Obid Yunusov: “Orzuim – Navoiyni o‘ynash edi…” (2009)

http://n.ziyouz.com/images/obid-yunusov.jpg

Yurtimizda san’atkorlar ko‘p. Kino yoki teatrda esa faqat yirik obrazni yaratish bilan emas, balki oddiy bir so‘zni tomoshabinga yurakdan yetkazib berish orqali ham shuhrat qozonish mumkin.

Xalqimizning sevimli san’atkori Obid Yunusov – o‘zi bir olam. Boshqa aktyorlar orasida she’riyatni, musiqani nozik tushunishi bilan ajralib turadi. Obid aka o‘ziga berilgan har qanday rolni qoyilmaqom qilib o‘ynagan, biroq, bilimsizlikka, dangasalikka murosasizligi ham hammaga kundek ravshan. U vijdon amri bilan yashaydi.

Qalbi musichadek beozor bo‘lsa-da, hamma narsaga ko‘nib ketavermaydi. Teatrning haqiqiy fidoyisi bo‘lgani uchun san’atning juda ko‘p sinovlarida toblangan.

O‘zbekiston xalq artisti Obid Yunusov bilan kino va teatr oldida turgan muammolar xususida suhbatlashdik.

– Obid aka, o‘zbek adabiyoti va san’atida bosh qahramon hamisha VIJDON bo‘lib kelgan. Bu tushuncha sizning davringizdagidan ko‘ra bugun biroz o‘zgarganga o‘xshamaydimi?

– Vijdon – bu san’atda ko‘proq bosh qahramon timsolida namoyon bo‘ladi. Bugun bu tushunchaga boshqacharoq, ancha ijobiy yondoshilmoqda. Kino va teatrda esa qahramon timsoliga nisbat ham o‘zgargan. Bilmadim, biz o‘qigan kitoblar, san’at asarlari, o‘ynagan qahramonlarimizni endi kutish kerakmikin? Masalan, Chapayev yoki shunga o‘xshash qahramonlar? O‘dimda, bir zamonlar Abdulla Qahhorning «Beshik» hikoyasini «Krovat» deb o‘zgartirishgandi. Emishki, beshik eskilik sarqiti, qolaversa, bola ongining shakllanishida salbiy ta’sir ko‘rsatarmish. Lekin bugun adabiyotda, san’atda bunday qarashlarni talab qilib bo‘lmaydi. Ammo kino va teatr sahnasiga olib chiqadigan qahramonlarimiz hozir ham yuksak tuyg‘ular sohibi, o‘z fikrini himoya qilib, jiddiy maqsadlari yo‘lida oromini yo‘qotgan kuchli shaxs bo‘lishi kerak. Men har doim ana shunday obrazlarni yaratish ilinjida yashadim.

– Sizningcha, bu borada dramaturglar va aktyorlar oldiga qanday talablar qo‘yish kerak?

– Insonga izlanish, o‘rganish va tinimsiz mehnat baxt keltiradi. Axir, san’atkor o‘z-o‘zidan sahnaga chiqib, mahoratini namoyon eta olmaydi-ku. Dramaturg va rejissyorda ham gap katta. Aktyorlarning bor mahoratini anglab, to‘g‘ri yo‘naltira olish ularning ishi. Rejissyor kimning nimaga qodirligini bilishi kerak. Masalan, Toshxo‘ja Xo‘jayev mendagi dutor chalish qobiliyatini o‘z o‘rnida qo‘llay bildi. Uning premerasi Toshkentda yer qimirlagan kezlariga to‘g‘ri kelsa-da, rejissyor Sharif Qayumov mahorat bilan sahnalashtirdi. Masalan, spektakldagi epizodlarning birida «Palov» degan she’r shunday boshlanadi:

Dunyoda yaxshi taom ko‘p,
Bittasi yog‘li palov.
Shuncha lazzat, shuncha rohat,
Esa nechog‘li palov.

Bu mantiqsizlikni o‘zgartirish kerak, deganimda rejissyor qo‘yaver, bu she’rni Uyg‘un domla emas, tramvaychi Abror yozgan-ku, degandilar. «Parvona» spektakli muvaffaqiyatli chiqqach, bir kuni Uyg‘un domla bizni uyiga taklif etdilar.

– Asarimda bosh qahramonni yaratayotganimda Nabi Rahimov ko‘z oldimda kelgandi, – deya so‘z boshladi adib. – Lekin Nabi akaning yoshi O‘tkuriyga mos emasligi meni biroz tashvishlantirgandi. Endi bilsam, bu obrazni Obid Yunusov uchun yaratgan ekanman.

Bunday iltifotdan boshim ko‘kka yetdi. Bu spektakldan so‘ng odamlar Obid Yunusov ekanimni unutib, ancha vaqtgacha «O‘tkuriy» deb yurishdi. Lekin meni O‘tkuriy deb tanishlarini xohlamasdim. Keyin esa bunga ko‘nikib ketdim.

«Parvona» spektakli respublikamizning turli go‘shalarida 800 marta namoyish etildi. Mening yarim umrim ana shunday spektakllarning ijodiy safari bilan o‘tib ketganidan biroz ranjiyman. O‘tkuriy obrazidan so‘ng ko‘pchilik menga komik aktyor sifatida qaradi. Kuch-g‘ayratga to‘la o‘spirin chog‘imda orzu qilgan rollarimni o‘ynay olmadim.

Kechagidek yodimda, 1958 yilning 3 oktabr kuni endigina «Boy ila xizmatchi»dagi Xolmat rolini ijro etib chiqib, Olim Xo‘jayevni ko‘rib qoldim. Shunda uning mahoratiga qoyil qolib, Hamlet, Alisher Navoiy kabi dramatik obrazlarni yaratish asl orzuim ekanini aytdim. Shu rolda sinab ko‘rishlarini so‘radim. Ammo iltimosim javobsiz qoldi. Olim aka «Navoiy obrazi — bu sening ampulang emas», dedi xolos. Navoiyni o‘ynash esa menga bir umr armon bo‘lib qoldi. Lekin Olim Xo‘jayevga ixlosim ifodasi sifatida to‘ng‘ich farzandimga Olim deya ism qo‘yganman.

– Siz ko‘pdan beri teatrda yoki kinoda rollar ijro etmayapsiz. Ehtimol, qalbingizdagi yangi obrazlarni yaratishga endi jazm qilarsiz…

– Rostini aytsam, endi rollar o‘ynagim yo‘q. Qanchadan-qancha kino va teatrlarda o‘ziga xos rollarni taklif qilishdi, bormadim. Keyin betakror obrazlarni o‘ynashni yoshim ham, sog‘ligim ham ko‘tarmaydi. Teatr esa… Nima desam ekan? Garchand nafaqaga chiqqan bo‘lsam-da, teatrni sog‘inaman. Teatrdagi 43 yillik faoliyatim davomida «Mirzo Ulug‘bek», «Qaroqchilar», «Monserro», «Orzular chashmasi», «Abu Ali ibn Sino», «Aytsam tilim, aytmasam dilim» kabi qator sahna asarlarida 100 ga yaqin turli xarakterdagi obrazlarni yaratdim. Hozir ham ahyon-ahyonda u muqaddas dargohni ziyorat qilib qaytaman. Namoyish etilayotgan spektallar e’tiborimdan chetda qolmaydi.

– Bugun teatr va kinoda qahramon timsolini yaratishda qanday yangiliklar bor?

– O‘ylaymanki, bugun zamonamiz qahramoni timsolini kino va teatrda yaratish muhim va murakkab vazifa. Bunday jiddiy ishga pala-partishlik va jo‘nlik bilan yondashib bo‘lmaydi. Aks holda biz buyuk qahramon sanab kelgan Alisher Navoiy, Bobur, Qirol Lir, Ulug‘bek, Hamlet obrazlari o‘z joziba kuchini yo‘qotadi. Bugun zamon, odamlarning dunyoqarashi o‘zgardi. Endi mohiyatan mustaqillik kashf etgan qahramonlar o‘z xarakteri bilan qalblarda chuqur iz qoldirishi kerak. Buning uchun siyqasi chiqqan mavzulardan, sayoz ssenariylardan qochish kerak. Ba’zan iste’dodli aktyorlarning oldi-qochdi, puch gaplardan iborat filmlarga o‘ralashib qolayotganini ko‘rib ranjiyman. Shundan ko‘ra klassikaga murojaat qilishsa bo‘lmasmikan, deya o‘ylanib qolaman. Chunki klassik asarlar hech qachon sahnadan tushmaydi. Har bir zamonning o‘z Navoiysi, Boburi, Ulug‘beki bo‘ladi. Buni yangicha talqinda ijro etish mahorati har doim qahramon shaxsiyatini yaratadi.

– Ilgari kino olish ancha murakkab edi. Garchi hozirgidek zamonaviy texnik apparatlar bo‘lmagan. Ammo bugun zamonaviy vositalar yordamida suratga olingan filmlarni bir yoki ikki marta ko‘rish mumkin. Demak, hamma gap asar ssenariysi, aktyorlarni tanlay bilishda ekan-da…

– Ha, to‘g‘ri aytdingiz, ilgari bitta kadr­ni olish uchun kamida 1-2 soat vaqt ketardi. Filmdagi kichik rolni ijro etish uchun oylab, kerak bo‘lsa, yillab ijodiy safarda bo‘lardik. Esimda, Eduard Xachaturovning «To‘ylar muborak» filmini suratga olish jarayoni kuzda bo‘lgani uchun ham suvdan Dilorom Qambarovani olib chiqib, qo‘limda ko‘tarib yurish sahnasini 5 marta dubl qilib olguncha sovuq qotib, lablarim ko‘karib ketgandi. Qolaversa, kino yoki teatrda rol ijro etish uchun 10 martalab yozilardik. Sinovdan o‘tmagan payt­larimiz ham bo‘lgan. Hozir kino apparatlari boshqacha. 4 kunda film yaratsa bo‘ladi. Yaqinda yangi filmga suratga tushish uchun Samarqand­ga borgandik. Ishonasizmi, 4 kunda kino olishdi. Ochig‘i, oldi-qochdi filmlarga rol ijro etishga vijdonim qiynaladi. Bugun tomoshabinlar hukmiga havola etilayotgan film­larni ko‘rganimda, meni avvalo, milliylik va til masalasi tashvishga soladi. Ba’zi san’atkorlar o‘zi tuppa-tuzuk adabiy tilda so‘zlashadi, ammo rol ijro etayotganda butunlay adabiylikni yo‘qotadi. Kino, teatr sahnasiga o‘zbek tiliga mutlaqo aloqasi yo‘q terminlarni ishlatish san’atimizning obro‘siga putur yetkazadi. Bu jiddiy masala. O‘ylab ko‘rish kerak.

Keyin bugungi yaratilayotgan «O‘zbektelefilm» asarlari faqatgina televideniyeda namoyish etish bilan cheklanib qolayotir. Bunga birinchi sabab filmlar nihoyatda bo‘sh chiqayotir. Ming majburlasang ham odamlar bir marta ko‘radi, qaytib qaragisi kelmaydi. Ayni paytda esa filmlarimizni yaxshilash borasida ham jiddiy ishlarga qo‘l urilmoqda. Bu kelgusida yaxshi natijasini berishiga ishonaman.

– Teleekranda namoyish etilgan ko‘plab xorij filmlarida, xususan Raj Kapur, Qirol Lir va boshqa qator qahramonlarga ham ovoz bergansiz. Bugungi dublyaj san’atidan ko‘nglingiz to‘ladimi?

– Dublyajda ovoz tanlashda adashmaslik kerak. O‘sha davrda biz yoshlar – Gulchehra Jamilova, Xojiakbar Nurmatov, To‘lqin Tojiyev ovoz berish uchun har kuni dublyaj zaliga kelardik. Ba’zi qahramonlarga ovozimiz tushmasdan 2-3 kun bekor kelib ketgan paytlarimiz ham bo‘lgan. Masalan, Qirol Lirga ovoz berish uchun qanchadan-qancha mahoratli san’atkorlar tanlangan. Sinovdan faqat men o‘tganim bois bu vazifa o‘zimga topshirilgan. Keyin o‘sha paytda Hamza teatri (hozirgi Milliy akademik drama teatri) artistlari ovoz berish borasida birinchi o‘rinda turardi. Dublyaj san’atimizni esa dunyoda bilishardi. Endi ana shu an’anani davom ettiradigan iste’dodli yoshlarni tarbiyalash kerak.

– Siz ulug‘ san’atkor oilasida tug‘ilib, tarbiya topgansiz. Xususan, hayotda o‘z o‘rningizni topishingizda otangiz Yunus Rajabiyning o‘rni qay darajada bo‘lgan?

– Men shunday ulkan san’atkorning farzandi bo‘lganimdan faxrlanaman. Otamning ijro etgan qo‘shiqlari menga haqiqiy san’atni tushunishni, uning qadrini bilishni o‘rgatdi. Hattoki, boshqa sohalarda ishlaydigan birodarlarim ham qalban san’at shaydosidirlar. Masalan, xirurg bo‘lib ishlaydigan akam birorta spektaklni qoldirmasdan tomosha qiladi. Ayniqsa, ukam Husanjonni butun oilamiz bilan kaftimizda ko‘tarib, e’zozlaymiz. Chunki u otam qoldirgan merosning yangi qirralarini ochishga harakat qilmoqda. Biz aka-ukalar hayotda o‘z o‘rnimizni topishimizda otamning tarbiyasi, umr yo‘li hamisha ibratdir.

Adiba Umirova suhbatlashdi

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).