Gohida bir e’tirozga duch kelamiz: “Kinoijodkorlar o‘zbek adabiyotidan, sharq falsafasidan mutlaq uzoq. Shu bois, ular millatga xos nozik xususiyatlarni u qadar ilg‘amaydi”. O‘ylashimcha, bu ta’rifni kinorejissyor Jahongir Qosimovga nisbatan qo‘llash insofdan bo‘lmas… Chunki kinochilar orasidan o‘zbek adabiyotiga ko‘proq murojaat qiladigan ham va qalam ahli bilan tez-tez muloqotda bo‘lib turadigan ham aynan shu ijodkor.
Uning san’atda bosib o‘tayotgan yo‘llariga ko‘z tashlaganingizda, albatta, Asqad Muxtor, Xayriddin Sulton, Erkin A’zam, Tohir Malik, Murod Muhammad Do‘st va Faxriyor nomini uchratasiz. Rejissyor bilan suhbatda bo‘lgan odam Mavlono Jaloliddin Rumiy asarlari unga hamroh ekaniga amin bo‘ladi. Siz u bilan rassomlar ijodi haqida ham bemalol suhbatlashishingiz mumkin. Hozircha bizning maqsadimiz bu emas… Qolaversa, kino sohasidagi mas’ul shaxslardan biri bo‘lgan bu san’atkorni ortiqcha savollar bilan chalg‘itgimiz yo‘q. Men kino arbob huzuriga bordim. Ayni damda menga san’atkor shaxsini ochib beradigan o‘y fikrlar muhim…
– Kino san’atmi yo sanoatmi? Hamisha dunyoni mana shu savol o‘ylantiradi, – deb gap boshladi u. – Kino Frantsiyada kommertsiya uchun tug‘ilgan. Odamlar sharmanka orqali namoyish etiladigan turli manzaralarni ko‘rish uchun pul to‘lab, hordiq chiqargan. Ya’ni u ko‘cha tomoshasi sifatida kirib keldi. Biroq Devid Griffit(1875-1948), Charli Chaplin(1889-1977), Federiko Fellini(1920-93), Andrey Tarkovskiy(1932-86), Ingmar Bergman(1918-2007) kabi san’atkorlar kinoni san’at darajasiga ko‘tardi. Bugun bu – aksioma. U qaysi maqsadda suratga olinishidan qat’i nazar, insonlarni ezgulikka chorlashi kerak. Aslida “Titanik”(rej.Jeyms Kemeron) yoki “Indiana Jons”(rej. Stiven Spilberg) kabi filmlar ham tijoratni ko‘zlab olingan, lekin ulardagi badiiy talqin kinoni san’at ekanini yana bir karra e’tirof etdi. Biroq biz tijorat atamasini haqoratomuz so‘zga aylantirib yubordik.
Elliginchi yillar Amerika filmlariga nazar tashlang. Ularda o‘pishish sahnasini ko‘rmaysiz. Bu hol oltmishinchi yillarda kirib kelganda, Amerikaning bir qancha siyosatchilariyu senatorlari “bunga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, biz xalqimizni buzamiz. Ertaga bizda qadriyat degan narsa qolmaydi. Eng yomoni oila yaxlitligiga putur yetkazamiz”, deb rosa e’tiroz bildirgan. Ularning qay darajada haq ekanini bugun ko‘rib turibsiz. Asta-sekinlik bilan 1970–80-90 yillarga kelib, bu manzaraning boshqacha qopqalari ochilib bordi. Ertaga bizda ham aynan shu holat ro‘y bersa, sira ajablanmayman. Odamzot o‘zi uchun noma’lum bo‘lgan chirkinliklardan boxabar bo‘lyapti. Mark Avreliydan “Mana biz shuncha qonunlar qabul qilyapmiz, lekin nega otasini o‘ldirgan bolaga hech qanday jazo chiqarmayapmiz?” – deb so‘rashganida, u: ‘’Men bu qonunni qabul qilmayotganim boisi, shu tushunchaning o‘zi odamda bo‘lmasin’’, degan ekan.
– Lekin tsiviliziatsiyada qadriyatlarni qay darajadadir boy berish ehtimoli ham yo‘q emas-da! Baribir qurama madaniyat – zamonaviy dunyoning shovqini o‘z hukmini o‘tkazmasdan qo‘ymaydi…
– XVIII asr oxirida fotografiya paydo bo‘lganda, endi rassomlarning kuni bitdi, deb o‘ylashgan. Kino vujudga kelganda teatrga, televideniye esa kinoga xavf soladi, deyishdi. Shukrki, har bir san’at bir-biriga daxl qilmay o‘z yo‘lida davom etyapti. Agar odamda ichki muvozanat kuchli bo‘lsa, unga hech qanaqangi megapolislaru ommaviy madaniyat ta’sir qilolmaydi. Ingliz adibi Daniel Defoning “Robinzon Kruzo” asarini eslang. Qarang, Robinzon kimsasiz orolda yovvoyilashib ketmasdan, aksincha, odam yeydigan qabiladan chiqqan Jumavoyning qalbiga iymonni olib kirib, Tangrini tanitdi. Mana sizga – qadriyat!
Bola uchun eng yaxshi ibrat amaliy tarbiyadir. Bolalar shoiri Sergey Mixalkov bolalarini koyib, biror marta nasihat qilmagan ekan. Konchalovskiy: “Ayrimlar otam menga ertaklar o‘qib berardi, deyishsa, havasim keladi. Shunaqa otalar ham bo‘lgan ekan-da! Faqat bir gapni eshitardik:“hoy, xalaqit berma, dadang ishlayapti”. Hamisha uni ish ustida ko‘rardik. Bizga otamning hayot tarzi tarbiya vazifasini o‘tagan”, degandi. Yaqin o‘tmishdagi turmushimizni ko‘z oldingizga keltiring: ichkari va tashqari hovli. Ichkari hovli ayollar bilan birga balog‘atga yetmagan bolalarniki, tashqari hovlida esa mehmonlar askiyabozligu maishat qilishgan. Bu bilan faqat nomahram nigohidan ayollarni himoya qilish emas, yot so‘zlardan bolalarni asrab qolish ham ko‘zlangan. Bunday gurung-larga bolalarni yaqinlashtirishmagan.
Agar dunyodagi jami urf-odatlar bozorga olib chiqilgan taqdirda ham, har bir millat vakili aylanib-aylanib, baribir, o‘zining urf-odatlarini sotib olardi, degan fikrga qo‘shilaman. Nega? Birinchidan, tanglayi shu urf-odatlar bilan ko‘tarilgan, boshqasiga ko‘nikolmaydi. Ikkinchidan, geografik jihatdan mana shu joyga aynan o‘zingni urf-odatlaring asqotadi. Chunki bu tushunchalar asrlar davomida yig‘ilgan. Bu yo‘llardan kimlar o‘tmagan… Aleksandr Makedonskiy… arab istilochilari… mo‘g‘ullar – biz bilgan-bilmagan… qancha-qancha to‘ntarishlar. Har biri o‘zi bilan nimalarnidir olib kelgan. Va har biri tsivilizatsiyaga o‘z ulushini qo‘shib borgan. Shulardan saralanganlarigina xalq xotirasida yashab kelyapti.
– Bir haqiqat borki, o‘zgalar tanqidiga uchramasdan oldin, o‘zingdagi kamchiliklarni ko‘ra bil…
– Bizda katta ma’nodagi bag‘rikenglik bor, shu bilan birga biqiqligimiz ham yo‘q emas. Har bir muammoni shaxsiyatga borib taqaymiz. Men kimningdir ishini tanqid qildimmi bas, uning dushmaniga aylanaman-qolaman. Mutenamo hozirjavobligu labbaychilikni aytmay qo‘ya qolay…
Hamma foydali maslahatni tabiatning o‘zi beradi. Daraxt gullashi kerakmi, u bahorni kutadi. Agar xudo ko‘rsatmasin, bo‘ladigan ishni tezroq bo‘lgani yaxshi-da, deb qishda gullagudek bo‘lsa, uni sovuq urib qovjirab qoladi. Hozirjavobu labbaychi ijodkorlar ishini hech narsaga yaramay qolgan sovuq urgan daraxtga o‘xshataman. Ular “qalbimdan chiqyapti” deb da’vo qilishadi. Agar haqiqatanam, qalbda bo‘lganda edi, ularning muhabbati dard bilan chiqardi.
– Jahongir aka, bir suhbatingizda “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” televizion ko‘rsatuvini qabul qilishimizning sababi, biz faqat unga nasihatomuz dastur sifatida qaraymiz, xolos. Agar san’at asariga da’vo qilgudek bo‘lsa, bu o‘sha ko‘rsatuvning fojiasi”, deb aytgandingiz. Men bu fikringizga qo‘shimcha qilib “Iblis devori” filmini ham aytgan bo‘lardim.
– Siz “Iblis devori”ni aytyapsiz, katta ekranlardan tushmayotgan “xontaxta”larning bari ochiqdan ochiq qip-qizil didaktika. Sho‘rlik tomoshabinga o‘ylab ko‘rishga ham imkon qoldirilmaydi. Oqibatda odamlar uchun hatto o‘y surish ham mashaqqatli mehnatga aylanib boryapti. Yoshlarning ma’lum bir qismi “xayol” nimaligini unutib qo‘ygan. Ba’zan quloqqa chalinadi: ”ushbu filmning tarbiyaviy ahamiyati mana bunaqa‘’ yoki ”tarbiyaviy jihatlari bor”. Juda kulgili. Demak, sho‘rlikning boshqa hech narsasi yo‘q. Yana bir so‘z urchib ketgan: “yangi chehralar”. U menga “sip-silliq qiyofalar, bo‘m-bo‘sh ko‘zlar…” bo‘lib eshitiladi. Bu “kashfiyotga” qadar qayerlarda bekinib yotarkan bu “noyob chehra”lar?
– Radiodagi suhbatlarning birida “orzu-xayollar insonni go‘zallashtiradi”, dedingiz. Armon-chi?
– Tarozining bir pallasida orzu-havas tursa, ikkinchisida armon turadi. Vazni birinchisinikidan sira kam emas. Zero, armon hayotga mantiq kiritadi. Har bir narsaning bahosi aslida qancha turishini anglatadi. Qadrning qimmatini bilasiz. Dard armonning ikkinchi nomi. Ijodkor ham insoniyatga dardi-armoni bilan kerak.
Ertaga… Birgina mana shu so‘z bizning butun umrimizga o‘t qo‘yib yuboradi…
Butun erkaliklarimni onam emas, buvim Umirxon aya ko‘tarardilar. Dutor chalardilar, issiqqina qo‘ynilariga kirib olib tinglab o‘tirardim… Hatto dutor simlarini bir necha marta uzganman ham. Indamasdilar… U kishiga nima kerak edi o‘zi? Pulim, mansabim, sovg‘alarim-mi? Yo‘q, aslo!.. Faqat oldilarida o‘tirsang bo‘ldi edi. “Kel, o‘tir, muncha televizor ko‘rasan, kitob o‘qiysan, gaplashaylik”, derdilar. O‘zimcha, buvim bilan nimani gaplashishim mumkin, deb o‘ylardim. Borsam ham shosha-pisha “Yaxshimisiz, oyi, men yaxshi, keliniz yaxshi”, shu xolos. Otamga nisbatan mehrim ham armonga aylangan. Hech erkalatmasdi. Chuchmal filmlardagidek “qalaysan, bolajonim, voy undoq-voy mundoq” deb, o‘tirib olib nasihat qilmasdilar. Lekin mehrning kuchini hamisha sezib turardim. Bir-ikki gap bilan ko‘p narsalarni o‘rgatardi. Tushkunlikka tushgan paytlarim “avval bir ishni boshlamagin, boshladingmi, sidqidildan qil, rahmat eshitishni o‘rgan,” derdilar. O‘zi dunyoda eng buyuk muhabbat ota-onaning bolaga bo‘lgan beg‘araz muhabbati ekan. Qolgan bari – “Sen meni yaxshi ko‘rsang, men ham seni yaxshi ko‘raman”. Hayvonot dunyosini ham kuzatsangiz bola onaga ovqat olib kelmaydi. Bu esigayam kelmaydi. Xudoga shukr, onam hayotlar. Ular uchun nimadir qilmoqchi bo‘lsam, “kerak emas, bolalaringni o‘yla” deb turib oladilar. Vaqt o‘tgan sari armonlar ham kelaverarkan. Bu ming yillik muammo. Yagona taskin shuki, armonning armon ekanligini sezib, afsus chekayotganimizda… “Ha endi, o‘tdi-ketdi-da” demayotganimizga shukr. “Suv yoqalab”da ham Bolta Mardonning armoni meni o‘ziga tortgan. U na o‘zining qalbini, na bolalarining qalbini o‘z vaqtida tinglay oldi. U xatosini davrdan izladi. Yana ichida “Yaxshi ishlarim ham bor-ku, beayb parvardigor”, degan taskin ham yashaydi. Ammo…
– O‘zingiz rejalar asosida ish ko‘rasizmi, yoki orzu-xayollar ortidan quvib yashaysizmi?
– Orzu – o‘z nomi bilan orzu. Karerani orzuga aylantirib olib, oldin unday qilaman, keyin bunday qilaman, deya reja tuzib yashashni hazm qilolmayman. Lekin ijodiy imkoniyatlaringni ko‘rsatish uchun, albatta, ma’lum bir reja asosida ish ko‘rasan. Misol uchun, institutga kirishing, kitob o‘qishing, milliy va jahon kinosan’atidan xabardor bo‘lib borishing shart. Bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshadi. Osmonga qaragancha “hah, bir kino olsam edi, boplab tashlardim-da”, deyish bilan ish bitmaydi…
– “Engil-elpi muhabbat temalari” degan jumlani ko‘p ishlatasiz. Yanglishmasam, “engil-elpi” sifatini aynan muhabbatga – bu tuyg‘uning o‘ziga nisbatan ishlatmasangiz kerak?..
– Muhabbat – dard bilan yoziladigan, dard bilan tasvirlanadigan mavzu. Yig‘lash kerak, deb aytmayapman. “Men seni sevaman, qayerdasan”, qabilidagi to‘xtovsiz telefonlaru uchrashuvlar, shuning o‘zi emas-da! Bu boshqa narsa…
Erdan bir qarich balandda yurgan oshiq hayotni boshqacha ko‘radi, unga yomonliklar ko‘rinmaydi… Go‘yo uning dushmani yo‘q – hamma yaxshi. O‘zicha hayotni falsafiy qabul qiladi. Ana shunday insonlargina Olloh uchun xizmat qila oladi. Bunga ishonaman. O‘ng yuziga ursang, chap yuzini tutib beradiganlar ham aynan shular… Romeo va Julettani qarang, oilalar o‘rtasida ayovsiz dushmanlik bor: “Hey qiz, u sening yakkayu yagona akangni o‘ldirdi!” “Axir, men uni sevaman!”. O‘limdan-da kuchli! Havas qilaman. Bundagi yuksak gumanizm fojiasini qarangki, yillar davomida bir-biriga dushman Montekki va Kapulettilar ko‘nglidagi adovatni yuvib, qalbini ochishi uchun eng go‘zal norasidalar qurbonligi kerak bo‘ldi.
Keyin iste’dodli insonlarning ehtirosi kuchli, o‘zgacha bo‘ladi, deyishadi. Lekin men bunday o‘ylamayman. Faqat iste’dod o‘z tuyg‘usini chiroyli, ta’sirchanroq aks ettira oladi. Ularda ko‘rsatib bera olish imkoniyati bor, xolos. Serano de Berjerak balkon ostida shunday kuylarkanki, ayollar es-hushini yo‘qotib qo‘yarkan, uning izhorini tongda sayragan bulbul navosiga o‘xshatishgan. Kechirasiz, o‘sha dard zog‘chadayam bor, faqat u aytolmaydi. Siz ko‘rmaysiz uni. Ma’shuqasiga mashina sovg‘a qilgan boyvachchanikidan, gul ham tuhfa etolmayotgan kambag‘alning ishqi kuchli bo‘lishi mumkin. Masalan muhabbat haqidagi kitoblarni o‘qib olib, tuni bilan sevamanmi-sevmaymanmi, u-chi, telefon qildim, olmadi, deb ertalabgacha uxlamasdan chiqish “telbalik”-da! Afsus hammayam bu kasalga chalinavermaydi. O‘zim ham qayerda bo‘lmasin Sayyorani yonimda olib yurgim kelardi, erkaklar choyxonasiga ham olib kiraverardim. U bechora ham men qayoqqa yetaklasam ketavergan. Usiz sakkizta erkakning gurungi tatimagan… Mana sizga savdoyilik!
– Ba’zi rejissyorlar kinoga adabiyotdan ko‘ra, tasviriy san’at yaqin, deyishadi.
– Kinodagi voqeani aynan olib qog‘ozga tushirsangiz, tasvirdan kam bo‘lmaydi, ta’sirli chiqadi. Lekin qog‘ozga tushgan har bir so‘zni ekranga olib chiqib bo‘lmaydi-da. Kinematografiyaning adabiyotga yetishishiga bir qancha qovun pishig‘i bor. Kinoni kino qiladigan adabiyot. Agar har bir personaj dialogida bir fikr yotmasa, siz uni ko‘rmaysiz. Bilasiz, ruslarda umuman ijodkorga nisbatan “xudojnik” atamasi ishlatiladi. Bu so‘z san’atning hamma turini o‘z ichiga oladi. Shu ma’noda na kinoni, na musiqa, na tasviriy san’at va na teatrni dramaturgiyasiz tasavvur qila olasiz. Biroq shularning orasidan adabiyotga – so‘zga yaqini, bu – kino va teatr!
– Ma’lumki, san’atning asosiy vazifalaridan biri – go‘zallik dunyoni qutqara olishiga odamlarni ishontirish. XIX asrda yuzaga chiqqan “telba” Mishkinning bu ishonchi, haqiqatanam, ertaklar tark etayotgan bugungi DUNYoni qutqara olishiga Siz ishonasizmi?
– Agar bevafo dunyoni nimadir qutqara olsa, najot faqat – go‘zallikdan! Baribir, bu qanaqangidir ideal. Real olib qaraganda, afsuski, bu orzu bo‘lib qolishi ehtimoli ham yo‘q emas. Agar bu ezgu xayol haqiqiy hayotda tom ma’noda o‘z tasdig‘ini topganida, biz yashayotgan sayyora “er” deb atalmasdi. Mavhumroq bo‘lsa-da, o‘sha nimagadir ishonganimiz uchun ham nimalardir qilamiz. Ko‘ngilda milt-milt yonib turgan mana shu ishonch dunyoning muvozanatini bir amallab ushlab turibdi, deb o‘ylayman. Tan olish kerak, “San’at – odamzotni vahshiylikdan asraydi” degan fikr sira mubolag‘a emas. Shuning uchun, biz muhabbat – san’at qarshisida qanchalik qarzdor ekanimizni unutmasdan, UNGA minnatdorlik izhor qilib turishimiz zarur.
– Siz qaysi rejissyorni o‘zingiz uchun san’atdagi “idol”deb bilasiz?
– Kino san’atning tez qariydigan turi. Uni yangi-yangi “urf”lar qaritadi. Tolstoy, Chexov, Abdulla Qodiriyning asarlari har qanday davrdayam o‘zining zamonaviyligini yo‘qotmasligi mumkin, lekin kinoasar… o‘n minglab kinolardan sanoqlisigina klassikaga aylanadi. Shu ma’noda meni doimo hayratga soladigan san’atkor, bu – Charli Chaplin dahosi! Chap-linni yuz yillardan keyin ham tomoshabin ko‘radi. Meni ko‘proq uning montaji yo suratga olish uslubi emas, xarakterlarni topishi, mikroskop kabi inson qalbining jami tebranishlarini ko‘rib, his qilib, kichik bir odam fojiasini ochib berishi, uning jamiyatdagi o‘rnini tasvirlashi qoyil qoldiradi. G‘irromliklarsiz yashash uchun kurashayotgan odamning uddaburonligini o‘zgacha yumor bilan ifodalagan. Shu bilan birga sentimental va romantik. San’atkorning o‘zi ham qahramonlari ustidan kulgan, ham ularga qo‘shilib yig‘lagan. Bundan tashqari Fellini, Antonioni, Bergman, Spilberg, Orsen Uells, Fransua Tryuffo kabi rejissyorlar ijodini ham kuzataman, biroq, baribir, Chaplinning o‘rni bo‘lakcha.
– Haqiqatanam, U: “Men uchun san’atda eng muhimi – insonni tasvirlash!” deb aytgan. Charli Chaplinning qizi Jeraldinaga yozgan maktublarining o‘ziyoq uning tilsimli qalb sohibi ekanini aytib turibdi. Shu ma’noda, shamolning har bir epkinida ijodkor pozitsiyasini o‘zgartirib borishini qanday izohlaysiz?
– Bilasizmi, amerikalik kinorejissyor Orsen Uells odamlarni ikki turga bo‘ladi: xarakter va qurbaqa. Hatto qurbaqa ham o‘zicha “men xarakterman” deb da’vo qiladi… Agarda eng og‘ir, sinovli, qaltis pallada “vaq-vaq” qilib yubormasa, haqiqatanam u xarakter, ya’ni shaxs – oxirigacha o‘zining hayotiy-ijodiy pozitsiyasiga ega bo‘lgan odam!
– Ba’zida ijodkor o‘z zamonasi ruhiga xiroj to‘lashdan ozod bo‘lolmaydi. Ayniqsa, ommaviy san’at – kinoda…
– Albatta, har bir davr ijodkorga o‘zining ehtiyojlarini yuklaydi. Biz demokratik jamiyatda yashaymiz. Televideniye va internet orqali bostirib kelayotgan ommaviy madaniyat xurujini kuch bilan to‘solmaymiz. Bu aks ta’sir qilishi hech gap emas. Chekimizga esa mana shu o‘tish davrida yashash tushgan. Bizning avlodni birdan bir vazifasi kinoni vaqt o‘tkazish uchun kerak bo‘lgan shunchaki ermak tomosha emasligini isbotlash va ommaviy madaniyatdan xoli bir san’at borligini ko‘rsatishdir. Buning uchun filmlarimiz mavzusi qanchalik milliylik kasb etsa, g‘oyaviy jihatdan ham shu qadar umuminsoniy bo‘lishi zarur. Faqat dardgina barcha millatga birdek tushunarli bo‘ladi. Indira Gandining “Vatan ostonadan boshlanadi, lekin uning aynan shu yerda tugashi yomon”, degan gapi meni ko‘p bezovta qiladi. Filmlarni ham xalqimiz uchun qilamiz, lekin eng qiynaydigani, qilayotgan ishlaringni bari ikki daryo oralig‘ida qolib ketsa…
Suhbatdoshimning bu fikrlari bir maqolani yodga soldi. Garchi o‘rinsiz bo‘lsa-da, keltiraman: “Fellinini Fellini qilgan uning asarlarida aks etgan italyan millatining g‘ururi, sha’n-shavkatidir. Shu bois u mamlakati dovrug‘ini dunyoga chiqardi! Bizning kinoijodkorlarimizda esa ana shunday iftixor hissi yetishmaydi” Imonim komilki, hamkasbimiz agar Fellinining birgina filmini ko‘rib, odamning ojizliklaridan ozorlangan san’atkor haqiqatini tuyganda edi, hech qachon bunday demagan, uning filmlarida ko‘tarilgan mavzular emas, Fellini shaxsining o‘zi qay tariqa italyan millatining g‘ururiga aylanganligini tushungan bo‘lardi. “Iftixor!”– harqancha chiroyli, ohanrobo so‘z bo‘lmasin, u San’atkor orzulari uchun manzil bo‘lolmas ekan.
Iqbol QO‘ShShAEVA suhbatlashdi.
“Yoshlik” jurnali, 2010 yil, 7 (236)-son.