba qo‘llanmaydi, bizning olimlar nuqul “xorijiy” atamalarni ishlatishadi?

Javob: – Bilaman, siz mana endi Qodiriyni ham mutasavvufga chiqarib qo‘yishmoqda deya tug‘ilajak e’tirozlarning oldini olish uchun va ochqichni o‘zimizning (qadimiy, mumtoz) atamalardan izlash zarurligiga ishora etmoq uchun beryapsiz, fahmimcha, bu alohida keng mavzu, boshqa suhbatlarimizda imkon qadar to‘xtalamiz. O‘z mavzumizga qaytamiz. “Kelmadi”ni biz tasavvufiy g‘azal deymiz, g‘azalga “Munojot” ism berilishi ham fik­rimizni dalillab turibdi. Ba’zilar tushunchasicha so‘fiyona asar faqat oxirot va uxroviy hodisalar haqda bo‘lishi kerak, u holda Dante eng ulug‘ so‘fiy bo‘lgan bo‘lardi. Bunday emas, ko‘pgina tasavvufiy asarlar dunyo voqealari haqida
Qul Xoja Ahmad toat qil,
umring bilmam necha yil,
Asling bilsang obi gil,
yana gilga ketaro, –
deganday bo‘ladi.
Bu dunyoda bo‘lguvchi voqealar. Tasavvufiy asar bo‘lishning shartlari bir talay, muhimi o‘quvchiga Haqni zikr ettirishi, shu asosda Haqni anglatish. Hazrati Navoiy yuqorida keltirilgan bandda yigitlikda tavba qilgan yaxshi, qarilikda boda ichishdan tarsoliq yaxshi deydi, so‘ng:
Qoriliqda ikki ishtin kishi bor elga aziz,
Biri zuhdu birisi xalq aro
nopaydoliq.
Ey Navoiy, qariding go‘ja tutib, toat qil,
Bo‘lmayin xor desang aylama
bazm oroliq.
Hazrati Navoiy dunyoviy may haqda bitmoqda, lekin g‘azal so‘fiyona, ya’ni tasavvufiy asarlardan. So‘fiylik faqat janda kiyib yurish (bu ham bor, ma’lum bir davr­dagina, hatto kibrni o‘ldirmoq, nafsning adabini bermoq uchun boy esa-da, ba’zan tilanchilik qilishgan) dashtu sahrolarda yoqa yirtish emas, balki komillikka erishib, insoniyatga foyda keltirishdir. Giyohvand, badmast holda komillik da’vo qilish emas. Yusufbek Hoji hayotida Hazrat Yassaviy va Hazrat Navoiy asarlaridagi g‘oyalarga amal qiladi va bu g‘oyalarni imkon qadar amalga oshiradi – Toshkent bekligi (birozdan so‘ng xon degan so‘z)ni rad etadi. Bundan tashqari ko‘ng­lida ochqichi bor o‘quvchi asardan ko‘pgina tasavvufiy unsurlar va dalillar topa oladi. Endi sizga savolni o‘zim beray. Xo‘sh, Qodiriy tasavvufni bu ikki asarida maqsad qilib olganmi? Bizningcha, bu ko‘ngil qa’rida kechgan, murakkab davr­da yaratganga bog‘liq munosabatlarini qahramonlariga yuklagan. Gap bunda emas, gap asarning ko‘ngilda Haq zikrini paydo etishida, go‘zallik, ulug‘lik urug‘larini ekishida. Ikki ko‘ngul ishqi haqiqiy bo‘lgach, majoziy ishq chekinadi. Bular dunyo timsoli Zaynab va Abdurahmonlardir. Dunyoda Zaynablar, Abdurahmonlar, Xushro‘ylar yaxshilikka ro‘yxushlik bermaydilar, nafaqat ro‘yxushlik bermaydilar, balki qarshi kurashadilar, faqat devor ortidan. Chunki yuzma-yuz kelishdan ojizligini sezadilar. Lekin ular mutlaqo ojizlar emas. Dunyo borki, Zaynab, Homid, Abdurahmonlar Otabek, Kumush, Anvar, Ra’nolarga zahar sochish, oshlariga og‘u tomizish bilan ovvoralar (Bunga iloj, doru, davo, najot qayda? Barcha so‘fiyona asarlar shu savolga javobdir). Va shu tariqa qurbon berishlariga sababchi bo‘ladilar. Shu tariqa ajabki, ularga o‘xshash yangi xalq farzandlari maydon egallashiga ham beixtiyor sababchi bo‘ladilar. Chunki bularning ishqi haqiqiydir. Ishqlari mahbublariga, ahliga, xalqiga, ota-onasiga, Haq va Xoliqigadir. Shu yerga kelganda “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon”ni o‘qiganimda qolib ketayotgan nihonlik sekin ochilayotganday bo‘ladi. Bunga Qodiriyning o‘zi ishora etadi: “Kumush yana bir kulib qarag‘andan keyin uydan chiqdi. Otabek endi tamom o‘zini bosib olg‘an, endigi yurak urishi faqat haligi farishta tomong‘a oshiqibg‘ina edi. O‘zi yolg‘iz qolg‘andan so‘ng nimaga bo‘lsa iljaydi va Hasanaliga ilgarigidan ham quyuqroq muhabbat sezdi. Shu daqiqadan boshlab kechiradigan mas­’ud kunlarini tasavvurdan ojiz va Zaynab to‘g‘risida o‘ylab ham qaramas, boshqa gap esiga-da kelmas edi” (323-bet). Bizning Qodiriy va u zotning ijodiga bo‘lgan muhabbatimiz ham…
Bas, mo‘minning mo‘minga ishqi haqiqiydir, aslo majoziy emas! Sinchiklab o‘qilsa bunday ishora va dalillarni uchratish, ko‘rish mumkin. Gap faqat dalilda emas, gap faqat ko‘ngul sezishida ham emas, gap dalil bilan ko‘ngul sezishida yoki ko‘ngul sezishi bilan dalilda! Sohir raqam, sehrli ochqich, sirlar kaliti yoki sirli kalit shudir! Bu shifrmi, kodmi, semiotikami bilmadim, lekin bu ilmi g‘aribadir. Ilmi asrordir. Bu so‘ngsizdir. Uni bildim degan zot yo‘qdir. Ammo yaxshi gumon qilamiz. Va Navoiydek, Qodiriydek zotlarga bu ilmdan ulushlar nasib etgan bo‘lsa, yor bo‘lgan bo‘lsa hech ajab emas.

Savol: – Shunday qilib bu romanlarni so‘fiyona deyishga jur’at etamizmi?

Javob: – Yo‘q. Jur’at etmaymiz. Men bu asarlar karomat – horiqulodda hodisa dedim. Tasavvuf bo‘lmay nima deganimda tasavvufiy unsurlarga ishora etdim, nasib etganicha dalilladim. Tasavvufiy unsurlar seziluvchi barcha asarlar shu sohaga aynan daxldor degani emas, bu ko‘pchilik bo‘lib kelishib oladigan soha emas, balki har kimning qarashiga bog‘liq hodisa. Bu asarlar karomatligi mening nazarimda aniq, to‘rtta “Tazkirotul avliyo” kitoblarida zikr etilishicha, barcha karomat sohiblari tasavvufga mustahkam aloqali zotlardir.
Hatto sho‘ro davrida ham ba’zi adiblar (masalan, G‘.G‘ulom)ning bu yo‘lda bo‘lgani to‘g‘risida ahlioilasidan, ixlosmandlaridan eshitganmiz. Lekin A.Qodiriy to‘g‘risida qo‘limizda aniq bir ma’lumot yo‘q.

Savol: – A.Qodiriy asarlarining ijodingizga ta’siri, ulardagi so‘z qo‘llash xususiyatlari haqida fik­ringizni bilishni istardik?

Javob: – Mashqlarimizga ta’sir xususida sizlar bilasiz, sizlar aytishingiz odobga muvofiq, shunday bo‘lsa-da, men ta’sir etmagan deb aytmayman, boshqalarga ta’siri xususida so‘zlash mumkin. Ta’sirsiz adabiyot bo‘lmaydi. Qodiriyning o‘zlari ham shubhasiz ta’sirlangan. Adabiyotning boshqa bir ismi Ta’sirdir. Bizning tengdoshlarimiz ham o‘smirlik chog‘larida u zotning qahramonlariga taqlid qilishardi. Bu juda go‘zal edi. Hatto ba’zi yozuvchilarimiz Qodiriy ijodi ta’siri bilan muvaffaqiyatga erishar, ba’zilar ochiqroq, ba’zilar sezdirib-sezdirmay taqlid etishar, joy, zamon, makon o‘zgargani bilan ta’sir yo‘lidan chiqib ketish mushkul bo‘lardi. Kuchli ta’sirlanishning ham bir jihati yoki bir jihatdan taqliddir. Umuman taqlid ham tabiiy. Lekin bu tabiiylikning foydasi kam, ta’sirlanish taqlid doirasi ichiga ko‘proq kirib ketgan bo‘lsa ham. Ke­yinroq modernizm, postmodernizm sari yuzlandilar. Yaxshi asarlar yuzaga keldi. “Mehrobdan chayon”, “O‘tkan kunlar” mumtoz maqomida, yuksakligicha, betakrorligida qoldi. Taqlidning yana bir nomi bor – tak­ror. Ta’b takrordan ranjiydi. Ko‘z, quloq, qo‘yingki, ko‘ngil zada bo‘ladi va beixtiyor modernizm yo‘lida ketayotganni anglab qoladi. Gap oqimi, metod, janrda emas, realizm yaxshi, fantastika, modernizm yomon degan gap yo‘q, mukammal ba’zi asarlarda bularning barchasi mujassam hatto (chunki gap iste’dodda). Masalan, hazrat Navoiy asarlarida an’anachilar modernchilarga, modernchilar an’anachilarga biroz bo‘lsa-da, ola qarovchilar bor, shuning uchun bu xususda tortishuvlarning samarasi oz.
Bolaligimda bir adabiyotchi hazrati Navoiy “fil”ni “pil” shaklida ishlatganini aytib, bayt o‘qidi. “E, Navoiy ham o‘zimizdan ekan-ku” deb yubordim. Gurr kulgi ko‘tarildi. Shevamiz shunday.
Bu kulgu meni bugunlar ham quvonch, ham qayg‘uga soladi. Bu qayg‘u til (lar)imiz (Buyuk Turk Tili) o‘zimiz kabi bir-biridan uzoqlashganday bo‘lsa, bu quvonch – buyuk shoir va yozuvchilarimiz ijodida sheva va lahjalarimizning saqlanib qolganidir. Qodiriy ijodi bu borada ham saboq maktabidir. Mazkur romanlardan misollar keltiraman; tomoq yemoq, havli, avliya, kuyav, kundan afandi, domad, xush kelding, safod kelding, zihirmoy, ketman, jilinib (isinib) kabi so‘zlarning ko‘pchiligi qahramonlar so‘zlashuvida emas, muallif matnida kelishi yana to‘lqinlanib “Qodiriy ham o‘zimizdan ekan!” deb yuborishimga sabab bo‘ladi. Qahramonlar, kichik qahramon (personaj)lar “chay”, “ena” deb so‘zlaydilar. Ba’zilar “qaynuka” deyishadi, bu “qayn-uka” deyishdek, chunki “qayn”ning ichida “uka” bor. Qodiriy esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri “qayni” deb ishlatadi. Chunki ko‘p joylarimizda shunday qo‘llanadi. A.Qodiriy goh “ko‘ynak”, goh “ko‘ylak” singari ba’zi so‘zlarni turli ko‘rinishda ishlatadi. Biz bir xil… Yo o‘sha davrlarda bolalar insho yozishmaganmikan?

Savol: – Adabiy suhbatlarda “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”da an’anaviylik ziyoda, asar voqealari ezgulik g‘alabasi bilan tugaydi, yovuzlik-chi, degan so‘zlar eshitilib qolardi…

Javob: – Qanday qarashga bog‘liq, bu asarlar zohirida yovuzlik-ezgulik kurashi aks etadi, qaysi g‘olib yoki mag‘lub ekani o‘quvchining mushohada qilishiga qoladi. Anvarning ona shahridan, xalqqa katta foyda keltirayotgan lavozimidan ayrilishi, garchi bu o‘zining so‘fiylarga yaqin qarashlari sabab ruhiy qiynoqlardan ozod bo‘lishni xohlasa, intilsa ham. Otabek va Kumush hayoti xotimasini qarang… fojiaviy emasmi?! Albatta, fojiaviy, g‘am-g‘ussaga to‘la. Qahramonlar hayotini o‘ylab qayg‘uga cho‘mgan o‘quvchilar adibdan rozi, asarga maftun, adibdan mamnun bo‘ladilar.
Kitobiy esa-da, javobimiz bor – asarlar mahzun tugasa-da, ezgulik yovuzlik ustidan g‘alaba qozonadi. Bu adabiy suhbatchilar so‘zi bilan zohiran bir bo‘lsa-da, mohiyatan har xil. Ikki asarda ham asosiy qahramonlar xalq timsoliga (hatto vatan timsoliga) aylanadi – aslo adolatsizlikdan rozi bo‘lmaydi. Makr, kibr, xunrezlik, yovuzlik va bosqinchilikka qarshi kurashadilar. Kurashadilar – g‘alaba shu! Bizningcha, boshqa g‘alabalar, boshqa mag‘lubiyatlar muvaqqatdir. Doim o‘rinlar almashadi, almashib kelaveradi. Kurashlar davom etaveradi. Qodiriyning buyuk saboqlaridan biri ham shu!

Savol: – “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”da badnafslik masalasi, umuman nafsga e’tibor qanday?

Javob: – Nafs yomonliklarni yo‘qotishga harakat, oyat-hadislarga muhab­bat, xotirjamlikka, go‘zal xulq va odobga erishish kabi tasavvuf shartlari Qodiriyning asosiy va asosiymas, bosh va boshmas qahramonlarida ham ko‘rinadi. Yusufbek Hoji xonadoni ahli, xususan, Otabek – Hasanali munosabatlari (Hasanalining Otabekdan iznsiz sovchilikka borib Kumushni bitirib kelishi va boshqa munosabatlar) xo‘jayin-xizmatkor munosabatlaridan ziyoda millatimiz mehr-oqibatini ko‘rsatadi. Haqiqatan bosh qahramonlar chinakam millat vakillariga aylanadi va millatimizga xos eng oliy fazilatlarni namoyon etadiki, bu asl Qodiriy saboqlaridir. Anvar yuksak lavozimni istamaydi, chirkin muhitdan nafsini uzoq tutgisi keladi, biroq xalqqa yordami tegayotgani uchungina tishini tishiga qo‘yib chidaydi, yonidagilar esa mansab istaydi, Anvar ustidan yumaloq xat – iftiro uyushtiradilar, bu betimsol imomi A’zam manoqiblarini ham chuqur o‘rganganliklari va nafsini pokiza tutish bilan o‘zgalarga itoat bo‘ladi.
Agar yaxshi-yomon kishilarning sovug‘i (ya’ni sovuqlik) haddan oshib ketsa, so‘ljayib qoladilar, issiqlari haddan oshsa, quturadilar, xunrezlik, odam o‘ldirish ovunchoqqa va o‘yinchoqqa aylanadi, ko‘nikma, odat bo‘lib qoladi, dushmanini o‘zidan nodon fahmlaydi, olamda bundaylar hozir ham borligini, hatto ko‘payotganini hisobga olsak, Qodiriy saboqlarini ham doim hisobga olib borishimizga to‘g‘ri keladi. Bu issiq-sovuqlik nima? Bu insondagi moddiy-jismoniy, ruhiy-ma’naviy quvvat yoki quvvatsizlik. Boshqacha til bilan aytsak, oq, qora ko‘ngullar ishi yoki ko‘ngullarning oq, qora ishi… Bu inson vujudida, ko‘nglida qolib ketmaydi, sarf etiladi. Xudoyorxon va Musulmonqullar qamchisidan qon tomadi, xalqni doimiy qo‘rquvda, iskanjada, kaftida qattiq tutishni g‘oyaga aylantirib nafslarini ajdarning og‘ziday ochib yuboradi, oqibatda bu “ajdar” ularni yamlab-yamlamay yutib yuboradi. Qodiriy badnafslikning halokat ekanini yuksak badiiy bo‘yoqlarda chizib ko‘rsatadi, nasihat qilmasa, bu tasvirlarning o‘zi buyuk nasihatdir, saboqdir. Badnafslar nafsi poklarga, nafsi to‘qlarga oshkor va zimdan urush ochadilar. Musulmonqul kibr timsoli, qo‘rboshi paytdan foydalanib pora undirish payida, nafs esa hech to‘ymas sifatga ega, to‘ymaydi yo bo‘kadi, yo qarmoqqa ilinadi, yo nahangning og‘ziga bus-butun kirib ketadilar. Homidda ham badnafslik, ham hasad, ham kibr, ham buzuqlik mujassam. Hayotda ba’zi kambag‘allar boylarga hasad qiladilar, ammo kibr qilmaydilar. Hasad kibrni emas, kibr hasadni tug‘diradi, tug‘adi. Kibr – hasadning ota-onasi. Battol, Homidlar, qoshini terib yuruvchi Abdurahmonlar Mirzo Anvar, Mirzo Sultonalilarning, Usta Olim, Usta Farfilarning oyoqqa turib, o‘zlarini tutib olishlarini ko‘rolmaydilar. Chunki birovni o‘zidan past, haqir ko‘rish kibrdir; shu yalangoyoqlarga kunimiz qoladimi, yo‘qotish kerk! Badnafslik, hasad, kibr tufayli hatto urug‘lar, millatlar aro urushlar kelib chiqadi. Millat orasiga, millatlar orasiga nizo urug‘ini sochib, orani sovutadi, dushmanga aylantiradilar. Nafsi poklar ibodatlarini toza, to‘kis ado etadilar, millatni ahli jips­lashtirishga, davlat va jamiyatni quvvatlantirib, mustahkamlashga g‘ayrat ko‘rsatadilar. Bu “Silsilai oliya”ning Naqshbandiya xalqasi yo‘liga juda o‘xshab ketadi: “Dil ba yor, dast ba kor”. Albatta, bu ikki roman so‘fiylar hayotidan hikoya qilmaydi, sof bosh qahramonlarning hayot tarzlari tasavvuf shartlariga muvofiq keladi demoqchimiz. Tasavvufning shartlari ko‘proq. Bu mo‘tabar romanlar g‘irromlik ham badnafslikdan kelib chiqishi haqida saboq beradi va o‘yga toldiradi.

Savol: – Bek kim? “Bek yigit-chi?” Otabekka “Bek”, “beg aka” kabi murojaatlarni qanday tushunamiz? Qodiriyga shunday murojaat qilishganmikin?

Javob: – Lug‘atlarda bek – hokim, saroy ayonlari, podshoga yaqin kishilar. Qishloq, shahar, viloyat hokimlari. Qadimda podshoh va xonlarga nisbatan ham qo‘llanilgan. O‘g‘uzxon, O‘g‘uzbek (keyinchalik “g‘i” tushib O‘zbek holiga kelgan va nevarasiga ham O‘zbek deb ismini bergan. Ba’zilarning “o‘zbek” so‘zi isboqar, izboqar so‘zlaridan kelib chiqqan deya totemlarga bog‘lashi haqiqatdan ko‘p yiroq, nomlanishidan qat’iy nazar o‘zbeklar O‘g‘uzxondan avval ham mavjud edi, omon bilan yer, odam bilan it qadar). Ba’zi amaldorlarga berilgan unvon. Ba’zilarga meros bo‘lib o‘tgan unvon. Qo‘shimcha qilardikki, turk xalqlaridagi urug‘ va shu urug‘ nomi, bu katta bir urug‘ning tarmog‘i, ota-bobolari katta amaldor o‘tgan. Demak, sulola nomi hamdir.
Istilohiy ma’nolari: ma’naviyatli-ma’rifatli, hamiyatli, madaniyatli, bir so‘zli, qo‘rqmas, o‘z jo­yini, o‘z yurtini qo‘ruvchi, yaqinlariga, eliga posbon. Shu xislatlarga ega yigitni “bek yigit” de­yishadi, xalq orasida jasur, saxiy, tanti, jo‘mard, oriyatli yigitlarga aytiladi, shuningdek, jonon yigit, yigitlarning sultoni, yigitlarning guli ham deyishadi.
Qodiriyga bu nom bilan murojaat qilishganmi, yo‘qmi, bilmadim. Bu nomni, bu unvonni agar Qodiriy ko‘tarmasa, boshqa ko‘tarolmaydi. Chunki Qodiriy ko‘p asrlik ma’naviyat sultonlarining birigina emas, eng ko‘zga ko‘ringani – Ulug‘ Bekdir!
Shuningdek, Qodiriydek zotlarga ota-onalar yaxshi havas bilan, umid bilan bolalarini shunday ismlaydilar. Bu yaxshi. Biroq ba’zilar yoshlari bir joyga borib qolgach, nomlari ko‘pchilikka tanilib, ko‘nikilib bo‘lgach, ismini yoki qo‘shimchasini o‘zgartirib, o‘chirib “bek”ni qo‘shib oladilar, natija bulki, o‘chirilgan qo‘shimcha baribir ko‘rinib turaveradi. Biroq noumid shayton, O‘zbeklarning barchasi beklardir.

Savol: – Siz adabiyot insonni kamol toptirishiga, ko‘ngliga ezgulik, ulug‘lik urug‘larini ekishiga, insoniyatni qandaydir boshqarishiga ishonasizmi?

Javob: – “Qandaydir” emas, to‘ppa-to‘g‘ri (ma’noda) boshqaradi, agar go‘zallik, ezgulik urug‘ini ko‘ngil (sahrosi, zamini)ga adabiyot ekmasa, boshqa narsa ekolmaydi. Hatto dinu diyonat, iymon ham adabiyot orqali mustahkamlanadi. Yoshim yetmishga yaqinlashmoqda, necha yilki, meni Hazrati Yassaviy, Hazrati Navoiy, Ergash Jumanbulbul, Cho‘lpon, Q.Muhammadiy, A.Qodiriy boshqarib keladi. Bu zotlarning har biri o‘z yo‘li (janri)ning piri, ruhlarini shod qilaylik. Adabiyot insoniyat (ko‘ngli)ni boshqaradi. Qo‘rqitib boshqaruvchi tizimlar mavjud bo‘lgan, biroq muvaqqat. Chunki xalq va adabiyot buyukdir. Qodiriyda yuz Anvar, ming Otabek kuchi bo‘lgani aniq. Albatta, bu so‘zimning ichida nadomatimiz bor. U bevafo dunyoni, baytul jafoni juda erta tark etdi. Va juda erta ko‘ngil uyiga mardona kirib bordi, zabt etdi. Fath etdi. She’r yozganini eshitmaganimizda ham shoirlig‘ini bilgan bo‘lardik, asarlarida shoirona ruh balqib, yolqinlanib, porlab turadi, uni shod etaylik!

Suhbatdosh: Abdumurod Tilovov

“Ijod olami” jurnali, 2017 yil, 6-son