Sanjar Nazar. Adabiyot — yo‘l izlash, demak… (2015)

“Sharq yulduzi” jurnali: — Badiiy asar tarbiya vositasimi? Yaxshi kitob ezgulikka, yomoni yovuzlikka yetaklashiga ishonasizmi?

Sanjar Nazar: — Savolga savol bilan kimlar javob berishini yaxshi bilsam-da, o‘zimni tiya olmadim: “Shu savol boshqa bir jamiyatda ham berilishi mumkinmidi?” O‘zi bilan o‘zi gaplashayotgan odamlarga o‘xshab qolish orqali o‘quvchi ko‘z o‘ngida allaqachon gavdalangan timsolni yanada tiniqlashtirgan holda aytaman: “Qiyinov”. Chunki adabiyot nima, uning jamiyatdagi roli qanday ekanligi allaqachonlar aniqlab olingandek. Ammo nega unda siz o‘rtaga tashlayotgan savollar bizda bu qadar dolzarb, tabiiy hamda o‘rinli? Ushbu savolning javobiga uzoqdan kelishga majburman.

Bundan 3-4 yil avval ijodkor ayollarimizdan biri kitobini nashr qildirish maqsadida keldi. Ingrashga o‘xshash ohang berilgan nutqida “biz so‘z mulozimlari”, “so‘zga xizmat”, “baland (toza) bir so‘z izlayotgan bizlar” kabi iboralarni shunchalik ko‘p ishlatdiki, axiyri sabrim chidamay portladim: “Opa, shu nima degani?” Opaga bu savol shu qadar shakkok­lik bo‘lib tuyuldiki, tili kalimaga kelmay qoldi. Balki shunchaki javobi yo‘q edi bu savolning. Zotan, bu chiroyli ibora va jumlalarda ma’no yo‘q hisobi. Jimjima va oliftalikdan boshqa hech vaqo yo‘q edi, chamamda. Voqeadan bir necha kun o‘tib opaning o‘rtamiyona she’rlarini tahrir qilish uchun ko‘zdan kechirar ekanman, bir haqiqatga guvoh bo‘ldim: bu – adabiyot emas edi. Balki muallif ko‘p ta’kidlaganidek, so‘z edi. Shunchaki so‘zlar. Bor-yo‘g‘i, so‘zlar yig‘indisi. Opa adabiyot nimaligidan umuman bexabar edi. U o‘zining adabiyotga aloqasi bo‘lmagan qoralamalari uchun alohida nom o‘ylab topgan ekan. Keyinchalik ko‘plab ahli qalamlarning turli-tuman jimjimali “yolg‘on”lariga bot-bot to‘qnash keldim. Yozganlariga “ko‘ngil tovlanishi”, “ruh jilvasi” va yana bir nimalar deb nom bergan, adabiyotni “ko‘ngil ishi”ga yo‘yganlarning aksariyati o‘z ijodi asl adabiyot emasligini ich-ichidan his qilib, shuurorti anglamlarida tan olgan bo‘lsalar, ne ajab!

Zamonaviy o‘zbek adabiyotidagi “modern” hodisasining izohi ham aksariyat hollarda zikr etilganlarga juda yaqin. Rassom Shokir Zokirov suhbatlarimizdan biridan shunday degandi: “Musavvir o‘z kamolotining ma’lum bir pog‘onasida reallikka “sig‘may” qoladi. Mavjud shakllar va ularga mutanosib tabiiy ranglar orqali fikrlarini yetkazishi imkonsiz bo‘lib qoladi. Shunda u reallikni “sindira” boshlaydi”. Bizdagi modernizm reallikka yetolmaganlarning yo‘nalishiga aylandi. Demak, har bir modernist vazn, turoq va qofiyadan yuksalib, ushbu vositalarni tark etishi kerak edi, ammo ularning aksariyati yozganlarini vaznga sololmay, satr­lariga qofiya topolmay modernistga aylanishdi.

Adabiyotshunoslikda ham shunga yaqin holatlar hukmron bo‘ldi. Har kim xayoliga kelganini gapirdi, isbot talab qilsangiz, “Bu mening sub’ektiv qarashim”, degan “dalil”ga duch kelardingiz. Buyurtma maqolalar paydo bo‘ldi. Tahliliy maqolalarning ko‘pchiligini o‘qishdan oldin: “Qayerlik bu munaqqid, kimlar bilan ulfatchilik qiladi?” – degan savollar tug‘ilishi tabiiy holatga aylandi.

Ungacha qariyb bir asr davomida adabiyot shunchaki targ‘ibot quroli bo‘lib xizmat qilganligini va shu nuqtai nazardan turib o‘rganilganligini e’tiborga olsak, bugun “Adabiyot nima?” – degan savolga javob izlayotganligimiz aslo g‘ayritabiiy holat emas.

Aslida, adabiyot tarbiyaning o‘zidir. Ezgulikka muhabbat, yovuzlikka nafratni, haqiqat, adolat, go‘zallik hissini, didni, insoniyatga, hayotga muhabbatni, Yaratganga bandalik tuyg‘usini badiiy asar vositasidagina qiyomiga yetkazib tarbiyalash mumkinligiga ishonaman. Badiiy adabiyotsiz zo‘r fizik, matematik, kimyogar, doktor bo‘lish mumkin, ammo bu sohalarning dahosiga aylanish imkonsiz, deb o‘ylayman. Adabiyot – mafkura, g‘oya, dunyoqarashlarni yoyish va o‘zgalarga singdirishning go‘zal shakli.

Mening nazarimda, bugun insoniyat o‘z insoniyligining eng yuqori cho‘qqisida turibdi. Bu cho‘qqiga olib chiqadigan pillapoyalar Gomerdan Bodlergacha, Sofokldan Zyuskindgacha, Bedildan Abdulla Orifgacha meros bo‘lib kelayotgan badiiy tafakkurning olmos tig‘lari yordamida yo‘nilgan. Biz bugungi yovuzlik va nohaqliklarga bahoni mislsiz ezgulik hamda adolatning bulog‘idan qonib suv ichgan bir holatda berayotganligimizni ham unutmasligimiz zarurdir, balki. Kechagi, tubanlikdaligimizdagi mezonlarda o‘lchanganda bugungi ahvolimiz orzu emasmidi?! Bu orzuga yetishda badiiy asarlar yo‘lchi yulduzu po‘lat qanot bo‘lmadimi?!

Buzuq kishi uchun yaxshi kitobdagi ezgu g‘oyalar masxaralashgagina yaraganidek, pokiza fikratli inson ham yomon kitobdan yovuzlikni yaxshiroq tanib, o‘z yo‘lining to‘g‘riligiga ko‘proq amin bo‘lishni o‘rganishi mumkin. Masalan, G.G.Markesning “Mustabidning kuzi” asarini men ko‘pchilikka tavsiya qilaman. Nazarimda, bu asar Hitler, Mussolini, Pinochet kabilarni tanib olishda yaxshi yordamchi bo‘lishi mumkin. Ammo asarni o‘qiganlardan aksariyat hollarda qarama-qarshi fikrlarni eshitaman. Markes o‘z badiiy haqiqatini ochishda qo‘llagan dastaklari hammaga ham ma’qul kelavermaydi. Ayrimlar yozuvchining maqsadga yetish uchun qo‘llagan tasvir-tafsilotlarini hazm qilmasdan, asar qa’riga berkitilgan xazinadan yo‘l boshidayoq voz kechib qo‘ya qoladilar. Boshqalar qora va chirkin bo‘yoqlarni emas, ular vositasida shakllangan haqiqatnigina ko‘rishadi.

Xos o‘quvchi uchun yaxshi kitob, yomon kitob, degan tushuncha yo‘q bo‘lsa kerak. Did va e’tiqod ma’lum darajaga yetgach, ularni buzish mumkin emas. Ammo hali shakllanmagan did, dunyoqarash uchun asar tanlash o‘ta muhim. Shakllanish jarayoni esa yanada muhimroq. Menga qolsa, maktablarda kichkina sinflardanoq mutolaa darslarini kiritish zarur. Kitob tanlash, asarni tushunish hijjalab o‘rgatilishi kerak.

— Eng katta adabiyot yuragimizda yashaydi. Demak, adabiyot har birimizning, hammamizning ichimizda. Lekin adabiyotga “yaqin” bo‘lganimiz holda nega dunyoda zulm bor? Nega bugun insoniyat yangi yo‘l qidirmoqda? “Yo‘lini yo‘qotgan dunyo”da adabiyotning o‘rni va roli bormi? Nega u, ya’ni adabiyot dunyoning yo‘lini yo‘qotishiga jim qarab tur(a)di? Endi-chi, adabiyot dunyoning ravishiga ta’sir etib, uning yangi, munosib yo‘l topishiga ilhomlantiruvchi kuch bo‘la oladimi-yo‘qmi?..

Oldingi savolingizga javob bera turib, bu masalaga to‘xtalib ulgurgan ekanmiz. Dunyoda zulm butkul yo‘q bo‘lishini shaxsan men tasavvur qila olmayman. E.Fromm “Inson bo‘rimi yoki qo‘y?” asarida inson bir paytning o‘zida ham qo‘y, ham bo‘ri ekanligini atroflicha tahlil qilgan edi. Zolimlik va mazlumlik har birimizda yashaydi. Ba’zida qo‘y bo‘lib bo‘ri suvratida yuramiz, boshqa payt esa qo‘y terisini yopingan bo‘riga aylanamiz.

Zulm mavjudligi emas, uning hukmron bo‘lishi muammo. Chamamda, hozir insoniyat o‘z tarixining zulm eng oz bo‘lgan bir davrida yashayotir. Menga ma’lum tarixda odamzod hozirgidan ko‘ra biofil – hayotni, tiriklikni sevuvchiroq va qadrlovchiroq bo‘lmagan. Jumladan, adolatni ham. Bunda ko‘proq insoniyatning eng ilg‘or vakillari yetib borgan nuqta, kasb etgan kamolot nazarda tutilmoqda. Bugun zulm hukmron bo‘lgan nuqtalar, jamiyatlar ham mavjud, ammo ularning oldida mayoq yanglig‘ zabt etilgan marralar yog‘dusi turibdi. Bu marralarga esa ilm, ma’rifat va, albatta, badiiy tafakkur qanotlarida yetib borilgan.

Men anchadan buyon qiziq bir formulani ilg‘agandek bo‘lib yuraman. Adabiyot sohasida aksariyat klassiklar “tug‘ilish”idan oldin jiddiy bir falsafiy qarash dunyo yuzini ko‘rgan bo‘ladi. Bu qarashni bag‘rida yetiltirgan jamiyat isloh etiladi va shu islohotlar po‘rtanasida buyuk ijodkorlar yuzaga qalqib chiqadi. Navoiy naqshbandiylik va temuriylar davlatining islohotlari mahsuli edi. Cho‘lponu Usmon Nosirlar jadidchilik, Sartr, Kamyular ekzistentsializmning mahsuli bo‘lgan. Har qachon va hammada ham shunday emas. Lekin bu ko‘p takrorlanadigan bir holatni e’tiborsiz ham qoldirib bo‘lmaydi. Nima demoqchiman? Yo‘l izlash, aslida, adabiyotning vazifalaridan biridir. Har bir paydo bo‘lgan ulkan fikr adabiyotga aylanar ekan, jamiyatga ta’sir qilar ekan, mayli, doimo emas, ko‘pincha, buni yana boshqa qanday tushunish mumkin?

Ortiqcha nekbinlik, qirmizi ko‘zoynakchilik bo‘lib tuyulmasin-u, ammo men gumanizmning tanazzul va inqirozini ko‘ra olmayapman hech. Aksincha…

Insoniyat yo‘l qidirayotganligi bor gap. Ammo o‘z yo‘lini izlayotgan odam yo‘lsiz emas-ku, hatto u to‘g‘ri yo‘ldagi odam-ku.

Adabiyotning yakka o‘zi dunyoni o‘zgartirib yubora olmas, ammo adabiyotsiz ham dunyoni o‘zgartirish qiyin kechadi. Yuqorida yozganlarimda shuni isbotlashga harakat qildim.

— Bitta asar jamiyatga ikki xil ta’sir ko‘rsatadimi? Nima uchun?..

Bitta asar ikki xil emas, ming xil ta’sir ko‘rsatadi. Faqat bir shart bor: yaxshi asar bo‘lsa. Yaxshi asar nima? Matn. Agar matn baquvvat bo‘lsa, universal ham bo‘ladi, unga cheksiz ma’nolar yuklanishi mumkin. Navoiy va Mashrabdan qanday qilib ateist yasashgani hali unut bo‘lib ulgurmadi-ku. Qolaversa, bugun iste’dodli shoir borki, hammasidan tasavvufiy ma’nolar topish urf bo‘lganligi ham bunga misol.

Markiz de Sadni yoki Jovanni Bokachchoni o‘qiganlarning hammasi ham yomon odam bo‘lib qolmagan deyman-u, talabalikdagi bir do‘stimning gapi esimga tushadi. U ba’zi asarlarni bir varaqlab ko‘rardi-da, “Men uchun emas bu kitob, ichimdagi yomon jinimni semirtirar ekan”, – derdi.

Nazarimda, o‘quvchining aqidasini butlab, dunyoni qabul qilish yo‘sini to‘g‘ri yo‘nalishga burib qo‘yilsa kifoya. Masalan, 17 yoshimgacha menga shaxsiy kutubxonamizda mavjud bo‘lgan “Ming bir kecha”, Mopassanning “Azizim”i o‘qish uchun taqiqlangan edi. Albatta, men ularni birinchi imkoniyat tug‘ilishi bilanoq olib, yashirincha o‘qib chiqqanman. Ammo bu kitob­lar nima uchun taqiqlanganligini tushunolmaganman. Hozir tushunaman. O‘zim ham bolam uchun bu kitoblarni taqiqlagan bo‘lar edim. Ammo bu shunchaki keksarayotgan odamning qarashlariga chang solayotgan konservatizmdan boshqa narsa emasmikan, deb ikkilanishdan hamon to‘xtaganim yo‘q.

Timoti Raybakning “Hitlerning shaxsiy kutubxonasi” asarini o‘qib lol qolganman. Yovuzlikning mutlaq timsoli bo‘lgan fashistlar dohiysi “Don Kixot”, “Robinzon Kruzo”, “Tom tog‘aning kulbasi”, “Gulliverning sayohatlari”ni, Gyote va Shillerni o‘qigan. Demak, bitta asardan asli buzuq odam buzuqligiga, asli tuzuk odam esa tuzukligiga quvvat olaverar ekan-da.

— Xos va omma didi hamda adabiyoti haqida siz nima degan bo‘lardingiz? Hammaga “hamma narsa”ni taqdim qilish qanday oqibatlarga olib keladi? Ma’naviy immuniteti hali yetarlicha shakllanmagan yosh avlodga qanday asarlar tavsiya etiladiyu qandaylari yo‘q?

Omma adabiyoti deganlarini saqichga o‘xshataman. Ovora bo‘lib chaynaysiz-ku, taningizga biron-bir naf yo‘q. Voqealarning ketidan quvib-quvib bironta foydali xulosaga boshingizni urib olmaysiz. Omma adabiyoti bo‘lmaganida ko‘p yaxshi bo‘lardi, ammo, afsuski, bor. Keraksiz tosh sifatida u doimo og‘irlik qilaveradi. Bu hammaga ma’lum gaplar. Mening qarashim esa quyidagicha. Mayli, omma adabiyoti bo‘ladimi, sariq adabiyotmi, o‘z o‘rnida, o‘z yo‘lida mavjud bo‘laversin. Faqat boshqa mavqega da’vo qilmasa bas. Faqat bu ham asl adabiyot deb uqtirilmasa kifoya. P.Koelo, X.Murakami yoki B.Akunin bilan bo‘lgani kabi.

Bir paytlar “san’at – san’at uchun” qabilida yozilgan “Uliss”sifat murakkab asarlarni xoslar adabiyoti, deb tushunar edim. Bugun unday o‘ylamayapman. Masalan, Xolid Husayniy degan yozuvchining “Shamol ovchisi” (“The Kite Runner”) asari o‘ta sodda va ravon tilda, hamma tushunadigan uslubda, katta haqiqatlar haqida yozilgan. Patrik Zyuskindning “Parfyumer” asari kimgadir detektiv, kim uchundir ko‘pqatlamli chuqur ramziy asar. Aslida, bu Navoiy bobolarning uslubi. “Layli va Majnun”ni oling. Avom ham, xos ham mazza qilib o‘qimaydimi bu asarni?!

Badbaxt Hitlerning o‘qigan kitoblarini sanaganimizdan keyin “Ma’naviy immuniteti hali yetarlicha shakllanmagan yosh avlodga qanday asarlar tavsiya etiladi-yu, qandaylari yo‘q?” – degan savolga javob berish ham qiyin. Demak, adabiyotdan oldin «ma’naviy immunitet»ni shakllantirib olish kerak ekan-da. “Ma’naviy immunitet” men eslab o‘tgan butlangan aqidaning o‘zi, aslida. Odam bu sinov dunyosidan kim bo‘lib yashab o‘tishini aniqlab olsa, maqsadni topib to‘g‘ri yo‘l tutsa, asar tanlab o‘tirmaydi.

— Umidbaxsh va tushkun adabiyotning o‘quvchi va jamiyatga ta’siri masalasida nimalar deya olasiz? Zamonaviy dunyoning bugun qanday adabiyotga ehtiyoji bor?

O‘spirinlik davrlarimda ko‘proq she’rlar o‘qib qayg‘uga botganimni eslayman. Lekin bu qayg‘u tushkunlik bilan bir narsa emas. Bu dardning ko‘chishi edi, chamamda. She’rdagi dardni yuqtirib olarmidim?! Hozir o‘sha holatimni ko‘p sog‘inaman. Nimagadir yana o‘sha paytlardagi kabi kitob o‘qib dardga cho‘msam, yulduzlar bilan, shamol bilan va o‘z-o‘zim gaplashsam tozarib qolaman, deb o‘ylayman. Aytmoqchimanki, adabiyotdagi nekbinlik va tushkunlik o‘ta shartli tushuncha bo‘lsa kerak. Masalan, Kafkaning “Evrilish”i vositasida o‘quvchi inson qalbining, shuurining qorong‘i puchmoqlariga nazar tashlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Go‘yoki odamzodning yoqimsiz “asli”ni ko‘rib qolgandek bir holatga tushgan odamning ahvoli qanday bo‘ladi? Tushkunmi? Menimcha, yo‘q. U endi o‘zini yaxshiroq tanigan, o‘z ojizliklarini biladigan mavjudot sifatida biroz bo‘lsa-da komillashadi, degan xulosa to‘g‘riroqdek. Kareninaning o‘limi muhabbatning o‘limi emas, oshiqning o‘limi, xolos. Muhabbatning esa tantanasi. Hammasi yana o‘sha “to‘g‘ri aqida”ga borib taqalyapti. Umidbaxsh va tushkun adabiyot emas, nekbinlik va tushkunlikka yo‘nalgan odamlar birlamchiroq. Yarim to‘lg‘azilgan piyolaga nekbin va tushkunning munosabati hammaga ma’lum. Adabiyot ham yarim piyola suv misoli, u hali to‘latilmaganmi yoki yarmigacha bo‘shatib qo‘yilganmi, buni o‘quvchi dunyoqarashi, tafakkur tarzi hal qiladi.

Asar o‘quvchiga ta’sir qilish orqaligina jamiyatga ta’sir o‘tkazishi mumkin. O‘quvchiga ta’sir haqida esa gaplashdik.

Odamlarni, hayotni yanada yaxshiroq, chiroyliroq, mehribonroq qiladigan adabiyotga ehtiyoj bor. Bag‘rikenglikni tarbiyalaydigan asarlarga ehtiyoj bor.

— O‘tmish merosni har bir zamon o‘z mezonlari chig‘irig‘idan o‘tkazib turishi kerakmi? Nima uchun?

Avvalo, har bir zamonning o‘z mezoni bo‘lishi, zamonlar osha mezonlar o‘zgarishi notabiiy holat. Hamma zamonlarga xos mezonlar ko‘payishi kerak. Yaqin o‘tgan zamonamizning chig‘irig‘idan butun boshli kapitalis­tik G‘arb dunyosining ma’naviy boyliklari, So‘fi Olloyor va Cho‘lponlar o‘tolmagan. Aksincha, o‘sha zamonning chig‘irig‘igagina moslangan ko‘plab asarlar bugunga kelib bir necha o‘n yildayoq unut bo‘lib ulgurdi. Akutagava aytganidek: “Bizning baxtimiz klassiklarning borligida”. Klassiklar zamonasoz chig‘iriqlardan butun o‘tgan, asl adabiyot haqida darak berib turadigan manbaga o‘xshashadi.

— Inson tirik ekan, har doim tanlov qarshisida turadi. Xuddi uch yo‘l boshidan chiqib qolgan ertak qahramoni kabi. Har qanaqa mulozamatni bir chetga surib qo‘yib aytganda, to‘g‘ri tanlov qilishda adabiyotning roli bormi-yo‘qmi, bo‘lsa, qay darajada?

Agar to‘g‘ri tanlov qilishda adabiyotning roli katta ekanligiga ishonmaganimda, har qanaqa mulozamatni bir chetga surib qo‘yib, shuncha vaqt sarflab savollarga javob yozmasdim. Bu rolning darajasi ahamiyatli ekanligiga ishonmaganimda ham.

Bironta oilada ota-ona bolasiga: “Yomon odam bo‘l, o‘g‘ri-qallob bo‘l”, – demaydi, hatto o‘zlari o‘g‘ri-qallob bo‘lishsa ham. Har bitta ota-ona bolasiga: “Yaxshi bo‘l, to‘g‘ri yur, odobli bo‘l”, – deb nasihat qiladi. Shunday ekan, yomon odamlar qayerdan paydo bo‘lishadi? Keyinchalik yomon odamning ota-onalari: “Men yomon bo‘lma deganman, yaxshi bo‘l deganman”, – deya yozg‘irishadi. Nega bolalari yaxshi bo‘lmagan? Nazarimda, qalb va shuurga hikmat, ezgulik o‘rnashishi uchun, sodda qilib aytganda, bola “yaxshi bo‘l” degan nasihatni olishi uchun qalb tayyor, zehn ochiq bo‘lishi kerak. Toshga sochilgan dondan bug‘doy maysasi ko‘karib chiqmaganidek, yumshatilmagan qalbdan, hozirlanmagan shuurdan nasihat o‘rin egallab, ezgulik ildiz otmaydi. Qalbni yumshatishning, shuurni hikmatga hozirlashning yo‘llaridan biri, ehtimol, birinchisi adabiyotdir. Hozir bu jarayonning qanday kechishini tahlil qilish mavridi emas. Mavridi bo‘lganda ham bunga aqlim yetishiga gumon qilaman. Ammo adabiyot vositasida millat, mamlakat tarbiya topishini aniq bilaman. Badiiy asar o‘qir ekanmiz, buyuklar fikri bilan fikrlaymiz, mazlumlar ko‘ngli bilan oh chekamiz, qahramon hayotini yashab, kurashib haqni botildan ajratishga ko‘nikamiz. Hech kompyuterda o‘ynayotgan bolangizni kuzatganmisiz? O‘yin qahramoni sakraganda, u ham sapchib tushganiga, qahramonga o‘q otilganda, u ham chap berib o‘zini olib qochganiga e’tibor qilganmisiz? O‘yindan so‘ng ko‘zini yumganida, kompyuterdagi tasvirlar qaytadan jonlanayotganini zavq bilan so‘zlab berganmi bolangiz? Badiiy asar o‘qiyotgan odamning holati ham juda boshqacha bo‘lmas?! Nahotki, bolangiz kitob o‘qir ekan, Don Kixot yanglig‘ xayoliy tegirmonlarga qarshi jangga otlanmaydi, deb o‘ylasangiz, Mishkin bo‘lib telba dunyoga sog‘lom nazar bilan boqmaydi, Alpomish bo‘lib o‘z elining ori uchun qalqib ketmaydi, deb ishonsangiz?! G‘afur G‘ulomning “Shum bola”si bilan “miyasining qatig‘i” chiqib turgan bolaga o‘g‘irlik qilmaslik haqida nasihat bering-chi.

Suhbatning boshida adabiyot tarbiyaning o‘zidir, degan edik. Tarbiya esa “yo hayot, yo mamot” masalasidir. Bu yog‘i oddiy mantiqiy sillogizm uslubida oydinlashadi: adabiyot – “yo hayot, yo mamot” masalasidir.

Sharq yulduzi jurnali, 2015 yil, 2-son


Sanjar Nazar 1974 yilda tug‘ilgan. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘ZMU)ning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. Maqolalari matbuotda va to‘plamlarda chop etilgan. Hozirda “Akademnashr” nashriyoti rahbari.