“Turkiy tsivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida o‘tgan yil Samarqand shahrida o‘tkazilgan sammit davomida, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida ta’sis etilgan Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotga turkiy dunyo birligiga, xalqlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan Chingiz Aytmatov loyiq ko‘rilgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 2 aprelda “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori adib asarlarini o‘zbek kitobxonlariga yanada keng targ‘ib qilishga asos yaratgan. Bu yil nishonlanayotgan adib tavalludining 95 yilligi munosabati bilan taniqli adabiyotshunos olim Mahkam Mahmud Andijoniyni suhbatga chorladik.
– Mahkam aka, suhbatimizni Chingiz Aytmatov asarlarining o‘zbek tilidagi tarjimalari mavzusida boshlasak.
–Chingiz Aytmatov ijodi O‘zbekistonda hamisha adiblar va munaqqidlarning e’tiborida bo‘lib kelgan, o‘zbek ijodkorlari uning asarlariga havas va yuksak ehtirom bilan munosabatda bo‘lishgan. G‘aybulla Salomov, Saydi Umirov, Ibrohim G‘afurov singari atoqli olimlar Chingiz og‘aning barcha asarlari haqida qimmatli fikr-mulohozalarini bildirganlar. Chingiz Aytmatov asarlarining qahramonlari Jamila, Doniyor, Nurbek, Saida, Kamol, jafokash Mo‘min chol, Sultonmurod, Tanaboy, O‘rxon, Milxun, Kirisk, Edigey, Abutolib Quttiboyev – barchasi mehnatkash, jafokash, pokiza qalbli xalq vakillari. Charlz Dikkens, Nikolay Gogol, Fedor Dostoyevskiy qahramonlari kabi jabrdiyda, kichkina odamlar. Mansabdorlar, siyosatdonlar, kiborlar bunday odamlarni odam o‘rnida ko‘rmay, ularning ustidan kulib, insoniy qadrini yerga uradilar. Ammo shunisi e’tiborga molikki, avlodlar ketidan avlodlar kelib, abadiy yashovchi xalqning aql-zakovati, pokiza vijdoni, ajoyib fazilatlari kiborlar mensimagan mana shu sofdil odamlarda saqlanib qoladi.
Tarjimon Asil Rashidov muallifning xuddi shu poetik g‘oyasini teran his etadi. Har bir asar va qahramonlar to‘g‘risida keng fikr yuritadi. So‘zlar ustida ishlaydi. Xayolan asar qahramonlari bilan muloqot qiladi. Kitobxon ko‘nglini topishga intiladi. Mustabid totalitar tuzum xalqning eng yaxshi farzandlarini asosiy boyligi – erkinligidan mahrum qilib, insoniy qadr-qimmatini oyoqosti qilishi, yaxshi insonlarning vatanini ham tortib olib, marhumga bir qabrli joy ham bermay, mahalliy xalqni odam o‘rnida ko‘rmasligi, ya’ni shaxs erkinligini bo‘g‘ishi, inson huquqlarini poymol qilishi “Asrni qaritgan kun” romanida yuksak badiiy pafos bilan tasvirlangan. Zarracha aybi yo‘q mahbus Abutolib Quttiboyev o‘qituvchilikdan, oilasidan, ozodlikdan mahrum qilinib, qilmagan aybiga jazoni o‘tash uchun Sario‘zak dashtida ko‘chma qamoqxonada vagonda borar ekan, temir yo‘l yoqasidagi kulbasida uni kunu tun zoriqib kutadigan xotini va bolalarini bir zumgina ko‘rib qolishni umid qiladi. Inson zotiga bundan ortiq haqorat bormi? Asil Rashidov tarjimasida ham asliyatdagi mana shu dramatik holatlar juda ta’sirli berilgan. “Oq kema” asarida farzandsiz O‘rozqul qaynotasi Mo‘min va bolaning ko‘z o‘ngida Ona Bug‘uni bolta bilan nimtalashi, buni ko‘rib turgan chol bilan nabiraning nafis tuyg‘ulari toptalishi epizodini olaylik. Bolaga portfel olib berilganida uning sevinishi-chi? Yoki qirg‘iz xalqini yer yuzasida bitta qoldirmay qirib tashlamoqchi bo‘lgan dushmanlar xonining ikki norasida go‘dakni o‘ldirib kel, deb Cho‘tir Baymoq kampirga do‘q urishi, kampir bolalarni cho‘qqidan daryoga tashlamoqchi bo‘lib turgan paytdagi holat o‘zbek tilida “O, muazzam Enasoy daryosi! Sening qa’ringga tog‘ni qulatsa, u bir xarsangday jo bo‘ladi. Agar yuz yillik qarag‘ayni tashlasa, uni cho‘pday oqizib ketasan. Kel, endi, ikki qum zarrasini – ikki inson bolasini o‘z bag‘ringga olgin. Ularga yer yuzida joy yo‘q. Qo‘y, ular bu manfur dunyomizni go‘daklikda, toza qalb bilan, bolalik hayosi bilan, yovuz niyat va yovuz ishlar qilmay, o‘z nomiga isnod keltirmay tark etishsin”, degan tarzda juda ta’sirli ifodalangan. “Oq kema” qissasidagi romantizm ruhi tarjimada ham aniq-ravshan inkishof etilgan. Uning tarjimasida ham asarning o‘zidagi kabi kampir bilan bola o‘rtasidagi munosabat yaxshi ochib berilgan. Tarjimon badiiy matnni so‘zma-so‘z o‘girmagan, balki “Xuddi shunday holatda o‘zbeklar nima degan, muallif o‘zbek bo‘lganida, u qanday yozgan bo‘lar edi?” degan andisha bilan ko‘rib, uslubiy mos, badiiy aniq, muqobil tarjima namunasini ijod qilgan.
– Chingiz Aytmatovning o‘zbek tarjimoniga maktubida, jumladan, shunday so‘zlar bor: “Menga ixlos qilib, kitoblarimni o‘zbek tiliga tarjima qilgan do‘stlarimga, ayniqsa, adabiyotshunos, tarjimon Asil Rashidovga tashakkur aytmoqchiman. Chunki mening “Oq kema”, “Jamila”, “Alvido, Gulsari!” singari bir qancha qissalarimni Asiljon o‘zbekchaga xuddi men qirg‘iz tilida yozganday jarangli tarjima qila oldi. Mana shuning o‘zi ham do‘stlikning kuch-qudratidir”.
– Shu o‘rinda yozuvchining “Yuzma-yuz”, “Jamila” qissalari to‘g‘risidagi so‘zlarini eslash joiz. “Men “Yuzma-yuz”, “Jamila” va boshqa asarlarimni shaxsiy taassurotlarim asosida yozganman, – deya eslagandi u. – Urush yillari frontdagina emas, balki front ortida ham hayot og‘ir kechganligini yaxshi bilardim. O‘shanda, umrimda birinchi marotaba kitobxonlarning minnatdorchiligi-yu, ular yo‘llagan maktublarning har biri men uchun haqiqiy bayram bo‘lganligini anglab yetgan edim. Biroq, ayni shu yillari, men ilk bor adabiy hayotning teskari jihatlariga ham duch keldim”.
Shu sababli, yozuvchining asarlari tarjimasiga kirishishdan avval uning ijodini, asarlari to‘g‘risida o‘zi bayon etgan fikr-mulohazalarni chuqur o‘rganib chiqish lozim. Bizning tarjimonlarimiz xuddi shunday qilishdi. Shuning uchun ham Chingiz Aytmatovning ularga mehri o‘zgacha edi.
Asil Rashidov tabiat manzaralarini ham xuddi asar o‘zbekcha yozilganday, ko‘z o‘ngimizda ravshan gavdalantira olgan: “Tunda soy bo‘yi ham ko‘rkam, ham vahimali bo‘ladi. O‘tloqning u yer, bu yerida o‘tlab yurgan otlar qorayib ko‘rinardi. Hammayoq jimjit. Otlar shabnam tushgan o‘tlarga to‘yib, damba-dam pishqirishar va yengil mudrashardi. Sal narida Gurkirov suvi quturib, mayda tol novdalarini egib, toshlarni yumalatib, sokin tun jimligini buzib, go‘yo yer qa’ridan qaynab chiqayotganday dahshat bilan sharillab oqardi”.
Bu sizga nimalarni eslatyapti? Umumiy ruhimizni emasmi? Axir, qirg‘izlar, o‘zbeklar yashaydigan sokin qishloqlarning manzaralarini bundan ortiq ifodalash mumkinmi?
– “Erta qaytgan turnalar” qissasi tarjimasi haqida nimalar deya olasiz?
– Urush davrida bolalar va ayollarning chekkan og‘ir mashaqqatlarini, frontga ketgan yigitlarning qaytib kelishini sabr-toqat bilan kutishlarini, xullas, xalqning jahon urushida tortgan jabru jafolarini tarjimon Asil Rashidov ham xuddi yozuvchi Chingiz Aytmatov kabi qalbidan his etadi. U, o‘smir Sultonmurodning otasi borligida butun olam boshqacha, otasi yo‘qligida boshqacha ekanligi haqidagi o‘ylarini o‘z boshidan kechirganday tarjima qiladi. Jahon urushi o‘zbek, qirg‘iz qishloqlariga ham qanchadan-qancha musibatlar, falokatlar keltirish bilan birga, xalqning qalbidagi eng go‘zal fazilatlarni ham yuzaga chiqargan edi. Biz buni “Erta qaytgan turnalar”da frontga ketayotgan yigit Jamonqulning suyukli qizni xayrlashuvga chaqiruvchi maktubni Sultonmurodga yozdirishi, Jamonqulning so‘z tanlab hayajonlanishidan bolaning ichida kulgisi qistagani, oshiqni xafa qilmaslik uchun buni bildirmagani, ko‘p vaqt o‘tmay Sultonmurodning qalbida ham sirli va go‘zal tuyg‘ular g‘unchalab, u Mirzagulning qanchalar go‘zalligini va nafaqat ovulda, balki butun olamda tengi yo‘q ekanligini xatda aytishni istagani, boshqacha aytsak, qahramonining bolalik bilan xayrlashib, o‘smirlik va yigitlik fasliga o‘tish jarayonini muallif ham, tarjimon ham mohirona ifodalab berganlar.
– Siz Asil Rashidovdan tarjimonlik siri va mahoratini o‘rganganmisiz?
– Ijodkorlar bir-biri bilan gohida bahs-munozara qilishdan tashqari yo‘l-yo‘riq olib, fikr almashib ham turishadi. Asil akaning ijodiy yo‘lini, tarjimada xalqona, jonli, tabiiy so‘zlarni zargarday tanlashini kuzatishga muyassar bo‘lganman. Chingiz Aytmatov badiiy uslub jihatidan eng nafis, falsafiy ma’nolarga, dramatik holatlarga boy asarlaridan biri “Sohil yoqalab chopayotgan Olapar” qissasini birgalashib tarjima qilish jarayonida yaxshi ijodiy hamkorlik qildik. Badiiy va ilmiy falsafiy tarjima sohasida ozmi-ko‘pmi malaka hosil qilganman. Arastu “Poetika”sini, Luis Borxes, Stefan Sveyg novellalarini, Lev Tolstoyning adabiy o‘ylari, Balzakning “Sag‘ri teri tilsimi” romani, V.Belinskiy va N.Chernishevskiy asarlari, G.X. Andersen ertaklari, Abu Nasr Forobiyning “Fozil odamlar shahri aholisining qarashlari” (ustozim Abdusodiq Irisov bilan hamkorlikda), Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” asari (Najmiddin Komilov bilan hamkorlikda forschadan), Emil Verxarning “Mikelanjelo” poemasini tarjima qilarkanman, ko‘pincha ustoz tarjimonlarimiz tajribalarini o‘rganganim qo‘l keldi. Men, odatda, badiiy asarlarni zavq bilan va tez tarjima qilar edim. Asil aka bilan hamkorlikda yozuvchi Chingiz Aytmatovning “Sohil yoqalab chopayotgan Olapar” asarini tarjima qilishda mening tezkorligim to‘g‘ri kelmadi. Bu gal Asil akaning shoshmasdan, sidqidildan, sinchovlik bilan so‘z tanlashi foyda berdi. Mening tarjimamda bir qancha o‘rinlarda ma’no buzilgan ekan. Asil aka bu xatolarimni tez topib berdi va ularni tuzatish yo‘llarini o‘rgatdi. Bu menga keyingi ishlarimda juda qo‘l keldi.
– Haqiqatan ham, ibratli jarayon ekan.
– “Chingiz Aytmatov ijodi o‘z-o‘zidan quppa-quruq zaminda yuzaga kelmadi, – degan gapni takrorlashni Asil Rashidov xush ko‘rardi. – Aksincha, bir xalq ikkinchisidan, yosh avlod keksa avloddan, bir yozuvchi ikkinchi yozuvchidan saboq o‘rganib kelgani singari, uning noyob iste’dodi ham mavjud ijtimoiy sharoit va yangi tarixiy, milliy zaminda yuzaga keldi, o‘sib ulg‘aydi va ravnoq topa bordi”.
Chingiz Aytmatov asarlari dunyoning 168 tiliga tarjima qilinib, 67,2 million nusxada chop etilganligi ommaviy axborot vositalari orqali ma’lum bo‘lgandi. Uning asarlarini 170 millat vakillari bugungi kunda mehr bilan o‘qishi ham sir emas.Chingiz og‘aning asarlari butun dunyo xalqlarini hayratlantiradi va zavq baxsh etadi. Kamina ham bir tarjimoni va muxlisi sifatida faxrlanib yuraman.
– Chingiz Aytmatov dahosi haqida ko‘p so‘z aytilgan, bu borada Sizning fikringiz qanday?
– Turkiy dunyo Alisher Navoiydan qariyb besh yuz yil so‘ng adabiyot cho‘qqisiga Chingiz Aytmatovni olib chiqdi, degan gap bor. U rus tilida yozdi. Unga rus adabiyoti rakursidan qarab baho berishga odatlanib qolganmiz. Ammo Chingiz Aytmatovdagi turkiylik ruhi bizning ruhimiz. Shuning uchun bizning ko‘nglimizga hammadan ko‘ra yaqinroq. Alisher Navoiy bilan taqqoslangani ham ko‘ngilga og‘ir botmaydi. Yozuvchi hayot bilan yuzma-yuz yashadi. Men bir yili yosh olimlar qatorida Yugoslaviyada O‘rta Yer dengiziga tutash Adriatika dengizi sohillarida sayohatda, Serbiya va Xorvatiyada bo‘lganimda bu yurtning mumtoz adibi Ivo Andrich qabrini ziyorat qildim. U Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan “Drina ko‘prigi” romanida Turkiya qurgan bir ko‘prikka aloqador odamlarning 500 yillik mashaqqatli hayotini tasvirlaydi. Har bir ijodkorning o‘z uslubi, o‘z qarashi, o‘z fikri, yozish yo‘nalishi, tarjimachilik sohasida mahorati bo‘ladi. Bu mahorat iste’dodga yo‘g‘rilgan bo‘lib, qalbdan vulqondek otilib chiqadi, u vulqon radiusidan yuz baravar, ming baravar kengroq hududlarning xalqlariga odamiylik, yaxshilikni e’zozlashni, tinchlik va hamkorlikni mustahkamlash zaruriyatini anglatadi. Toza qalbli insonlar ahil va kuchli bo‘lsa, zolimlar zaiflashadi. Hayotda daholar qudrati va mehnati qadrlanib boriladi.
Mamadali Eronov suhbatlashdi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 27-son

