Saodat Qobulova: “Men dunyoda baxtli ayolman!” (2007)

O‘zbekiston xalq artisti, professor Saodat Qobulovaning so‘nggi intervyusi

Musiqa san’atining cho‘qqisi opera haqida gap ketganda, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibasi Saodat Qobulova ko‘z oldimda gavdalanadi. Uning o‘zi yaxlit bir olam. Betakror ovozi bilan xalqning mehr-muhabbatini qozongan, sehrli qo‘shiqlari yuraklarni, dillarni hayajonga solgan xonanda hayotning mashaqqatiyu zahmatlarini Yaratganning “menga yuborgan inoyati” deb biladi. Buyuk orzu-maqsadlari yo‘lida har qanday qiyinchilikdan ortga chekinmay qo‘shiq aytishdan to‘xtamadi.

– Men dunyoda baxtli ayolman. Shunchaki yashamadim. Umrim mayda-chuyda narsalar bilan zoye ketmadi. Ijro etgan qo‘shiqlarimda yuragim urib turadi. Men uchun eng katta mukofot odamlarning ishonchi, – deydi muloyim tabassum bilan bugun 81 yoshni qarshilayotgan Saodat QOBULOVA.

– Teleekranda siz ijro etgan “Buxoro iroqi”, “Samarqand ushshog‘i”, “Saraxbori oromijon” yangraganda hali-hanuz xalqimiz sel bo‘lib tinglashadi, sizni eslashadi, sog‘inishadi. Saodat opa, ayni paytda nima yumushlar bilan bandsiz?

– Kechagina Alisher Navoiyning “Siroj-ul-muslimiyn” kitobini o‘qib tugatdim. Hozir Atoyini o‘qiyapman. Ruhim ancha tetik. Haftaning chorak kunida ustozlarimdan olgan saboqlarimni konservatoriyada tahsil olayotgan talabalarga o‘rgatib kelmoqdaman. Ustozlik faoliyati zargarlik san’atidan ming chandon nozikroq va murakkabroq ekan. Xonadonimizdan shogirdlarimning oyog‘i uzilmaydi. Eng muhimi – qizlarim, nevara va evaralarim qurshovida kun qanday o‘tayotganini sezmay qolaman.

– Opera nihoyatda murakkab san’at. Bu cho‘qqini zabt etish uchun juda katta fidoyilik talab qilinadi. O‘zbekning ustoz san’atkori darajasiga yetishishingizga kimlar turtki bo‘lgan?

– Otam rahmatlikni “Qobuljon sartarosh” deyishardi, chiroyli dutor chalardi. Hatto Marg‘ilonda orkestr jamoasi tuzishgan. Birinchi bo‘lib o‘sha jamoada Habibiyning “Mujg‘onlaring” g‘azalini ijro etganimda, tadbirga tashrif buyurgan o‘sha paytning rahbarlaridan biri o‘rnidan turib, meni tabrikladi:

– Barakalloh! Yaxshi qizim! – u Jo‘raxon Sultonov va Ma’murjon Uzoqov tomonga o‘girilib so‘zida davom etdi: — Men bu ovozni avval ham eshitganman. Lekin eslolmayapman. Ha, aytgandek, bahorda bo‘lib o‘tgan Toshkentdagi maktab o‘quvchilari ko‘rigida qatnashmaganmidi?

– Qatnashgan, – javob berdi Jo‘raxon Sultonov.

– Ha, esladim. O‘shanda ham shu ko‘ylakda edi, – kuldi katta rahbar. – Xo‘sh, mayli, demak, Jo‘raxon, bu qizga ustozlik qilasiz. Iste’dod — xalqning boyligi, uni bog‘bon noyob gulni parvarish qilgandek asrash kerak. Nega Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro davrlari hali-hanuz nur sochib turibdi. Ular buyuk iste’dodlarning qadriga yetganlar. Har bir qobiliyatli odamning kamolotiga yordam beringlar, – deb qat’iy tayinlabdi. To‘kis kiyinishim va o‘zimni eplab olishim uchun bir yigitdan ikki kiyimlik Marg‘ilon atlasi hamda qog‘ozga o‘ralgan pul berib yuborishibdi. Shu sabab bo‘lib, ustozlar ko‘magi bilan Chaykovskiy nomli Moskva davlat konservatoriyasida vokal ijrochiligi bo‘yicha tahsil oldim. O‘qish tugagach, oliygoh tavsiyasi bilan Muqimiy nomidagi musiqali drama teatriga ishga keldim.

– Demak, eng go‘zal operalarni Muqimiy nom­li drama teatrida ijro etgan ekansiz-da…

– O‘shanda teatrda vilo­yat­lardagi iste’dodlarni yig‘ilib, nihoyat darajada kuchli jamoa to‘plangandi. Lutfixonim Sarimsoqova, Tursunoy Ja’farova, Shahodat Rahimova, E’tiborxon Yusupova, Mahmudjon G‘ofurov, Mashrab Yunusov, Tamara Nazarova singari iste’dodlar bilan ishlash juda maroqli va mas’uliyatli edi.

Mening teatrda birinchi o‘ynagan rolim “Tohir va Zuhra”da Qamar va Xorazmshoh qizi Mohim bo‘ldi. Qamar Parpi hofizning qizi bo‘lib, mening otamni Jo‘raxon Sultonov o‘ynadilar. Keyinchalik Sobir Abdulla “Tohir va Zuhra” musiqiy dramasini yaratgach, Zuhra rolini ijro etdim. Undan tashqari “Maysaraning ishi”da Oyxon, “Zaynab va Omon”da Huri, “Zulmatdan ziyo”da Gulnor, “Marvarid izlovchilar”da Laylo partiyalarini kuyladim. Eng jozibali va hayajonli yaratgan obrazim dirijyor Muxtor Ashrafiy va rejissyor E. Xil’evich yordamida jilo berilgan Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyor” asari asosidagi “Dilorom” operasi bo‘ldi. Bu opera 1958 yil 5 fevralda birinchi marta sahnaga olib chiqilganida butun O‘zbekistonda katta bayram bo‘lib ketdi. Bir oyda besh-olti marta “Dilorom” operasi qo‘yilar, zalda bo‘sh joy bo‘lmasdi. Odamlar yo‘lakda o‘tirishardi. O‘shanda o‘zbek musiqa operasi jahonga tanilgandi. Xalqimiz 30 dan ortiq o‘zbek operasini bilishardi. Bugunga kelib esa, afsuski, ayrim yoshlar opera u yoqda tursin Saodat Qobulova kimligini ham bilmasligi mumkin.

– Sizning davringizdagi tomoshabinlar opera san’atining ma’no-mantig‘iga yetib tinglashgan. Nega bugungi ba’zi tomoshabinlar “opera eshitishga tayyor” emas? O‘zbek musiqa operasini dunyoga ko‘z-ko‘z qilish payti kelmadimikan?

– San’atda muntazam ijod jarayoni davom etmasa, agar izchillik bilan yangi-yangi asarlar o‘rganilmasa, agar oldinga oz bo‘lsa-da, intilish sezilmasa, qalbdagi cho‘g‘ so‘na boshlaydi, zabt etilgan cho‘qqilar pastlashib qolganday bo‘ladi va muxlislar kamaya boradi. Maqtanishga yo‘ymangu, mening nazarimda, shu paytgacha “Dilorom” operasi kabi kuchli operalar kam yara­tilgan. Vaholanki, bugungi mavjud imkoniyatdan foydalanib, o‘zbek operasini jahonga ko‘tarsa bo‘ladi. Targ‘ibot, tashviqot ishlarini olib borish muhim, oynai jahonda ko‘rsatuvlar uyushtirish, festivallar o‘tkazish kerak, menimcha.

Yaqinda shogirdim Muyassar Razzoqovaning kontsertiga tushib, opera san’atining ko‘plab ixlosmandlarini ko‘rib, dildan quvondim. “Tohir va Zuhra”ning qo‘yilganidan yana bir mamnun bo‘ldim. Endi o‘zbek spektakllari ham yo‘qolib ketmasligi kerak. Qolaversa, san’at va madaniyatga, teatrga g‘amxo‘rlik e’tibor hech qachon bugungidek kuchli bo‘lmagan.

– Ustozlaringiz haqida gapirganingizda yuragingiz to‘lqinlanib ketyapti. Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov singari atoqli san’atkorlar nazariga tushish hammaga ham nasib etavermagan…

– Ustozlarimning nafaqat meni, balki bir qancha iste’dodli yoshlarni bag‘rikenglik bilan voyaga yetkazishdagi ulkan xizmatlarini e’tirof etmaslikning hech iloji yo‘q. Ular menga opera san’ati bilan birga sahnada o‘zimni tutishni, odob-axloqni, madaniyatni, ilmu ma’rifatni o‘rgatdilar.

Yaqinda ustozim Jo‘raxon Sultonovni xotirlab, ziyorat qilgani Marg‘ilonga borgandim. Qabristonga kirishim bilan ustozning qabrlarini ko‘rib yig‘lab yubordim (ko‘ziga yosh oldi). Bu dunyo shunday — besh kunlik. Ammo odamning ezgu amallari, xayrli ishlari, ijodi boqiy ekan. Ustoz yaratgan san’at hech qachon o‘lmaydi. Men bunga ishonaman. Ammo o‘zim qabristonga kelishdan oldin ikki tubgina archa olib kelib, ustozim qabriga ekmaganimdan afsuslanib qaytdim. Yaxshilarning oxiratini obod qilmoq savob ishdir. Buni hech qachon yosh avlod unutmasligini istardim.

– Saodat opa, sizdan iltimos, hali hech kimga aytib ulgurmagan qalbingiz tubidagi yashirin xotiralaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz…

– Yetmishinchi yillarda Italiyaga borganimda eng katta orzuim “La Skala” teatrida bo‘lish edi, lekin, afsuski, bu teatr o‘sha paytda ta’tilda ekan. Bu mashhur teatrda bo‘lmaganim armon bo‘lib qoldi. Gastrol kontsertimning eng yuksagi “Kreml teatri”da bergan kontsertim edi. O‘shanda butun dunyodagi mashhur operachilar qatnashgandi.

1960 yilga kelib bir qancha ustozlarimning dunyodan ko‘z yumishi qalbim og‘rig‘iga aylandi. Turmush o‘rtog‘im Xol­xo‘ja To‘xtasinovning vafoti umrimning ayanchli kunlari bo‘lib muhrlandi. U kishidan ham san’atimiz tarixida go‘zal kuylar qoldi. Ammo hayot achchiq ayriliq va g‘ussalarga kon bo‘lsa-da baribir go‘zal. Yashaganing sayin dunyoga ko‘zing to‘ymaydi. Sharq donishmand shoirlaridan biri yozgan ekan:

Odamlar, bir-birlariga qo‘lidan kelganicha bu hayotda yaxshilik qilmog‘i kerak ekan. Chunki insondan ana shu yaxshilik, odamiylik qoladi.

Adiba UMIROVA suhbatlashdi.
“Hurriyat” gazetasidan olindi.