Ikki yulduz shu’lasi (SamDU professori, filologiya fanlari doktori Dilorom Salohiy bilan suhbat) (2015)

– Yevropada Gyote va Shekspir ijodini bilmagan odam ziyoli sanalmaydi, degan gap bor. Bizda esa Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburni bilmagan odamni mumtoz adabiyotdan, asl ijod zavqidan bebahra deb hisoblash mumkin. Chunki Navoiy mumtoz adabiyot tarixida lirik, epik poeziyani eng yuqori cho‘qqiga olib chiqqan bo‘lsa, Bobur o‘zbek nasri taraqqiyotida yangi sa­hifani ochdi.
Dilorom opa, ayting-chi, biz bugun Navoiy va Bobur ijodidan qay darajada bahramandmiz va millatimizning bu ikki siymo haqidagi tasavvuri, bilimi qay darajada?

– Haqiqatan, millatimiz iftixori va toleida balqigan baxt yulduzlari bo‘lmish bu ikki mo‘tabar siymo ijodiy merosidan bebahralik nafaqat adabiyot va badiiy ijod zavqidan, balki odamiylik il­midan, insonlik saodatidan bexabarlik, be­bah­ra­likdir. Gyote va Shekspir, Pushkin va Tolstoy kabi ja­­honiy shuhratga ega bo‘lgan mutafakkirlar har bir davrda ham, har bir xalq-millat taqdirida ham paydo bo‘lavermaydi. Bunday donishmand siymolarning biror davr ijtimoiy muhitida yashab, ijod qilishlari o‘sha xalq toleiga Yaratgan tomonidan bitilgan katta sharafdir. Bir o‘ylab ko‘raylik, insoniyat baxti uchun dunyoga kelgan jahonshumul ijodkorlar soni shuncha ko‘pmi, saflari uzunmi? Javob aniq: juda oz, barmoq bilan sanarli. Badiiy til bilan aytadigan bo‘lsak, ming sadafdan bittasining ichida gavhar bo‘lishi mumkin. Xalqimiz toleining balandligi shundaki, insoniyat tafakkuri taraqqiyoti tarixida o‘tgan ikki bebaho gavhar, baxt yulduzlari shu yurtda dunyoga keldi.
Tasavvur qilaylik, xushbo‘ylik va go‘zallikda benazir bo‘lgan gul toza tuproqdan unib chiqadi, ildizi baquvvat, sog‘lom daraxt shirin meva beradi. Buyuklarimizning zuvalalari shu toza tuprog‘imizdan qorilgan. Azaldan millatimiz ma’rifatga suvga intilgandek intilgan. Yurtimizdagi biror xonadonda zarracha bo‘lsin, ma’rifiy suhbat bo‘lmaydi, degan so‘zga men ishonmayman. Hech bo‘lmaganda, Alisher Navoiyning “Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur, qatra-qatra yig‘ilib daryo bo‘lur” («Mahbub ul-qulub»dan) degan o‘gitlari otalar tomonidan farzandlarga aytib turiladi. Bobur Mirzoning “Yaxshilig‘” radifli qo‘shiq bo‘lib ketgan g‘azali kirmagan xonadon ham yo‘qligiga ishonaman. Chunki, “Zar qadrini zargar bilar” dey­­dilar. Men asl zargar millatimizni nazarda tut­moqdaman, misgarlarni emas.
Navoiy ham, Bobur ham davlat arboblari edi. Ijodlarining qiziqarli va kerakliligi shunda bo‘l­diki, ular davr va jamiyatning ma’naviy talab va ehtiyojlarini o‘z asarlarida ko‘tarib chiqdilar va foydali fikrlarini bayon etdilar. Ular yashagan davr romantizm davri bo‘lgani uchun, badiiy ijod vositasida faoliyat yuritishdi. Biz esa texnika asrida yashayapmiz. Zamona tezkor va yoshlarning talab va ehtiyojlari ham shunga monand. Noutbuk ko‘tarib yugurib ketayotgan yosh yigit-qizlarni to‘xtatib, “Navoiydan yuz bayt yoddan aytib bering”, desangiz, ijobiy javob ololmaysiz. Ammo, Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asari yuzasidan suhbat boshlasangiz, ularning fikrlaridan qoniqish hosil qilasiz. Axir, ijtimoiy va ma’naviy muammolar ko‘tarilgan, fikr yuritilgan ushbu asar Alisher Navoiy va Bobur Mirzo ma’naviy dunyoqarashining zamonaviy muhitdan kelib chiqib yaratilgan nasriy talqini emasmi? Umuman, milliy mafkuramizning tamal toshi, poydevori Navoiy va Bobur kabi daho ajdodlarimizning badiiy tafakkuri hosilasi emasmi?! Shu jihatdan buyuk siymolar ijodidan millat bilvosita bahramand. Bevosita bahramandlik esa qalb ehtiyojidan, romantika va tarix sirlariga tashnalikdan kelib chiqadi. Boshqacha aytganda, Navoiy va Bobur ijodiy merosi boshlang‘ich sinf o‘quvchisining 2x2=4 deb yodlab oladigan fani emas, balki aqli kamolga yetgan, ongi shakllangan, ma’rifatga talabgor shaxsning ixlos va e’tiqod bilan qo‘lga oladigan muqaddas boyligidir.
Ammo, har tomonlama to‘la shakllangan, yuksak insoniy fazilatlar egasi bo‘lgan insonni tarbiyalab, voyaga yetkazish uchun hali go‘dakligidayoq unga Hazrat Navoiy pand-o‘gitlaridan, Bobur shijoati va fazilatlaridan dars o‘qimoq darkor.

– Har bir ijodkorda o‘ziga xos dunyoqarash, uslub, ohang bo‘ladi. Bu xususiyatlar, shub­hasizki, Navoiy va Boburda nihoyatda bo‘rtib ko‘rinadi. Aniqrog‘i, ularning hayoti va ijodida yaqinlik bor. Umuman, Boburni Navoiyning ma’naviy vo­risi deb hisoblashimiz qanchalik haqiqatga yaqin?

– Bu ikki ulug‘ siymo ijodiy faoliyatida albatta uyg‘unlik bor. Chunki, ular bir davrning, bir ijtimoiy-siyosiy muhitning farzandlari edi. Dunyo­­qarashlari, qiziqishlari, intilishlari bir edi. Bobur Mirzo Alisher Navoiyning kichik zamondo­shi edi, shoirga ixlosmand edi. Ijodkordagi ixlos­mand­lik ijodiy bahramandlikni ham keltirib chi­qa­radi. Umuman, Sharqda buyuk Navoiy ijodidan bah­ra topmagan ijodkor bormikin?! Shulardan biri Bobur Mirzo edi.
Uslub, ohang, ovoz va shoirona did xususida so‘z­­lasak, albatta, shaxsning o‘ziga xosligi yaqqol na­moyon bo‘ladi. Biror shaxs, har qancha e’tiqod qil­masin, boshqa shaxsni aynan takrorlamaydi. Navoiy va Bobur badiiy uslublaridagi mushtaraklik va farqni tushunish uchun ikki tarixiy hodisaga e’ti­bor qaratsak: Alisher Navoiy 12 yoshida davrning mash­hur shoiri, “malik ul-kalom” Mavlono Lutfiyning e’tibori va yuksak e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Mirzo Bobur esa 12 yoshida Andijon taxtiga o‘tirib, toj kiydi. Yana bir shunday misol: Alisher Navoiy 41-42 yoshlarida butun Sharqqa mashhur bo‘lib ketgan monumental tarixiy asar – “Xamsa»ni yaratdi. Bobur Mirzo esa shu yoshida buyuk bobosi Amir Temur imperiyasini tik­lash maqsadida Hindiston taxtiga o‘tirdi va u yerdagi tarqoqlikka barham berdi.
Navoiyning ham davlat arbobi, ham shoir sifatidagi quroli – qalam edi. Sarkarda Boburshohning quroli esa – qilich va qalam edi. Ana shunday hayot tarzi ularning badiiy uslublarini ham shakllantirdi. Navoiy asarlarida quyma donishmandlik, faylasufona mantiqiy fikr tarzi, tilida esa nazokat ko‘zga tashlanadi. Bobur esa “Vaqoye’»sida, she’rlarida sa­mimiy inson, kuzatuvchan olim, shijoatli va mag‘rur aslzoda shaxs sifatida namoyon bo‘lib turadi. Bunga quyidagi ikki ruboiy misolida ham amin bo‘lish mumkin.

Navoiy:
Yorabki, inoyatingni yor ayla manga,
Yo‘qluqqa hidoyatingni bor ayla manga,
Har kahfi kifoyatingni dor ayla manga,
Har durri inoyating nisor ayla manga.

Bobur:
Yakson karaming qoshida mudbiru muqbil,
Oson sening olingda jami’ mushkil,
Yo lutfu inoyat onga qilkim, ko‘taray,
Yo qahru g‘azabni toqatim boricha qil.

– Buyuk ijodkorlar asos solgan adabiy maktablar ularning iste’dodi va shuhratiga munosib bo‘lishi tabiiy. Ular faoliyati va uslubining ta’siri o‘zlari o‘tib ketganlaridan keyin ham qalam ahlini ortidan ergashtiradi, millat adabiyotini yangi g‘oya va mavzular bilan “ta’minlab” turadi. Shu o‘rinda Navoiy va Bobur ijodining XX asr o‘zbek adabiyotiga ta’siri haqida to‘xtalsangiz.

– XX asr o‘zbek adabiyotshunosligi tom ma’noda Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur dahosini kashf etib, mutafakkirlar ijodiy merosini to‘la nashr ettirgan, qimmatli ilmiy tad­qiqotlarni yaratgan bo‘lsa, o‘zbek adabiyoti vakillari – olimlar va shoirlar millatning bu ikki yorug‘ yulduzi timsollarini badiiy adabiyot xazinasiga olib kirdilar. Bu davrda dunyoga kelgan eng qimmatli asarlar – Oybekning “Navoiy” romani, Izzat Sulton va Uyg‘unning “Alisher Navoiy” dramasi edi. Bu asarlar endi millat boyligi, qimmatli manba, shedevr bo‘lib qoldi. Bobur Mirzo haqida esa bu davrda kattaroq badiiy asar yaratilmadi, yaratilganlari ham qattiq muhokama va tanqidga uchradi (P.Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani nazarda tutilmoqda). XX asr adib va shoirlari Navoiy va Bobur ijodi ta’sirida ochiq-oydin ijod qila olmasdilar. Bunga o‘sha davrdagi siyosiy tushov, hukmron mafkura yo‘l bermas edi. XX asr ijodkorlari Navoiy va Boburdan ijodiy saboq olib, ta’sirlanib asarlar yaratsalar, mavjud siyosiy tuzumga qarshi chiqqan va buning uchun juda qimmat narx bilan “javob bergan” bo‘lardilar. Shuning uchun yuqorida nomlari keltirilgan asarlarda o‘zlarini mustamlakachi solayotgan xavfdan ihotalamoq uchun “xo‘jako‘rsin»ga Navoiy va uning eng yaqin do‘sti, hammaslagi Sulton Husayn Boyqaro bir-birini tushunmagan, murosasiz dushmanlar sifatida tasvirlandilar. Millat iftixorlari, millat quyoshlari bo‘lmish shohu sultonlar – Amir Temur, Husayn Boyqaro, Bobur Mirzo, Ubaydulloxon – Ubaydiy, Muhammad Rahimxon – Firuz, Amir Umarxon – Amiriy kabi yirik davlat arboblari qoralangan zamonda qay tariqa Bobur podshoh haqida yoki uning uslubida asar yaratish mumkin bo‘lar edi?! Bunday asar o‘quvchiga yetib borarmidi?
Shukrki, XXI asrda adabiyotimizning bu armonlari ushaladiganga o‘xshaydi. Asrimiz tongidayoq dunyo yuzini ko‘rgan atoqli adib Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” trilogiyasi, Xayriddin Sultonning “Boburiynoma” asari, Naim Karimovning “Navoiy” dramasi ushbu fikrni baralla aytish uchun asos beradi. Ishonchimiz komilki, buyuk Navoiy va shavkatli Bobur kabi mutafakkirlar an’analari o‘z yurtiga va o‘z erkiga ega bo‘lgan xalq badiiy adabiyotida bundan buyon yanada taraqqiy topadi va ijodiy yangilanadi.

– Bir holatga ko‘p guvoh bo‘lamiz. Aruz har doim ham oddiy o‘quvchiga “yuzini ochmaydi”. Fa­qat adabiyotshunoslar sharhlab bergandagina uning eng nozik, eng go‘zal qirralarini ko‘ra olamiz, baytlar qatidagi asl ma’noni tushunib yetamiz. Bu mumtoz adabiyotimizni nihoyatda ilohiylashtirib yuborganimizdanmi yoki uni kam o‘qiganimizdanmi?

– Bu savolingiz yuqoridagi savoldan kelib chiq­qanga o‘xshaydi. Buyuk ijodkorlardan ilhomlanish, ya’ni adabiy vorisiylik nafaqat g‘oyaviy mazmun, balki poetik shakl nuqtai nazaridan ham amalga oshirilsa, yangi yaratilgan asar badiiy barkamol bo‘­ladi. Demak, bundan “endi aruzga murojaat etmoq lozim”, degan ma’no kelib chiqadi. Hozirgi davr she’riyatida aruzning o‘rni qanday, u bugungi o‘quvchi uchun qiziqarlimi? Bunday savollar o‘tgan asr she’rshunosligida ham muhokama mavzui bo‘lgan. Xususan, o‘z davrining zukko va talabchan munaqqidi bo‘lmish Abdulla Qahhor barmoq va aruz vaznlari muqoyasasi asosida yozgan “Shakl va mundarija haqida” nomli maqolasida aruzning zamonaviy she’riyatdagi o‘rni haqida bahs yuritadi. Uning fikricha, aruz vaznida yaratilgan she’riyat o‘z davrining nodir durdonasi sifatida oliy darajada o‘rnashib qoldi, uni bizning zamonamizga moslash “mumtozlik” maqomiga nuqson yetkazishdek taassurot uyg‘otadi.
Ammo, vaqt ko‘rsatmoqdaki, aruzni qimmatbaho mulk sifatida tokchaga olib qo‘yish hodisasi yuz bermadi. Bu vazn hanuz an’anaviy bir vazn sifatida yashab, davom etib kelmoqda. O‘tgan asrda G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Sobir Abdulla, Habibiy, Chustiy, Erkin Vohidov kabi shoirlarning aruz vaznida yaratilgan asarlari o‘z davriga mos yangi mazmun kasb etgan. Yangi asrimiz she’riyatida ham shunday hodisa kuzatilmoqda. Endi, aruzning har doim ham o‘quvchiga “yuzini ochavermasligi” masalasiga kelsak, buning ham o‘ziga yarasha sababi bor. Avvalo, u barmoq vazni kabi faqat takt va ritmdan iborat bo‘lmay, ichki mazmunga ham ega. Aruz vaznlarining muayyan bahrlari kishida muayyan kayfiyat uyg‘otadi. Ayrim bahrlar nomi aruz vaznlarining mohiyati va qanday janrga qo‘l kelishini ham aks ettiradi. Chunonchi, hazaj – yoqimli un va tarona, rajaz – iztirob va shitob kabi. Masalan, Alisher Navoiy “Layli va Majnun” dostoni uchun hazaj bahridagi hazin vaznlardan biri – hazaji musaddasi aqrabi makfuf vazni («maf’ulu mafoilun faulun»)ni tanlagan edi. Bu vaznda yaratilgan asarni o‘qigan kishida “ho‘ng-ho‘ng” yig‘i tovushini eshitgandek taassurot paydo bo‘ladi:

Bir na’shqa soldilar ikkovni,
Jonsiz kelinu o‘luk kuyovni…

«Saddi Iskandariy” dostonini esa Navoiy qah­ramonlik dostonlari (masalan, “Shohnoma») uchun an’anaviy bahr bo‘lgan mutaqorib (mutaqoribi musammani maqsur)da yaratdi. Bu bahrda yozilgan she’riyat kishida askarlarning bir maromda tashlayotgan oyoqlari tovushini eshitgandek taassurot uyg‘otadi: faulan faulan faulan faul. Misol:

Bu go‘yo jahon ichra to‘fon erur,
Ki ondin jahon ahli vayron erur…

Barmoq vaznida bunday xususiyat, imkoniyat yo‘q.
Bundan tashqari, aruz vazni til xususiyatlari ji­hatidan ham o‘ziga xoslikka ega. Bu ham fonetika, ham morfologiya, ham sintaksisga tegishli. Aruzda murakkab uslubiy shakllar mavjud – ba’zan bir misrada ikki fikr, ba’zan ikki misra – bir baytda bir fikr ifoda etiladi. Shu boisdan aruzda yozilgan asarlarni kam o‘qigan o‘quvchi uni tushunish zavqidan bebahra qoladi. Bu bebahralik Hazrat Navoiydek, Bobur Mir­zodek buyuk shaxslar merosxo‘ri bo‘lgan millat farzandlariga yarashmaydi, menimcha. Mumtoz she’riyat namunalaridan o‘qib, bahra olib turish inson tafakkurini charxlaydi, asardan badiiy zavq olishga o‘rgatadi, estetik didni shakllantiradi.
Aruzda yaratilgan asarlar maktabdanoq yosh avlodga o‘qitiladi, o‘rgatiladi. Bu juda yaxshi. Ammo, yoshlarimiz go‘zal fazilatlar, nozik did, yuksak salohiyat va boy dunyoqarashga ega bo‘lishlari uchun aruzni chuqurroq o‘rganishlari zarur. Aruzdan xabardorlik ularga Navoiy va Bobur kabi daho shoirlar ma’naviy olamini teranroq anglash imkonini beradi.

– Ustoz, samimiy suhbatingiz uchun tashak­kur! “Yoshlik” jurnali muxlislari nomidan sizga yana uzoq yillar ulug‘lar ijodiga hamnafas bo‘lish nasib etishini tilab qolamiz.

Suhbatdosh: Isomiddin PO‘LATOV

“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 2-son.