Isajon Sulton: “Adabiyot qalblarni birlashtiradi…” (2015)

Yozuvchi Isajon Sulton va adabiyotshunos Gulnoz Sattorova suhbati

– Avvalo, ijod hodisasiga ta’rif berib o‘tsak. Ijod mohiyati haqida turli talqinlar bor. Bu borada bir-birini to‘ldiradigan, shuningdek, rad etadigan mulohazalar ham talaygina. Shaxsan siz bu sirli hodisaga qanday izoh berasiz? 

– Menimcha, bu savolning javobi g‘oyalar turli-tumanligiga qarab bo‘ladi. Kimdir uni ko‘ngilxushlik yoki kishilar ko‘ngliga yoqadigan tomosha hodisasi deydi. Yana kimdir esa yaratuvchilik deb ta’rif beradi. Menimcha, ijod san’atgagina xos atama emas. Yaratilgan har qanday yangilik tafakkur mevasi bo‘lishi bilan birga, ijod mahsuli hamdir. Mavzuga shu tarz yondashsak, mohiyatga yaqinlashib borgan bo‘lamiz. Yangi kashflar asosida yaratilgan texnologiyalardan tortib to iqtisodning yangi, samarali modellarigacha – bari birday ijod emasmi? Aytaylik, kimdir shu mahalgacha fanga ma’lum qonuniyatlarni sinchiklab o‘rgangach, qay bir hodisada yetishmayotgan bir halqa mavjudligini payqab qolgan onidan boshlab ijodkorga aylanaveradi. Misol uchun, bobomiz Abu Rayhon Beruniy sayyoramizning og‘irligini aniqlar ekan, hisoblarning tugal chiqishi uchun ummon ortida yana quruqlik bo‘lishi kerak, degan mahalidan ijodkorga aylangan bo‘lsa, frantsuz olimi Levere Uran sayyorasining aylanish chizig‘ini kuzatib, ma’lum nuqtada og‘ish borligini payqagan onidan boshlab ijodkor edi.

Moddiy mahsullar ham san’atdir, faqat hissiy ta’siri oz bo‘lgani uchun ularni san’at demaymiz, bu o‘rinda yana xato qilamiz, nazarimda. Masalan, bir kishi geometriya, fizika, kimyo yutuqlaridan foydalanib, muhandislik ijodi o‘laroq ajoyib bir ko‘prik quradi, u minglab kishilar mushkulini oson qilishidan tashqari, vaqt-soati kelib san’at asariga ham aylanib ketadi. Aytmoqchimanki, san’at birlamchi, ya’ni ibtidodagi ko‘rinishida har yerda mavjud. Faqat, uni ilg‘ay olish qobiliyatini rivojlantirish kerak, menimcha. Umuman olganda, xalqimiz ardoqlaydigan san’at – insonni insoniylikka, mehru muhabbatga undaydigan san’atdir.

– U holda, adabiyot haqida ham shunday deya olamiz, shundaymi? Negaki, azal-azaldan bizda adabiyot inson kamolotiga, uni ruhan, ma’nan yuksaltirishga xizmat qilib kelgan. Bugun dunyo adabiyotida turli evrilishlar yuz berayotgan chog‘da ham, nazarimda, biz o‘sha ezgu g‘oyadan aslo chekinmasligimiz kerak, deb o‘ylayman…

– Albatta. Bizga ko‘ra, adabiyot xalqning orzu-umidlarini, armonlarini, ma’lum davr aro yashab o‘tgan umrini, shu umrni inson o‘laroq yashab o‘tishi uchun nimalar qilishi kerakligini aks ettiradi. Qolaversa, xalqimiz adabiyotdan juda muhim vazifani talab qiladi: ya’ni, yosh avlodni tarbiyalashga xizmat qilsin, deydi. Bu xuddi “Ilm o‘rgatib bering”, deb bolasini ustozga topshirgan kishiga o‘xshaydi. Shuning uchun unga katta qiymat beramiz, ma’lum bir kishining hoyu havaslari tasvirlangan asarlardan ko‘ra poklikka, insoniylikka chorlaydigan, yetishimiz shart bo‘lgan nurli manzillarni ko‘rsatib beradigan yorug‘ asarlarni sevamiz.

Misol uchun, Navoiy bobomizning mashhur misralarini keltirsam:

Tuxm yerga kirib chechak bo‘ldi,
Qurt jondan kechib ipak bo‘ldi.

Lola tuxmicha g‘ayrating yo‘qmi,
Ipak qurticha himmating yo‘qmi?

Ibtidodagi san’atdan xulosa chiqarib, teran tafakkur hosil qilgan fikr bolini ona tilning betakror jilvalari aro taqdim etishning ajoyib misoli emasmi bu?

Mana shu sababdan ham adabiyot Sharqda benihoya qiymatli xazinadir. Qaylardadir tomosha yoki inson tug‘yonlarini izhor etish vositasi, qaydadir esa tafakkur o‘yinidir.

– Bugun insoniyat ong-shuurida olamshumul o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. Ming yillik qadriyatlar, an’analarga qaytadan baho berilmoqda. Ayrim tushunchalar o‘z qadrini yo‘qotib, boshqa qadriyatlar shakllanmoqda. Qizig‘i, bitta hodisaga dunyoning u chetidagi odam boshqacha, bu chetidagi odam boshqacha munosabat bildirmoqda. Shunday vaziyatda badiiy mezonlar ham o‘zgarmadimi, umuman, badiiyatga e’tibor susaymadimi?

– Yo‘q. Qaylardadir susaygan bo‘lsa bordir, lekin bizda emas. Xalqning qadriyatlari o‘zgarmas ekan, u talab qiladigan mezonlar ham, uni yaratuvchilarning layoqati ham o‘zgarmaydi. Shu sababli ham biz shoirga she’r yozadigan shaxs emas, mutafakkir deb qiymat beraveramiz. Bunga eng yorqin misol – Alisher Navoiy bobomizdir. Bugun zamonaviy dunyoning yangi atamalari orasida “madaniyat tashuvchisi” degan so‘z paydo bo‘ldi. Ma’lum elning urf-odatlarini, an’analarini, tarixini va bugunini o‘zida jo aylagan kishi shunday deb ataladi. Lekin tayoqning ikkinchi uchi ham bor: demak, madaniyat tashimaydiganlar ham bor ekanki, “tashuvchi” deya tasnif qilinmoqda. Biz esa uning o‘rniga “ma’naviyati yuksak” degan iborani qo‘llaymiz. Farqni ko‘ryapsizmi?! Yuksak ma’naviyatning qanchalar qudratli kuch ekanini bilamiz. Shu sababdan ham turli-tuman hayotiy misollarni kishi ongiga ro‘para qiladigan, tafakkur yo‘llarini ko‘rsatadigan, inson zahmatlarini, sevinchlarini, orzu va umidlarini aks ettiradigan asarlarni izlayveramiz.

– Demak, bugun o‘zgarayotgan dunyoda o‘z qiyofamizni, o‘zligimizni saqlab qolishga intilar ekanmiz, xalqimizning badiiyatga munosabati ham betakror, hech kimga o‘xshamaydigan bo‘lib qolishini ta’minlar ekanmiz-da?

– Albatta. Misol uchun, “ona yurt” degan tushunchaga diqqat qarataylik. Ba’zi xalqlarda u “uyim-makonim” degan ma’nodan, boshqalarida esa “avlod” va “tug‘ilmoq” degan ma’nolardan turlanadi. Bizda yurt deyilgani zahoti ko‘z o‘ngingizga bepoyon makonlar, uylar, daraxtlar, tabiat, voqea-hodisalar va, albatta, insonlar keladi. U birdaniga juda keng ma’nolarni qamrab olganini ko‘ramiz. Ya’ni, yurt bizlar uchun – bir insonning tug‘ilib o‘sgan, ko‘z qorachig‘iday asragan, jonini fido qiladigan boyligi, bir ulusning ozod va mustaqil o‘laroq yashaydigan tuprog‘i, havosi, suvidir. Xalq deganimiz faqat vatan deyilgan tuproq parchasi ustidagina mavjud bo‘la oladi. Shu sabab yurtdosh, vatandosh deymiz. Biz tilga olgan betakror tafakkur tarzi bois jonsiz narsalar ham timsolga aylanib ketadi. Masalan, onasini sog‘ingan bir o‘g‘il marhum onasi ekib ketgan rayhonlar oldida uzoq o‘tiradi… Bor-yo‘g‘i bir yil yashaydigan shu efemer o‘simlik uning uchun muqaddas vatanning bir bo‘lagiga aylanadi. Yerga tushgan non uvog‘ini olib, ko‘ziga surgan odamga kimdir “bechora” deb achinishi mumkin. Biz esa “Xudo bergan ne’mat isrof bo‘lmasin, rizqimiz-ku”, deya ko‘zimizga suramiz. Bular – o‘zligimiz binosining muhtasham ustunlaridir.

Bizning san’at, bizning adabiyot mana shu muhitdagina g‘oyatda rang-barang, sevimli va nihoyatda go‘zal. Masalan, chig‘anoq parchasini o‘zi bino bo‘lgan suvga solsangiz, aql bovar qilmas tovlanishlarini ko‘rasiz.

– Milliy qiyofamizni, ming yillik qadriyatlardan kuch olgan adabiy e’tiqodimizni saqlab qolishga urinishimiz tahsinga sazovor, lekin bu holatga begona ko‘z bilan qaraydigan bo‘lsak, bir savolga javob berish kerak bo‘ladi: faqat milliy o‘zandan suv ichgan adabiyot o‘sha xalq uchungina qadrli bo‘lib qolmaydimi?

– Aslo. Ma’nolar haqida so‘z yurityapmiz-ku? Bular – biz suygan, qalbimiz sevinib qabul qiladigan ma’nolardir. Shu mazmunni boshqalar tushunolmasligi mumkinligi va buning tabiiy ekani haqida gapiryapmiz. Dunyo tan olgan ba’zi asarlarni begonasirab mutolaa qilishimizning, uzoqroqdan turib kuzatishimizning sababi shunda, chunki barchamiz mana shu mazmun bilan to‘lganmiz, unga boshqa mazmun xalal berishini istamaymiz.

Mazmun dedik. U nihoyatda qudratli bir unsur. Ko‘klardan yerga tushib, bog‘larni yondiradigan chaqmoqdan ham kuchli. Inson ichidagi o‘y-xulosalarini yondirib yuborishi mumkin. Shu sababli ham, ichu tashi xalqona mazmun bilan to‘yingan kishi o‘zga mazmunlarda xavf ko‘radi. Insonni inson aylaguvchi uning fikrlari va his-tuyg‘ulari emasmi? Ana shuni o‘zgartirib yuboradigan unsurlardan xavotir olishi ham tabiiy hol.

O‘z “mazmun”imiz avvalo, uni anglay oladiganlar uchun qadrli, albatta. Badiiy asarlarning boshqa o‘lkalarda e’tirof qilinishi esa yoqimli holat, ya’ni o‘zbekona tafakkur tarzining boshqa mazmun ila to‘lgan xalqlar uchun qiziqarli, jozibador bo‘lib chiqishida.

– Lekin bugun – axborot asri, hech qaysi xalq o‘zini ihotalab, tashqi ta’sirlardan butunlay himoya qila olmaydi. Xususan, adabiyot maydonida ham. Buning ijobiy jihati ham bor. Yangi, ilg‘or uslublar o‘zlashtiriladi, milliy adabiyot imkoniyatlari kengayadi. Badiiyatimizga, adabiyotimizga so‘nggi yillarda kirib kelgan zamonaviy unsurlarni kuzatarkanmiz, shunday xulosaga kelamiz…

– Albatta, bu tabiiy hol. Tasviriy san’atga kubizm, syurrealizm, postmodernizm kirib kelganiga ko‘p bo‘ldi. U usullar, aytaylik, Yamaykadagi oila hayotini tasvirlamaydi-ku? Yana o‘zimizning insonimizni tasvirga muhrlaydi.

Usullar, shakllar o‘zgarsa-da, adabiyot o‘z ishida davom etaveradi – u solnomachidir. Tarix kitoblari ma’lum davrda ro‘y bergan voqealardan darak bersa, adabiyot o‘sha davr kishilarining kechinmalaridan so‘z yuritadi, ruhiyatiga nazar soladi.

Zamonaviy usullar kirib kelmay iloji yo‘q. Dunyo o‘zgarmoqda, unga qo‘shilib biz ham o‘zgaryapmiz. Hamma gap qalblarimizni to‘ldirgan mana shu ajoyib mazmunni kelajak avlodlarga uzata olishimizda qolmoqda.

Dunyoda axloq qoidalari ustuvor mamlakatlar juda oz. Borlariyam ma’naviyatsizlik girdobiga cho‘mib bormoqda. O‘zbek axloqi esa ham diniy, ham milliy axloqning eng go‘zal qirralarini o‘zida mujassam etgan betakror ma’naviy xazinadir. Bunga misollar juda ko‘p, ular qarshisida aqlingiz shoshadi. Masalan, diniy e’tiqodlar ota-onani e’zozlash ulkan savob ekanini, isrofning gunohligini, kishi qalbiga ozor yetkazish imondan emasligini va shunga o‘xshash juda ko‘p o‘gitlarni minglab yillar davomida kishilar ongiga uqtirib keladi. Bizda esa u allaqachon xalqona qadriyatga aylanib bo‘lgan. Halollik, poklik, kishi shaxsiga hurmat… Elimizda bular shu darajada maftunkorki, boshqa biror joyda bunday go‘zallikni uchratmaysiz. Shuncha yillik mahdudlik orasidan o‘z qadriyatlarini yombi kabi e’zozlab bus-butun saqlab kelgani esa, haqiqatan ham, mo‘jiza.

Adabiyotimiz mana shu jihatidan ham qiymatli, betakrordir.

– So‘nggi yillarda hayotimiz, tushunchalarimiz qanchalik o‘zgargani o‘zingizga ayon. Biz insonga bundan o‘ttiz-qirq yil oldingi qoliplar asosida baho bera olmaymiz. Davrlar sinoviga dosh beradigan asarlarda zamondoshimiz nafasini tuygimiz keladi. Xo‘sh, ayting-chi, bugun yaratilayotgan asarlarda yangi davr odamlarining obrazi namoyon bo‘lyaptimi?

– Ha, bugunning odami kechagi kishidan farq qiladi.  U o‘zining kecha kim edi-yu, bugun kim bo‘lganini mulohaza qilayotgan shaxsdir. Uzoq yillar dunyodan ayri yashagan zot hozir o‘z yurtida mustahkam turgani holda dunyodagi voqealarni sinchiklab kuzatib, xulosalarini chiqarmoqda. Shu sababli to‘la ishonch bilan ayta olamanki, bugunning qahramoni – tafakkur qiladigan kishidir. Yetarli bilim va xulosaga to‘yingach, albatta, o‘zining so‘zini aytadi.

Bugun adabiyot uchun mavzu benihoya ko‘p va xilma-xil. Yangi, ozod avlod yetishib keldi, ular aytaylik, qachonlardir Sovet ittifoqi degan imperiya bo‘lganini va o‘z el-yurti o‘sha imperiya zulmi ostida yashaganini faqat darsliklardan biladi, inson qaddini bukchaytirib, ongini mayishtirib tashlagan bosimlardan bexabar. Bu avlodni olg‘a boshlayotgan maqsadlar, g‘oyalar, niyatlar qanaqa? Ular qalbida insoniylik degan tushuncha qanchalar boyidi? Muqaddas qadriyatlarimiz ularning yurak zaminida mustahkammi? Yer yuzida millatiyu xalqini bilmaydigan, tirikchilik ko‘yida daydib yuradigan yangi olomon paydo bo‘lmoqda, fan tilida u “biomassa” deb atalmoqda. O‘z mazmunini, ya’ni o‘zini inson aylab turgan ma’naviy zaminni tark etib, o‘zga har qanday mazmun bilan to‘lishga tayyor kishilar olomoni dunyo bo‘ylab baxt-saodat izlab izg‘imoqda. Mag‘iz faqat o‘z qobig‘i ichidagina mavjud bo‘la oladi. Yurtimiz ichidagi betakror hayotni dunyoning ko‘p o‘lkalaridan topa olmaysiz, men buni to‘la ishonch bilan ayta olaman. Shu va shunga o‘xshash taloto‘plar aro kishilarimiz qalbi aks etgan asarlar yozilishi kerak, deb o‘ylayman.

Qarang, kechagi kunni aks ettirgan asarlar yillar o‘tib muhim etnografik manbaga aylandi, ba’zi an’analarimizdan, kishilarning qanday bo‘lganidan hikoya, qissayu romanlar orqali xabar topamiz. Bugunning hayoti aks etgan hikoya, qissayu, romanlar ham yana allaqancha yillar o‘tgach, ana shunday manbaga aylansa, ajab emas.

– Endi butun dunyoda urf bo‘lgan “yuksak san’at” degan atamaga izoh berib o‘tsak. Bunday “xos san’atlashuv” badiiyatning xalqdan uzilib qolishiga olib kelmasmikan?

– Xiyla murakkab mavzu. Juda ko‘pchilik san’at cho‘qqisi deb hisoblangan asarlarni o‘qigisi keladi. Shu jumladan men ham o‘zim bilganlarimdan kuchliroq boshqa mazmunlarga intilaman. Bunday jarayon umr oxirigacha davom etsa kerak. Ardoqli asarlar umr pallalariga qarab o‘zgaraverar ekan. O‘quvchilik chog‘larimizda sevgan asarlarimiz bilan hozir yoqtiradiganlarimiz orasida yer bilan osmoncha farq bor. Masalan, talabalik paytimda Mahmud Koshg‘ariyning mashhur “Devonu lug‘otit-turk” asarini tushunolmas edim. Hozir shu kitobni qo‘limga olsam, bepoyon yaylovlarda esgan yellar, yovvoyi iforlar, qo‘y-qo‘zilar ba’rashi, qaddi tippa-tik, ozod erkak-ayollaru bolalar ovozini eshitganday bo‘laman, u mening ongimga ming yil olisdagi hayot tarzidan xabar beradi.

Aytmoqchimanki, bu o‘rinda ham ma’naviy yuksalish masalasi turibdi. Muhtaram olimlarimiz, adiblarimiz insoniyat tafakkurining gultoji hisoblangan turli-tuman asarlarni o‘qib chiqishgach, ya’ni ruhiyati inja bilimlar bilan to‘yingach, yanada mukammalroq asar o‘qishni istashadi, shu sababli adabiyot ilmida juda chuqur sho‘ng‘ishadi va fenomen asar talab qilishadi. Lekin ulg‘ayib kelayotgan bolalar va elning bepoyon hududlarida yashab umr kechirayotgan sodda kishilar ham bor, olim yetgan darajaga yetish uchun ular yana ancha-muncha yo‘lni bosib o‘tishlari kerak. Adabiyotning soddalashuvi mana shu tarzda ro‘y bersa-da, uni sirayam sodda adabiyot deb bo‘lmaydi, u bor-yo‘g‘i murakkab shakllardan xoli, mag‘izning o‘zidangina iborat adabiyotdir. O‘n olti yashar bolakay Arastu asarlarini tushunolmasligi tabiiy. U bola mohiyatni anglay oladigan bo‘lguncha o‘sha darajaga yetib borishiga xizmat qiladigan asarlarni mutolaa qiladi, shu tariqa bosqichma-bosqich yuksalib boraveradi. Matematikani arifmetikadan boshlab, oliy trigonometriya bilan tugallaganimiz holda adabiyotimizda ham mana shunday izchil tadrij masalasi puxta ishlab chiqilmog‘i zarur.

Ko‘lamni kengroq olib qarayverish kerak. Kechagina mahdudlik zamonida o‘zligini bir amallab saqlab kelayotgan kishilar taqdiridan bahs etilardi. Adabiyot el orasida obro‘-e’tibor qozongan fazilatlar egasi sifatida g‘oyat oddiy odamlar taqdirini qalamga olardi. U davrning kishilar ongida qoldirgan yara-chandiqlari nimalarda namoyon bo‘ladi? Qishli-qirovli dalalar, terib olingan hosilning qolgan-qutganini ham to‘plashga undaydigan chorlovlar, bolam-chaqam deb zahmat chekayotgan el, farzandlarning noaniq kelajagi, taqiqlar, cheklovlar… Endi esa yuzlab turli-tuman falsafalar, qarashlar, hiylalar va manfaatparastlik o‘yinlari davom etayotgan zamonaviy dunyodagi ozod o‘zbek shaxsi talqini yaratilishi kerak. Davr kishisi obrazi yaratilsa, menimcha, odamlar talashib-tortishib o‘qiydi. Shunda boya aytib o‘tgan fikrimizning to‘g‘ri ekaniga yana bir karra amin bo‘lamiz: ijodkor nafaqat o‘z xalqining, balki dunyo xalqlarining tarixini, millatlarning qalqinishi va tanazzuli qonuniyatlarini, insoniyat boshidan kechirgan ko‘rgiliklarni, ozodlik uchun bergan qurbonlarini, yangi ilmiy kashfiyotlarni, o‘z xalqining kechagi kunini, bugungi orzu-armonlarini va kelajagini ham iste’dodi yorug‘ida ko‘ra olishi shart bo‘lib qolmoqda.

– Chindan ham, chinakam iste’dod, katta qalb egasi nafaqat o‘z xalqining, balki butun dunyoning qayg‘usini chekadi. U kurrai zaminimizda tinchlik, adolat kabi ezgu tushunchalar ustuvor bo‘lishini istaydi. Millatidan, irqidan qat’i nazar, barcha asl ijodkorlar o‘zaro maslakdosh sanaladi.

– Ha, aynan shunday. San’at, adabiyot kishilarni, xalqlarni birlashtiradi. Juda ulug‘ bir vazifa mana shundan kelib chiqadi. U – ezgulik xizmatiga kamarbasta bo‘lishdir. Adabiyot vositasida muayyan bir xalqqa xos fazilatlarni boshqalarga “yuqtirish” ham shu xizmatning bir qismi hisoblanadi. Bugun milliy adabiyotimizda o‘zbek kishisining fazilatlari, hech kimga o‘xshamaydigan qirralari, dunyodagi voqea-hodisalarga, oilaga, el-ulusga, zurriyodiga, ota-onaga munosabati badiiy akslanishi kerak. Xalqlar va madaniyatlar assimilyatsiyasi ro‘y berayotgan, turli-tuman manfaatlar qurshovida tafakkurlar o‘zgarib ketayotgan zamonaviy dunyoda o‘zbek xalqi o‘zligini bus-butun saqlab turibdi. Bu – haqiqatan ham, misli ko‘rilmagan hodisa. Haligacha minglab xonadonlarda farzand yuzini yuvgach, ota-onasi oldiga kirib salom bermoqda, ro‘zg‘ori bo‘lak o‘g‘il ishdan qaytarkan, albatta ulug‘lari yoniga birrov kirib, hol-ahvol so‘rab chiqmoqda, onaxonlar haligacha bir qatra quruq yer ko‘rsa, rayhonu yalpiz qadab, bo‘ston barpo etishga urinmoqda, otaxonlar bolalarimga deya dov-daraxt ekib, bog‘ yaratmoqda. Xavotirga hojat yo‘q, bu – chindan ham, kuchli va nihoyatda qadim ildizlarga ega xalqdir. Boylik va mol-dunyo hirsidagi kishilarning hayoti doimo bir xil va bir-biriga juda o‘xshash. El-ulus xizmatiga bel bog‘lagan, xalq ruhini, madaniyatini bus-butun o‘ziga singdirgan kishilarning hayoti esa ardoqqa loyiqdir. Davlatimiz rahbarining mana bu so‘zlariga e’tibor beraylik: “Barchamizga ayonki, XXI asr intellektual salohiyat, tafakkur va ma’naviyat asri sifatida insoniyat oldida yangi-yangi ufqlar ochish bilan birga, biz ilgari ko‘rmagan, duch kelmagan keskin muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Bugungi murakkab va tahlikali zamonda yozuvchining bashariyatni ertangi kunini o‘ylab, odamlarni ezgulikka, insof-diyonat, mehr-oqibat va bag‘rikenglikka da’vat etishga qaratilgan haroratli so‘zi har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda”.

Adabiyotni ham, boshqa sohalarni ham mana shu elning taraqqiyoti uchun, kelajagi uchun xizmat qilishi kerak degan katta g‘oya birlashtirib turadi. Bugun yaratuvchilik degan azim bir jarayon hukm surmoqda. Nafaqat san’atu adabiyotdan, balki boshqa barcha sohalardan ham yaratuvchilik talab etilmoqda. Endilikda shaxsiyati yakson qilingan kishilarning ko‘r-ko‘rona itoatli mehnati emas, ijodiy qobiliyati, yaratuvchilik iste’dodi zarur deb bong urilmoqda.

– Bu talabni o‘z vaqtida, to‘g‘ri tushunganlar barcha sohalarda muvaffaqiyatga erishayotganiga guvohmiz. Lekin ulkan evrilish jarayonida yuz beradigan katta hodisalarni hamma ham tezkorlik bilan idrok eta olmaydi, shekilli-da…

– To‘g‘ri. Lekin bu yo‘lda aynan san’at turlari, xususan, adabiyot ko‘makka kelishi kerak, deb o‘ylayman. Yo‘qsa, ota-bobolarimiz qadim zamonlardan beri avaylab avlodlarga yetkazgan shu ruh, shu mazmunni zadalab qo‘yish xavfi bor. U mazmun toza va pokiza holicha bolalar qalbini to‘ldirishi kerak. Bugun adabiyot uchun juda ko‘p va xilma-xil mavzu bor. Adabiyotimiz mana shu taloto‘plar orasida, boya ta’kidlaganimizday, qobig‘ini boshida ko‘tarib ungan niholni payqashi va parvarish qila olishi ham kerak. Yo‘qsa, turli tahlil usullariniyu har turli badiiy yo‘nalishlarni sarhisob qilib o‘tirishdan nima naf?

Bugungi ilmga chanqoq bolalarimiz xuddi o‘n olti yashar ibn Sino kabidirlar. Ya’ni, ular Arastuning “Metafizika”siga ulug‘ ustoz Abu Nasr Forobiy yozgan sharhni, albatta, o‘qishlari kerak. Bu – bir majoz, ammo bugunning hodisalariga u sharhni kim yozadi?

Gap mana shunda emasmi?

“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 8-son