– Erkin aka, adabiyotimizning ulkan chinorlaridan bo‘lmish Asqad Muxtor haqida yozgan maqola va xotiralaringizda u kishini ustozim degansiz. Bilamizki, adabiyotda ustozlik qilish oson emas. Masalan, kulol ko‘zani qanday yasash kerakligini qo‘li bilan ko‘rsatib beradi. Novvoy, haykaltarosh, tandirchi va hokazo hunar egalari ham shogirdining qo‘lidan ushlab, xatosini ko‘rsatib, ish o‘rgatishi mumkindir. Endi, shoir-yozuvchi bo‘laman degan havaskorga ustozlik qilish boshqacharoq. Tabiiyki, unga o‘zingiz yozib bera olmaysiz. Yozganini tahrirlab yoki og‘zaki yo‘l-yo‘riq berish boshqa gap. Qisqasi, badiiy ijodda ustoz-shogirdlik masalasi qanday kechadi? Asqad Muxtor ustoz sifatida sizga qanday yo‘l-yo‘riq, yo‘llanmalar bergan?
– To‘g‘ri aytasiz, adabiy tajribada ustoz-shogirdlik masalasi xiyla boshqacha, o‘ziga xos. Ustoz atalmish, siz aytgandek, ijod bobida ul-bul yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishi, yozilgan matnni tahlilu tahrir qilib, tegishli maslahatlar berishi, keyinchalik nashr ishlarida hali tajribasiz havaskorning ro‘yobga chiqishida xayrixohlik qo‘lini ham cho‘zishi mumkindir-u, ammo hech qachon “Xuddi menga o‘xshatib yozishi shart!” deya talab qo‘yolmaydi, negaki ustozini aynan takrorlagan qalamkash chinakam yozuvchi emas, anchayin bir nusxakash sanaladiki, unday toifaning asl adabiyot taraqqiysida hech bir o‘rni yo‘qdir.
Asqad Muxtorni ustoz deb biladiganlar ko‘p, juda ko‘p. Hatto, u kishi rahbarlik qilgan “Guliston”da to‘rt qator she’ri chiqqanlar ham og‘iz to‘ldirib “ustozim” deydi. Chunki – faxrli! Chunki kimsan – Asqad Muxtor! Ustozning o‘zi bulardan birortasini shogirdim deya ataganini kamina eslayolmaydi, mehri tovlanib ketganda, “yigitlarim”, “mening yigitlarim” deb qo‘yardi, xolos. Bir galgina “guliston”chi uch-to‘rttamizni zinapoyada uchratib, allaqanday jo‘shqinlik bilan “Mening arsonlarim!” degani yodimda.
Bizga o‘xshagan qalamkashlarning omadi chopgani shuki, bevosita u kishining qo‘li ostida ishlaganmiz. U kishining tahriridan chiqqan qo‘lyozmalarni ko‘rib, qaysi so‘z nega o‘chirilganu nima bilan almashtirilgani, umuman, matnni sayqallashga oid tamoyillar borasida o‘zimizcha ta’lim olganmiz. Bunisi mayli, ustozning og‘zidan chiqqan shunchaki bir ibora, oddiy luqma ham behikmat emas edi. Donishmand inson edi-da Asqad aka!
Biroq ustozning eng katta darsi, sabog‘i – uning asarlari. O‘rganmoqchi bo‘lgan odam shularni o‘qisa, sinchiklab mutolaa qilsa kam bo‘lmaydi.
Yana bir jihat – adibning shaxsiyati. Asqad Muxtor kundalik hayotda ham havas qilsa, har bir xatti-harakatidan o‘rnak olsa arziydigan asl ziyoli, fazilatli inson edi. “Maydalikdan qochinglar, – deb o‘git berardi u shogirdlariga. – Maydakashlik yomon, odamni, ijodkorni pachoq qilib qo‘yadi”.
Bir ustozlik shuncha bo‘lar.
– Asqad Muxtor – serqirra ijodkor. Nosir sifatidagi faoliyati – Asqad Muxtorning bir qirrasi. Shoir sifatida ham juda go‘zal she’rlar yozganki, bu uning ikkinchi qirrasi. Asqad Muxtor mohir publitsist ham edi. Bu ijodkorning yana bir qirrasi. U kishining tarjimonlik, muharrirlik va boshqa faoliyat yo‘nalishlari ham bor. Ayting-chi, XXI asr o‘zbek kitobxoni uchun Asqad Muxtorning qay bir qirrasi qadrli, ahamiyatli? Bunday savol berishimga sabab – ba’zan Abdulla Qahhor, Oybek, G‘afur G‘ulom, shu jumladan, Asqad Muxtor kabi serqirra adiblar ijodiga baho berishda ular yashagan murakkab davr unutilib qo‘yiladi…
– Siz tilga olgan Abdulla Qahhor, Oybek, G‘afur G‘ulom yoki Asqad Muxtor ijodisiz o‘tgan asr o‘zbek adabiyotini tasavvur qilib bo‘larmikan? Agar ilohiy taqdir nasib etganida, o‘sha ulug‘ siymolar yangidan tug‘ilib, bajonidil bugungi zamonda yashamoqni istamasmidi deng! U yog‘ini aytsangiz, o‘zimiz – sizu biz yangi zamon ahli bo‘laturib, ijodkor sifatida nimani do‘ndirib qo‘yibmiz?!
Asqad Muxtor haqiqatan ham serqirra ijodkor. Ammo shu qirralarni bir-biridan ajratib baholash to‘g‘ri bo‘larmikan? O‘sha she’r ham, o‘sha nasru publitsistika ham bir ko‘ngilda tug‘ilib, bitta qalamdan chiqqan emasmi?! Bir muxlis sifatida fikrimni aytsam, Asqad Muxtor bularning bariga yurak qo‘rini bir xilda sarflagan, ta’bir joiz ko‘rilsa, ularni “o‘gay-chin”ga ajratmagan. Chin qalamkash doim shunday ish tutadi, bir sahifalik matnga ham jon-jahdi bilan kirishadi – o‘rtada ijodkorlik sha’ni bor.
Obdon bosh qotirib shunday xulosaga keldim: bugungi kitobxon, umuman, bugungi zamondoshimiz Asqad Muxtorning deyarli butun ijodiy faoliyatidan ibrat olsa bo‘lar ekan. Masalan, shoirlar ustozning she’riyatini ustun qo‘yishi mumkin, menga o‘xshaganlarga esa romannavisligi undan kam emas.
– “Kechikayotgan odam” kitobingizda ustozning “Sobirman” she’rini ilk sahifada bergansiz. Bu she’r sizni qay jihati bilan o‘ziga tortdi?
– Ilk bor o‘qiganimdayoq bu she’r meniki bo‘lib tuyulgan – mening dilimdagi gaplar, men yozishim kerak bo‘lgan fikrlar. Ortiqcha bo‘yog‘u tashbehlardan xoli soddagina bu satrlarni men mardu tanti ko‘ngilning o‘kinchlari, mardu tanti ko‘ngil e’tiroflari deb bilaman. Siz aytgan kitobga taqdimnoma sifatida berilgani – to‘plamning umumiy ruhi, ya’niki muallifning botiniy ruhiga mos kelgani tufayli. Ustozga ehtirom nishonasi ekanini esa alohida ta’kidlashim darkor.
– Yana bir-ikki yildan keyin ustoz Asqad Muxtor tavalludiga yuz yil to‘ladi. Sizningcha, adib qaysi romanlari, qaysi hikoya va qissalari bilan davr sinovlaridan omon-eson o‘tib kelmoqda?
– “Davr mening taqdirimda”, “Chinor”, “Buxoroning jinko‘chalari”, “Fano va baqo”, “Insonga qulluq qiladurmen”, “Tundaliklar” va o‘xshashi yo‘q she’riyat… Ziqnalik qilayotganga o‘xshayman-a?
– Yaqinda Asqad Muxtorning “Chodirxayol” hikoyalar to‘plamini qayta o‘qib chiqdim. U haqda kichkina taqriz ham yozdim. Biroq ilgarigi nashrlari bilan solishtirib ko‘rsam, ba’zi bir hikoyalar tahrir etilib, qisqartirib chop qilingan… Bu qanchalik to‘g‘ri? Sizningcha, xususan, Asqad Muxtorning sho‘ro davrida yaratilgan asarlarini nashr etishda qanday yo‘l tutganimiz ma’qul?
– Ustoz keksayib, xastalanib qolgan kezlari bir kuni yo‘qlab Do‘rmonga bordik. Uyga kiraverishdagi o‘rik soyasida gangir-gungur suhbatlashib o‘tirarkanmiz, u kishi og‘ir xo‘rsinib hasrat qilgani esimda: “Mana, endi yozadigan zamon keldi. Sizlar yozasizlar. Bizniki endi bari chiqit…”
O‘shanda rostakamiga larzaga tushganman: Asqad Muxtorning yozganlari chiqitga chiqsa-ya?! Biz shu choqqacha o‘qib-o‘rgangan, biz sig‘ingan Asqad Muxtorning! Bunday ulkan adibdan o‘tkazib biz nima ham yozardik deng?!
Savolingizga kelsak, menimcha (umuman, orif dunyo qonun-qoidasiga ko‘ra), marhumlarning bisotiga, xususan, yozuvchi bo‘lsa – ijodiga biror bir yo‘sinda daxl qilish, o‘chirib-qo‘shish – gunohdir. Undan ko‘ra o‘sha asarlarning tagiga qachon yozilganini ko‘rga hassa qabilida qayd qilib qo‘yaylik, tegishli mazmundagi so‘zboshilar bilan tanqidiy matn shaklida nashr etaylik!
– Ustozingiz Asqad Muxtorga o‘xshab shoir bo‘lishni ham istaganmisiz? Hayotingizda biror marta she’r yozganmisiz? Mana, tengdoshingiz Usmon Azim keyingi paytlarda hikoyaga ham qo‘l urdi, nimaga siz she’r yozmaysiz? Umuman, she’riyatga munosabatingiz qanday? She’r yozish qiyinmi yoki nasriy asar?
– Bolalikda she’r deb bir nimalar qoralaganim rost, hozir ham qofiyasini kelishtirishim mumkin – qonun-qoidasini bir shoirchalik bilsam kerak. Lekin tayin bir she’riy iste’dod bo‘lmagach, hammaning boshini qotirish chikora?! Mensiz ham atrofda unaqalar ko‘p-ku!
She’r yozish ham qiyin, hikoya yozish ham bir balo. Buning ustasi bo‘lmaydi. Shoiri ham, nasrnavisi ham ishni har gal yangidan boshlamoqqa mahkum – san’atning talabi shu. Odatdagi tajribayu ko‘nikmalar o‘z yo‘liga. Ko‘za yoki xontaxta yasash deganlari emas bu.
Qo‘qon davlat pedagogika instituti doktoranti
Barno Hasanova suhbatlashdi.
«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 4-son