Bugungi kunda dunyoning mashhur yozuvchilaridan biri bo‘lgan Paulo Koeloning asarlari jahondagi 140 mamlakatning millionlab adabiyot muxlislari tomonidan sevib o‘qilmoqda. 1947 yilda Braziliyaning Rio-de Janeyro shahrida tug‘ilgan adib o‘tgan asrning 90- yillarida yaratilgan «Alkimyogar» va «Beshinchi tog‘» romanlari bilan katta shuhrat qozongan.
Quyida «Pyatoye izmereniye» (“Beshinchi o‘lchov”) oylik gazetasi muxbiri Kleyn bilan adibning dunyo va adabiyot xususidagi tiyran, mushohadalarga boy suhbatining tarjimasini e’tiboringizga havola etayapmiz.
Biz insonning hayoti davomida unga ko‘mak beradigan, yo‘l ko‘rsatadigan ramz va belgilar to‘g‘risida ko‘p gapirdik. Ayniqsa, unga amal qiladigan kishining hayoti qanchalar qiziq kechishi xususida. Koeloga bergan ilk savolni o‘zim o‘ylab topganim yo‘q. Uni asosan “Alkimyogar” romani haqida eshitgan, lekin hali o‘qib ulgurmagan kishilar har doim berishadi:
— Pauloning kitoblari nima haqda o‘zi? Ular nimani o‘rgatadi?
— Avvalambor shuni aytish kerakki, men birovga nimanidir tushuntirish yoki uqtirish, nima qilish va uni qanday amalga oshirishni o‘rgatish uchun yozishni boshlaganim yo‘q. Men asosan o‘zim uchun va o‘zim haqimda yozdim. Qog‘ozga biror nima qoralash menga ko‘proq o‘zimni anglashga xizmat qiladi, yuragimdagi yashirin tomonlarni kashf etadi. Ikkinchidan, odamlarda ijodimga nisbatan haqiqatan ham ishonch hosil qilishi mumkin bo‘lgan yagona narsa — bu shaxsiy tajribam. Sevib o‘qiydigan kitoblarim — qalbim qo‘ridagi harakatlarning zohiriy aksini ko‘radigan asarlarim. Ehtimol, ular hali bundan ilgari ham xayolimga kelmaganlaridir. Ya’ni atrofingda sendan bo‘lak yana kimdir bor. U ham sen kabi sezgir. Alal oqibat shu narsa ayon bo‘ladiki, qaysidir Yozuvchi ham sening hislaringdan boxabar. Sen yolg‘iz emasligingni fahmlasang, bu orzularingning ro‘yobga chiqishida kuch bag‘ishlaydi. Orzuingga erishish uchun barcha iroda va qobiliyatni ishga solasan. O‘z-o‘ziga ishonchsizlik bildiradigan kishiga kitoblarimning oxirida doim: “Ishon, sen yolg‘iz emassan! Sendaqalar ko‘p. Faqatgina o‘z orzu yoki maqsadingni yodda tut va unga to‘g‘ri yo‘l bilan odimlab bor. Mana shu tariqa sen biror narsaga yetishishing mumkin”, — deyman. Mazkur jarayonda tanho emaslikni his qilish, ayniqsa, muhim. Bularning bari insonning odamlarga va hayotga bo‘lgan munosabatini o‘zgartiradi.
Kitoblarimga keladigan bo‘lsak, ular nimadir o‘rgatishga qodir deb o‘ylamayman. Men shunchaki ramzlarni ifodalayman. Umuman olganda kitoblar — bu odamlar allaqachon bilgan narsalarini eslashga ko‘maklashadigan katalizator. Biz ramziy dunyoda yashaymiz. Butun hayotimiz — ramz, ishoralardan iborat. Har qanday insonning har qanaqangi hayoti — bu belgidir. O‘z oldingizga maqsad qo‘ysangiz, har qanday yashirin belgilar ma’nosini uqib olasiz. Uqmaysiz hattoki, ular shundoqqina esingizga keladi. Asarlarimda asosan ko‘pchilikning o‘zi tan olishga hadiksiraydigan narsalar xususida so‘zlayman.
— Sizningcha, muhabbat taqdir va orzu bo‘la oladimi? YOki u orzuning yo‘liga to‘g‘anoq bo‘ladimi?
— Muhabbat hech qachon to‘sqinlik qilmaydi. Menimcha, u — kuch. To‘g‘ri, aksariyat hollarda sevgi shubhasiz insonni falaj qiladi. Ayniqsa, ota-onalar farazida farzandimni shunday tarbiyalasam, u shu yo‘ldan borsagina kelajakda baxtli bo‘lishi mumkin deb hisoblashadi. Shuni yodda tutingki, erkak ham, ayol ham oilasini ta’minlashga yetarli mablag‘ topa olmaslikdan doim hayiqadi. Ammo siz muhabbatning nima ekanini to‘g‘ri tushunsangiz, uning mohiyati — erkinlik.
Hayotim davomida turli sinovlardan o‘tib, men o‘z oldimga savolni mana bunday qo‘yaman: balki men kimgadir ozor berayapman? Biroq men doim yurak amriga bo‘ysunayotganimni taxmin qilaman. Oqibatda shunga amin bo‘ldimki, bu yo‘ldagi urinish o‘zini oqladi. Odamlar o‘rtamizdagi munosabatdan nafaqat mamnun, balki minnatdor bo‘ldi. Esingizdami, “Alkimyogar”da Fotima bilan Santyago uchrashganida bir-biriga xuddi mana shu savolni beradi. Va agar yodingizda bo‘lsa, Yaratganga shukrlar bo‘lsinki, Santyagoni muhabbat hissi hech qanaqangi falaj holiga olib kelmaydi.
— Inson o‘zini topganidan so‘ng, ya’ni orzusi ushalganidan keyin nima bo‘ladi?
— Buni sizga shaxsiy tajribam misolida aytib beraman. Men kelajakda Yozuvchi bo‘lishni orzu qilardim va hayotimning ma’lum bir bosqichida bunga astoydil kirishdim. Yozuvchilik faoliyati boshlandi. Yozuvchi bo‘lish nima degani? Bu har doim tinimsiz kitoblar yozish, yangi qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish demakdir. Orzuning mohiyati siz unga doim talpinishingizdadir. To‘g‘ri, aksariyat odamlar ko‘proq moddiy orzular haqida bosh qotiradilar. Lekin biz siz bilan hozir ruhiy, ma’naviy orzular xususida — hayot haqida gaplashayapmiz.
Orzu — bu sizning hayotdagi mavjudligingiz mohiyatini ifodalovchi chiziqdir. Siz bu chiziq bilan yashaysiz va unga ergashib borasiz.
— Hayotda ko‘proq nimani bilgan muhim?
— Sizning orzu-maqsadingiz nimadan iborat ekanini, faqat shu.
— Sizda ba’zan “Men odamlar anglamaydigan narsalar to‘g‘risida yozayotganim yo‘q” degan tushuncha paydo bo‘ladimi?
— Hech qachon. Kitob yozish zarurati tug‘ilganda o‘z tanlovingizni ro‘yobga chiqarish muhim ahamiyat kasb etadi. Agar men tragediya haqida gapirmoqchi bo‘lsam, u holda “Beshinchi tog‘” dagidek fojia muammosi bilan cheklanishim kerak. Agar men xilma-xillik, odamlar har xil bo‘lishi lozimligi haqida to‘xtalsam, bu masala bilan “Veronika o‘lmoqqa ahd etdi” kitobimda shug‘ullanaman. Yozgan har bir kitobim bu o‘zimni anglashga bo‘lgan urinishdir. Axir boshqalar qo‘liga yetib bormagan, hali nashriyotga topshirilmagan kitobimning birinchi va yagona o‘quvchisi o‘zim bo‘laman.
— Asar yozayotganingizda kitobxonlar bilan qanchalik darajada hisoblashasiz?
— Men hech qachon qahramonlarga aniq, batafsil chizgi bermayman. Detalma-detal tasvirlash menga xos emas. Etkazib beradigan ozgina ma’lumotimdan o‘quvchi o‘zida mendan ko‘ra ko‘proq tasavvur uyg‘otishga qodir. Shuning uchun kitobxonlarimni hammuallif deb atagan bo‘lardim. O‘quvchi bo‘lishning jozibasi ham ana shunda. O‘zgan asarimga siz bilan teng ahamiyatlimiz, ya’ni bab-baravar javobgarmiz.
— Asarlaringiz mohiyatiga kelsak. Ularda o‘zini o‘zi anglash mazmuni juda kuchli. Ayting-chi, sayohat usuli ham o‘z-o‘zini tushunishga xizmat qilishi mumkinmi?
— Bu ajoyib usul. Siz atrofingizni qurshab olgan odatiy hayotdan yiroqlashasiz. Bunday sharoitda o‘zingizni odamlar oldidagi majburiyat, vazifalardan xalos etib, umuman notanish mamlakatga borasiz. Shunda o‘z yurtingizdagi tashvish-u, muammolar bu yerda unchalik muhim emasligi ayon bo‘ladi. Eng muhimi, siz doimiy yashash tarzingizdan chiqib, yangi hissiyotlarga ro‘baro‘ kelasiz. Sayohat insonga uning salohiyati u tasavvur qilgandan ham ko‘proq ekaniga ishonch hosil qildiradi.
— Kitobingizdagi ushbu satrlarga izoh bersangiz: “Agar siz chindan nimanidir orzu qilsangiz, unga albatta erishasiz. Zotan, bu orzu Olam Qalbida ham tug‘iladi va ayni shuning o‘zi sizning Erdagi mavjudligingiz tasdig‘i, sizning taqdiringizdir”.
— Bu juda mushkul bo‘lsa-da, javob berishga harakat qilaman. Olam tushunchasi axloq qoidalariga biroz xilof. Lekin nima bo‘lganda ham biz o‘zimiz istagan, xohlagan narsaning mahsuli hisoblanamiz. Qaysidir paytda boshga tushgan o‘sha baxtsiz hayotni o‘zimiz tanlaganmiz. Siz uchun hech qanaqangi Koinot tanlamaydi. Shuning uchun istaklaringizga ehtiyot bo‘ling.
— Tanlash erkinligi nima? Taqdir va oldindan aytilgan qismat mavjudmi?
— Tanlash muammosi, erkinligi inson dunyoga kelishi bilanoq uni kuzatib boradi. Bu yerda tug‘ilish, u yerda o‘lim. Bitta chiziq bu — zaminda qanday yashab o‘tishning qismati. Mana shu sizning taqdiringiz. Ba’zan bu sizga qimmatga tushsa-da, uning uddasidan chiqishga to‘g‘ri keladi. Shuni aytishim kerakki, bu mening ham boshimdan o‘tgan. Siz bu to‘g‘ri chiziqdan biror narsadan qo‘rqqanda yoki gunoh ish qilganda chalg‘ishingiz mumkin. Shu bois inson hech qachon unga to‘g‘ri qarab harakatlanmaydi. Asosiy chiziqqa erishishning har xil imkoniyatlari mavjud. Siz yo‘nalishingizda egri yurishingiz mumkin, lekin harakatingiz faqat olg‘a bo‘ladi. Yo‘lingiz qanchalar o‘nqir-cho‘nqir bo‘lmasin, u baribir oxir-oqibatda hammamizga ma’lum o‘lim bilan tugaydi. Istalgan paytda siz asosiy chiziqqa qaytishingiz mumkin. Bunda siz hayot quvonchlarini his qilishingiz, umuman bu Olamda mavjudligingizni tasdiqlaydigan turmushdan bahramand bo‘lasiz. Ortingizda esa doim shu tushuncha qoladi — hayot yo‘lini tanlash, o‘z taqdiringizni yaratish imkoniyati. Buning iloji yakuniy chiziq boshlanganda — o‘lim yaqinlashganda tugaydi. O‘limdan so‘ng sizda tanlash erkinligi qolmaydi. Tanlash huquqi tugallanmas hisoblanmaydi. Bosh tanlovni amalga oshirish uchun avvalambor, sizda bunga nisbatan kuchli moyillik, istak zarur. Shu tariqa o‘z taqdiringizni belgilab, to‘g‘ri yo‘nalishga qadam tashlaysiz. Bu tanlovni 38 yoshimda yuzaga chiqardim. (Men bolalikdagi Yozuvchi bo‘lish orzuim haqimda gapirayapman).
— Asarlaringizga ishonch bildirish mumkin bo‘lgan, ya’ni asliyatdan ohorini to‘kmay tarjima qiladigan tarjimonni qanday topasiz?
— Shunday tillar borki, men ularda hattoki ismimni o‘qiy olmayman (masalan, rus va yapon tili). Shuning uchun shartnoma tuzilganda bunda nafaqat moddiy manfaatlarni, balki axloqiy majburiyatlarni yaxshi tushunish zarur. Siz nashriyot tavsiya qilgan tarjimonga asaringizning originalligini saqlab qolishiga ishonch hosil qilishingiz kerak.
* * *
Paulo Koelo nima haqda yozadi? Yozuvchining aytishicha, u orzu to‘g‘risida, eng muhimi uni bilish, orzu sari talpinib, hech qachon ortga chekinmaslik xususida yozadi. Shuni ham unutmaslik kerak-ki, har bir inson — bu Nur askari. Lekin hamma buni anglamaydi. U kitobxonga «Sen kim?» degan savolni o‘rtaga tashlab, ingichka yog‘och taxtaga qora siyoh bilan «cho‘pon», «menejer», «tankchi», «vazir», «garmonchi» degan Yozuvga boqishga undaydi. U yerda kim yashiringan deysizmi? Bu albatta, siz — kitobxon, Qalb bo‘lib chiqasiz. Bu dunyoga kelgan yorqin, o‘lmas Qalb.
Rus tilidan Shahobiddin Rasulov tarjimasi
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).