O‘zbekistonda Nusrat Rahmatdan keksa blogger bo‘lmasa kerak. 72 yoshli Nusrat Rahmat blogi yangilanishini shu kecha-kunduzda o‘quvchilar intiqlik bilan kutishmoqda, chunki nusratrahmat.blogspot.com da u o‘zining Hindiston taassurotlari bilan o‘rtoqlashayapti. «Men kashf etgan Hindiston» turkumidagi sayohatnomaning Feysbukda ham o‘quvchilari ko‘p bo‘lmoqda.
Nusrat Rahmat Samarqand Qishloq Xo‘jalik institutini 1966 yilda tugatgan. Uni Samarqand viloyatining «Lenin yo‘li» ro‘znomasiga ishlashga taklif qilishgan. 1974 yil O‘zbekistonda «Qishloq haqiqati» gazetasi tashkil etiladi, Nusrat Rahmatni ro‘znomaning Samarqand va Buxoro viloyatlari bo‘yicha muxbirligiga taklif etishadi. 1981 yili Toshkentga, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» ro‘znomasiga ishga o‘tadi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin Nusrat Rahmat atoqli O‘zbek ma’rifatparvari Mahmudxo‘ja Behbudiy ijodi va faoliyatining targ‘ibotchisiga ham aylandi. U Mahmudxo‘ja Behbudiyning Samarqandda haykali ochilishida bosh-qosh bo‘lganlardan.
Nusrat Rahmat «Agar tabiatni sevsangiz», «Men jurnalistman», «Farzandga o‘gitlar», «Buni hayot debdilar», «Kalvak Maxsum nomalari», «Jadid» singari yigirmadan ortiq kitoblar muallifi. Bu kitoblarni nusratrahmat.blogspot.com blogida ham o‘qish mumkin.
2004 yilda O‘zbekistonda Xizmat ko‘rsatgan jurnalist unvonini olgan.
Bi-bi-si mehmoni — o‘zbekistonlik taniqli jurnalist, yozuvchi, Mahmudxo‘ja Behbudiy ijodi va merosining targ‘ibotchisi va blogger Nusrat Rahmatning savollarga javoblari
Bi-bi-si: Sizga, hazrat Behbudiy nimani istagandi, deb savol berishsa, qanday javob berardingiz?
Nusrat Rahmat: Men bu savolga mana bunday javob beraman: Mahmudxo‘ja Behbudiy hammasi bo‘lib 44 yil umr ko‘rdilar. Shu 44 yilda, tasavvur qiling, dramaturgiyaga asos soldilar, jadidlar harakatiga asos soldilar, O‘zbek publitsistikasiga asos soldilar, yangi maktablarga asos soldilar, yangi darsliklarga asos soldilar. 44 yilda bunchalik ko‘p narsaga erishish uchun insonda katta maqsad, juda katta talant, juda katta vatanparvarlik bo‘lishi kerak. U kishida mana shu narsalarning hammasi bor edi.
Toshkentdan Bahodir: Siz yon-atrofdagi to‘y-ma’rakalarimiz, yurtdoshlarimizning turmush tarziga qarab, mana bu narsalarni 100 yil oldin jadid ma’rifatparvarlarimiz yomon ko‘rganlar, tanqid qilganlar va bartaraf etishni xohlaganlar, deb bugun nimalarni misol qilib keltirardingiz?
Nusrat Rahmat: Men gapni yana Behbudiy hazratlaridan boshlayman. U kishi yozganlaridan bir parcha o‘qib beraman: «Astag‘furillo, subhonollo. Bizni qilaturgon aqlsizligimizni qaysi millat qilur? Nikoh, xatna, bu ikki balo shundog‘ qattiq bir illatki, o‘lmaguncha qutulub bo‘lmaydur. Shaharlarda o‘rtahol, ya’ni o‘turarg‘a xona va bog‘i bor bir kishi nikoh uchun ikki ming so‘m sarf etar va o‘g‘ul xatnasi uchun hech bo‘lmaganda ming so‘m. Har bir benavo kishi bu mavridlarga 200 so‘mdan 1000 so‘mgacha sarf etar. Boy va zo‘raki boylar esa besh ming, o‘n minglab sarf etar. Oxiri nima bo‘lur? Nima bo‘lur deysiz? Ota-bobosidan qolgan mulk va vatanini o‘z ixtiyori ilan zo‘raki boyni o‘zi o‘lgandan so‘ngra bir yahudiy yo bir armani ajnabiyg‘a sotib, to‘y va ta’ziya qarzini berar…» U kishi to‘ylar-ma’rakalar haqida juda ko‘p yozganlar, bu mavzularga juda ko‘p marotaba murojaat qilganlar. Bu o‘sha yozganlaridan bittagina tsitata. Endi bu 100 yil oldingi gap. Mana endi hozirgi Samarqandimizdagi to‘ylarga qarang! Rossiyaga borib ishlab keladi, ikki-uch yil mardikorlik qilib. Kelib bir katta to‘y beradi, shu bilan puli tamom. Odamning rahmi keladi. Nima uchun u yerga borib mardikorlik qilib kelding? Nahotki shu narsa uchun? Minglab-sakkiz yuzlab odamni chaqirib, «haq berish» uchunmi, deb afsuslanamiz. Endi bu narsa 100 yildan buyon davom etayotgan ekan, men o‘zimcha o‘ylayman: Bularni qonunlar yo‘li bilan tartibga solish kerak. Bunda inson huquqlari buziladi, degan andishalar ham bor. Lekin bu to‘ylar ham boshqalarning huquqlarini buzadi-ku. Ko‘chalarni to‘ldirib, mashinalarda yurish, vang‘illatib radio qo‘yishlar ham boshqalarning huquqlarini buzadi-da. Tojikistonda to‘ylarni ma’muriy yo‘l bilan cheklashga qaror qilingan ekan. Samarasi yaxshi deyishayapti. Qonun bo‘yicha shuncha sondagi odam kelishi kerak, shuncha xarajat bo‘lishi kerak, deb belgilanipti. Aks holda ishdan olinadi, jarima solinadi, degan qonun chiqqan ekan. O‘sha yerdan kelganlarning aytishicha, bu qonun to‘ylarni ancha tartibga solgan.
Bi-bi-si: Aynan Samarqanddagi to‘ylar haqida Toshpo‘lat aka Rahmatullayev bilan gaplashganimizda, Toshpo‘lat aka ham, mana 100 yildan buyon bunday dabdabali, ortiqcha xarajatli to‘ylarni yo‘qota olmayotgan ekanmiz, demak buni bir ma’muriy bosimlar yo‘li bilan tartibga solishimiz kerak ekan, degan fikrni aytgandilar. Siz ham shu fikrga qo‘shilasiz, shundaymi?
Nusrat Rahmat: Ha, Toshpo‘lat bilan ham biz bu mavzuda fikrlashib turamiz. Bu fikrlar, nazarimda, to‘g‘ri.
Bi-bi-si: Nusrat aka, siz o‘zingiz nima deb o‘ylaysiz, xalqimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan, qusur-kamchiliklaridan qutulishda yordam beradigan g‘oyalarni, xususan buyuk jadid ma’rifatparlari o‘gitlarini ko‘pchilikka yetkazish uchun nima qilish kerak?
Nusrat Rahmat: Men mustaqillikdan keyin jadidlarga katta e’tibor beriladi, deb kutgan edim. Ha, e’tibor berildi-ku, lekin u darajada emas. Nimagadir jadidlardan ehtiyotsirashmi, xavfsirashmi, borligini sezaman. Biz shunday holatga tushdik. Hazrat Behbudiyning 125 yilligini nishonlamoqchi bo‘ldik. Juda ko‘p odam keldi. Ular gul ko‘tarib keldi. Lekin gulni qayerga qo‘yish kerak? Qabr ham yo‘q, haykal ham yo‘q edi. Nevaralarining ko‘ziga yosh keldi. Keyin «kelinglar, jamoatchilik asosida Behbudiy hazratlariga haykal tiklaylik», degan taklif bo‘ldi. Haykal qo‘yish uchun juda ko‘p byurokratik to‘siqlarni yengib o‘tish kerak ekan. Shahar, viloyat, respublika maxsus komissiyasi ma’qullashi kerak ekan. Biz ko‘pchilik bo‘lib, yelib-yugurib, 1 yil davomida zarur hujjatlarini to‘g‘irladik. Hukumat qarori bilan haykal o‘rnatildi. Men Malaka oshirish institutining sobiq rektori Aminovdan, haykaltarosh do‘stimiz Qahhorov, u kishining nevaralaridan minnatdorman. 19 yanvar Mahmudxo‘ja Behbudiyning tug‘ilgan kunlari. Xudoga shukur, hozir u kishining tug‘ilgan kuni gul qo‘yadigan joy bor. U kishining ruhiga duo o‘qittiramiz. Muxbirlarni taklif qilayapmiz. Bu tadbirlar haqida matbuotimiz ham xabarlar tarqatayapti. Xullas, jadidlarni kengroq targ‘ib qilish kerak. Bizda shu paytgacha nima uchundir buyuk Sadriddin Ayniyni jadid hisoblashmas edi. Jadid degan so‘zdan qo‘rqishadi. Hozir u kishining jadid ekanligini aytayapmiz. U kishi ham katta jadidlardan. Birinchi darslik yozgan, birinchi maktablar qurgan. Behbudiy bilan birga ishlagan. Ha, bu yo‘ldagi ishlar asta-asta iziga tushayapti.
Bi-bi-si: Nusrat aka, siz bugun jamiyatdagi ma’rifatning ahvolini qanday baholaysiz?
Nusrat Rahmat: Harqalay, ma’rifatparvarlarimiz hozir ham bor. Ular ham turli yo‘llar bilan ishlashayapti, izlanishayapti. Mustaqillik g‘oyalari singdirilayapti. Maktablarda darsliklar ko‘payyapti. Endi biz nimani istaymiz? Ana shu yo‘ldagi ishlar tezroq va ko‘proq amalga oshirilishini istaymiz. Endi bu juda ko‘p narsalarga, siyosiy-iqtisodiy vaziyatlarga bog‘liq ekan. Hozircha ketishi yomon emas.
AQShdan Toshpo‘lat aka: Domla, nega Mahmudxo‘ja Behbudiyning buyuk ma’rifiy g‘oyasi o‘zbek jamiyati e’tiboridan chetda qolib ketdi? Nega arzigulik g‘oya topolmasdan sarson siyosiy partiyalar o‘z dasturlariga uni asos qilib olishmadi?
Nusrat Rahmat: Toshpo‘lat akaga mening nomimdan rahmat aytib qo‘ying, haqiqatan yaxshi bir savol beriptilar-da. Endi bizda jadidlardan, ayniqsa, Behbudiylardan panturkist deb qo‘rqishadi. Avval ularga panturkist deb ayb qo‘yishardi. Hozir unday ayb qo‘yishmayapti-yu, amaldorlarimizning saviyalari haminqadar-ku, shunaqa bir xavotir bor ularda. Mening ba’zan tushuntirishim ham qiyin. Ana endi qarang, men aytaman: Behbudiyning maqolalari bor. U kishi, to‘rt tilni bilmoq kerakdur, deydilar. Bugungi turkistonlik turkiy, forsiy, arabiy va rusiy tillarni bilsun, degan maqolalari bor. Agar u kishi panturkist bo‘lsa, millatchi bo‘lsa, shunday deyarmidi? Bu oddiy misol. Bugun jamiyatga ana shunday internatsionalizm, hamdo‘stlik, baynalmilalchilik kerak. Bu biz aytayotgan u kishining bittagina g‘oyalari. Samarqandda o‘nlab jadidlar yashaganlar. Saidrizo Alizoda va boshqalar. Agar biz jadidlarning asarlarini sinchiklab o‘qisak, joriy etsak, faqat taraqqiyotga, ezgulik, yaxshilikka xizmat qiladi.
Toshkentdan Hojiahmad savoli: Yaqinda ijtimoiy tarmoqlar orqali yangi o‘zbek tilining imloviy lug‘ati kitobi nashrdan chiqishi ko‘pchilikni qiziqtirdi. Lekin narxini eshitib qoyil qoldim. 30 ming so‘m. Davlat tilini rivojlantirish mazmunidagi kitoblarni pullash qanchalik to‘g‘ri deb o‘ylaysiz?
Nusrat Rahmat: Endi nashriyotlarning ham ahvolini tushunish kerak. Kitobning tannarxi o‘zi qimmat. Uning xarajatlari ko‘p. Ular tannarxidan arzon narxda sota olmaydi. Bozor iqtisodi bo‘lgandan keyin buni tushunish kerak. Lekin boshqa bir yo‘li bor-ku. O‘zbekistonda men ikki kishini aytmoqchiman. Shoir Xurshid Davron bilan Davronbek Tojialiyev. Ularning veb-saytlari bor. Ikkovlari yangi kitob chiqdimi, saytlariga joylashtirishadi. Va bu saytlardan foydalanish tekin. O‘sha saytlardan bir xohlagan kitobni olib o‘qishimiz kerak. Endi bizning yoshimizdan qat’i nazar Internetga kirishimiz kerak, bu progressdan foydalanishimiz kerak. Bu bepul. Boshqa yo‘li yo‘q. Mening fikrim shunday.
Bi-bi-si: Sizga kelgan yana bir savol aynan sizning bloggerligingiz haqida. Siz nima uchun blogger bo‘lishga qaror qilgansiz?
Nusrat Rahmat: Kitob chiqarish qimmat, pulli bo‘lgan paytda nima qilishimiz kerak? Bundan keyin odamlar bloglarga, Internetga o‘tishayapti-ku. Mening umidlarim bor. Bor asarlarimning hammasini blogimga tashlab qo‘ymoqchiman. Kelajak asta-sekin o‘tadi shunga. O‘rganadi, o‘qiydi. Bundan keyin kitoblar ham bo‘ladi. Lekin Internet tobora taraqqiy etib kelayapti-ku. Bloggerlik men uchun eng muhim narsa. Bloggerlar haqiqiy bo‘lsa, yaxshi bo‘lsa, yaxshi niyatli bo‘lsa, ularni avj oldirish kerak, rivojlantirish kerak, degan fikrdaman.
Bi-bi-si: Internetda blog yuritish ham siz o‘zingiz targ‘ib qiladigan ma’rifatparvar jadidlarning ilg‘or bo‘lish kerak, zamon bilan hamnafas bo‘lish kerak, degan o‘gitlarini hayotga tatbiq etishning bir yo‘li-da, shundaymi Nusrat aka?
Nusrat Rahmat: Harqalay, biz ham jadidlardan dars oldik, o‘rgandik. Ularning tarjimai hollari bilan tanishdik. Mana hozir ba’zan meni maktablarga, kollejlarga o‘quvchilar bilan uchrashuvlarga taklif qilishadi. Ana shu uchrashuvlarda bolalarga men ikki narsani urg‘ulab aytaman: mana men shu yoshga kirgan bo‘lsam ham kompyuterni o‘rgandim, Internetni o‘rgandim. Siz bolalarim, nevaralarim yoshsizlar, shundan boshlanglar! O‘rganinglar! Hali yoshsizlar, o‘rganishlaring oson, deb birinchi bo‘lib mana shu narsaga urg‘u beraman. Ikkinchisi, ingliz tilini o‘rganishga ham urg‘u beraman. O‘zim ingliz tilini bilmayman. Chet mamlakatlarga chiqib qanchalar qiynalganimni o‘zim bilaman-da. Shuning uchun mana shu ikki narsaga o‘rganinglar, deb urg‘u beraman. Chunki taraqqiyot shuni taqozo etadi, kelajak shuni taqozo etadi. Bizning umidimiz bo‘lgan yoshlarimizning kelajagi shuni taqozo etadi, deb o‘ylayman.
Bi-bi-si: Mana hozir o‘zingizning blogingizda va Feysbukdagi sahifangizda Hindistonga sayohatingiz taassurotlarini e’lon qilib borayapsiz. Siz ushbu safaringizdan o‘zingiz uchun qanday yangiliklarni kashf qildingiz?
Nusrat Rahmat: Men u yerda asosiy e’tibor berganim, qashshoqlik, kambag‘allikni ko‘rdim. Juda ko‘p oddiy odamlar bilan gaplashdim. Va «birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukr qil» degan gapni ko‘p esladim. Bir kishi bilan gaplashdim. U «kollejda bolamni bir yil o‘qitish 2500 dollarga tushadi», dedi. Bizda, Xudoga shukur, bu borada ancha imkoniyatlarimiz bor. Mayli, svet, gazda, boshqa narsalarda kamchiliklarimiz bor. Lekin taraqqiyot bor. Biz unchalik kambag‘al emasmiz. Shu narsalardan shukur qildim, gapning rosti.
Bi-bi-si: Boburiylarning Hindistondagi ko‘p asrlik hukmronligi haqida o‘zingiz uchun qanday yangiliklarni topdingiz?
Nusrat Rahmat: Bizning yo‘lboshlovchi tarjimonimiz bir gapni aytdi. Ular Boburiylarni mo‘g‘ullar der ekan. «Mo‘g‘ullardan bizga Toj Mahal qoldi, inglizlardan til qoldi», deb ana shu ikki narsa hindistonliklar uchun qanchalik qimmatli, arzigulik ekanini aytdi. Haqiqatan, men o‘zim Toj Mahalni tomosha qilishga qancha ko‘p odam kelayotganini ko‘rdim. Endi u yerda Boburiylardan faqat Toj Mahal qolmagan ekan, o‘nlab shunaqa binolar bor ekan. Eh, dedim, nega bu binolar Samarqandda qurilmadi? Nega bechora Bobur «boshimni olib, oyoq yetguncha ketgayman», deb ketib qoldilar? Yana qarang, «Hind sori yuzlandim, yuz qarolig‘ bo‘ldi», deydilar. Ishqilib, shu narsalar ko‘nglimdan kechdi.
Bi-bi-si: O‘quvchilarimiz, radiotinglovchilarimizga qanday tilaklaringiz bor?
Nusrat Rahmat: Xudoga shukur, respublikamizda tinchlik. Asta-asta taraqqiyot ham bo‘layapti, demokratik o‘zgarishlar ham bo‘ladi asta-asta. Men har zamon chetga ketib qolgan birodarlarimizni eslayman. Xudo ularning ham ishlariga omadlar bersin, deyman. Mana yangi yil yaqinlashib kelayapti. Sizlarni ham, chet ellardagi birodarlarimizni yaqinlashib kelayotgan yangi yil bilan muborakbod etaman. Baxt-saodatli bo‘lsin hamma!