Tog‘ay Murodning betakror qissa va romanlari ming-minglab kitobxonlar yuragidan joy oldi, qalbini larzaga soldi. Ularni yig‘lab-yig‘lab o‘qidik, kulib-kulib o‘qidik. Chuqur insoniy dard bor edi bu asarlarda, kulgu aralash iztiroblar bor edi… Mutolaa davomida o‘quvchi o‘zida qandaydir ruhiy tozarishni his etadi, ko‘nglida chin insoniy tuyg‘ular uyg‘onadi.
Adabiyotshunos olim, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev bilan bugungi suhbatimiz Tog‘ay Murod asarlarining yosh avlod ta’lim-tarbiyasida tutgan o‘rni haqida bo‘ldi.
– Bir ko‘rgan tanish, deydilar, ikki ko‘rgan bilish.Tog‘ay Murod bilan qachon tanishdingiz-u, uni qachon kashf etdingiz? O‘sha paytlarga nima kechdi xayolingizdan, ilk taassurotlaringiz aldamadimi sizni?
– Tog‘ay Murod bilan deyarli tengdoshmiz. Hayotning qiziqligini qarang, bir yurtda, bir shaharda yashab yursak-da, shaxsan tanishish baxtga muyassar bo‘lmaganman. Buning ham o‘ziga yarasha sabablari bor, albatta. Ayrim oshnalarim: “Tog‘ay Murod bilan tanishib baraka topmaysan, qaytanga qalbingdagi unga bo‘lgan bor ixlosing so‘nadi. Uning tabiati judayam og‘ir”, degandi. Qolaversa, Tog‘ay Murod har xil davralarga kam qatnashardi. Ba’zida uning buyukligi ham shundan bo‘lsa kerak deb o‘ylab qolaman. Lekin 1989 yildami… bir yig‘inda bir marta ko‘zimizga ko‘zimiz tushib edi. Shunga qaramay men uning asarlarini bitta qoldirmasdan o‘qib borardim. Shunchaki oddiy asarlar qatori emas, boshqacha yurak bilan, o‘zgacha bir mehr bilan mutolaa etardim. Shu jarayonda Tog‘ay Murod siyrati va suratini chizib bordim. U juda mag‘rur va uncha-muncha odamlarni tan olavermaydigan, birovga yoqimliroq ko‘rinishni xayoliga ham keltirmaydigan o‘jar odam bo‘lgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim.
2001 yilda Tog‘ay Murod “Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi” romanini menga jiyanidan hech narsa yozmasdan, bir og‘iz gap aytmasdan berib yuboribdi. Men anchadan beri uning ijodi haqida ozmi-ko‘pmi yozib ham turardim.. Ammo o‘shanda Tog‘ay Murod meni ham bir o‘quvchi sifatida gaplarim, qarashlarim bilan hisoblasharkan, qiziqarkan degan qanoat paydo bo‘ldi menda. Oradan ancha vaqt o‘tib “Otamdan qolgan dalalar”ni ham xuddi shu tarzda berib yuboribdi.
Tog‘ay Murod bilan tanishishimiz asosan kitoblari orqali bo‘lgan. Ayniqsa, romaniga ilova qilingan “Men” nomli so‘ngso‘z qattiq ta’sir qilgandi. Boisi, asarlari siyratini, ichki olamini teran ochib bergan.
-Adibning asarlarini darslikka kiritilishida ham hissangiz bor, deb eshitamiz. Sizni bunga nima majbur etdi. Qolavesa,”Yulduzlar mangu yonadi” bolalarga nima beradi?
– To‘g‘ri. Tog‘ay Murod ijodida nafaqat o‘quvchilar, balki hamma o‘rganishi lozim bo‘lgan yaxshi xislat, ibrat bo‘ladigan voqealar tasvirlariga keng o‘rin berilgan. Uning “Yulduzlar mangu yonadi” qissasi bolalarga oriyat, insoniylik, mardlik, insonlik sha’ni, yigitlik g‘ururini himoya qilishni, o‘sha g‘ururning chinakam bahosini bilishni singdiradi. Qissani boshlanishida yosh polvon Shukur kurashdagi raqibi Ermat bilan olishda yiqiladi. Asarning shu yerda ajoyib tasvir bor:
“Shukurga alam qildi. Ermatga qo‘lini musht qilib ko‘rsatdi.
– Sen bilan yanagi to‘yda olishaman ! – dedi.
Ermat bakovul ro‘parasida o‘tirishi bilan bir talay bola chopib kelib yoniga cho‘kkaladi.
Shukurga tarafkash bolalar bir-biriga so‘z bermay talashdi, bakovulga elandi:
– Bova, Ermat polvon bilan meni olishtiring, u qalin oshnamni yiqitdi.
– Yo‘q, Ermat polvon bilan men olishaman. Shukur xolamning uli!
– Bova, Ermat polvonga meni chiqaring, Shukur bizning hamsoyamiz!”
Ko‘rinib turibdiki, ushbu qissa bolalarda oriyat to‘yg‘usini shakllantiradi. Kishida o‘z yaqinlari, xalqi, millati orini olishni, vatanparvarlik tuyg‘ularini uyg‘otishga xizmat qiladi. Men bizning xalqimiz kurash bilan shug‘ullansin, kurashimiz xalqaro arenalarga chiqsin degan maqsadda emas balki yaqinlarimiz uchun javobgarlik hissini tuyishni o‘rganaylik deb shu to‘xtamga keldim. “Yulduzlar mangu yonadi” orqali bolalarimizda ana shunday hislarni shakllantirmoqchi bo‘ldim. Bu birinchi jihati.
Ikkinchidan, uning kitoblari bolalarga o‘zbek tilini go‘zalligini namoyon etadi. Anovi tuxumdek silliq yozilgan asarlar voqealari qanday esimizdan chiqib ketsa, tili ham o‘quvchiga shunday yuqmaydi. Bu xildagi asarlar faqat xabar berish bilan cheklanib qolgan. Tog‘ay Murod asarlarining esa o‘z musiqasiga egaligi bilan kitobxonni o‘ziga jalb qilayapti. U shunchaki til yoki axborot vositasi emas, balki musiqa vositasidir ham. Qolaversa, estetik funktsiyasi-da bor. Tog‘ay Murod prozasi she’r bilan bilan bitilgandek taassurot o‘yg‘otadi. Keyin Tog‘ay Murod asarlarida nafaqat tasvirlarni, qiyofalarni-da ko‘rishimiz mumkin. Odatda biz harflarni harflarga qo‘shib ma’no chiqaramiz. Uning asarlarini o‘qiyotgan vaqtimizda, ya’ni harflarni harflarga qo‘shganimizda musiqa taraladi. Ana shu bitta so‘zning vazifasi muloqot vositasi bo‘lsa, Tog‘ay Murod so‘zga bir qator qo‘shimcha funktsiyalarni yuklay oldi. U so‘z musiqa bo‘lib yangraydi. U so‘z qo‘shiqdek qalblarni larzaga soladi. U so‘z rassom singari portret chizadi. Ya’ni so‘zlarning o‘zi bilan bilvosita ko‘ngilni o‘zgacha bir nurga to‘ldiradi. Qissa oxirida Bo‘ri polvon oshnasi Nasim bilan xayolan gaplashadi. Uning har bir so‘zi ta’sir kuchi bilan insonni seskantiradi, hayajonga soldi. Ana shu so‘zlardan kelib chi³adigan g‘oyagina emas, balki ularning aytilish ohangi, Bo‘ri polvoninig ichki kechinmalarining berilish yo‘sini ham bir musiqiydir. U so‘z ma’nosi ham, ohangi ham o‘quvchini shunga bo‘lgan talabini qondiradi. Yana Tog‘ay Murod asarlari o‘zbekcha so‘zlarning ilohiy qudratidan saboq beradi.
Qozog‘istondagi o‘zbek maktablari yozilgan 9 sinf darsligiga adibning “Ot kishnagan oqshom” qissasini ham kiritildi. Axir Tog‘ay Murodni darsliklarga kiritmaslikning sira iloji yo‘q-da. Negaki, bu asarlar shedever asarlar-da! Ziyodulla obrazi orqali insonning nozik kechinmalari, ziddiyatlari ochib beriladi. U kal bo‘lsa-da, ko‘nglining shu qadar nozikligi, g‘ururi shu darajada balandligi, erkakligi va atrofini o‘rab turgan kishilarning naqadar qallobligi, sotqinligi-yu qo‘rqoqligi qanday ifodalanganlini ko‘ring-a. “Ot kishnagan oqshom” qissasi dunyodagi adolat va adolatsizlik haqidagi go‘zal hamda dahshatli asar. Bu qissa adibning boshqa asarlari singari ezgulikka da’vat etadi, ezgulik va razolatning mangu kurashishdan bahs etadi. Tog‘ay Murod asarlarini o‘qisak millatimiz yuksalishiga, ma’naviyati balandroq, ko‘ngli tozaroq bo‘lishiga xizmat qiladi, deb o‘ylayman.
Yana bir gap, 1999 yilda adabiyotshunos olim Umarali NORMATOV rahbarligida “XX asr o‘zbek adabiyoti” degan kitob chop etildi. Mazkur kitobda Tog‘ay Murod alohida ijodiy siymo sifatida berildi. Shundan buyon esa adib oliy o‘quv yurtlarida muntazam o‘qitilib kelinayapti. Ayni paytda Tog‘ay Murod ijodi yuzasidan hech bo‘lmaganda yilda bitta yoki ikkita diplom yozilmoqda…
– Sevimli adiblarimizdan O‘zbekiston Qahramoni Said Ahmad “Tog‘ay Murod qissalarini o‘qir ekanman, har gal yangi bir yozuvchini ko‘rgandek bo‘laman. U kechagi hammani qoyil qoldirgan “Yulduzlar mangu yonadi” yoki “Ot kishnagan oqshom” qissalarini yozgan Tog‘ayga o‘xshamaydi. “Oydinda yurgan odamlari”ni boshqa Tog‘ay yozgan, deb o‘ylaysiz. Ha, uning asarlari sira bir-birini takrorlamaydi.” deb yozgan edi… Bu gapda jon bor. Lekin paradoks shuki, Tog‘ay Murod qahramonlarini har birida yozuvchini ko‘raveramiz.
– Men ham shu fikrdaman. Nazarimda Ziyodulla kalda, Dehqonqulda, Bo‘ri polvonda, hatto Botir firqada ham Tog‘ay Murod borga o‘xshaydi. Shuningdek, ular qandaydir boshqacha. Tog‘ay Murod asarlaridagi ritm xususida nomzodlik ishi yoqlanganidan ko‘pchilikning xabari bo‘lsa kerak. Hali uning ijodi, mahorat sirlari haqida ko‘plab ilmiy ishlar yoziladi. Tog‘ay Murod o‘z hasratlarini, qolaversa xalqining azob-istiroblarini yuragiga yaqin olib asar yozdi. Bu dardni ko‘tarib yurish og‘ir. Tog‘ay Murod “Men o‘zbek xalqiga haykal qo‘yaman!” deganida katta hasrat bilan birga ыziga ishonch mujassam. Adib asarlarida katta ijtimoiy dard ko‘rinib turadi.Chunki u birovni dardini o‘ziniki bilib asar yozdi. Shuning uchun uning “Men”i va “Biz”i qo‘shilib ketgan.
– “Men qaytib kelaman” kitobining taqdimot marosimida “Tog‘ay Murodga bizning oldimizda turibdi. Unga yetib olishimizga hali ko‘p qovun pishig‘i kerak”, degandingiz. O‘shanda nimalarni nazarda tutgangiz?
– Chinakam bitiklar insoniyat taqqiyotidan ilgarilab ketadi. Mana, Alisher Navoiy bizdan olti yuz yil ilgari yashagan bo‘lsa, u mantiqan jamiyatdan shuncha vaqt orqada qolib ketishi kerak edi. U kompyuterni bilmaydi, mashinani ko‘rmagan, deganlariday va hakazo. Aslida, biz hali Navoiyga yetib borganimizcha yo‘q. “O‘tgan kunlar”ni yaratilganiga sakson bo‘ldi. Kim bu asarni to‘la o‘zlashtiroldim deya oladi? Shu ma’noda Tog‘ay Murodni biz tushinib oldik yoki u yashashdan to‘xtadi, deb bo‘lmaydi. Uning asarlari yashayveradi, keyingi avlodning o‘quvchilarini ham jalb qilaveradi, yig‘lataveradi, kuydiraveradi. Nevaralarimiz, evaralarimiz,chevaralarimiz ham Tog‘ay Murod asarlarini o‘qib, o‘zbekligini his qilib, keyingi avlodlarga ham tavsiya etaveradi… Men shunday o‘ylayman.
– Men ham.
Azim Ro‘ziyev suhbatlashdi.