O‘zbekiston xalq ustasi, taniqli zargar Fasihiddin Dadamuhamedov bilan suhbat
– Sohibqiron bobomiz va ul zoti muborakning farzandlari nazari tushgan osori atiqalar juda kam saqlanib qolgan. Har holda, orada qariyb yetti asrlik masofa bor. Avvalo, Amir Temur muhrli uzugining topilish tarixi haqida gapirib bersangiz. Zero, Siz o‘sha osori atiqani ko‘rish va o‘rganish uchun Amerikagacha borib kelganingizdan xabarimiz bor.
– Bu tarix – juda uzun va g‘aroyib. Hatto ishonish ham qiyinroq. Ta’kidlashim shartki, men tarixchi ham, jurnalist ham, san’atshunos ham emasman. Ammo hunarmand usta sifatida o‘zim niyat qilgan xayrli ishga qo‘l urishdan avval ko‘plab kitoblarni varaqlab chiqdim. Ommaviy axborot vositalarida ayni masalada e’lon qilingan materiallarni sinchiklab o‘rgandim. Quyida aytadiganlarim ana shu o‘rganishlarimdan tug‘ilgan fikrlar va olingan ma’lumotlardir.
“Jahon adabiyoti” jurnalining 2006 yil 2-sonida mazkur masalada chop etilgan maqolada qayd etilganidek, Amir Temurning bebaho uzuk-muhri haqidagi ilk ma’lumotlar o‘tgan asrning so‘nggi choragida avval Afg‘oniston, Turkiya, so‘ng G‘arb matbuotida paydo bo‘la boshlagan. Vatanimiz istiqlolga erishib, Sohibqiron bobomiz o‘zlari asos solgan va bunyod etgan saltanati – mustaqil O‘zbekiston davlatiga muzaffarlik oti va ulug‘vor nomi bilan qaytgach, respublikamizning davriy nashrlarida ham bunday materiallarni topish, aniqlash va chop etish imkoniyati tug‘ildi.
Muarrixlarning shohidlik berishicha, 1965 yili Afg‘onistonda islom dunyosining atoqli mutasavvufi, hirotlik Xoja Abdulla Ansoriy tavalludining ming yilligi oldidan qadimiy qo‘lyozmalarni o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjuman tashkil etiladi. Afg‘onistonning o‘sha paytdagi hukmdori Muhammad Zohirshoh anjuman ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, Sulton Husayn Boyqaro va Mir Alisher Navoiy qabrlarini ochish yangi ilmiy tadqiqotlar uchun yaxshi manbaa bo‘lishini ta’kidlaydi. Shohning qaroriga binoan bir guruh xorijiy ekspertlar ishtirokida hay’at tuzilib, nomlari qayd etilgan ulug‘ boblarimizning qabrlari ochiladi.
– Bunda bir sir, fitna borday. O‘tganlarning qabrlarini ochib, ruhlarini bezovta qilish musulmonchilikda shakkoklik hisoblanadi. Buning ustiga, nega endi, aynan Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning chekiga tushgan bu tahqirlanish?
– Afsuski, bunday shubha-gumonlarga borish uchun asoslar yo‘q emas. O‘ylab ko‘rilsa, aynan shu ikki ulug‘ zotning qabrlarini ochish uchun aslo ilmiy zarurat bo‘lmagan. Shunga qaramay, Zohirshoh xalqaro anjuman bahonasida ayni ishga qo‘l urgan. Ushbu nojoiz qadamni qo‘yishga shohning ko‘ngliga nafs balosi qutqu solganligi uning keyingi qadamlarida seziladi.
Albatta, shoh ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelgan, aslan Sohibqironga tegishli bo‘lgan muhr haqidagi rivoyatlarni eshitgan, shuningdek tarixiy qo‘lyozmalarda
Husayn Boyqaroning shu uzuk bilan ko‘milgani haqida o‘qigan ham bo‘lishi ehtimoldan holi emas.
Shunday tarixiy asarlardan birini bunga misol sifatida keltirish mumkin. Qobullik tarixchi Mir G‘ulom Muhammad G‘ubor «Afg‘oniston tarix silsilasida» (“Afg‘oniston dar masir tarix”) kitobida Amir Temurning o‘z farzandlariga vasiyatnomasi, shuningdek muhri, oti va qilichi haqidagi ma’lumotlarni keltirib o‘tgan.
Muhammad G‘ubor o‘z tadqiqotida qayd etishicha, Amir Temur vafoti oldidan oti va muhrli uzugini Hirotdagi suyukli o‘g‘li Shohruh Mirzoga vasiyat qilgan va bunga Mironshoh, Saroymulkxonim, Amir Shohmalik va Amir Shayx Nuriddin guvoh bo‘lgan.
Zohirshohning qadimiy qabrlarni ochtirishdan asl maqsadi bebaho muhrni qo‘lga kiritish bo‘lgan. Xalqining, xalqaro hamjamiyatning ko‘z o‘ngida, o‘z davrida va kelajak avlodlar nazarida ham, bir uzuk uchun Sulton Husayn Boyqaroning ruhini bezovta qilibdi degan malomatdan himoyalanish maqsadida ilmiy anjumanni sabab-bahona qilib ko‘rsatgan.
Sulton Husayn Boyqaro qabrining ochilishida ishtirok etgan hay’at a’zolari marhumnnig chap qo‘li ko‘rsatgich barmog‘idagi g‘aroyib muhr-uzukka ko‘zlari tushadi va mazkur noyob topilma, kutilganidek, shohga hadya qilinadi.
Muhr Zohirshohda 1973 yilga qadar saqlangan. Ammo, shoh Italiyaga rasmiy tashrif bilan borganida, uning jiyani Muhammad Dovud saroyda to‘ntarish qilib, Afg‘oniston taxtini egallaydi.
Ommaviy axborot vositalarining xabarlariga qaraganda, Rimda muxojirlikda kun kechirishga majbur bo‘lgan Muhammad Zohirshoh 1974 yili xiyonatkor jiyaniga quyidagi mazmunda maktub yo‘llaydi: “Mening ish joyimda Sulton Husayn Boyqarodan qolgan bir dona nodir qo‘lyozma hamda bir dona qimmatbaho uzukni huzurimga yuborsangiz bas. Menga boshqa mulku davlat kerak emas. Sizga hurmat va ehtirom bilan Muhammad Zohirshoh. Rim, 1353 hijriy-shamsiy yil, 7 javzo».
– Savol tug‘iladiki, Husayn Boyqaro nega barmog‘idagi muhrli uzuk, buning ustiga, Sohibqironga tegishli buyum bilan dafn etilgan? Bu ahli islomga xos bo‘lmagan odat-ku?
– Bunday savollarga javobni yana muarrixlarning asarlaridan topish mumkin. Xususan, Temuriylar tarixining bilimdoni Ali Fayziyning «Husayn Boyqaroning sirli vafoti» risolasida bu haqida ayrim ma’lumotlarni o‘qish mumkin.
Risolada Sulton Husayn Boyqaroning harbiy yurishga otlanishi va yo‘lda, Bobo Ilohiy mavzeyiga yetganda, qo‘shinini yurishdan to‘xtatishga qaror qilgani, bunga sabab Sultonning bexosdan ahvoli og‘irlashib, tusatdan vafot etgani darj etilgan.
Husayn Boyqaroning kutilmagan o‘limi avomdan sir tutilib, jasadi o‘sha yerning o‘zida tuproqqa beriladi. Dafndan oldin, harchand harakat qilsalarda, hukmdorning qo‘lidagi uzukni yechib ololmaydilar. Ayrimlar barmoqni kesishni taklif qiladi. Ammo ulamolar bunga rozilik bermaydi. Shunday qilib, uzuk Sulton Husayn Boyqaro
bilan ko‘miladi.
Osori atiqalar bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislardan ba’zilari uni Amir Temurning uzugi desalar, ba’zilari, Sulton Husayn Boyqaroning shaxsiy mulki, deb hisoblaydi. Olimlar va tadqiqotchilarning qanday fikrda ekanligidan qat’i nazar, Temuriylar davlatining muhri sifatida, u xalqimiz, Vatanimiz tarixidagi eng noyob va bebaho boyliklardan biridir.
– Darvoqe, afg‘on elining o‘sha paytdagi sobiq va amaldagi shohlarining yozishmalariga qaytaylik. O‘rtada boshlangan talashuv-tortishuvda kimning qo‘li baland kelgan? Tog‘asiga vafo qilmagan jiyan – Dovudshoh nahotki, shunday bebaho buyumni Zohirshohga osongina berib qo‘ygan bo‘lsa?
– Keyingi voqealarni so‘rsangiz, o‘tkir syujetli detektiv filmlarni eslatadi. Birovning mulki boshqaga buyurmaydi. Tog‘a-jiyanning yozishmalari davom etayotgan paytda Qobuldagi shoh saroyining bosh qo‘riqchisi, general Muhammad Ziyo uzukni o‘g‘irlab oladi va xorijga qarab juftagini rostlaydi. Shunday qilib, topilma Nyu-Yorkdagi “Metropoliten” muzeyida paydo bo‘ladi.
– To‘g‘risini aytganda, bu tarixiy voqeadan ham ko‘ra, ko‘proq badiiy to‘qimaga o‘xshab ketadi… G‘aroyib film ishlasa ham bo‘ladi.
– Gapingizda jon bor. Toki temuriyshunos olimlarimiz Sohibqiron va uning avlodlari hayoti va faoliyati bilan bog‘liq bunday voqealarni ilmiy jihatdan asoslab yoki rad etib bermas ekan, ayni faraz ham yashashga haqli, deb o‘ylayman. Aytilganlariga qo‘shimcha sifatida yana bir olimning asaridan iqtibos keltirmoqchiman. Filologiya fanlari doktori, professor, taniqli sharqshunos Ahmadjon Quronbekov «Amir Temur hayoti hikoyalari» kitobida shunday yozadi: “Men, Amir Temur, yigirma bir yoshimda qutbil aqtob Zayniddin Abubakrga irodat qo‘limni berdim. Shayx kamarimni shohlik yog‘dusi bilan bog‘ladilar. O‘z bosh kiyimlarini boshimga qo‘ydilar va aqiq ko‘zli bir uzuk berdilar, uning ko‘zida «Rosti rusti» (“Kuch – adolatda”) so‘zlari naqsh qilingan ekan. Dedilarki, yaqin kunlarda davlat tongi yorishadi, mening ko‘nglimga ayon qilindiki, Muhammad avlodidan bir kishi senga madadkor bo‘ladi, hozir uni ko‘rishing ma’qul emas, keyinroq ko‘rasan”.
Ayrim manbalarda qayd etilishicha, Sohibqironning qimmatbaxo toshlar bilan bezatilgan oltin qilichi Eronning Mashhad shahridagi muzeyda, salobatli sovuti esa Turkiyada, «Temur tuzuklari» va Mirzo Ulug‘bekning «Zijji Jadidi Kuragoniy» asarlarining asl nusxalari Frantsiyadagi Rotshild muzeyida saqlanib kelinayotir.
Shu o‘rinda Amir Temurning vafotidan so‘ng uzuk kimlarning qo‘liga o‘tgan va qay holda saqlangan? So‘ng qanday qilib Sulton Husayn Boyqaroning qo‘ligacha yetib borgan? (Etib borgani rost bo‘lsa, albatta!) Bunday savollarga ham hali ilmiy asoslangan javoblar yo‘q.
– Endi hozirgi zamon o‘zbek zargarlarining “sargo‘zashtlari”ga qaytsak?
– Bunda hech bir sargo‘zasht yo‘q. Boriki, ilm, mehr, izlanish, sabr-toqat va zahmat. Kasbimiz-hunarimiz talab qiladigan burchu vazifalar. Shu o‘rinda bir gapni alohida ta’kidlagim keladi. Xalqimizning boy tarixi, buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi bilan bog‘liq ne-ne osori atiqalar butun dunyo bo‘ylab sochilib ketgan. Ularni topish, ilmiy asosda o‘rganish, iloji bo‘lsa, asl holicha Vatanimizga qaytarish – bugungi istiqlol farzandlarining muqaddas burchidir. Biz, hunarmand-ustalarning Amir Temur muhrli uzugining nusxasini yaratish borasidagi sa’y-harakatlarimizni ana shu yo‘ldagi bir urinish deyish mumkin.
Aslini olganda, mamlakatimizdagi va xorijdagi ko‘plab muzeylarda saqlanayotgan ne bir bebaho topilmalar yurtimizda, ayniqsa, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Xiva, Qo‘qon, Shahrisabz kabi qadimiy shaharlarimizda zargarlik san’ati azaldan yuksak rivoj topganidan dalolat berib, jahon ahlini bugun ham hayratga solib, havasini qo‘zg‘ab kelmoqda. Ularda davr muhiti, har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlari, an’analari o‘z in’ikosini topgan.
– Sohibqiron va temuriylar davri asl zargarlik buyumlarining o‘ziga xos jihatlari nimalarda ko‘rinadi?
– O‘n uchinchi-o‘n to‘rtinchi asrlargacha asl zargarlik buyumlarida ko‘proq jonivorlar shaklidagi bezaklar tasvirlangan bo‘lsa, keyinchalik ularning o‘rnini arab imlosidagi rang-barang kompozitsiyalar egallagan. Ayni yozuvlar bir tomondan naqsh vazifasini o‘tagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, katta ma’no-mazmun kasb etgan. Bunday yuksalishga aynan Amir Temur va temuriylar davrida asos solingan.
Rossiyaning Sankt-Petrburg shahridagi Ermitaj davlat muzeyida saqlanayotgan temuriylar davriga oid zargarlik buyumlaridan ikkita muhrli uzukning nusxasini yaratish bizning mazkur yo‘nalishdagi ilk izlanishlarimiz sirasidan. Ulardan birinchisi Shohruh Mirzoning sevimli rafiqasi Gavharshod begimga atab asl sariq oltindan Hirotda yasalgan. Bodom nusxa qimmatbaho yashil yashma tosh o‘rnatilgan ko‘zxonasi o‘ttiz tishli. Toshga “Gavharshod binti G‘iyosuddin Tarxon” so‘zlari va uzuk yasalgan sana – hijriy “802” yil o‘yib yozilgan. Uning uzuk qismi – barmoqqa taqiladigan tilla baldog‘i bizning davrimizgacha yetib kelmagan.
Eronlik zargarlar mehnatining mevasi bo‘lmish ikkinchi muhrli uzuk Sohibqironning uchinchi o‘g‘li Mironshoh Mirzoga tegishli. Bodom nusxa to‘q yashil yashmadan iborat. Qimmatbaho toshga “Amirul-umaroi Ozarboyjon Mirzo Mironshoh bin Sohibqiron Amir Temur Ko‘ragon” so‘zlari va “725” raqami o‘yib yozilgan.
Ushbu osori atiqalar nafaqat temuriylar davri hunarmandchiligining noyob namunalari, balki o‘z zamonasining muhim ahamiyatga ega hujjatlarini tasdiqlovchi yuksak qudratga ega muhrlar hamdir. 2011 yili biz, hamkasbimiz Mehriddin Xoliqov bilan birga ulardan nusxa olib, yurtimizda qayta yaratish sharafiga muyassar bo‘ldik. Muhrli uzuklar Temuriylar tarixi davlat muzeyidan joy oldi.
– Ularni yangidan, buning ustiga, qimmatbaho toshlardan yasash oson bo‘lmagandir? Arabiy yozuvlar, timsollar, shakllar, raqmlarni danakdek toshga o‘yish, yozish… Aytishga oson!
– Ochig‘ini aytsam, ikkilangan, qo‘limiz titragan paytlar ham bo‘ldi. Ammo intilganga tole yor. Zargarlik, umuman, hunarmandlik juda katta sabr toqat talab qiladigan g‘oyat mayda ish. Sizga ishonib topshirilgan falon millionlik toshni sindirib qo‘ysangiz nima bo‘lishini tasavvur qiling. Tovon to‘lashga bir umr topgan-tutganingiz yetmaganidan tashqari, nomingiz tavqi la’natga qoladi. Jarroh ko‘zni operatsiya qilar ekan, deyarli har gal bir xil harakat va amaliyotni bajaradi. Chunki hamma odamning ko‘z tuzilishi, tomirlari, asab tolalari qariyb bir xil. San’atkor zargarning ishi esa deyarli betakrordir. Qimmatbaho toshlar, deylik, olmos, zumrad, yashma, feruza, durni butlash yoki kavsharlashning hech iloji yo‘q. Toshga tegishli shakl berish, muayyan yozuv, tasvir yoki timsollarni tushirish uchun necha bor uni qo‘lga olish, o‘lchash, chamalash, yo‘nish, o‘yish, silliqlash, pardozlash lozim. Bunday o‘ta nozik ishga qo‘lga urishdan avval qimmatbaho toshlarning o‘ziga xos kimyoviy xossa-xususiyatlarini o‘rganish, bilish zarur. San’atkor zargarlar, avvalo, eng yaxshi kimyogar, fizik va matematik hamdir. Shuning uchun bu kasbning etagini tutganlarga oliy va o‘rta ta’lim muassasalarida, boshqa ilmlar qatorida, kimyo, fizika, geometriya, rangtasvir, biologiya kabi fanlar ham puxta o‘rgatiladi. Zargar o‘z ishida necha xil kislota, qay xil tuz va qanday qo‘rg‘oshindan foydalanishni bilishi kerak-da.
– Temuriyzodalarning muhrli uzuklarini yangidan yasash uchun Siz shogirlaringiz bilan ishni nimadan boshladingiz?
– Ulamolar, tarixchi olimlar, hattotlar bilan muloqotdan boshladik. Chunki, muhrlarga o‘yilgan qadimiy bitiklar, shakllar va timsollarning tarixi va mazmun-mohiyatini puxtaroq bilishimiz darkor edi.
– Sohibqironning uzugi-chi? Uzoq Amerikaga borish va Metroplitendek nufuzli muzeydagi qimmatbaho eksponatni o‘rganish oson kechmagandir?
– To‘g‘ri aytasiz. Bunday ishlar, odatda, davlatlararo kelishuv asosida amalga oshiriladi. Biz esa muzeyga el qatori – oddiy tomoshabinlar sifatida kirdik. Muhrli uzukni suratga oldik. O‘zimizcha taxminlar, farazlar qildik. Hozircha, olib kelgan suratlarimizni mutaxassislar bilan o‘rganish jarayoni davom etmoqda.
Umid qilamanki, umid nima, qat’iy ishonamanki, vaqti kelib, Vatanimizning boy tarixi, buyuk ajdodlarimizning bunyodkorlikka yo‘g‘rilgan hayoti va ijodi bilan bog‘liq bunday bebaho osori atiqalar qatorida, Sohibqiron bobomizning va u zoti muborakning avlodlariga tegishli muhrli uzuk hamda boshqa asl buyumlar mustaqil mamlakatimizga qaytariladi. Milliy muzeylarimiz xazinasidan joy oladi.
Qulman Ochilov suhbatlashdi.
“Hurriyat” gazetasi, 2018 yil.