O‘zbekiston xalq artisti, Davlat mukofoti laureati Bahodir Yo‘ldoshev o‘zbek teatr san’ati darg‘alaridan biri. U sahnalashtirgan “Zebunniso”, “Nodirabegim”, “O‘n uchinchi rais”, “G‘ariblar”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Qora kamar”, “Paranji sirlari”, “Maysaraning ishi” va “Iskandar” kabi spektakllar madaniy merosimizga aylangan. Qolaversa, usta san’atkor keyingi yigirma yil davomida maydon-tomosha san’ati rivojiga ham o‘z hissasini qo‘shib kelyapti.
REGISTON majmuasi — betakror san’at asari. Bu me’moriy obidaning mahobati biz qilayotgan ishlarga muhtoj emas. Hech qanday tomosha qo‘ymasangiz ham tomoshabin Registon maydonining o‘ziga mahliyo! Lekin orzumiz, qaniydi odamlar bir lahza bo‘lsa-da, bu noyob obidani unutgancha, o‘zbek ashulalari, kuy-raqslarini tinglashsa! “Sharq taronalari” uchun biz topayotgan musiqa, raqslar — hamma-hammasi Registon ansambli bilan uyg‘unlashib yaxlit bir asarga aylangandagina mo‘jiza ro‘y berishi mumkin. Haqiqat shuki, bizning saradan-sara musiqa va raqslarimiz bir yonu Registon bir yon bo‘lsa, albatta, biz Registonga taslim bo‘lamiz. Chunki u maskanga sarf qilingan kuch-idrokni asrlarki yenga olmagan, bandasiga yo‘l bo‘lsin!
* * *
Ilm, ijod, umuman, go‘zallikning poyoni yo‘q. Agar poyoni bo‘lganda faqat bitta odam “Hamlet”ni sahnalashtirardi. Boshqa rejissyorlar esa bu haqda bosh qotirmasdi. Lekin o‘sha — voqeasi hammaga ma’lum yagona “Hamlet”ni yuzlab rejissyorlar yana boshqatdan yaratishadi. Har biri turli nuqtai nazardan yondashadi va o‘z Hamletini kashf etadi. Yoki Alisher Navoiy g‘azalidagi bitta baytning bir necha xil sharhi bor. Bu dunyoda “Navoiyni tushunib bo‘ldim”, degan azamat bormikan? Hazratning har bir g‘azali undan oldingi yozgan g‘azaliga javob bo‘lib keladi. Va keyingi g‘azali uchun savolligicha qoladi…
* * *
YuRTIMIZ qiyofasini buyuk tarixisiz, urf-odatlari, adabiyotiyu san’atisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Faqat o‘zbek xalqigagina xos allalaru yallalar bor. Yusuf qiziq, Rahim Pirmuhammedov, Nabi Rahimov, Obid Jalilovlar xizmatini o‘ylaganda qilayotgan ishlaring naqadar maydaligini tushunasan. Men studiyadagi bolalardan shu insonlardek samimiy bo‘lishni talab qilaman. Katta-katta ishlar qilib ham hayotdan ta’masiz, iddaosiz o‘tgan zotlarga nisbatan hurmat tuyg‘usini uyg‘otishga urinamiz. Qizining jasadi ustidan keliboq sahnaga chiqishni tasavvur qiling? Qaysi kasb egasi kuch topa oladi bunga?
Bu bolalar kelajagi haqida oldindan “Ha, ular o‘zbek teatrining porloq ertasi, umidim cheksiz… ” deb aytolmayman. Ular mening kemamga kelib-ketayotgan yo‘lovchilardan bir guruhi. Keladi-ketadi… Balki ketib to‘g‘ri qilar. O‘zi uchun afzalroq yo‘lni topar. Yo‘llar ko‘p. Lekin shaxsni Shaxs qiladigan yo‘llar boshi berk ko‘chalardir. Chiqib ketishing uchun tayyor yo‘l yo‘q bo‘lgan vaziyatdagina dunyo sen uchun o‘z sir-sinoatini ochadi. Va shunda o‘zingning kimligingni anglay boshlaysan. Tushuntirib berolmayman, aktyorlar hayoti, umuman, ijod odamlarining yashash tarzi qiziq-da. O‘zining shuncha g‘ami yetmaganday, yana Gamlet yo Dezdemonaning iztirobini o‘ylaydi. Bu g‘avg‘olarning senga nima hojati bor, deysiz.
O‘nqir-cho‘nqir bo‘lsa ham, baribir, san’atkor go‘zal hayot kechiradi. U shu hayotning o‘zidayoq ham Romeo, ham Otello, ham Richard, ham Sezar… Garchi fojeiy bo‘lsa-da, bir qancha taqdirni yashab o‘tadi. O‘zining hayoti, baxtsizligi ular qismati oldida zarra bo‘lib ko‘rinadi. Oddiy odamlar esa faqat bitta — o‘z hayotini yashaydi.
* * *
BIR ODAM o‘tirgan mardumga qarata “Bu kishiga kabob olib kelinglar”, deb buyuribdi. O‘tirgan kimsa “Qayerdan bildingiz kabob yegim kelayotganini”, deb so‘rasa, u «Ko‘nglim juda bo‘sh, o‘zgalar tanidagi yara, mening vujudimni og‘ritadi”, deb javob bergan. Aktyor ham o‘zgalar orzu-istagini so‘zsiz uqiy olishi shart. Albatta, ko‘ngil tarbiyasisiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Odatda ilgarigi spektakllar yaxshi edi, aktyorlar zo‘r o‘ynardi, degan gaplarga ko‘nikib qolganmiz. Yo‘q, hammasi puch gap. O‘zbek teatri tarixidagi haqiqiy aktyorlarni nomma-nom sanayman desang, barmoqlaring ortib qoladi. Aktyorlik nihoyatda murakkab kasb. Sahnada o‘zini erkin tutib, improvizatsiyani uddaladi deyish mumkin. Kechirasiz, buni orsiz odam ham eplay oladi. Mana, to‘ylarda hamma chiqib o‘ynaydi, lekin hamma raqqosa degani emas-ku. Shu sabab bu kasbga ataylab tayyorlangan, aktyorlik ong-ongiga singib ketgan odamlar zarur. Qolaversa, otameros tuyg‘u ham ko‘p narsani hal qiladi. Ya’ni — irsiy qobiliyat! Masalan, o‘n yetti yoshigacha aktyorlar oilasida katta bo‘lgan bola san’at institutiga o‘qishga kiradi. U shu vaqtga qadar — o‘n yetti yildirki kino-teatr muhitida o‘sgan. Endi, ota-onasi hech qachon san’at bilan shug‘ullanmagan, boshqa bola esa o‘n yetti yilga kech qolib kiradi. Tushuntira olyapmanmi? Mening otam duradgor bo‘lsa, bolaligimdan yog‘ochu uskunalar ovozini eshitib, quloq taq-taqqa ko‘nikadi. Arra-randa bilan qanday yumush bajarish mumkinligini so‘zsiz bilaman. O‘n yetti yoshimdayoq o‘z-o‘zidan ustaga aylanaman. Muhitdan ajralgan holda shaxs shakllanishi qiyin.
Teatr muhitini aktyorning rolga munosabati va rejissyor bilan jamoaning o‘zaro hurmati, hamfikrlilik yaratadi. Agar teatrda mo‘tadil kayfiyat bo‘lmasa, siz u yerda hech narsa sahnalashtirolmaysiz. Har qancha chiranmang spektakl chiqmaydi. Oddiy misol, siz jurnalistsiz, bir maqola yozishdan oldin sukunatni istaysiz, yaxshi musiqa tinglaysiz yoki o‘zingiz sevgan kitobni titkilaysiz… Keyin yozish xohishi paydo bo‘ladi. Ya’ni o‘zingizda xohish uyg‘otish uchun muhit yaratasiz. Endi tushunyapsizmi boshqa teatrga borib spektakl qo‘yish qanchalar azob ekanini? Chunki ular mendan begona muhitda yashashadi.
Xiyonatlar ichida eng og‘iri kasbga qilingan xiyonat deb bilaman. Belgilangan muddatda har qanday ishni bitirish mumkin. Lekin uning sifati-chi? Ish buyuruvchiga baribir, u nima bo‘lsa-bo‘lsin tezroq “material”ni qo‘lga olgisi keladi. Unga sizning sha’ningiz, nomingiz hech nimani anglatmaydi. “Material” qay ko‘rinishda bo‘lmasin, xoh sahna, xoh ekran, yo maqola shaklida, fikrga hokim, so‘z egasi — Siz! O‘zingni qay darajada hurmat qila olasan, ichki madaniyating ishga bo‘lgan munosabatda ko‘rinadi. Tabiat baribir o‘z aytganini qiladi. U xo‘jako‘rsinchi — shoshma-shosharlardan boplab o‘chini oladi. Bilarsiz, terakning tez o‘sadigan navidan uy qurib bo‘lmaydi.
* * *
SPEKTAKL qo‘yayotganimda tomoshabin olqishlarini o‘ylamaslikka harakat qilaman. Muhimi, tomoshabin menga hamdard bo‘lsa… Ko‘p aytganman, bu hamdardlikni gullaru chapaklar ifodalab bera olmaydi. Spektaklimni do‘stim ko‘rdimikan, u qanday fikrda ekan? Uning ko‘nglini topa oldimmi? Domlam To‘la aka ko‘rganda nima der edi, qayerini tuzatardi? Aleksandr Ginzburg yo Brim-chi? Asarni ularning nigohi bilan ham ko‘rib chiqaman. Ba’zida ustozlarim “aytganini” qilaman. Bo‘lmasa, o‘zim ularga “tushuntiraman”. Spektakl uchun tanlangan piyesa dil izhori yo iqrorga aylanishi zarur. Ishlarimning hammasi ham haqiqiy spektakl bo‘lgan, deb ayta olmayman. Lekin taskin bor: qachonlardir kimdir ishingizdan boxabar bo‘lib, bir onga bo‘lsa-da, sizga suyansa, sizdagi haqiqatga ishonsa, “men endi bu ishni qilmayman, boshqacha hayot kechiraman”, deb o‘z holi haqida o‘ylay boshlasa, shuning o‘zi kifoya. Ijodning ichki qonuniyati ham odamlarni o‘ylantirishdir. Odamni o‘ylantirolmagan, o‘z xayoliga bo‘ysundirolmagan kitob — bir hovuch qog‘oz, xolos. O‘y surish qobiliyatidan mahrum kimsaga ham achinasan, ham qo‘rqasan.
* * *
ISTE’DODSIZLAR o‘z yo‘lini topib olaveradi. Iste’dod himoyaga muhtoj, asrang uni, degan fikrda katta hikmat bor. Chunki iste’dodning tugilgan mushti bo‘lmaydi, ko‘ngli juda bo‘sh bo‘ladi. Shu uchun iste’dodli odamlar hamisha boy berib kelishgan. Go‘zallikning irodasi mo‘rt. Kurashuvchanlik ezgulik uchun misoli bir begona o‘t, u bu dag‘allikni o‘z bag‘riga sig‘dirolmaydi. Iste’dod egasi odamlar bilan emas, asosan o‘z xayoli, o‘zligi bilan band. Unga orzusidagi mukammallikka intilishiga xalal berishmasa bo‘ldi. Bu mukammallikni iste’dodsizlar o‘z darajasida — mansab, shon-shuhrat, obro‘-e’tibor va yana allambalo deb tushunishadi. Chin iste’dod faqat bitta manzilni ko‘zlaydi — YeTUKLIK! Ya’ni shamollaru alangalarga qilt etmasdan, tik turish san’ati. O‘zingni topish yo‘lida esa qarama-qarshiliklar, to‘siqlar nihoyatda ko‘p. Atrofdagi odamlar, muhit bor kuchi bilan insonning inson bo‘lishiga xalal beradi. Nafs, hasad, nazari ochlik kabi qora tuyg‘ular o‘zingni anglashga yo‘l qo‘ymaydi. Qolaversa, ich-ichingdan yuksalishingga yolg‘iz o‘zingning kuching yetmaydi. Bu uchun, albatta, atrofingda seni tushunadigan, xayrixoh odamlar bo‘lishi darkor. Sharq mutafakkirlarida shunday fikr bor: “Iskandar zamoni bo‘lsa ham pirsiz yurma”. Ya’ni odam bo‘laman desang, oldingda ma’naviy rahnamoying bo‘lishi shart.
Emishki, Suqrot “U yoqda Arastu bilan uchrashaman”, degan o‘yda o‘ziga olib kelingan zaharni paysalga solmay ichgan ekan. Ya’ni ajal Suqrot uchun go‘yo Arastu eshigini ochib beruvchi bir yo‘l. Donishmand diydoriga yetishish oldida og‘u hech narsa emas! Ustozim Toshxo‘ja Xo‘jayev aytardilar: “Agar sen Alisher Navoiy, Shekspir kabi ijodkorlarga o‘tmish shoirlari yo moziydagi bir odam deb qarasang, chindanam, olisdagi bir afsona bo‘lib qolaveradi. Ularni zamondoshingdek qabul qil. Go‘yoki sen hozir shu zotlar bilan uchrashasan, gaplashasan…” Shundagina ular bizni ham o‘ziniki qilib oladi. Qo‘yayotgan spektaklimni shu siymolar ko‘rganda nima der ekan, deb xayoldan o‘tkazsang ish umuman boshqacha tus oladi. O‘ylashimcha, shoirlar “Agarda she’rimga Navoiyning ko‘zlari tushganda ne der edilar”, deya istihola qilganda edi, qanchadan-qancha she’rlar, yostiqday-yostiqday kitoblar yozilmagan bo‘lardi. Lekin hayotda bunday printsip bilan yashashni hammayam eplayvermaydi-da. Nima bo‘lgan taqdirdayam, Navoiylarni o‘zimizdan uzoqlashtirmasdan, yaqin do‘stdek qabul qilish, ular bilan suhbatlashish kerak. Chunki olam hali tugagani yo‘q. To‘rt-besh asr dunyo uchun hech narsa emas.
* * *
DO‘ST, hamroh axtarayotganda o‘y-fikrlaringga mos odamni izlaysan. Do‘stlik doim bir xil maqomda ketmayotgani uchun birov birovdan xafa bo‘lishi o‘rinsiz. Sadoqatsizligu oqibatsizlikda ayblash o‘ta jo‘n qarash. Hayotning o‘zi shu. Qaysidir do‘stlar chiqib ketadi-yu, o‘z-o‘zidan boshqalari kirib keladi. Chunki hayot o‘zgaradi, fikringiz o‘zgaradi. Do‘stlikni asrab qolish qiyin. Ikkala tomon ham tengma-teng ruhiy harakatda bo‘lgandagina bu munosabat uzoq davom etishi mumkin.
Bir odamdan “Sening dushmaning qancha”, deb so‘rashganda, u “Muvaffaqiyatlarimni ikkiga ko‘paytiring, o‘shancha chiqadi”, deb javob bergan ekan. Xudoga shukr, men ham ko‘rdim… Ularga javob — faqat spektakllar. Axir, ko‘chaga chiqib, duch kelgan har kimsaga undog‘ emas, bundog‘ edi, deb chaynalib yurolmaysiz-ku… Bilasizmi, gulni nima go‘zal qiladi? Uning rangimi? Yo‘q, gul tikani bilan go‘zal. …Bir hofizni bilardim, ko‘zi ojiz, yuzi cho‘tir edi. Ey, xudo, odam degani ham shu qadar ko‘rimsiz bo‘ladimi, deb o‘ylaysiz. Lekin kuylaganda u kishidan go‘zali yo‘q edi. Odamni ishiga bo‘lgan munosabati go‘zal qiladi. Go‘zallikka baho beradigan paytda, odatda taqinchoqlaru bashang liboslar odamni go‘zallashtiradi, deb o‘ylaymiz. Aslida esa ortiqcha bezaklar ayol husniga soya soladi. Tabiiy jozibani yo‘qotadi. Libos insonni emas, inson libosni bezashi kerak.
* * *
YIG‘I — Olloh ne’mati. Qaysidir bir yozuvchi aytgan, agar odam yig‘lamasa, ko‘z yoshi bilan chiqib ketadigan tuzlar uning yuragini qoplab, yurak tuzga aylanib qoladi, deb. Shu uchun ham ko‘zyoshi sho‘r. Yig‘i bilan yig‘ining farqi bor. Agar siz sahnadagi Hamletga hamdard bo‘lib yig‘lasangiz u yig‘ining kuchi boshqa. Undagi yig‘ini o‘z yig‘ing bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Siz dunyoni qay darajada idrok qilyapsiz, bu yig‘ingizning kuchida va uni qanday ifodalayotganingizda ko‘rinadi. Bilmadim, men insonning yig‘isi bilan intellektini bir-biridan ayro ko‘rolmayman. Tafakkur to‘lqinlantirgan qalb tug‘yonining qadri bo‘lak.
Qaysidir yil olimpiadada yapon qizlari amerika qizlariga futboldan boy berdi. Futbolni sharhlayotgan bolalar bir-biridan “Qara-chi, yaponlar yig‘lashyaptimi”, deb so‘raganda ikkinchi sharhlovchi “Yo‘q, yaponlar yig‘lamayapti”, deb javob berdi. Vaholanki, yaponlarning ichki yig‘isi nihoyatda kuchli. Boshiga baxtsizliklar tushganda ham birorta kadrda dod-voy solib, sochlarini yulgan yaponni ko‘rmadik. Yig‘ining sifati ham millatning xarakteriga bog‘liq.
* * *
SAN’AT ham tariqatga o‘xshaydi. Masalan, Naqshband ta’limoti haqida huda-behuda gapirganing sari, u sendan o‘shancha uzoqlashib ketaveradi. Faqat san’atkor gapirishi mumkin bo‘lgan xos fikrlar bor, hamma ham emas… Bir odamning kitobini ko‘rib qoldim. Kitob ichida onasi, bolalari, ayoli, do‘stlarining rasmi bor. Suratlarga qarab turib, bu bechoralarning aybi nima ekan, deb o‘ylab qoldim… Bir uyum qog‘oz ichiga kirib olib, “mo‘ltirab turish”ga nima majbur qildi? Ollohning o‘zi kechirsin-u, nondan ko‘ra kitobni ulug‘ deb bilaman. Kitobga nihoyatda ehtiyotkorlik bilan qarayman. Hatto tez-tez bir fikr boshimda aylanadi, shunaqangi yaxshi kitobki, uni yomon odam qo‘liga olsa, harflari yo‘q bo‘lib qoladi. Botilga o‘zini o‘qitmaydi. Asarning o‘zi u kimsaning ko‘ksidan itaradi… Hayron qolaman, qanday qilib odam o‘zi haqida yozadi? “Men falon ishni qilganimda… Falonchiyev barakalla deb yelkamga qoqib qo‘ygan edilar. Obbo, man-e, qoyil o‘zimga…” O‘ziga erish tuyulmasmikan? Tarjimai holni umrimda bir marta yozganman, to‘rt qatordan oshmagan. Yana siz, “Kitob yozmaysizmi” deb so‘rayapsiz? “Hey, o‘pkangni bosib ol, sen kimsan o‘zing? Odamlar sening “shonli yo‘ling”ni o‘qishga shu qadar muhtojmi?” degan ichki ovoz bu “orzu”ni hech yaqiniga yo‘latmaydi.
Iqbol Abdurazzoq qizi yozib oldi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 23-son