Sharof Boshbekov: “Dramaturgiyada yosh dramaturg bo‘lmaydi” (2009)

http://n.ziyouz.com/images/sharof_boshbekov.jpgBugun biz xalqimiz necha asrlardan buyon orzu qilgan hurriyat zamonida yashayapmiz. Ozodlik tuyg‘usi qalblarni nurafshon etsa-da, lekin insoniy muammolardan haligacha xoli bo‘lolganimiz yo‘q. Xo‘sh, bugungi erkin odam o‘z hurligini yeb-ichish, mol-mulkka rujo‘ qo‘yib yashash deb biladimi yoxud o‘z kelajagi, xalqining kamoloti yo‘lida sarf qiladimi, degan azaliy muammolar adabiyot va san’at oldiga ham yuksak vazifalar qo‘ymoqda. Chunonchi, har qanday davrda ham ijodkorlar va san’atkorlar millat taqdirini o‘ylovchi ma’rifat fidoyilari bo‘lishgani barchamizga ayon. Shunday ekan, bugun dramaturgiya sohasida yaratilayotgan sahna asarlari insonga qanday ma’naviy ozuqa bermoqda, degan tabiiy savol tug‘iladi.

Taniqli dramaturg Sharof Boshbekov bilan bo‘lib o‘tgan suhbatimiz mavzusi ham asosan, bugungi kun dramaturgiyasining ahvoli, ijodning mashaqqatli va ezgu vazifalari, eng asosiysi, ma’naviy hurlik haqida bo‘ldi.

– Sharof aka, adabiyotning asosiy ta’sir maydoni – ko‘ngil hisoblanadi. Ma’lumki, mustabidlik tuzumi davrida ko‘ngil tili bilan so‘zlashgan, ko‘nglidagini qog‘ozga tushirgan ijodkorlarga oson bo‘lmagan. Qalamingizga mansub «Temir xotin» asarini olaylik, garchi u hazil-mutoyibaga boy bo‘lsa-da, «hammaning boshidan kechirilgan dard»ga o‘xshaydi. Shodlikdan tug‘ilgan, kadardan yaralgan bu asar bolaligingiz bilan bog‘liq xotiralarni ham eslatib tursa kerak…

— Avvalo, adabiyotning o‘tkinchi qonuniyatlarga buysunmasligi har qanday ijodkorga cheksiz qoniqish bag‘ishlaydi. Dunyoda faqat adabiyotgina ko‘ngildan to‘kilgan sof tuyg‘ularni mangulikka muhrlaydi. Qalbimga ijod zavqini solgan bolaligim Bulung‘ur tumanidagi go‘zal qishloqlarning birida kechgan. Tug‘ilgan joyimni juda yaxshi ko‘raman. Mustaqillik sharofati tufayli barcha qishloqlarimiz shahardan qolishmaydigan darajada o‘zgarayotgan bo‘lsa-da, bolaligimizda yelib-yugurgan qing‘ir-qiyshiq, chang-to‘zon ko‘chalar, ba’zi hovlilarning paxsa devorlari haligacha ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Men ham Samarqand shahridagi Amir Temur va temuriylar davrida bunyod etilgan ko‘hna imoratlarga boqib, necha kun xayol og‘ushiga cho‘mganman. Buyuk astranomik olim Mirzo Ulug‘bek qurgan rasadxona qarshisida turib, samodagi yulduzlarni kuzatganman. Shunda bu zaminning bebaho tarovati va samimiy, sodda odamlarining betakror xislatlarini his etib, ulug‘ amirlar, olim-u, fozillarning bu yurtga o‘zgacha mehr qo‘ygani bejiz emasligini anglaganman. O‘zgan asarlarimdagi ko‘pgina voqealar va qahramonlarni ham ana shu qishloqda ro‘y bergan hodisalardan, dilga yaqin suhbatdoshlarning fe’l-atvoridan olganman. «Temir xotin» dramasini yozishimga ana shunday bolalikda boshdan kechirgan xotiralarim sabab bo‘lgan.

Kechagidek yodimda… U paytlari erkinlikka moyil bo‘lgan har bir odamning har qadami kuzatilgan, qalbidagi gaplarni ochiq-oydin aytgan vatandoshlarimizning ko‘pchiligini surgun qilib yuborishgan. O‘shanda hokimiyat hamma joyda hozir-u, nozirligini amaldorlarning nazorati yordamida bildirib turardi. Xalq o‘z yurtida qo‘rquv va tahlikada yashagan paytda paxta qayg‘usi hayot-mamot masalasidan ham muhim bo‘lgan. Agar onam dalaga bir kun chiqmasa, tong sahardan uyimizga kolxozning oddiy brigadiri kelib, ot ustidan tushmay, onamga do‘q-po‘pisa qilgani, paxta ishi joniga tekkan volidam uning kechirishini so‘rab, oyog‘iga tiz cho‘kkan paytlari bo‘lgan. Shunda otam bunday xo‘rliklarga chidolmay, brigadirni otib tashlayman, deya necha bor qo‘liga miltiq olgani hanuzgacha ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. O‘shanda bunday kamsitilishlar va xo‘rliklarga chidolmay, qancha o‘zbek xotin-qizlari o‘ziga o‘t qo‘yishdi.

«Temur xotin»dagi Qumri obrazi dunyoga kelib, faqat dala-dasht, ro‘zg‘or, bola-chaqam deb umrini o‘tkazgan onamning timsoli bo‘lsa, Qo‘chqor esa farzand­lari ko‘p, og‘ir mehnatdan ezilgan, tashvishi ko‘p bo‘lsa-da, beg‘am qishloqdoshlarimning yorqin qiyofasi edi. Olimjon obrazi xalqning boshidan kechirayotgan qiyinchiliklarini ko‘rib, beparvo yasholmagan, hech bo‘lmasa o‘zining ixtirosi bilan odamlarni tashvishga solayotgan muammolarni yengillatishga uringan ma’rifatli o‘zbek ziyolilarining hayotidan olingan. Asardagi bosh­qa qahramonlar – Saltanat va Alomatxonning ham o‘z o‘tmishi bor.

– «Eshik qoqqan kim bo‘ldi?» yoki «Taqdir eshigi» asarlaringiz ham kulgili, lekin o‘rinli iboralarga boy va o‘ziga xos xarakterga ega. Keyingi yozgan ssenariylaringizda esa komediyadan ko‘ra jiddiylik hukmrondek ko‘rinadi. Buning boisi nimada?

– Odam yoshlikda muhabbatni ehtiros bilan kuylasa, yoshi ulg‘aygach, ona-Vatan, mehr-oqibat haqida kuylaydigan bo‘lib qolarkan. O‘sh o‘tgan sari esa bu dunyoning sir-sinoatini anglash uchun Yaratganning cheksiz mehr-muhabbati haqida o‘ylab yozarkan. Meni ham bugun ruhiyatimda va davr ostonasida tug‘ilayotgan jiddiy muammolar qiynaydi. Ko‘pincha rejissyorlar menga kassabop, yaxshi komediyalar yozib bering, deya qistashadi. Lekin ularning dardi boshqa, mening dardim boshqa. Bugun yozganlarimni yana bir nazardan o‘tkazsam, avval sezmagan yoki tan olmagan kamchiliklarim endi ko‘zga tashlanadi. Buning boisi sho‘ro davrida bizni institutda rus tilida o‘qitishgan. U paytda Navoiy, Fuzuliy, Rumiy kabi ulug‘ ijodkorlarning ijodini emas, rus adib va shoirlarining ki­toblarini o‘qigan kishi davrning eng ziyolisi hisoblanardi. Ko‘pchilik ruscha gaplashar, ruscha fikrlab yozardi. O‘zim ham birinchi asarim «Taqdir eshigi»ni ruscha fikrlab, o‘zbek tilida yozganman. Hozir o‘sha qo‘lyozmaga nazar tashlasam, asarda o‘zbekona lutfga, hikmatlarga boy iboralar va naqllar ishlatilmagani sabab jumlalardagi g‘alizliklarni ko‘rib, uyalib ketaman. Lekin «Eshik qoqqan kim bo‘ldi?» asarining badiiy saviyasi o‘zimni qontiqtiradi. Unda davrning gapi va muammolarini jiddiy ochib berishga harakat qilganimdan xursand bo‘laman.

Ijodiy faoliyatimda Mashrab Boboyevning ijodi katta rol o‘ynagan. O‘zganlarimni ustozning qo‘liga tutsam, erinmasdan o‘qib, menga faqat kamchiliklarini aytardi. Yutuqlarini esa ortimdan boshqa davralarda gapirib, oramizdan yaxshi dramaturg chiqayapti, uni qo‘llab-quvvatlash kerak, degan fikrlarni ham bildirib qo‘yarkan. O‘sha paytda ijod erkinligi haqida gapirishning iloji bo‘lmasa-da, lekin ijodkorlarning vijdoni uyg‘oq edi. Qahramonlarining hayoti va qismatiga hech kim loqayd bo‘lmagan. O‘zim ham ijodga sho‘ng‘iganimda, qalam bilan emas qalbim bilan yozishga harakat qilaman. Chunki sahnaga ko‘chgan asardagi har bir so‘z ma’lum vaqt tomoshabinlarning qalbida o‘z hayotini, taqdirini, xizmatini o‘taydi.

– Sizni adabiyot bilan bab-baravar teatr hayotiga ham yaqinsiz, desak yanglishmaymiz. Hozir barcha teatrlarning chinakam sahna asarlariga va tomoshabinga tashnaligi shundoqqina sezilib turibdi. Shuning uchun (zamonaviy o‘zbek kassabop filmlar misolida) ham mazmuni ko‘proq qiziqarli voqealarga asoslangan asarlarga murojaat qilinmoqda…

– Talant – xalq mulki, degan gap bor. Bu haq gap. Xalqimiz buyuk talantlarni suyagani uchun ham hurriyatli kunlarga erishdik. Endi bizni kundalik tashvishlar «tegirmoni» yanchib, ezib tashlamasligi uchun adabiyot va san’atning kuch-quvvatiga suyanishimiz kerak. Yaxshi asarlarning esa har doim xaridori topiladi. Haqiqiy kitobxon va san’atsevar hozir ham kitob o‘qishni yoki teatrga tushishni kanda qilmaydi. Ammo tan olib aytish kerakki, bugun davrimiz talabiga javob beradigan yaxshi pesalar teatr sahnasida kam ko‘rinayapti. Bu ahvol teatr repertuarining shakllanishini qiyinlashtirmoqda. Adabiy jarayonni muntazam kuzatib boraman. Keyingi yillarda yosh dramaturglarning nomi ko‘zga kam tashlanmoqda. Teatr dramaturgiyasining oqsayotgani haqida ko‘p gapirilayapti. Chunki kuchli xarakterlarni ko‘rsatuvchi spektakllar yo‘q. Ekranlashtirilayotgan pesalarimiz hayotdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirilgan voqealarga asoslangan bo‘lib qolayapti. Axir, badiiy asar adabiyotning barcha talablariga javob berishi kerak. Hamma narsani jo‘n tarzda hayotiy qabul qilaversak, unda kino, teatrning nima keragi bor. Dunyoni deraza ortidan ham ko‘rib, tomosha qilish mumkin-ku. Ammo haqiqiy ijod, chinakam adabiyot va demakki, haqiqiy kino va teatr degani ham dunyoni shunchaki derazadan qarab tomosha qilish degani emasdir. Ha, to‘g‘ri ijod jarayonida yosh Yozuvchi, yosh shoirlar bo‘lishi mumkin. Lekin dramaturgiyada yosh dramaturg bo‘lmaydi. Ijodkor pesa yozish uchun adabiyotning ma’lum turlarida tajriba orttirgandan keyin dramaturgiyaga qo‘l urishi lozim, deb o‘ylayman. O‘zim ham birinchi pesamni 30 yoshimda yozganman. Shuning uchun asarlarini teatrga taqdim etishga jur’at topgan ijodkorlarga yosh deb baho bermasliklarini xohlardim. Ulardan ayni paytda insonni kamolotga yetkazadigan puxta asarlarni kutish kerak. Chunki har qanday Yozuvchining yozganlari kelajakka yo‘llagan maktubi bo‘ladi. Unda orzu-umidlari mujassam.

Demoqchimanki, quruq gapdan ko‘ra, masalani amaliy hal qilishga o‘tilsa yaxshi bo‘lardi. Masalan, Yozuvchilar uyushmasida yosh dramaturglarni tayyorlash masalasiga har doim alohida e’tibor berib kelingan. Uyushma atrofida har doim pesa yoza oluvchi mohir nosir va shoirlarning yig‘ilishi o‘tkaziladi. Endi bunday adabiy muloqotlar teatrlarda ham o‘tkazilsa, rejissyorlarimizning drama­turglar bilan jiddiy va uzluksiz ishlashiga imkon tug‘ilardi. Axir, yaxshi pesalar ko‘pincha teatrning o‘zida dramaturg, rejissyor, adabiy emakdosh, aktyor­lar hamkorligida yaratiladi. Ochig‘i, hozir bizni rejissura muammosi tashvishga solayapti. Respublikamiz teatrlarida rejissuraning umumiy saviyasi pasayib bormoqda.

– Ko‘pincha rejissyorlar bilan suhbatlashganimizda teatrlar munosib pesalar olmayotganidan tashvishlanishadi. Ammo ko‘plab Yozuvchi, jurnalistlar, hatto ijodga daxl­siz kishilarning ham ssenariy yozib, «asar»ini sahnalashtirishga harakat qilayotganiga guvoh bo‘layapmiz…

– Eng avvalo, sahna asarlarining badiiy saviyasi yuksak bo‘lishi kerak. Ammo to‘g‘ri aytdingiz, keyingi paytda, «tishsiz», «tirnoqsiz» pesalar ko‘payib ketayotgani sir bo‘lmay qoldi. Ba’zi hollarda esa sof dramaga to‘g‘ri kelgan qo‘shiqlarni tiqib, muzikali dramaga aylantirishga urinish hollari ko‘p bo‘layapti. Shu bois teatrda sahnalashtirilayotgan ayrim asarlar janr talabiga javob bermaydi. Masalan, kino san’atida avvallari tragediya, komediya, siyosiy satira degan turlar bo‘lardi. Hozir ekranlashtirilayotgan filmlarning ko‘pchiligida ana shu rang-barang­lik yetishmayapti. Bir necha didi past, saviyasiz rejissyorlar ssenariydan yoki o‘arb kinosi yo‘lidan borib, boshqacha usul bilan film ishlab, tomoshabinlarning e’tiborini qozonmoqchi bo‘layapti. Shuning uchun taqdim etilayotgan “san’at asarlari”ning mavzusi bir xil bo‘lib qolmoqda.

Menimcha, har bir Yozuvchining o‘z dunyosi, ruhiyati bo‘lishi kerak. Shunda yozganlarini kitobxon o‘z nuqtai nazari bilan tahlil qiladi. Ke­yin dramaturglar dramaturgiyani, tanqidchilar esa adabiyotni ham, spektaklni ham tahlil qilishsa, sahnadagi har bir ijodiy ish o‘z bahosini topardi.

Meni yana sahnadagi adabiy til muammosi juda tashvishga soladi. Aktyorlar o‘ynagan rollarida xohlagan shevada gapirishadi. Axir Toshkentda tug‘ilgan o‘afur o‘ulomdek akademik shoir ham adabiy suhbatlarda “men”, “sen” deb gapirardi. YOki Abror Hidoyatov, Nabi Rahimov kabi ulug‘ san’atkorlar ham doimo sahnada, intervyularida adabiy tilda so‘zlashgan.

Mustaqillik sharofati tufayli tilimizga alohida e’tibor berilib, davlat tili qabul qilindi. Endi lug‘atimizni quruq, ma’naviy yuki yo‘q, ajnabiy so‘zlar bilan emas, ma’noga boy o‘zbekcha so‘zlar bilan boyitishni ham o‘ylashimiz kerak. Lisonimizni o‘zimiz mukammal bilmasak yoki hurmat qilmasak, qanday qilib boshqalardan o‘zbekcha gapirishni talab qilamiz. Bu borada teatr dramaturgiyasida filolog-olimlarning ishtirok etishi foyda keltiradi, deb o‘ylayman. Masalan, zahmatkash olim Ozod Sharafiddinov adabiyotshunoslikdan tashqari teatr tanqidchiligi bilan ham shug‘ullangan.

– Avvallari teatr sahnalaridan jahonning klassik asarlari tushmagan bo‘lsa, bugun o‘zbek mualliflarining asarlarini sahnalashtirishga bo‘lgan ishtiyoq ortib bormoqda. Shu ma’noda bugungi san’at, xususan, dramaturgiya asarlarida zamonamizning qaysi mavzu yoki muammolarini aks ettirish kerak, deb o‘ylaysiz?

– Bir paytlar Cho‘lpon zabun ko‘ngliga qarata: «… ki sen ham hur tug‘ulg‘onsen», deb xitob etgani qalbimni o‘rtagandi. Necha asrlardan beri xalqimiz boshidan qancha jaholat, zo‘ravonlik va turg‘unliklarni kechirdi. Mustaqillikdan oldin yaqinlarimizdan birortasi qazo qilsa, bobolarmiz yotgan joyga dafn etishga ham ruxsat berilmasdi. U davrda olti million «oq oltin» uchun kurashganlar, bo‘z yerlarni o‘zlashtirgan shaxslar «qahramon» deb hisoblangan.

Bugun esa kino, teatr san’atida ijod erkinligi bor. Bu jarayonga hech kim suqulib kirmaydi. Ana shunday imkoniyatdan unumli foydalanib, yaxshi asarlarni tomoshabinlarga taqdim etish mumkin. Bugun dramaturglar qatoriga Erkin A’zamov va boshqa iste’dodli insonlar kirib kelmoqda. Ularning asarlari mustaqillikning mevasi sifatida tomoshabinlar va munaqqidlar tomonidan ijobiy baholanmoqda. Lekin bugungi kun dramaturgiyasining mavzular ko‘lami torayib qolgandek tuyuladi. Vaholanki, turli mavzularda yozish uchun bizda manbalar ko‘p. Masalan, jadidchilik, mustaqillik davri qahramonlari hali to‘laligicha ochib berilmagan. Keyin mumtoz asarlarga ham kam e’tibor berayapmiz. Xususan, hazrat Navoiyga murojaat qilmay qo‘ydik. Xalqimizning yetuk Yozuvchilari Muqimiy, Oybek, o‘afur o‘ulom, Said Ahmad, Hamid o‘ulom asarlariga ham kam e’tibor berayapmiz.

Adiba Umirova suhbatlashdi

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).