Melis Abzalov: “Kasbimdan qadr topdim” (2010)

O‘zbekiston san’at arbobi, mashhur kinorejissyor Mels Abzalovni tanimaydigan kino muxlisi bo‘lmasa kerak. Uning “Chimildiq”, “Chinor ostidagi duel”, “Armon”, “Maysaraning ishi”, “O‘tkan kunlar”, “Meshpolvon”, “Sirli sirtmoq” va boshqa yigirmaga yaqin filmlari turli kinofestivallarda sovrinli o‘rinlarni egallagan. Aktyor sifatida ham bir necha filmlarda suratga tushgan.

— Mels aka, ilk filmingiz “Chinor ostidagi duel” hali-hamon kino shinavandalarining sevimli asarlaridan hisoblanadi. Ayni kunda shogirdlaringiz, ya’ni o‘sha filmda rol o‘ynaganlar bugunrejissyorlik qilyapti. Yaqinda ular “Chinor ostidagi duel” filmiga qaytib, yana bir kartinani suratga olmoqchi ekanlarini aytishdi.

— Bu film diplom ishim hisoblanadi. Oradan shuncha vaqt o‘tsa-da, uni teleekranlarda tez-tez namoyish etib turishadi. Endi filmning bugungi yangicha talqiniga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu haqda o‘zimga ham ko‘p marta aytishgandi. Lekin, nazarimda, bu filmga qaytish o‘zini oqlamaydi. O‘sha, o‘ttiz yil ilgari yaratilgan film hamon mavqeini ushlab turgan ekan, demak, yangi tal­qini undan ham muvaffaqiyatli bo‘lishi kerak…

— Bugun taniqli rejissyorsiz. Eshitishimizcha, dadangiz san’atkor bo‘lishingizga qarshi turgan ekan?

— Ha, otam san’atkor bo‘lishimni umuman istamagan, hatto San’at ins­titutiga kirishimga qarshilik ko‘rsatgan. Institutni bitirib Yosh tomoshabinlar teatrida ishlayotganimda bir do‘stiga: “Buni qarang, odamlarning bolalari ilmiy ishlar qilib, mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan bir paytda mening o‘g‘lim mushuk-sichqon o‘ynab yuribdi”, deb achinish bilan gapirgan. Teatrdagi bironta rolimni ham borib ko‘rmagan. Chunki otam o‘zining yo‘lidan ketishimni istardi. Lekin maqsadimdan qaytmadim. Keyinchaliktanlagan kasbimdan hursand bo‘lgan.

— Bu dunyoda armoningiz bormi?

— Mening eng sevgan filmim — “Armon”. Behudaga bu asarni ishlamagan bo‘lsam kerak. Aytmoqchimanki, armonsiz inson bo‘lmaydi. Ushalmagan armonimni doston qilmay qo‘ya qolayin, xafa bo‘lmaysizmi? Ammo taqdirimdan, ijodimdan noliydigan joyim yo‘q. “Kelinlar qo‘zg‘oloni” filmim sho‘ro davrida Amerikada namoyish etilgan. Shunda Sharqhayotiga qiziqqan tomoshabinlar chipta uchun navbatga turishgan ekan.

Istiqlol tufayli dunyoga keng yo‘l ochildi. O‘g‘lim, qizlarim Yevropada o‘qishdi, Vatanimizga foydasi tegadigan farzandlar bo‘lib kamolga yetishdi. Ijodimni hurmat qilishib ish berishayapti, kino olayapman, shogirdlarimga ko‘maklashaman. Film olmaganimda boshqa rejissyorlarning asarlarida suratga tushaman. O‘shim saksonga qarab ketayapti, lekin hali ijoddan charchaganim yo‘q. Bunday sharoitda armon haqida gapirishga ham o‘rin yo‘q, deb o‘ylayman. Bu dunyoda do‘st orttirdim. Tan olish kerak, odam ba’zida betoblanadi, yolg‘izlik ezadi. Ana shunday paytlarda do‘stlarim yonimda paydo bo‘lishadi.

— Siz juda ko‘p chet mamlakatlarda bo‘lgansiz…

— Hech biri O‘zbekistonga o‘xshamaydi. Bir safar Amerikada tanib qolishib, o‘zbeklar jamiyatiga taklif qilishdi. Ummon ortida ham tanishganidan quvonib ketdim. Meni xalqimiz mashhur qildi, shuning uchun ham o‘z yurtimni sevaman. Dunyo kezdim, ammo bunday yurtni uchratmaganman. Suratga olish uchun chet elga borsam yoki sayohatga otlansam, tezda bolaligim o‘tgan Toshkentni sog‘inib qolaman, ko‘z o‘ngimga kelaveradi. Bu shaharning har bir ko‘chasi men uchun aziz.

— Siz tabiatan juda soddasiz, odamlardan aldangan paytlaringiz bo‘lganmi?

— Menimcha bu dunyoda biron marta aldanmaganman, degan odam yolg‘on gapiradi. Men ishonuvchanligimdan ko‘p pand yeganman.

Bir tanishim firibgarga bergan pulini ololmayotganini aytib qoldi. “Siz hurmatli odamsiz, unga tushuntiring, nasihat qiling, balki shunda berishi mumkindir”, dedi. Men ham maqtovlardan quvonib, notanish firibgarning uyiga qo‘ng‘iroqqildim. “Falon kuni birga keling, pulni tayyorlab qo‘yaman, olib ketasiz, siz el suygan insonsiz”, deb aytdi. Bordik. “Mels Abzalov firibgarlik bilan shug‘ullanadi. Mendan pul talab qilyapti, mana bu odamni ro‘baro‘qilib, tuhmat bilan pul olishmoqchi”, deb o‘sha ustasifarang militsiyaga ariza topshirib, maxsus guruhni chaqirtirib qo‘ygan ekan. Ma’lum muddat tergov hibsxonasida yotganman. Lekin u isbot qilolmadi, ammo baribir hibsxonada yotib, tergov berishgacha yetib borganim hamon alam qiladi.

Yana bir narsani aytmoqchiman. Bozorlarimiz to‘kin-sochin, hamma narsa bor. Lekin bozorda menga bir narsa ma’qul emas.Peshtaxta oldida turganlar bilan savdolashsangiz: “O‘zim muncha pulga olganman, ustiga tirikchilik uchun ozgina qo‘shib sotayapman”, deb tan olishdan uyalishmaydi. Dehqonning rizqini yarimta qilayotganlarni unchalik yoqtirmayman. Savdogarchilikning o‘ziga xos sharqona odob-axloqqoidalari, munosabatlari bor, axir. Buni unutmaslinimiz kerak.

— Ayni damda qanday ishlar bilan bandsiz?

— Nima bilan band bo‘lishim mumkin, albatta, yangi film ustidagi ishlar bilan bandman. Lekin qanday filmligini aytmayman, bu hozircha sir bo‘la qolsin.

— Yangi asaringiz ham avvalgilariday elga manzur bo‘lishini tilab qolamiz.

Suhbatdosh: Salohiddin Sirojiddinov

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 42-sonidan olindi.