Navoiyni anglash (davra suhbati, 1999)

Ushbu suhbatimiz ustoz, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Mahmud Sa’diy tashabbusi bilan bo‘lgan edi.

Necha yuz yillardan buyon Alisher Navoiy badiiy-ilmiy merosi insoniyat ma’naviyati yo‘lida xizmat qilib kelmoqda. Uning “El netib topgay menikim, men o‘zimni topmasam” kabi hikmatli satrlari el orasida mashhur bo‘lib ketgan. Haqiqatan ham, O‘ZLIKni – Alloh va payg‘ambarimiz oldidagi, oila va yaqinlarimiz, vatanimiz va millatimiz, insoniyat oldidagi vavzifalarimizni anglashda Alisher Navoiy hamisha bizga madadkor, Alisher Navoiy ruhiy-ma’naviy dunyomizning bir qismiga, shaxsimizga, jismimizga aylanib ketishi kerak. Hakimlarimiz mustaqil fikrlash – katta boylik, deb alohida ta’kidlaganlar. Bugungi kunda mustaqil fikrlaydigan har bir odam Alisher Navoiyni teran va kengroq anglashi zarurga o‘xshaydi. Shunday ekan, Alisher Navoiyni anglash hozir qanday mavqeda turibdi? Biz shu mavzu atrofida respublikamizning taniqli kishilariga murojaat qildik. Ulardan quyidagi javoblarni oldik.

–Muhtaram ustoz, mana, yarim asrdan beri umringiz Alisher Navoiy bilan birgna kechayapti. Ulug‘ shoirimiz oila, Vatan haqida o‘z mustaqil fikri, qarashiga ega bo‘lgan. E’tiqodida Xalq, Vatan, yurt manfaatlari birinchi o‘rinda turgan. Bugungi kunda mustaqillik mafkurasini shakllantirishda Navoiyning o‘rnini qanday belgilaysiz?

Abduqodir HAYITMETOV – filologiya fanlari doktori, professor, O‘zR FA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti Alisher Navoiy bo‘limining mudiri:

–“Saddi Iskandariy” dostonida shunday bayt bor:

Iyolu Vatan uzra to joni bor,
Kishi harb etar toki imkoni bor.

Bu baytda ulug‘ shoir: “Har bir inson, u haqiqiy inson bo‘lsa, to tirik ekan, o‘z Vatani va oilasi (iyolu)ni imkoni boricha yovdan himoya etishga harakat qiladi”, – demoqchi. Ma’lum bo‘ladiki, Alisher Navoiy Vatan va Oilani bir-biri bilan chambarchas bog‘liq tushunchalar, deb qaragan.

Inson bolasida Vatanga sevgi tuyg‘usi naqadar chuqur ekanini Alisher Navoiy ilk marta o‘zining yigitlik yillarida yozgan mashhur ruboiysida xas-hashak, tikanlardan yasalgan o‘z oshyonini podshohlarning oltin qafasidan ortiq ko‘rgan bulbul timsoli orqali g‘oyat yorqin ifodalab bergan edi:

G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish,
El anga shafiqu mehribon bo‘lmas emish.
Oltun qafas ichra gar qizil gul bitsa
Bulbulg‘a tikandek oshyon bo‘lmas emish.

Shoir o‘z asarlarida, xususan,  dostonlarida vatanparvarlikni insonparvarlik, odillik, ma’rifatparvarlik, milliy mustaqillik g‘oya va tushunchalari bilan bog‘lab talqin etgan. “Saddi Iskandariy”da u Doroni mustaqil Eron shohi, deb ta’rif-tavsif etadi:

Jahon mulkida mustaqil podshoh,
Anga topshurub shohlar toshu goh.

Biroq u zulmkorlikka berilib, xalqi uni qo‘llab-quvvatlamagani uchun Iskandardan yengiladi. Demak Alisher Navoiy fikricha, o‘z mamlakatining ozodligini, mustahkamligini saqlab qolmoqchi bo‘lsalar, adolatli va ma’rifatli bo‘lishlari shart.

Alisher Navoiyning she’riy va nasriy asarlarida erksevarlik, milliy mustaqillik, xalqchillik, vatanparvarlik masalalariga tasavvufning, xususan, Shayx Bahouddin Naqshbandning

Vatan tarkini bir nafas aylama…
Musofir bo‘l, ammo Vatan ichra bo‘l…

kabi ko‘rsatmalari ham katta ta’sir ko‘rsatgan. Masalan, bunga Alisher Navoiyning haj safariga otlanib, borolmay qolgani yaqqol misol bo‘la oladi. Ma’lumki, Alisher Navoiy o‘z davrining davlatmand kishilaridan biri bo‘lgan. Binobarin, bu uning hajga borishini taqozo etgan. Lekin u ikki bor safarga otlanganda har safar Sulton Husayn Boyqaro uning mamlakatdan uzoqlashishini istamagan, buning uchun qulay sharoit yo‘qligini, mamlakatda va qo‘shni o‘lkalarda vaziyat murakkabligini aytib bu muborak haj safardan qaytargan. O‘z mamlakatini, xalqini jondan ortiq sevgan Navoiy esa podshohning iltimosini qabul qilgan va haj savobiga boshqa xayrli ishlarni bajarish bilan  erishishga qaror qilgan.

Xullas, Alisher Navoiy hayoti va ijodi bugun ham hammamiz uchun ibrat  bo‘lib, biz uni o‘qish bilan birga yaxshi uqishimiz, unda o‘zimizga to‘g‘ri xulosalar chiqara olmog‘imiz kerak.

–Domla, Siz Navoiy asarlarining tanqidiy matni haqida gapirsangiz. Axir, ulug‘ shoir asarlarini xalqimizga aslidagidek yetkazish ham o‘zligimizni anglashga yordam beradi. Shunday emasmi?

Bahodir SARIMSOQOV – filologiya fanlari doktori, professor:

Haqiqatan ham, Alisher Navoiy asarlarini xalqqa yetkazmay turib, qanday o‘zlik haqida so‘zlash mumkin. Topilmaganlarini ham topib o‘rganish kerak. Chunki shoir asarlarining matnlari, tahlillari aniq bo‘lsagina, ulug‘ shoirimizni, o‘zligimizni to‘laroq anglashimiz mumkin. Alisher Navoiy “G‘aroyib us-sig‘ar” devoniga yozilgan “Debocha”da “Badoyi’ ul-bidoya”, “Navodir un-nihoya” devonlarida bo‘lganidek, “Xazoyin ul-maoniy”ni tuzishda ham Sulton Husayn Boyqaroning qimmatli maslahatlar berganligi va unga tuzatishlar kiritilganligini alohida adabiyotshunoslar devonlararo ayni bir g‘azal yoki boshqa janrlardagi asarlardagi tahririy tuzatishlarni Alisher Navoiydan ko‘ra Husayn Boyqaroga nisbat berish maylini bildiradilar. To‘g‘ri, Alisher Navoiy devonlariga kiritilgan asarlar tahririda Sulton Husayn Boyqaroning xizmatlari katta va buni Alisher Navoiyning o‘zi ham qayta-qayta e’tirof etadi. Ammo “Debocha”da ulug‘ shoir bir narsaga nozik ishora berib o‘tadi, ya’ni “ul ta’limlarni o‘zumga dastur qilib, hamul dastur bila ul zabtu tartibg‘a shuru’ qilur erdim”. “Badoyi’ ul-bidoya” va “Navodir un-nihoya” devonlaridagi g‘azallar bilan “Xazoyin ul-maoniy” tarkibidagi devonlarga kiritilgan g‘azallar matnini birma-bir solishtirib chiqish bizga keyingi asarlardagi asarlar matniga uch xil miqyosdagi tahririy tuzatishlar kiritilganligidan shahodat berdi.

Bu xil tuzatishlarning birinchisi alohida kalom – so‘z miqyosidagi tuzatishlardir. Masalan, “Navodir un-nihoya”dagi 182-g‘azalning 3-bayti quyidagicha:

Qayda bo‘lsun uyqukim oqizmish xaylini,
Tinmayin afg‘on sirishkim saylidin su kechalar.

Mazkur bayt “Favoyid ul-kibar” devonidagi 174-g‘azalning 3-bayti sifatida quyidagicha tahrir qilingan holda kiritilgan:

Qayda bo‘lsun uyqukim, oqizmish uyqu xaylini,
Tinmayin oqqan  sirishkim qonidin su kechalar.

Ikkinchi xil tahrirlar so‘z birikmasi va ayrim iboralar miqyosida yuz bergan.

Uchinchi xil tahrirlar esa, muayyan asar doirasida amalga oshirilgan. Bunda ham bir necha holat ko‘zga tashlanadi: birinchisi baytlar o‘rni almashtiriladi, ikkinchisi – baytning misralari o‘rni almashtiriladi, uchinchisi – ayrim baytlar chiqarib tashlangan, to‘rtinchisi – g‘azalga yangi baytlar kiritilgan, beshinchisi – bir g‘azaldagi bayt olinib ikkinchi bir g‘azal tarkibiga aynan kiritilgan.

Xullas, tilga olingan masala bo‘yicha bizda katta material to‘planib, har bir tahririy tuzatishning sabablari tahlil etilgan ishimiz nihoyasiga yetib qoldi. Uni yaqin vaqtlar ichida muhtaram navoiyxonlar hukmiga havola qilish niyatimiz bor.

–Biz hozir huquqiy demokratik davlat qurishga azmu qaror qilganmiz. Ulug‘ amir Alisher Navoiy ham umri bo‘yi adolatli jamiyat, adolatli davlat qurishga intildi, shunga xizmat etdi. Vazir bo‘lgan paytidayoq qonun asosida davlatni boshqarib, adolat printsiplariga rioya qildi. Qonunni buzib xalqqa jabr ko‘rsatganlarga esa jazo berdi. Ustoz, Alisher Navoiyning huquqiy qarashlari haqidagi fikrlaringizni bildirsangiz?

Halimboy BOBOEV – Toshkent davlat yuridik instituti rektori, yuridik fanlar doktori, professor:

–Alisher Navoiy o‘z davrining buyuk siyosatchisi sifatida davlatning bosh vazifasini, ya’ni mamlakatda qonunchilikni, tartibni o‘rnatishni teran tushunib yetgan va unga umrining so‘nggi kunlarigacha amal qilgan davlat arbobi edi. Shoir siyosat, davlat qonunlariga oid maxsus asarlar yozib Turonda siyosiy, huquqiy ta’limotlarning rivojlanishini yangi pog‘onaga ko‘tardi. Asarlari orqali temuriylar davlatini boshqa xalqlarga tanitdi. Masalan, uning birgina “Tarixi muluki Ajam” asari qadimgi Eron va Turon hududida davlatning tashkil topishi va rivojlaniiga bag‘ishlangan. Alisher Navoiy Ajamda Odam Atodan to o‘rta asrlargacha o‘tgan katta tarixiy davrda hukmronlik qilgan shohlarning ismlari (ular 65 nafardan ortiq), sulolalar (peshdodiylar, kayoniylar, ashkoniylar, sosoniylar) haqida hikoya qiladi hamda harbiy sarkardalarning faoliyatlariga baho beradi.

Alisher Navoiy mamlakatning boyligini yaratuvchi dehqonlarning haq-huquqini himoya etishni o‘zining va davlat apparatining vazifasi, deb biladi. U viloyatlarda, shahar va qishloqlarda davlat soliqlarining turlari va miqdorining nihoyatda oshib ketganligidan norozi bo‘lib, isyon ko‘targanlar bilan bevosita muloqotda bo‘lib, mamlakatni ana shunday og‘ir iqtisodiy sharoitlarga olib kelgan davlat mulozimlarini qattiq jazolaydi. Dehqonlar va hunarmandlarning zimmasidagi og‘ir soliqlarni yengillashtiradi.

Alisher Navoiy temuriylar davlat boshqaruvida bo‘lgan Xuroson davlatiga xizmat qilar ekan, mamlakatda obodonchilik ishlariga katta e’tibor beradi. O‘zining jamg‘armasidan masjid va madrasalar, shifoxonalar, bog‘lar, yo‘llar, ko‘priklar, karvonsaroylar qurdiradi. Buyuk mutafakkirning obodonlashtirish borasidagi faoliyati uning nomini xalqimiz orasida adolatli vazir sifatida mashhur qildi. Alisher Navoiy Xuroson va Movarounnahrda ilm-fan taraqqiyotiga alohida e’tibor berdi. Bu soha kishilariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatdi; ularning huquqlarini qo‘riqladi va davlatning himoyasida bo‘lishini ta’minladi. Alisher Navoiy dunyoqarashida kelajakda ideal davlat qurish orzusi katta o‘rin tutadi. U siyosiy qarashlarida mavjud feodal davlatlarni tanqid qilib, Iskandar davlatidek ideal davlat timsolini “Saddi Iskandariy” dostonida yaratdi. Unda shoir bo‘lajak ideal davlatni idora qilish shakli, davlatni boshqarishda fan va texnikaning ahamiyati, xalqaro huquqqa oid masalalarni ta’riflaydi. Eng muhimi, Alisher Navoiy jamiyatni davlatsiz, qonunsiz, shohsiz tasavvur qilolmaydi. U jamiyatda intizom, qonun-qoida bo‘lishini e’tirof etadi.

Alo, toki shohsiz chu bo‘lgay jahon,
Zamon ahilga bo‘lmagusi omon.

deya, markazlashgan, mustahkam qonunga asoslangan davlatni, uning tepasida esa ma’rifatli shoh turishini orzu qiladi.

–Mashhura opa, Alisher Navoiyni bolalarga anglatish, o‘qitish muammolari haqidagi fikrlaringizni biz bilan baham ko‘rsangiz. Tabiiyki, bolalar Alisher Navoiyni anglash orqali o‘zlarini anglab boradi…

Mashhura SA’DINOVA – Toshkent shahar Akmal Ikromov tumanidagi 283-maktabning o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi:

–Bu savol ko‘pdan beri meni o‘ylantirayotgan dardli savol bo‘lgani uchun ham oromimni o‘g‘irladi…

Alisher Navoiy asarlarini tushumoq uchun avvalo Navoiyning – Alisherning kim ekanligini anglamoq kerak. Uni anglamoq uchun esa… musulmonlik amallaridan ogoh bo‘lmoq lozim…

Darsliklarga Alisher Navoiy haqida – haqqoniy hikoya qiluvchi badiiy va tarixiy asarlardan ko‘proq kiritish kerak…

Maktabga borayotgan Alisherning burro-burro savollari, cho‘lda adashib qolganda o‘zini tutishi, mumtoz muarrix Sharafiddin Yazdiy bilan suhbat, malik ul-kalom Lutfiyning e’tirofli, me’morlar bilan birga ishlayotgan ustod  qiyofasi…

Yoshgina Alisherning qo‘lidan otasi “Mantiq ut-tayr” kitobini olib qo‘ydi. Ana endi maqsadga keldik. Gap kichkina Alisherning butun asarni yod olganida emas… Gap bu asarning bo‘lajak shoir dunyoqarashini o‘zgartirib yuborganida. “Mantiq ut-tayr” qanday asar edi? Nima uchun ota bu asarni o‘qishni o‘g‘liga ta’qiqlab qo‘ydi? “Farididdin Attorning kitobi falsafiy edi, otasi o‘g‘lining jinni bo‘lib qolishidan cho‘chib uni olib qo‘ydi”, degan javob o‘quvchini qanoatlantirmaydi.

Meningcha, komil insonlikka intilish tuyg‘usi Alisher Navoiyda shu asar tufayli juda erta, bolaligidayoq paydo bo‘ldi. Bugun hayoti, ijodi davomida bunga amal qildi. Buni o‘quvchiga yetkazish uchun Farididdin Attor asarini ham darslikka kiritish kerak.

Hozir o‘quvchilar masalan, 5-sinf o‘quvchisi tushunib-tushunmay, tili kelishib-kelishmay (ruscha tarbiya-da) Alisher Navoiy ruboiylarini yod oladi.

Biz o‘qituvchilarning ko‘pchiligimiz ham Alisher Navoiyni yaxshi tushunmaymiz, tasavvuf qanday ta’limot ekanligini bilmaymiz. Shuning uchun ham o‘quvchilarga shoir asarlarining tub ma’nosini yetkazib berolmaymiz.  O‘quvchilarimizda men Alisher Navoiyning avlodiman, degan faxr tuyg‘usini uyg‘otolmayapmiz!

Alisher Navoiyni komil  inson sifatida keng omma tanishi kerak. Hozir ko‘pchilik uni shoir sifatida taniydi. Ammo “Xamsa”ning muallifi sifatida, umuman, “Xamsa” qanday asar ekanligini bilmaydi.

Agar Alisher Navoiy asarlari ekranga ko‘chsami… Alisher Navoiyning bolaligi haqida. Asarlari asosida multfilmlar yaratilsami..

Televideniyeda Yoqubjon Ishoqovga o‘xshagan olimlar “Mantiq ut-tayr” haqida, Alisher Navoiyning komil insonligi haqida o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun o‘quv ko‘rsatuvlarini olib borsalar ayni muddao bo‘lar edi.

Alisher Navoiyni bolalarimiz bog‘cha yoshidanoq tanisin. Buning uchun ota-onalar Navoiyni tanishi kerak.

– Mahmud aka, xalqimizning Alisher Navoiyni anglashida matbuotning o‘rni katta. Siz uzoq yillardan buyon gazeta-jurnallar redaktsiyalarida hozirgi o‘zbek adabiyoti, o‘zbek klassik adabiyoti, jumladan, Alisher Navoiy ijodi bo‘yicha yozilgan tadqiqotlarni tahrir etib, e’lon qilgansiz. Alisher Navoiy haqidagi maqolalarni qabul qilayotganingizda nimalarga ko‘proq e’tibor berasiz?

Mahmud SA’DIY – O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist:

–Alisher Navoiy haqida, faqat XX asrni nazarda tutganda ham, ko‘p narsa yozilgan. Ulug‘ bobomizning 525-yilligi arafasida navoiyshunoslik avvalgiga nisbatan ancha rivojlandi. Binobarin, navoiyshunoslar  ham ko‘paydi. Shubhasiz, bular orasida haqiqiy olimlar bilan birga havaskor darajasidagi adabiyotshunoslar ham ko‘p. Demak, matbuotda Alisher Navoiy haqida yozilgan barcha maqolalarni ham e’lon qilish shart emas. Biroq. Afsuski, hamma o‘z maqolasini  chiqarishni xohlaydi. Albatta, mazmunan yupun, ilmiy qimmati past qoralamalarni chiqarmaslik gazetxonning qimmatli vaqtini tejaydi, uni chalg‘itmaydi. Men qanday yo‘l tutaman? Avvalo, Alisher Navoiy ijodi haqidagi maqolada qanday yangi fikr aytilganiga e’tibor beraman. Menimcha, ulug‘ shoirimiz haqida kattami-kichikmi yangi fikr bo‘lmasa, maqola yozib ovora bo‘lishning hojati yo‘q. Chunki Alisher Navoiy nomining o‘zi mualliflarni mas’uliyatga chaqirish kerak. Har bir o‘zbek, ayniqsa, olimlik da’vo qiluvchi kimsa ulug‘ ustod sha’niga munosib ish qilishni doimo yodida tutishi shart. Men qo‘limdan kelganicha ish jarayonida xalturaning yo‘lini to‘sishga, Alisher Navoiy haqida yangi fikrlarni, asosli yangicha qarashlarni e’lon qilishga qiziqaman. Agar biror maqolada yangi fikr bo‘lsa,  o‘zim yozgandek quvonib ketaman. Shu sababdan ham yangilik topgan navoiyshunoslarning ko‘pi maqolasini menga keltirishni  lozim topadi, bundan, to‘g‘risi, men faxrlanaman. O‘ylashimcha, har birimiz xalqimizga, xalqimizning Alisher Navoiy singari asl farzandlariga ulug‘ bir hurmat, ma’rifat va muhabbat bilan qarashimiz hamda shunga yarasha ish qilishimiz kerak.

–Alisher Navoiy o‘z davri hayotini chuqur bilgan, asarlarida chuqur tahlil qilgan. Iqtisodning jamiyat hayotida yetakchi o‘rin tutishini yaxshi bilgan. Bozorda ham iqtisodiy, ham ma’muriy usul bilan nazorat bo‘lishini qat’iy  talab qilgan. Ijtimoiy ishlab chiqarishda asosan dehqonlarni nazarda tutgan. Siz iqtisodchi olim sifatida ulug‘ shoirning bu fikrlarini qanday izohlaysiz?

Qudrat DO‘STMUHAMEDOV – iqtisodchi, professor:

–Gapni  shoirning Badiuzzamon Mirzoga yozgan bir maktubidan boshlasam. Maktubda “Muhtasiblar haftada ikki qatla bozor ahlining narxlaridan vuquf topsalar” degan  nasihati bor. Bu nasihatga yo‘g‘rilgan fikr hozir ham zamonaviy. Ko‘rinib turibdiki, iqtisod, ishlab chiqarish to‘g‘risida ulug‘ Alisher Navoiy o‘zining aniq qarashlariga ega bo‘lgan. O‘z qarashlarini xalq hayotiga tatbiq etishga intilgan. Alisher Navoiy dehqonchilik haqida gapirganda ishlab chiqarishni nazarda tutgan. Dehqonlarni nihoyatda ulug‘laydi. “Mahbub ul-qulub”ga yozgan so‘zboshisida navoiyshunos olima Suyuma G‘aniyeva “Oddiy mehnatkash dehqonlarni Alisher Navoiychalik hech kim ta’riflamagan”, – deb juda to‘g‘ri yozadi. Bu qimmatli fikrga men ham qo‘shilaman. Axir, hamma dehqon ustida kun ko‘rgan, kun ko‘rayapmiz ham. Alisher Navoiy buni hisobga olgan. O‘zining ijtimoiy ishlab chiqarish tarafdori ekanligini ham, ijtimoiy ishlab chiqarish jamiyat taraqqiyotini belgilashini ham dehqonlar misolida ko‘rsatgan. U dehqonlarning bozorda erkin savdo qilishlari uchun harakat qilgan. Hozir ham bu masala dolzarbdir. Bugungi kunda hukumatimiz ishlab chiqarishga ko‘proq e’tibor berayapti. Bir narsani o‘ylayman. Qadimdan O‘rta Osiyo xalqlari asosan savdo bilan shug‘ullangan, ijtimoiy ishlab chiqarishdan ancha uzoqlashish, hatto, ma’lum darajada qochish, chekinishni ham sezish mumkin.

Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarining “Tijorat ahli zakrida”, “Shaharda olib sotquvchilar zikrida”, “Bozor kosiblari zikrida” nomli fasllarida va  boshqa pand-nasihatlarining asosiy yo‘nalishida bozorlar faoliyatida ham ma’muriy, ham iqtisodiy usul bilan davlat tomonidan qattiq nazorat bo‘lishini istaydi. Bozordagi tarozilar, narx-navo, mahsulotlarning sifati tekshirib berilmasa, ulug‘ amir shoir nazdida, shar’iy me’yor buziladi. To‘g‘ri. Chunki bu faoliyatda iqtisodiy usul bilan nazorat bo‘lmasa, qonundan chetga chiqish ro‘y beradi.

–Alisher Navoiyning armiyani boshqarish borasidagi qarashlarini o‘rganish, hozirgi zamon armiyasini boshqarishda, harbiy xizmatchilarning milliy ongini o‘stirishda muhim ahamiyat kasb etsa kerak?

TOHIR SOATOV – IIV Ichki qo‘shinlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, polkovnik:

–Intizomli armiyasi bo‘lmagan davlat o‘z mustaqilligini saqlab qola olmaydi, xalqi tinch yashay olmaydi. Buyuk bobomiz ham butun umri davomida mamlakat yaxlitligini o‘yladi, shuning tashvishini chekdi. Shuning uchun ham uning bu boradagi o‘ylari asarlari ruhiga singib ketmasligi mumkin emas edi. Binobarin, asarlarida armiya – qo‘shin haqidagi qarashlari mavjud. O‘z milliy g‘ururiga ega bo‘lgan, el-yurtning quvonch va tashvishi bilan yashovchi har bir harbiy kishi uchun Alisher Navoiy, uning ulkan merosi katta ahamiyatga ega. Shoirning ko‘plab she’rlari bizlarni Vatan, oila va jamiyat oldidagi muqaddas burchlarimizni – hukumat qurgan qo‘shinda xizmat qilish har bir Vatan o‘g‘lonining burchi, ayni paytda bu vazifa dinning ham amri ekanligini anglab yetishga chaqirgan.

Tarixdan ma’lumki, Alisher Navoiy do‘sti Sulton Husayn Boyqaroga davlatni, armiyani boshqarishda ko‘maklashgan, maslahatlar bergan. Mamlakat tinchligini o‘ylagan.

Shoir ilg‘or navkarlarga yaxshi e’tibor berish, inoyat va hurmatni  joyiga qo‘yish, qonun-qoidani buzgan navkarlar esa, jazolanishi kerakligini quyidagicha bayon etadi: “Mirzo navkarlarikim, anda qulluqqa mashg‘uldurlar.  Mirzo navkarligi haysiyatidin inoyat va hurmat alar bobida kam bo‘lmasa, lekin beqoidalig‘i biridin zohir bo‘lsa, bazxost va siyosatda ma’zur tutulmasa”.

Yoki:

Odami ersang demagil odami,
Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.

baytida ifoda etilgan xislatlarni har bir harbiy kishi – xoh u zobit, xoh u askar bo‘lsin, – o‘zida namoyon qilishi kerak, deb o‘ylayman. Chunki Vatan himoyachisi ana shu xislatlarga ega bo‘lmasa, ona-yurtini himoya etolmaydi yoki ana  shu vazifalarni bajarishga o‘zini tayyorlay olmaydi. Shu bois ulug‘ bobomiz ijodini harbiylar orasida keng ko‘lamda targ‘ib etish oliy burchimizdir.

Mana, davra suhbatimiz qaqtnashchilarining Alisher Navoiy ijodidagi bir mavzu – O‘ZLIKNI ANGLASh” mavzui yuzasidan qisqacha mulohazalari bilan tanishdik. Shubhasiz, Alisher Navoiy ijodi ulkan bir ma’naviyat, ma’rifat dengizi. Undan har kim o‘z tushunchasiga ko‘ra bahramand bo‘ladi.

“Yoshlik” jurnali,1999, 4-son, 60-64-betlar.

Suhbatdosh: Burobiya RAJABOVA – filologiya fanlari nomzodi.