Pirimqul Qodirov: «Bolalikdan boshlangan tarbiya muhim…» (2011)

Xalqimizning sevimli yozuvchisi Pirimqul Qodirov­ning salmoqli romanlari, bir-biridan shirali qissa va hikoyalari kitobxonlarning sevimli asarlariga aylangani shubhasizdir. Ayniqsa, yoshlarga bag‘ishlangan “Uch ildiz” asariga ustoz Abdulla Qahhor yuksak baho bergan bo‘lsa, ruscha tarjimasini o‘qigan buyuk qozoq adibi Muxtor Avezov Moskvada bo‘lib o‘tgan “O‘zbek adabiyoti va san’ati kunlari”da ushbu asarni noto‘g‘ri talqin qilgan va unga o‘rinsiz ayb qo‘ygan Anna Karavayevaning ta’riflari xato ekanini ishonarli dalillar bilan isbotlab berganligi yozuvchining keyingi asarlarining yozilishiga turtki bo‘lgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Adib shundan keyin “Qadrim”, “Erk”, “Meros”, “Botirlar va baxillar” qissalarini, “Qora ko‘zlar”, «Yulduzli tunlar» romanini yaratdi. Bu asarlarda o‘z davrining yosh qahramonlari qanday shakl­langanligi haqida hikoya qilib, ular hayotining ibratli jihatlarini haqqoniy tasvirlab bergan.

Pirimqul Qodirovning so‘nggi o‘n yil ichida yozgan “Ona lochin vidosi” romanida Amir Temurning suyukli o‘g‘li Shohruh va kelini Gavharshodbegim bilan bog‘liq voqealar qalamga olingan. Asardagi Ulug‘bek Mirzo, Husayn Boyqaro va Alisher Navoiylarning yoshlik davridagi jasorat va matonati ham o‘quvchida yorqin taassurot qoldiradi.

Qirq besh yildan beri samarali ijod qilib kelgan yozuvchining ijodxonasiga tashrif buyurar ekanmiz, xastaligiga qaramay yangi asarlari va esdaliklarini to‘plab nashrga tayyorlayotgan adib ustozni suhbatga tortdik.

Pirimqul aka, elimizning ardoqli adibi sifatida ayting-chi, ba’zilar ta’kidlaganidek, yozuvchi bo‘lish uchun, albatta, baxtsiz bolalikni boshdan kechirish shartmi?

– Mening tasavvurimda, bizga berilgan umr tonggi jim-jit bir tezlik bilan uchib o‘tmoqda. O‘ylab qarasangiz, har bir kishining taqdiri tug‘ilmasidan oldingi asrlarga ham ildiz otgan bo‘ladi. Turkiy ajdodlarimiz yetti pushtini yaxshi bilmagan odamni uyat qilishgan. To‘qson ikki qabilali o‘zbeklar o‘z ajdodlari qaysi urug‘dan ekanini yoddan chiqarmaganlar. Ammo Sho‘ro davrida urug‘ surishtirish “urug‘-aymoqchilikka olib boradi” deb ayb qilindi. Bu hamma odamlarni tarixiy ildizlaridan uzib tashlashga xizmat qiladigan aqida edi.

Aslida esa, har birimizning o‘tmishimiz ota-bobolarimiz mansub bo‘lgan qabila va urug‘lar orqali xalqimiz boshidan kechirgan katta tarixiy voqealarga uzviy bog‘langan bo‘ladi. Deylik, Amir Temur va uning avlodlariga mansub bo‘lgan barlos qabilasi Shayboniyxon va uning avlodlari davrida qattiq quvg‘inga uchraydi. Barloslarning ulkan bir qismi Bobur bilan birga Afg‘oniston va Hindistonga ketadi. Bizning yurtda qolganlari esa tog‘ oraliqlariga, xon navkarlari kam boradigan pana qishloqlarda joylashadi.

Otamizning bobokalonlari orasida Hasan Jibachi degan kishi o‘tgan ekan. Jiba – jang paytida kiyiladigan zirhli kiyim. Jibachi – hukmfarmo bekning “oftobachi” deganga o‘xshash bir mulozimi. Hasan Jibachi o‘sha davrdagi hukmron doiralariga yaqin turgan qirq urug‘ining Quyonquloq shoxasidan bo‘ladi.

Ota-onalar bizni oyoqqa turg‘azguncha nechog‘li mashaqqat chekkanlarini farzand o‘stirganlar yaxshi biladi. Otamiz boy bo‘lib badarg‘a qilinganligi uchun hukmron mafkura yoshlikda bizni ruhan ezib, undan bezdirgudek bo‘lardi. Holbuki, otam mehnat qilib charchamaydigan, besh vaqt namozini kanda qilmaydigan, umrida aroq ichmagan, muloyim tabiat, mo‘min-qobil odam edi. Hayotda juda ko‘p og‘ir, asabbuzar hodisalarni boshdan kechirgan bo‘lsa ham, rahmatli biz bolalarni urib-so‘kkanini eslayolmayman. Lekin onamiz bizni zir yugurtirib ishlatar, xato qilsak, ayamay jazo berar, intizomni juda qattiq tutar edilar. Otamiz “bizning xotin amaldor momosiga tortgan” deb qo‘yar edi. Keyin bilsak, onamizning momolari O‘g‘iljon dodxoh Farg‘ona vodiysining O‘sh tomonlarida shuhrat qozongan Qurbonjon dodxohning izdoshlaridan bo‘lgan ekan. U kishi olamdan o‘tgan kezlarida tug‘ilgan bizning onamizga o‘sha momosining ismini berib, “O‘g‘iljon” deb ot qo‘ygan ekanlar. Shuning uchun ham ite’dodning gurkirab o‘sishida baxtsiz bolalik emas, bolalikdan boshlangan tarbiya muhim, deb hisoblayman.

Bola ekanimizda onamizning siyosatidan hayiqar edik, bizni qattiqqo‘l hokimday tergashlaridan ranjib, yosh aka-ukalar bir-birimizga hasrat ham qilar edik. Endi bilsam, qattiq intizom bilan tarbiyalaganliklari bizning foydamizga bo‘lgan ekan.

Asarlaringiz ichida sizga dovrug‘ keltirgan “Yulduzli tunlar” romanini hayajon bilan o‘qimagan kitobxon topilmasa kerak. Aynan Bobur Mirzo hayotiga murojaat qilishingizga nima sababchi bo‘lgan?

– Boburdan boshlaganim to‘g‘ri bo‘lgan ekan, deb o‘ylayman. Chunki Amir Temur tajribasini eng chuqur o‘rgangan va davom ettirgan temuriyzoda, menimcha, Boburdir. Mirzo Bobur “Temur tuzuklari”ni chuqur o‘rgangan hamda vafotidan oldin o‘g‘li Humoyunga yozgan maxfiy vasiyatnomasida “Hazrat Sohibqiron Amir Temurning ish yuritishlari doim yodingda bo‘lsin. Shunda davlating ma’mur va puxta bo‘ladi”, deb tayinlaydi. Haqiqatan Boburning o‘zi butun hayoti davomida Amir Temurning tuzuklaridagi purma’no so‘zlardan juda ko‘p ibrat olgan. Daho darajasidagi iste’dod nuqtai nazaridan qaraganda, Amir Temurga irsiy voris va yaqin avlod Bobur Mirzo deb aytish mumkin. Shuning uchun Bobur Mirzo Hindistonda boshlab bergan boburiylar sulolasi 332 yil umr ko‘rgan.

“Amir Temur siymosi” nomli ilmiy-tari­xiy asaringiz esa O‘zbekiston Respublikasi musta­qil­ligining 16 yilligi arafasida o‘tkazilgan “Eng ulug‘, eng aziz” tanlovida birinchi o‘ringa sazovor bo‘lganligi adabiyot ahlini quvontirdi. Siz ushbu asaringiz orqali oldingizga qo‘ygan maqsad­laringizga erishdingizmi?

– Qanchalik erishganimni kitobxonlar aytsinlar. Men o‘zim shu asarni katta qiziqish va mehr bilan yozdim. Agar shu mehrni kitobxonlar qalbiga yetkazib bera olgan bo‘lsam, o‘z maqsadimga ma’lum darajada erishdim, deb o‘ylayman.

Biroq Sohibqiron Amir Temur haqida yozilgan asarlarda turli xil faktlarga duch kelamiz. Jumladan, ayrim badiiy asarlarda, 1370 yil Balxda Hinduvan qal’asini zabt etishda Jahongir Mirzoni yetakchi qahramon qilib tasvirlangan bo‘lsa, Nizomiddin Shomiy va Sharofiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”sida bu jasoratni Amir Temurning ikkinchi o‘g‘li Umarshayx Mirzoga xos, deb qayd etilgan. Bu badiiy to‘qimami yoki anglashilmovchilik?

– Badiiy to‘qima shunday o‘zgarishlar qilishi mumkin. Ammo men Umarshayx Mirzoni aslidek qilib, yarador paytida o‘zini bardam tutganini tarixiy manbalarda qanday bo‘lsa, shunday ko‘rsatganman. Umuman, Temuriylar haqida shu qadar to‘qima gaplar ko‘pki, ularni men mumkin qadar chetlab o‘tdim. Va manbalarda ko‘rsatilgan faktlarga asoslandim. O‘ylaymanki, bunda xolislik juda ham zarur.

Asarlaringizni mutolaa qilar ekanmiz, undagi qahramonlar hayoti muallif hayotining bir parchasiga o‘xshab ketadi. Bolaligingiz qanday kechganligi haqidagi o‘y-kechinmalaringiz bilan ham o‘rtoqlashsak degandim…

– Bolaligim, yoshligim… O, qancha yillar o‘tdi. Ammo rosti, xuddi kechagi kundek. Bundan oltmish besh yil muqaddam yettinchi sinfni bitirayotgan paytlarimda “Qutlug‘ qon” romanini qanchalik ta’sirlanib o‘qiganim haligacha yodimdan chiqmaydi. Kitobdan olgan yorqin taassurotlarim uni o‘qigan joyning manzaralari bilan birga hamon ko‘z o‘ngimda turibdi.

Biz bir bog‘ot joyning qo‘rg‘onchasida turardik. May oyining oxirlari, bog‘dagi toklar qiyg‘os gullagan payt. Qo‘rg‘onchada sigir va echkilar bor, ularga o‘t o‘rish, ancha uzoqdan chelakda suv tashib kelish biz kabi dastyorlarning zimmasida edi. Lekin kitob o‘qishimga xalaqit bermasliklari uchun, tokzorning narigi chetidagi pana bir joyga yashirinib olar edim. Onam bir necha marta qo‘rg‘onchadan chiqib meni chaqirar, lekin o‘zimni eshitmaganga solib kitob o‘qishda davom etardim. Shaxsan men Yo‘lchining tuprog‘i to‘piqqa chiqadigan ko‘chalardan yalangoyoq yurib, qishloqdan shaharga kelishini ham aynan o‘z hayotimga o‘xshatardim. Chunki bolalik paytimizda otamiz boy bo‘lgani uchun bor mol-mulkimizni sho‘rolar tortib olgan, qish kunida bizning issiq uyimizdan quvib chiqarib badarg‘a qilgandi.

Yoshlik yillarimizda Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat kabi yozuvchilarning asarlarini o‘qishdan butunlay mahrum etilgan edik. Mabodo ba’zi ixlosmandlar “O‘tkan kunlar” yoki “Kecha va kunduz” romanlarini yashirincha o‘qiyotgan paytda qo‘lga tushsa, qatag‘onga uchrardi.

O‘sha yillarda biz talabalar suyukli ustozlarimizga nohaq otilgan malomat toshlaridan qattiq iztirob chekkanmiz. Bu iztiroblarimni “Uch ildiz” romanida Mahkam va Ochil kabi yoshlar navqiron, suyukli domlalari professor Abdurahmon Toshev va dotsent Temur Akbarovlar tomonida turgani, ularga tuhmat qilgan baxillarga qarshi kurashgan lavhalar orqali ko‘rsatishga harakat qilganman. O‘rni kelganda aytish joiz: talabalar sevadigan professor Toshev obrazida men Oybekni nazarda tutgan edim. Otasi temirchi bo‘lgan Temur Akbarovni tasvir etganda ustoz Abdulla Qahhor ko‘z oldimda turgan edi.

Hayotingizdagi eng baxtli chog‘laringizni eslasangiz…

– Bundan ellik besh yil avval men 19 yoshda talaba bo‘lgan kezlarimda gazetalarga lavhalar yozib turardim. O‘sha yilning avgust oyida yoshlar gazetasi menga bir topshiriq berdi.

Samarqandda yettinchi sinfni bitirgan o‘quvchi qiz Moskvadagi gimnastika musobaqalariga qatnashib, yaxshi baho olibdi. Hozir shu qiz Chirchiqdagi sport maktabida o‘qiydi, tez borib u bilan suhbat uyushtirib keling, deyishdi. Yurib charchamaydigan yigitlik paytimiz. O‘sha kuniyoq aytilgan joyni topib bordim. O‘quvchi qizni chaqirib berishdi. Suhbatlashdik. Gaplari ma’nili, o‘zini kattalardek vazmin tutadi. Jussasi kichikroq, ammo pishiq. Suhbatimiz paytida maktabni bitirsam, balki Toshkentga o‘qishga borarman degani yodimda qoldi. 1951 yili men universitetning 5-kursida o‘qiy boshlagan kunlarim Sharqshunoslik fakultetining 1-kursiga oltin medal bilan imtihonsiz kirgan yoshlar davrasida o‘sha qizni ko‘rib qoldim.

O‘sha yili kuzda mening “Studentlar” degan birinchi kitobim nashr etilgan edi. Bu kitobning taqdimotida sirli tilaklarga sababchi bo‘lgan o‘sha Sofiya ismli qiz ham ishtirok etdi.

Taqdir taqozosi deganlari shumi, balki tasodifdir, qarangki, kelgusi 1952 yilning yangi yil kechasini bo‘lajak umr yo‘ldoshim Sofiya bilan bir dasturxon atrofida kutib oldik.

Ustoz, 2010 yil «Barkamol avlod yili» bo‘ldi. Ushbu yilda kitobxonlarga, xususan, yoshlarga qanday tuhfa tayyorladingiz?

– Yoshlar aksariyat asarlarimning bosh qahra­moniga aylangani tasodif emas. Chunki kelajagimiz yoshlar qo‘lida. Ularni qo‘llab-quvvatlaganimiz porloq istiqbol yaratishning eng sinalgan vositasidir. Shu fikrlardan kelib chiqib, Sho‘ro davrida yozilgan “Qadrim” degan qissani qaytadan ishlab chiqdim. Afsonani eslatadigan asardagi shiddatli voqealar jarayonida qishloqdan gaz konlariga kelib ishlayotgan ikki qalb – Iskandar va Zulayhoning maktabda birga o‘qigan paytlaridan boshlangan muhabbatlari xalos­kor bir kuchga aylanadi. “Qadrim” qissasining yangi nashri bugungi yoshlarga ham ibrat bo‘ladi, deb umid qilaman.

Suhbatdosh: Adiba UMIROVA

Tahririyat: Afsuski, ushbu suhbatni jurnal sahifalarida ko‘rish ustoz yozuvchi Pirimqul akaga nasib etmadi…

Pirimqul aka el suygan ijodkor edi. U kishining asarlari qo‘lma-qo‘l o‘qilardi. Ayniqsa, Mustaqillik davriga kelib P. Qodirov ijodi yanada yuksak pog‘onaga ko‘tarildi. Ustoz «Ona lochin vidosi» risolasida, «Til va el» kitobida o‘z iste’dodining yangi qirralarini namoyon etdi.

Bu atoqli adib, jamoat arbobi Pirimqul Qodirovning so‘nggi suhbati… Ammo yozuvchi o‘z asarlarida yaratgan qahramonlari bilan hamisha qalbimizda yashaydi.

“Yoshlik” jurnali. 2011 yil, 1 (242)-son