25 may kuni «Hilol-nashr» markaziy savdo majmuasida ushbu nashriyotda chop etilgan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning «Shaytanat» romani (2 jildli qayta nashri) va «Doka ro‘mol qachon quriydi» kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tgan edi. Uchrashuvda Tohir Malik muxlislarning savollariga atroflicha javob berib, qimmatli maslahatlar berdilar. Quyida ana shu fikrlarni e’tiboringizga havola qilamiz.
“Badiiy adabiyot bilan diniy ilm birlashmas ekan, biz hali ko‘p adashib yuramiz. Badiiy adabiyotdagi bu adashishlar yoshlarni ancha noumid qilib qo‘yishi mumkin”.
“Bir zamonlar o‘zbek xalqini dindan chiqarishda o‘zbek ziyolilari peshqadam bo‘lgan edilar. Endi haq dinga qaytarishda ham ziyolilarimiz peshqadam bo‘lishlari shart. Ular o‘tib ketdilar. Endi bizning avlod ularning xatolarini tuzatishimiz shart”.
“Bir mamlakatning dinini bilish uchun har xil komissiyalar tashkil etib, o‘rganish shart emas. Shu mamlakatning ayollariga qaralsa bo‘ldi”.
“Bir kishi “Shaytanat”ning 5-kitobi haqida tanqid qilib, “Kitob yaxshi bo‘libdi-yu, diniyroq bo‘lib qolibdi”, dedi. Men unga: “Bu kitobning kamchiligi emas, fazilati” deb javob berdim”.
“Tarixiy asar yozish uchun tarixning o‘zini bilish yetarli emas. O‘sha tarixning ruhiga ham kirish kerak. Islomni yaxshi bilish kerak. Aks holda asar qahramoni 5 rakaat namoz o‘qiydi. Bir muallif o‘lgan ayolning dafn marosimini tasvirlabdi. Qabristonda o‘sha ayol haqida: “Falonchi opamiz qanday odam edilar?” deb so‘rashadi. Baraka topgur, ayol kishi dafn marosimida bunday so‘ralmaydi. Chunki janozaga erkaklar boradi. Aksariyati marhumani ko‘rmagan, bilmaydi. Qanday qilib o‘sha ayol haqida guvohlik berish mumkin?”
“Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf prototip bo‘lgan badiiy asar yozmoqchiman. Bu xotira yoki xronika bo‘lmay, XX asrning ikkinchi yarmidagi O‘zbekistondagi diniy ahvol, ulamolarning taqdirlari haqida hikoya qiluvchi badiiy asar bo‘ladi”.
“Bir majlisda: “Haqiqiy musulmonlar sovet davrida bo‘lgan”, dedim. “Qo‘ysangiz-chi, qanaqasiga?” deya e’tiroz bildirishdi. “Chunki ular har qanday azob, tazyiqqa qaramasdan sobit turishdi, iymonlarini saqlashdi. Eng og‘ir sharoitlarda ham ilm tarqatishdi”, deya izohladim”.
— Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf haqlarida siz muharrirligingizda xotira kitob tayyorlanyapti deb o‘qigandik. Kitob tayyor bo‘lib qoldimi? Qachon chiqadi?
— Bu haqda e’lon qilganimizdan keyin juda ko‘p xotira-maqolalar oldik. Lekin ko‘pchiligidan ko‘nglimiz to‘lmadi. Ba’zilar Shayx bilan ko‘rishgani, birga ovqatlanganini ham yozavergan. Bizga Hazratning shaxsini gavdalantiradigan, nega u kishini xalq yaxshi ko‘rardi, nima uchun Alloh u zotga shunday martabalarni berdi, degan savollarga javob beradigan xotiralar zarur. Biz kutgan maqolalarni yoza oladigan ilmli birodarlarimizda ozgina dangasalik kasali bor ekan. Xudo xohlasa, eng yaxshi xotiralarni to‘plab, sizlarga taqdim etamiz.
— Haqiqiy ustoz qanday bo‘lishi kerak?
— Avvalo, ustozning qalbi pok bo‘lishi kerak. Ilmiga amal qiluvchilardan bo‘lishi zarur.
— Rahmatli Shayx hazratlaridan: “Ustoz, yozgan kitoblaringiz orasida eng ta’sirlisi, ko‘proq ko‘z yoshlaringizga sabab bo‘lib yozilgani qaysi?” deb so‘raganimda u zot “Hazrati Ali va Usmon roziyallohu anhu haqida yozganimda sochimda ko‘proq oqlar paydo bo‘ldi” deb javob bergandilar. Sizga ham shu savol bilan murojaat qilmoqchi edim. Sizning o‘zingizga eng ma’qul, qattiq ta’sir qilgan asaringiz qaysi?
— “Shaytanat”ni yozayotgan paytim ma’lum muddat to‘xtatib, Sibirda azoblanib jon berganlar haqida “Ov” degan qissa yozganman. Qissada Rahmatulloh qori degan obraz bor. Shu asarim o‘zimga boshqacha ta’sir qilgan.
Davronbek Tojialiyev yozib oldi.