Nasr: bugun va ertaga (davra suhbati) (2015)

Zamonaviy o‘zbek nasri o‘zining boy an’analari va bu adabiy turdagi dunyo badiiy tafakkuri namunalari bilan bo‘ylashadigan asarlariga ega. Istiqlol yillaridagi ijod erkinligi nasrimiz imkoniyatlarini kengaytirdi. Adiblarimiz katta jur’at bilan tarixiy mavzuda muhtasham asarlar yaratdilar, nasrning barcha janrlarida ham an’anaviy, ham yangicha uslublarda emin-erkin ijod qildilar. Qariyb chorak asr mobaynida yaratilgan ikki yuzdan ziyod roman, minglab qissa va hikoyalar mustaqillik davri o‘zbek nasrining salohiyatidan dalolatdir.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan ijodiy muloqotlarning bu galgisi — “Nasr: bugun va ertaga” deb nomlangan davra suhbatida adabiyotshunoslar, yozuvchilar, munaqqid va tadqiqotchilar qizg‘in gurunglashib, talaygina masalalarga oydinlik kiritishdi, bahs-munozara qilishdi. Xususan, nasrimizning bugungi adabiy jarayondagi o‘rni, yuzaga kelayotgan adabiy-estetik tendentsiyalar, umuminsoniy muammolarning badiiy talqinlari, ko‘ngilochar “bozor adabiyoti”ga munosabat, yosh nosirlarning ijodiy tajribalari kabi ko‘plab mavzular ushbu davra suhbatining mazmun-mundarijasidan o‘rin oldi. Globallashuv jarayonida yozuvchining pozitsiyasi, zamondoshlarimiz hayotida, ongu tafakkurida ro‘y berayotgan o‘sish-o‘zgarishlar nasrdagi bugungi izlanishlarda qay darajada aks etayotgani ham muloqot chog‘ida so‘zga chiqqanlarning diqqat-e’tiborida bo‘ldi.

Albatta, bir davra suhbatida qizg‘in kechayotgan ijodiy jarayonga, xususan, nasrdagi yutuqlarni to‘la-to‘kis sharhlab berib bo‘lmaganidek, bu boradagi kamchiliklarning sabablariga ham batafsil aniqlik kiritishning iloji yo‘q. Biroq “Nasr: bugun va ertaga” mavzusidagi muloqot bunday tadbirlarning adabiy jarayonga, nasrimizdagi yangilanish, o‘sish, yozuvchilarimizning yanada faollashishiga samarali ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.

Davra suhbatini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Nasr ijodiy kengashi raisi, taniqli yozuvchi Abduqayum Yo‘ldoshev olib bordi.

Abduqayum Yo‘ldoshev:

— Milliy adabiyotning bo‘y-bastini, zalvorini aynan nasr belgilashi bor gap. Shu sababli ham barcha zamonlarda bu adabiy turga e’tibor alohida bo‘lgan.

Ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz, tarixning burilish nuqtalari jahon adabiyotiga go‘zal, hayratomuz, bemisl durdona asarlarni bergan. Qisqa vaqt ichida bir tizimdan mutlaqo boshqa bir yangi tizimga o‘tgan, yangicha ong-shuurga, dunyoqarashga, ma’naviyatga ega bo‘lgan xalqimiz ham nosirlarimizdan shunday asarlar kutishga haqli, albatta.

Afsuski, adabiyotimizda miqdor jihatidan o‘sish sifat o‘sishiga olib kelmayapti. Adabiyotimiz hamon yurtimizda juda qisqa fursatda olamshumul islohotlarni, yangilanishlarni amalga oshirgan zamon qahramonlari obrazlarini, Tirik Insonlarni yetarli darajada ifodalab bera olmayapti. Hamon ko‘plab yozuvchilarimiz daqqiyunusdan qolgan qaynona-kelin mojarosi yoki ehtimolki, qo‘shni ovulda ro‘y bergan, biroq na ma’naviyatimizga, na axloqimizga to‘g‘ri keladigan voqea-hodisalarni ko‘pirtirib-shishirib yozish bilan ovora.

Qarang, yoshlarimiz til o‘rganishdi. Endi dunyo adabiyoti durdonalari bevosita asliyatdan ona tilimizga o‘girilmoqda. “Jahon adabiyoti” jurnalida biz bir paytlar oylab qidirib izlab topolmagan asarlar peshma-pesh chop etilmoqda. Ammo biz entikib kutgan o‘zimizning shoh asarlar negadir ko‘rinmayapti.

Mustaqillik davri o‘zbek nasrida qanday yangi tendentsiyalar paydo bo‘ldi yoki paydo bo‘lyapti; milliy o‘ziga xosligimiz asarlarimizda qay tariqa aks ettirilmoqda; jahon miqyosida yuz berayotgan globallashuv jarayonlari nasriy mashqlarimizda qay tariqa ifodalanmoqda; yaratilayotgan imkoniyatlar tufayli adabiyotimizga kirib kelayotgan yosh nosirlarimiz mashqlarida bizning e’tiborimizni tortadigan jihatlar bormi…

Bugungi davra suhbatida mana shu mavzularda bahs yuritsak maqsadga muvofiq bo‘ladi nazarimda.

Nasrimiz keyingi yillarda juda katta adabiy hosilga ega bo‘ldi. Jild-jild romanlar, qissalar, son-sanoqsiz hikoyalar chop etilyapti, ularning katta qismi kitob bo‘lib chiqyapti ham. Istiqlol yillarida yangi davrning yangi adabiyoti paydo bo‘ldi. O‘tgan deyarli chorak asr mobaynida adabiyotimizda ikki yuzdan oshiq roman, minglab qissalar, son-sanoqsiz hikoyalar chop etildi. E’tiborli tomoni shundaki, bu asarlar g‘oyaviy zug‘umlardan, yakka partiya manfaatini ko‘zlaydigan shior-chaqiriqlardan xoli, erkinlik sharoitida yaratildi. O‘tgan davr ichida qalamkashlarning to‘laqonli ijod qilishlari, dunyo adabiyotining eng sara namunalari bilan bo‘ylasha oladigan asarlar yozishlari uchun barcha shart-sharoitlar shakllandi.

Buni hech kim inkor etmaydi, albatta. Ammo afsuski, adabiy hosilning kattagina qismini adabiy makulatura tashkil etishi ham bor gap. Zero, “olomon madaniyati” degan balo allaqachon kitob dunyosiga ham kirib keldiki, uni har qadamda ko‘rib-bilib turibmiz. “Sariq matbuot” ko‘ngilochar, bozor adabiyotini yuzaga keltirdi. Bizning vazifamiz chin iste’dodlar va haqiqiy adabiyotni himoya qilish, avaylab asrash, rivojlanishiga shart-sharoit yaratib berishdan iborat deb o‘ylayman.

No‘mon Rahimjonov, filologiya fanlari doktori:

— G‘arbda “ong oqi­mi” deb nom olgan adabiy tushuncha dastlab professor Uilyam Jeyms tomonidan 1890 yili “Psixologiya asoslari” asarida ilk bor ilmga olib kirilgan edi. 1922 yili J.Joysning “Ullis” romani nashr etilgach, adabiy tanqidchilikda bu atama keng qo‘llana boshlandi. U badiiy fikr strukturasi, ya’ni adabiy qahramonning ichki dunyosini ochishga qaratilgan monologi, kechinmalari, o‘y-mushohadalari, iztirobu alamlari tizimi sifatida namoyon bo‘layotir.

Mazkur adabiy tushunchaning badiiy metod sifatida shakllanishi, taraqqiyot xususiyatlari to‘g‘risida muayyan tasavvurga ega bo‘lish uchun uch muammo — ong oqimi va syujet, ong oqimi va tasviriylik printsiplari, ichki monolog va badiiy xarakter masalasi bilan cheklanish mumkin.

Hozirgi adabiy jarayon tarixini yaratayotgan bir necha bo‘g‘inga mansub o‘zbek nosirlarining ijodiy printsiplari, uslubiy izlanishlari “ong oqimi” deb atalayotgan adabiy yo‘nalish printsiplari asosida tahlil va tadqiq etishga, ijodiy tajribalarda ko‘rinayotgan realizm, romantizm, naturalizm, simvolizm, modernizm, syurrealizm, ekzistentsializm kabi badiiy metodlarning yetakchi xususiyatlari, estetik tabiati haqida fikr yuritishga asos beradi.

Qisqa bir adabiy davr hayotida bu taxlit badiiy metodlar xususiyatlarining zohir bo‘lishi omillari nimalarga bog‘liq? Ularning ildizi qayerda?

Ijobiy tajribalardagi bu xil rang-barangliklar adiblarimizning dunyoqarashi, turli xil an’analar etagidan tushishi, badiiy-estetik, falsafiy tafakkur madaniyati bilan aloqadorlikda ko‘rinish bermoqda. Xususan, tabiat va jamiyat hodisalarini, ijtimoiy voqelikni, insonning yangicha idrok va ifoda talqinlari, tabiiyki, badiiy umumlashmalar mazmunining xilma-xilligini ta’minlayotir. Hozirgi o‘zbek nasri, jumladan, Muhammad Alining dilogiyasi (“Sarbadorlar”), tetralogiyasi (“Ulug‘ saltanat”), Erkin A’zamning “Shov­qin” romani, Xurshid Do‘stmuhammadning “Bozor” romani, “So‘roq”, “Oromkursi”, qissalari, Asad Dilmurodning “Rang va mehvar” romani, “Xayol cho‘lg‘anishi”, “Xufton”, “Kunsuluv” hikoyalari, Otauli, Qamchibek Kenja, Nabi Jaloliddin, Sobir O‘nar, Qo‘chqor Norqobil, Normurod Nor­­qobil singari bir necha avlodga mansub nosirlar ijodi istiqlol davri o‘zbek prozasi tarixini yaratish barobarida adabiyotimiz ijodiy metodi tabiatini, adabiy yo‘nalishlar estetikasini tadqiq etishni dolzarb vazifalardan biri sifatida ko‘ndalang qo‘ymoqda.

Birgina Xurshid Do‘stmuhammadning “Qich­qiriq” hikoyasi misolida kuzatadigan bo‘lsak, kelinning anhor suviga cho‘kib, g‘arq bo‘lishi hodisasidan turtki olgan badiiy fikr tadriji — bu lirik personajning mushohada kechinmalari tizimini tashkil qiladi. Chunonchi, Sultonning anhor bilan bog‘liq bolalik xotiralarini, ayni paytdagi holati, kayfiyati, his-tuyg‘ulari, hayotiy tajribasini qamrab oladi. Badiiy fikr teran, serqirra falsafiy ma’noni yoritishga qaratilgan. Sultonning kelinchak jasadini topishga jazm qilishi, anhor to‘lqinlari bilan olishuvi, oqimni yengishga safarbarligi — barcha-barchasi ramzli ma’nolar silsilasidir. “Qichqiriq”ning shiddatli to‘lqinlari — bu hayot, tirikchilik mas’uliyati va sinovlari; ana shu izdihomda odamning o‘zini o‘zi anglab yetishi, ruhan poklanishga, ma’nan tozarishga yo‘naltirilgan mayllaridek anglashiladi. Demak, hayot — tiriklik izdihomi o‘zini izlab o‘zligini topganlarni qadrlar ekan.

Demak, psixologik tasvir teranligining salohiyati, jozibasi shundaki, hayotiy fakt­dan turtki olgan, quvvatlangan idrok ifoda jarayonida yangi badiiy haqiqatni, ya’ni reallikni yuzaga keltirmoqda. Sulton xarakterining namoyon bo‘lishidagi ramzli ma’nolar tizimi yozuvchining voqelikni tushunish hamda tushuntirishdagi ijodiy yo‘sinini anglashimizda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ramzlarga asoslangan ob’ektiv voqelikning mazmun-mohiyati, uning sub’ektiv talqini hamda badiiy-estetik umumlashma Xurshid Do‘stmuhammadning o‘ziga xos tasvir va talqin madaniyatini yuzaga keltirmoqda.

Voqelikdan tug‘ilgan, kechinmalar shaklini olgan mushohada-muhokamalar qahramon ruhiy dunyosini belgilab berayotir.

Ana shu jarayonda badiiy metodning muhim xususiyati namoyon bo‘lmoqda. Anglashiladiki, badiiy metod voqelikning u yoki bu qatlamini badiiy-estetik, ijtimoiy-falsafiy, publitsistik-axloqiy o‘rganish tarzi sifatida zuhur toparkan. Bu borada badiiy ong falsafiy-lirik, romantik ko‘tarinki, fantastik, istehzo-kulgili — satirik, realistik va hokazo rang-barang ko‘rinishlarda ham ifodalanadi.

Qozoqboy Yo‘ldosh, filologiya fanlari doktori:

— Bugungi asl nasriy asarlar oldin shakl­lantirilgan qoliplarga tushmasligi bilan ajralib turadi. Milliy nasrda har biri alohida izohlanishi kerak bo‘lgan bir qator asarlar yuzaga keldi. Chog‘dosh nasrda tarixga, odamga yondashuv, tarix va odam munosabatini ko‘rish va badiiy aks ettirish tamoyillari tamomila o‘zgardi.

Bugungi nasriy asarlarda adabiy qahramonga ham o‘zgacha yondashilmoqda. Nasriy asarki bor, albatta, unda ijobiydir-salbiydir qahramon, ya’ni el qatori odamlardan biroz o‘zgacha obrazlar tasvirlanishiga ko‘nikilgan edi. Oqsoqol yozuvchi Muhammad Salomning “Katta xonadon” romanida esa kundalik turmushning adoqsiz ikir-chikirlariga o‘ralashib yashayotgan oddiy odamlar tasvirlangan. Ular deyarli hech bir jihati bilan boshqalardan o‘zgacha emas. Va aynan shunday tasvirlangani bilan e’tiborga loyiq. Milliy nasr qahramon bo‘lmagan qahramonlarni tasvirlash bosqichiga kirdi.

Hozirgi o‘zbek nasrida jiddiy shakliy izlanishlar ham borayotir. Omon Muxtorning qator ixcham romanlaridan so‘ng Ulug‘bek Hamdamning olti betlik “Na’matak” romani yozilishi roman borasidagi mavjud tushunchalarni o‘zgartirib, dunyo adabiyotida kechayotgan janriy sinkretizm bizga ham xosligini ko‘rsatdi. To‘xtamurod Rustamning “Kapalaklar o‘yini”, Nazar Eshonqulning “Go‘ro‘g‘li”, “Bahoviddinning iti”, “Qultoy”, Abduqayum Yo‘ldoshning “V.b. va boshqalar” asarlari voqelikka yondashuvning o‘ziga xosligi, badiiy haqiqatning hayot haqiqatidan ustuvor martabaga qo‘yilgani, ifodaning betakrorligiga intilingani bilan diqqatga loyiqdir.

Ayrim nasriy asarlarda personajlar voqelikka ilova emas, balki o‘z o‘ylari, xatti-harakatlari bilan real borliqdan muhimroq voqelik sifatida tasvirlanmoqda. Ifodaning o‘zgachaligi bilangina emas, balki hayot va odamga yangicha qarash, ularni boshqacha tasvirlay bilish mahsuli o‘laroq dunyoga kelgan nasriy bitiklar bugungi nasrimizning qiyofasiga alohidalik baxsh etadi. Isajon Sultonning “Boqiy darbadar”, Luqmon Bo‘rixonning “Quyosh hali botmagan”, “Yigit iztirobi” singari asarlari shu jihatdan e’tiborni tortadi. Bu asarlarda tasvirlangan timsollar birovga ibrat bo‘ladigan, o‘qirmanga yo‘l ko‘rsatadigan shaxslar emas. Ular o‘zlarini anglab yetib, odamlar orasidagi o‘rinlarini topib olishga intilayotgan kishilardir. Bunday bitiklarda ko‘pincha voqealardan ko‘ra, personajlarning o‘y-xayollari ifodasi yetakchilik qiladi. Chunki odam o‘ylayotgandagina o‘ziday bo‘ladi.

Bugungi o‘zbek nasri shiddat bilan borayotgan globallashuv sharoitida o‘z qiyofasidan ayrilib qolmaslikka intilayotgan millat ahlining ruhiy-intellektual olami, tuyg‘ular dunyosini ko‘rsatishga qaratilgan.

Hozirgi nasrda odamga hayot orqali emas, balki hayotga odam tasviri orqali yondashilayotgani ko‘zga tashlanadi. Bunday badiiy asarda muallif hayotni o‘rganish va aks ettirishni maqsad qilmaydi, balki bularni tasvirlanayotgan shaxsning tabiatini tushunish va izohlashga vosita hisoblaydi. Odam ruhiyatining tasviri hayot hodisalari va ularning manbasini to‘g‘ri tushunish hamda izohlashga ochqich bo‘ladi. Shu sabab bugungi o‘zbek nasrida inson ruhiyati tovlanishlarini aks ettirish ustuvorlik qilmoqda.

Shartli ravishda umumlashtirib, bugungi o‘zbek nasrining birinchi belgisi sifatida uning ijodkor ko‘ngil izhori va ruhiy ehtiyoji ifodasiga aylanganini ko‘rsatish mumkin. Hozir chin nasriy bitiklar muallifning ichki ehtiyoji tufayli, uning ruhini bezovta qilib, xayolotiga orom bermagan holatlarning in’ikosi o‘laroq dunyoga kelmoqda. Milliy nasrning asl namunalarida badiiy tasvir fokusi o‘zgarib, estetik yondashuv sog‘­lomlashgani kuzatiladi.

Ifoda yo‘sinining betakror va jozibali bo‘lishiga e’tibor qaratilgani bugungi ilg‘or nasrning ikkinchi xususiyatidir. Hozirgi nasriy yaratiqlarda yozuvchini to‘lqinlantirgan, uning xayolotini bezovta qilgan insoniy taqdirlar tasvirlanishi qoidaga aylanib bormoqda. Ilgarilari nas­riy asarlarda ulkan ijtimoiy voqealarni tasvirlash muhim sanalgan bo‘lsa, endi iste’dodli yozuvchilar inson shaxsiga har qanday voqea-hodisaning sababchisi va harakatlantiruvchi kuchi sifatida yondashmoqda. Bugungi o‘zbek nasrida odamga sabab, uning atrofida kechadigan voqea-hodisalarga esa oqibat tarzida qarash qaror topib, ya’ni odamning ruhiyatini tasvirlash old planga chiqdi.

Hozirgi o‘zbek nasriga xos uchinchi belgi har bir asarning o‘ziga xos betakror shaxsiy qiyofaga ega bo‘lib borayotganligidir. Shu sabab endilikda nasr namunalarini sinchiklab o‘qimay turib, u haqda fikr aytib bo‘lmaydi. Chinakam nasriy bitiklarning tamomila o‘ziga xos tasvir yo‘siniga ega estetik hodisaga aylanib borayotgani shunday holatni yuzaga keltiradi.

Suvon Meli, filologiya fanlari nomzodi:

— Davra suhbatini olib borayotgan yozuvchi Abduqayum Yo‘ldoshevning bir fikri aynan mening ko‘nglimdagi gap bo‘ldi: “Katta adabiyotni himoya qilishimiz kerak. Agar biz himoya qilmasak, boshqa kim himoya qiladi”. Bu achchiq, ammo haqqoniy fikr. Ozod insonni, uning yuksak ma’naviyatini himoya qilishga yo‘naltirilgan adabiyotning o‘zini bugun “ommaviy madaniyat”dan himoya qilmoq kerak. “Adabiyot o‘ladimi?” degan savol yo‘q joydan paydo bo‘lgan emas. Men bunga hamisha “yo‘q, o‘lmaydi”, deb javob berganman. Lekin… Agar adabiyot o‘ziga yuklangan ilohiy missiya — ezgulik va ezgu hislar tarannumidan yuz burib, bandaning (insonning emas) tuban, pastarin mayllarini ko‘z-ko‘z qilib, insoniylikka emas, yovuzlikka, go‘zallikka emas, xunuklikka xizmat qila boshlasa, adabiyotning o‘lgani shu bo‘ladi. Iblisi lain quroliga aylangan adabiyot o‘lik adabiyot yoki aksil adabiyotdir. Foyda emas, koni zarardir. Chunki uni ilohiy nur, munaqqar ruh tark etgan bo‘ladi. Bunday ko‘rgilikdan Yaratganning o‘zi asrasin.

Bu — Prezidentimiz qayta-qayta ogohlantirgan ma’naviy tahdidning eng yovuz va pin­honiy ko‘rinishidir. Bu xavf miqyosini ko‘pchilik adiblarimiz, ayrim adabiy nashr rahnamolari ham to‘liq anglab yetgan emas.

Men katta karvon bo‘lgan nasrimizdan, adiblarimizdan yalpi ravishda milliy zaminga qaytishlarini, badiiy asar uchun hayotiy materialni o‘z xalqimiz turmushidan tanlashlarini so‘ragan bo‘lardim. O‘zbekday turfa qiyofa, rang-barang fe’l-atvorga ega millat dunyoda bo‘lmasa kerak. Bir paytlar san’atshunos do‘stim Eldor Boboyev aytib bergandi. Ustoz musavvir Chingiz Ahmarov Boltiqbo‘yi respublikalarida ijodiy safarda bo‘lib qaytgach, aytgan ekan: “Bilasiz, musavvir xos qiyofa, yorqin tal’at izlaydi, u yerda bir xillikdan zerikib ketdim, hamma yoppasiga bir xil qiyofa. Toshkentga qaytib sal o‘zimga keldim, erkin nafas oldim…”.

Bizda har bir qishloq, shahar, tuman, viloyat o‘ziga xos, takrorlanmas. Qani bu o‘ziga xoslikni tasvir etadigan, tesha tegmagan jonli xarakterlarni obrazlarda muhrlaydigan azamat? Barcha viloyatlarimizda, poytaxt Toshkentda ham shunday odamlar, yorqin xarakterlar borki, ular hayot sahnidan adabiyot sahnasiga ko‘chib o‘tgan emas. Shoir yozganidek, ular noma’lum odamligicha dunyodan o‘tib ketishmasin. Bunday yorqin xarakterlar millatning, qolaversa, insoniyatning mulkidir.

Bir haqiqatni unutmaslik lozim: biz dunyo uchun faqat o‘zligimiz, o‘zbekligimiz bilan qadrlimiz, qiziqarlimiz. Ushbu o‘zlikni ko‘rsatish, tasvir etish, jahonga ko‘z-ko‘z qilish payti keldi.

O‘zbek nasrining kelgusidagi taraqqiyot yo‘llarini tasavvur qiladigan bo‘lsak, aynan Istiqlol bilan bog‘liq bir fikrni o‘rtaga tashlamoqchiman. Masalani Istiqlolga bog‘lashimga sabab, oldingi tuzumda bu ishni amalga oshirib bo‘lmasdi, xalq, millat hayoti haqida erkin fikrlashga yo‘l berilmasdi. Gap shundaki, hanuzgacha adabiyotimizda olis tarixiy o‘tmishga ega xalqimizning badiiy-epik tarixi yaratilgan emas. Bu oson yumush emasligi kunday ravshan, lekin bu gap, kerak bo‘lsa, talab bot-bot aytib turilishi lozim. Hatto nisbatan kichik xalqlar o‘z badiiy tarixini yaratishgan. Masalan, eston adibi Anton Tammsaare 1926—1933 yillar davomida “Haqiqat va adolat” nomli besh jilddan iborat epopeya yozgan, unda eston xalqining XIX asrning 70-yillaridan XX asrning 30-yillariga qadar kechgan hayotining keng manzaralari tasvir etilgan. Bizda hatto Muxtor Avezovning “Abay yo‘li” epopeyasi darajasidagi asar ham yo‘q.

Men bu o‘rinda tarixiy prozamizning ulkan yutuqlaridan ko‘z yummoqchi emasman. Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur kabi buyuk daholarimiz haqida jiddiy va yirik asarlar yaratilganini qayd etgan holda, o‘zbek xalqining yaxlit badiiy siymosi, tarixiy-hayotiy voqea va obrazlar silsilasida yorqin ko‘rsatilgan badiiy yuksak asarlar yaratish Istiqlol davri nasrimiz zimmasidagi ulug‘ vazifa, deb o‘ylayman.

Risolat Haydarova:

— Ijodkorlar, odatda, ayollarni osmondagi oyga qiyoslashadi. Oy kabi go‘zal, sirli, oy kabi yiroq va hokazo. Bilamizki, oy odamlarga faqat bir, ya’ni yerga qarab turgan tomoni bilan ko‘rinadi. Oyning ikkinchi tomoni hamisha ko‘zdan yiroq, qorong‘i, u yerda nima sirlar borligini mutaxassislar qudratli teleskoplar yordamidagina ko‘rib, bilib olishadi. Men bu majozni bejiz keltirmadim. Nosiralarimizning zamonaviy adabiy jarayondagi ishtirokini ham qaysidir ma’noda shunga o‘xshatish mumkin.

Nasrda ayol yozuvchilarning ulushi katta emas. Avvallari ham nosiralar ko‘p bo‘lmagan. Aslida gap sonda ham emas, balki salmoqda. Lekin salmoq deganda nimani tushunish ham katta gap.

Nosiralarimizning soni kam bo‘lsa ham, ko‘zlagan maqsadlari baland. Bugun tarixiy mavzuga qo‘l urayotgan adibalar soni ancha, avangard usulida yozayotganlar orasida ham ularning ulushi chakkimas, hozir hatto belletristikada ham ayollar safning oldiga o‘tib olishyapti. Kechagina “Sharq ziyokori” kitob do‘konini ko‘zdan kechirganda Farida Usmonovaning “Hijron” nomli qissa va hikoyalar to‘plami, Hafiza Egamberdiyevaning “Naxshona” nomli tarixiy asari, shuningdek, Lola O‘roqova, Shahodat Isaxonovaning yangi kitoblarini ko‘rdim. Belletrist ayollardan Jamila Ergasheva, Hamroxon Musurmonova, Lobar Rustamova, Shahlo Hoshimova, Zulayho Masharipova singari ijodkor ayollarimiz fantastika, detektiv, maishiy mavzulardagi qissa va romanlari, hikoyalari bilan tez-tez ko‘rinib turishibdi.

Demak, nosiralarimiz ancha faol. Lekin bular masalaning o‘quvchiga ko‘rinib turgan jihatlari yoki oyning yerga qaragan tomoni. Oddiy nazarga ko‘rinmagan tomonlarda esa…

“Sharq yulduzi” jurnalining yangi, 4-sonida Dilfuza O‘rol qizining ikkita hikoyasi bosildi. Bular avangard usulida yozilgan hikoyalar. U ancha paytdan beri asarlari bilan ko‘rinmayotgan edi. Mana, bugun Dilfuza hikoyalari bilan qatnasha boshlaganidan xursandman. Shuningdek, bugungi kunda Gulchehra Asronova, Sayyora Jabborzoda ham matbuotda ko‘rinib turishibdi, Omina Tojiboyeva tarixiy romanini Nasr kengashiga muhokamaga olib keldi, shoira Enaxon Siddiqova o‘zini nasrda sinab ko‘rib, jurnalimizga bir qancha yaxshi hikoyalar yo‘lladi… Shularni ko‘rib taskin topgandek bo‘ladi kishi.

Ayollarimiz ishni juda yaxshi boshlashadi, eng yuqori ufqlarni ko‘zlashadi. Lekin keyin… Adiba, avvalo, ayol, buni inkor qilib bo‘lmaydi. Ammo adabiyot maydoniga kirdingmi, nazarga tushdingmi, demak, o‘rning bor, chiqib ketsang darrov bilinib qoladi. Ijodkor o‘z o‘rnini sovutmasligi kerak, deb o‘ylayman.

Belletristikani (hatto shu choqqacha jiddiy adiba deb bilganlarimizning ba’zi “asar”larini) ko‘zdan kechirish asnosida ayrim bir jihatlar ko‘rinyaptiki, aytmay ilojim yo‘q. Bu detektiv bahona zo‘ravonlik va qotillik (Zulayho Masharipovaning ba’zi bir qissa va hikoyalari), reallikni ko‘rsatish bahonasida esa fahsh va buzuqlikning ochiqchasiga, ko‘ngilni aynitar darajada mo‘l-ko‘l va beparda tasvirlanishidir. Bunda ham ayollarimiz oldingi safda. Shularni ko‘rganda, nosiralarimizga nima bo‘lyapti o‘zi, deb o‘ylab qolaman. Nasrdagi ayollarning bugungi ulushi barakali, unda oyning oydin tomoni kabi yorug‘lik ham, yerga teskari tomonidagi kabi qorong‘ilik ham bor.

Jiddiy ravishda ijod qilayotgan adibalarimizdan umidimiz katta. Hozirgi kun nasrida, xususan, yoshlarda ko‘zga tashlanayotgan o‘ziga xosliklar, shakliy izlanishlar, yangicha mazmun va qarashlar, ramz va majozlar tili — barisi ertangi kun hosilidan darak. Bunda ayollarimizning ham ishtiroki bo‘ladi, deb ishongim keladi.

Abduqayum Yo‘ldoshev:

— Nasrimizning buguni va ertasiga bag‘ishlangan suhbatimiz hali uzoq davom etishi tayin. Mazkur holat ham mavzuning naqadar keng va ko‘lamli, dolzarb ekanligini ko‘rsatib turibdi. Yuqorida aytilgan muxtasar mulohazalarni esa dengizdan tomchilar o‘rnida qabul qilamiz. Biz uchun muhimi, bu zarralarda adabiyotimizning, xususan, nasrimizning yutuq va kamchiliklari aks etayotgani.

Ayni paytda tilga olingan jiddiy mulohazalar, fikrlarning o‘zidanoq muayyan xulosalarga kelishimiz mumkin. Bu ham bo‘lsa adabiyotimiz bir joyda depsinib qolmayotgani, olg‘a intilayotganidir. Harakat esa hamisha yaxshilik alomati bo‘lib kelgan. Aynan oldinga intilish, izlanishgina taraqqiyot va yaratilajak mo‘jizalarga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Zero, Yurtboshimizning “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarida haqli ravishda ta’kidlab o‘tilganidek, “Agar biz O‘zbekistonimizni dunyoga tarannum etmoqchi, uning qadimiy tarixi va yorug‘ kelajagini ulug‘lamoqchi, uni avlodlar xotirasida boqiy saqlamoqchi bo‘lsak, avvalambor, buyuk yozuvchilarni, buyuk shoirlarni, buyuk ijodkorlarni tarbiyalashimiz kerak”.

 Bugungi gurung ishtirokchilarining hammasi kasbi yoki xizmati taqozosiga ko‘ra qo‘lyozma, kitob o‘qiydi. Ammo keyingi paytlari bu mashg‘ulot anchayin mashaqqatga aylanayotgani ham bor gap. Nashriyot, gazeta-jurnallarni aytmay turgan taqdirimizda ham, ba’zan Uyushmamizning Nasr kengashiga muhokama uchun olib kelingan “asar”larni o‘qib, hayratdan yoqa ushlaymiz. Beixtiyor ko‘ngildan “Qani muallifning hech bo‘lmaganda o‘z-o‘ziga hurmati?” degan iztirobli o‘y o‘tadi. Taassufki, aynan shunday saviyadagi qalamkashlar daholik da’vo qilib charchashmaydi, yoinki xom-xatala, “tanqiddan tuban” mashqlarini “modern” yoki “postmodern” atamalari bilan niqoblangan holda ulkan e’tiroflarni kutishadi, yoqa bo‘g‘ishib talab qilishadi…

Bu gapni aytishdan muddao hamma zamonlar uchun oddiy aksioma bo‘lgan haqiqatni yana bir takrorlash, xolos. Ya’ni iste’dodsizlar tezroq topishishadi, tezroq birlashishadi. Bugun “olomon madaniyati”dan ma’naviy, “sariq matbuot”dan moddiy rag‘bat olayotgan ko‘cha adabiyoti atalmish izdihom o‘z shovqini, yo‘lga qo‘yilgan targ‘ibot-tashviqoti, saflarimizdagi haybarakallachilari va nashr adadi bilan asl Adabiyotimizga, uning ham buguni, ham ertangi kuniga nisbatan xavotir unsurlarini uyg‘otmoqda. Bugun biz dil so‘zlarini tinglash asnosida mazkur haqiqatga yana bir bor iqror bo‘ldik. Umid shulki, bugungi davra suhbatida aytilgan fikr-mulohazalar, xulosalar kelgusi faoliyatimizda, adabiy a’molimizda muhim omil bo‘lishi shubhasiz.

Tahririyatdan: Darhaqiqat, A.Yo‘ldoshev umid bildirganidek, “Nasr: bugun va ertaga” deb nomlangan davra suhbatining adabiy jarayondagi ahamiyati sezilarli bo‘lishi tayin. Siz tanishib chiqqan ushbu sahifadan mazkur ijodiy muloqotda qatnashib, mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etgan barcha ijodkorlarning chiqishlari o‘rin olgani yo‘q. Gazetamizning kelgusi sonlarida sahifaga sig‘magan gaplarni, shuningdek, mazkur mavzu, xususan, davra suhbatida aytilgan fikrlarga bildirilgan munosabatlarni ham e’lon qilib borishni mo‘ljallaganmiz.

Sahifani A.Otaboyev tayyorladi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 45-son