Shahnoza Nazarova: Har yili Alisher Navoiy tavalludini zo‘r muhabbat bilan nishonlaymiz. Bu kun shaxsan menda katta iftixor, shuningdek, katta qarzdorlik va sog‘inch hissini uyg‘otadi. Guyo u tabarruk dargohlardan uzoqlashib, qal’adan tashqarida qolib ketgandekmiz. Olim, shoir, yozuvchilardan hech biri “men Navoiyni tushunmay qoldim” yoki “tushunolmadim”, deb ochiq aytmaydi. Tashqaridan ularning har birining ko‘nglida o‘z Navoiysi bordek. Biroq juda qiziqtiradiki, ular bir-biriga qanchalar o‘xshaydi va qachon bir butun bo‘lib birlashib ketar ekan? Ustoz, biz nega Navoiydan uzoqlashib ketdik?! Buning tarixiy, ijtimoiy, iqtisodiy, fanniy, ruhiy omillari nimada?
Ibrohim Haqqul: Sizning bu savolingizga javob berish uchun “Keyingi bir asrdan ortiq vaqt mobaynida biz qachon Navoiyga yaqin bo‘lganmiz?” degan savolga javob qaytarish lozim. Vaholanki, nisbatan yaqinlik va qiziqishni aytmasa, hech payt to‘la yaqinlik va ishtiyoq bo‘lmagan. Agar shunday ma’naviy-ruhiy hodisa yuzaga kelganida jafokash xalqimiz XX asrda o‘zining milliy shuuri, dini, tarixi va mumtoz adabiyotidan afsuslanarli darajada yiroqlashtirilmagan bo‘lurdi. Bilasizmi, mumtoz shoirlar asarlarini ruhoniy, irfoniy, falsafiy tamalidan ajratib o‘qishni joriy etish ko‘rning qo‘liga hassa emas, qilich tutqazishday bir gap edi. Badiiy so‘zning ta’sir yo‘li buzilib, mohiyati jo‘nlashgach, qiziqish va zavq nimaga arziydi, deysiz? Navoiyday shoirlarning ijodiga yo‘l topishning birinchi sharti ularning Ruh va Hol olamiga erkin kirib bora olishdir. Bu, albatta, sof mohiyat va iztirobni teran mushohada qilish orqali amalga oshadi. Zero, jahon adabiyotining eng vijdonli, eng haqgo‘y san’atkorlari kundalik turmush tashvishi va moddiy manfaatlardan yiroq mohiyat, aql va irodaning qo‘shiluvidan tug‘ilgan iztirob atrofida birlashishgan. Shaxs sifatida shakllanmagan hech bir kishi bu haqiqatni chuqur tushunmaydi. Demak, Navoiyni anglash birinchi galda bizning o‘zimizni nechog‘lik bilishimiz, ma’naviy “Men”ligimizni naqadar boyitib, yuksaltira olishimizga bog‘liq. Shu ma’noda biz nimaga erishdik va qanchalik ulg‘aydik? Mening nazarimda, keyingi yigirma yil mobaynida elimizda jur’at, jasorat, erkinlik va haqgo‘ylik hissi oldingiga qaraganda ham ancha pasaydi. Oddiy odamlarni-ku qo‘yavering, ijodkorlar ham zulm, adolatsizlik, qaramlik, aldov va maddohlikka qarshi ayovsiz kurashgan Navoiyga holdoshlik neligini hatto xayolga ham keltirishmadi. Voqelikka Navoiyning nigohi bilan qarash, olam hodisotlarini navoiyona dard to‘lqinlari ila idrok etmoq uchun Navoiy dunyoqarashi sir-asrorini o‘zlashtirishga qayta-qayta urinish zarur.
Mana, bir mulohaza. Sharq tafakkurini G‘arbnikidan ajratib turgan tomonlardan biri, balki eng asosiysi, fano holi va lomakon ishonchidir. Bir-biri bilan bevosita aloqador shu ikki jihatni puxtaroq bilmasdan tasavvuf adabiyotidagi vaqt va zamon, makon va kelajak, xoliq va xalq orasidagi aloqalar to‘g‘risida asosli fikr bildirish qiyin. Navoiy she’riyatida firor – dunyoga nuqul nafsoniy manfaat ko‘zi bilan qaraydigan tama bandalaridan qochish, inzivo – ma’naviy huzur-halovat go‘shasiga chekinish holatlari nihoyatda ta’sirli ohanglarda darj etilgan. Bular zarur zaylda qalbga naqshlanmas ekan, Navoiyning fazoviy xayol va samoviy hislar tasviridagi beqiyos yutuqlari qo‘l yetmas yulduz bo‘lib qolaveradi.
Xullas, Navoiy adabiy merosini zohiriy tomondan tadqiq va tahlil qilishda to‘g‘ri va noto‘g‘ri, maqbul yo nomaqbul fikr va mulohazalar keragidan ham ortiq miqdorda e’lon qilindi. Biroq uning turli janrlarda bitilgan ijod namunalarining botinini ko‘rsatish, ma’naviy-ruhiy mazmunini ochishga bag‘ishlangan tadqiqotlar yo‘q hisobi. Holbuki, Navoiyning o‘zi “O‘n sakkiz ming olam ichra har ne bor, Kim qilurlar ahli ma’ni e’tibor”, deya ko‘rsatma berib qo‘ygan. Eski davrlarda yaratilgan “Vujudnoma” nomli asarlarda ta’kidlanishicha, ushbu o‘n sakkiz ming olamning asosiy va g‘aroyib qismi insonning siyratiga tegishli. Demak, “Ovoz-ku bor, lekin o‘zim qani?” degan savolga aniq javob bera olguvchilar soni qancha ko‘paysa, yurtimizda navoiyxonlik ham o‘shancha taraqqiy topadi. Ammo bu natijaga erishguncha, hali ko‘p ish qilinishi kerak. Ahli irfonning hukmiga ko‘ra, “Haq bilan inson orasidagi eng qalin parda ilm”dir. Bunda, albatta, ruhiy zavq, ilhom va kashfdan mahrum zohiriy ilm nazarda tutilgan. Ovrupo adabiyotshunosligi qonun-qoidalari zaminida shakllangan navoiyshunoslikni tubdan yangilash esa yanada qiyinroq vazifadir.
Sh.N.: Navoiy va bugungi umuminsoniy hamda milliy siyosiy jarayonlarni qanday bog‘lash mumkin?
I.H.: Alisher Navoiy adabiy va ilmiy merosini o‘rganish – yurtni yurt, xalqni xalq qiladigan haqiqatlarni o‘rganish va o‘zlashtirish demak. Navoiyni bilish Odam bo‘lish sirlarini egallashdir. Navoiyning milliy maslagi qay darajada yuksak bo‘lsa, bashariy hissiyoti ham o‘shancha kuchlidir. Navoiy kuylagan ishq – hayotni, tiriklik va dunyoni o‘zida mujassamlashtirgan ishq. Bu ishq haqiqat va go‘zallik manbai. Unda abadiy fayz mavjud. Ana shu fayz nuri xoh milliy, xoh umuminsoniy, xoh siyosiy, xoh axloqiy bo‘lsin, har qanday jarayonni kunday ravshanlashtiradi. Ana shunda dunyoning asl qiyofasi qanday bo‘lsa, uni shundayligicha ko‘rasiz, ulkan yolg‘on, beshafqat hiyla va nayrang bo‘ronlari oddiy odamlar boshiga qayondan yog‘ilib kelishi-yu, bashariyatning gumrohlik, qashshoqlik, qullik va shafqatsizlik to‘qayzorlarida adashish sabablarini aniq ilg‘aysiz. Navoiyning dardu qayg‘ulari hamma davr odamlari uchun shifobaxsh va xaloskordir. Chunki ular eng oddiy, eng xoksor va mehnatkash insonga mehr-muhabbatdan paydo bo‘lgan Haq hadyasidir. Kim haqiqat qarshisida dovdiramasa, kim maydalik va maydakashlikdan saqlana bilsa, kim xushomad va yaltoqlanishlardan jirkansa, Navoiyning so‘zlaridan o‘sha odam, albatta, kuch va ilhom oladi. Shoir qit’alaridan birida bandaning o‘zi kabi bir ojiz bandaga tobeligi, qulluqkorligi va xushomadgo‘yligini qoralab:
Kimki maxluq xizmatig‘a kamar,
Chust etar, yaxshiroq ushalsa beli.
Qo‘l qovushturg‘ung‘a bu avlodur,
Ki aning chiqsa egni, sinsa eli.
Chun xushomad demakni boshlasa kosh
Kim, tutulsa dami, kesilsa tili,
deydi. Qariyb qarg‘ish darajasidagi ushbu tanqid va tanbeh so‘zlardan bir xulosa chiqarolmagan kimsalarni odam qatoriga qo‘shish mumkinmi?! Demak, odamdagi buzilish va tubanlik to‘xtamasa, olamdagi buzilish va tubanliklarga chek qo‘yib bo‘lmaydi. Navoiyning odamshunosligi olamning har turli yomonliklardan tozalanishiga xizmat qilishi bilan ham umidbaxshdir.
Sh.N.: Navoiy va bugungi ruhiy evrilishlarni qanchalar bog‘lash mumkin, Navoiy asarlarida tarbiyalab, voyaga yetkazgan komil inson bilan bo‘ylashganda, biz uning to‘pig‘i yoki tizzasigacha yeta olamizmi? Hazrat ijodida faqat xayoldagina yashab qoluvchi tumanli ideal insonni emas, chinakam tirik insonni qahramon qilib oladi. Biz o‘sha tirik odamga tirikligimiz bilan o‘xshaymizmi, qanchalar o‘xshaymiz? Aksincha bo‘lsa, bunga nima xalaqit beradi?
I.H.: Siz nazarda tutgan o‘sha odamga ham o‘xshaymiz, ham o‘xshamaymiz. O‘xshashligimiz zohiriy, ya’ni suvratda. Ammo siyrat va ma’naviyatda monandlik ancha kam. Insoniyat hamma davrlarda u yoki bu zaylda aldanib yashagan. Lekin o‘zini o‘zi aldash, shu aldov jafolarini tortish miqyosi XX asrda behad kengayib ketgan. O‘zi o‘zidan begona, o‘zining asl ahvolidan bexabar kimsalarning soni ham shu asrda ko‘paygan. Insonlik mohiyatini kashf qilish, har qanday vaziyatda ham o‘ziga tayanish holi bizda ham shakllanmagan. Ko‘pchilikni tashqaridan belgilagan maqsad va mushtarak taassurotlar boshqargan. Shuning uchun bir necha avlod fikriy yakranglik, ijtimoiy turg‘unlik va ommaviy taqlidga ko‘niktirilgan. Mustaqil va butun Shaxs haqida o‘ylashga aytarli hojat qoldirilmagan. Manaman degan bugungi ziyolidan Navoiyning “O‘z vujudingg‘a tafakkur aylagil, Har ne istarsen o‘zingdin istagil” baytini sharhlashni so‘rang. Har kim o‘zicha nimalardir deydi, albatta. Biroq ularinng aksariyati taxminiy yoki uydirma gaplar bo‘ladi. “Vujud tafakkuri” aslida bir ilm tarmog‘i. Unda avval tana, keyin birin-ketin axloq, nafs, ruh, xayol sirlari o‘rganiladi. Umuman aytganda, Navoiyni o‘qib anglash, anglab muhokama yuritishning hikmati ko‘p:
birinchidan, inson o‘zini ma’nan nochor, aftoda his qilmaganidek, hayotga hech vaqt badbin, ishonchsiz nigoh bilan boqmaydi;
ikkinchidan, o‘z taqdirini tili, dini, tarixi, millati va yurtidan ayri holda tasavvur etmaydi;
uchinchidan, moddiyotni deb ma’naviyatni, zohiriy borliqlar shavqiga berilib, botiniy mavjudliklarni unutmaydi. To‘rtinchidan, dunyo va ahli dunyo ahvoliga shoir, mutafakkir, mutasavvif Navoiy ko‘zi bilan qarashga intilib, fanoni baqodan farqlashga bir qadar malaka hosil qiladi. Bu esa eng muhimi. Chunki rostni yolg‘ondan, haqni nohaqdan, muqimni muvaqqatdan ajratolmaslik insonni taqlidchilik girdobiga tashlaydi. Taqlid – fikriy mehnatni ravo ko‘rmaslik, kimgadir ergashish, kimgadir o‘xshashdan nariga o‘tolmaslik degani. Ma’lumki, koinot hech qachon to‘xtash va turg‘unlikni tan olmaydi – tinimsiz ravishda evrilib, yangilanib boraveradi. Shuning uchun har bir narsa yo mavjudlik boshqa bir shakl, o‘zga rang va ruhga kirishi muqarrar. Insonning his, tuyg‘u, tasavvur va xayollari ham o‘zgaradi hamda boyiydi. Mana shu yangilanish “nuqta”sida har kim o‘zicha ijodkor, o‘zicha shoir yo musavvir bo‘lmog‘i kerak. Ya’ni Navoiy aytmoqchi, “Ko‘ngil ichra dardu g‘am avvalgilarga o‘xshamas”ligini bilmog‘i lozim. Afsuski, turmush va ijtimoiy muhit ko‘pincha bunga imkon bermaydi. Ayni shu kemtiklik daho ijodkorlar asarlarini his qilish, anglash va talqin qilishda har turli to‘siq yoki chalg‘ishlarni yuzaga keltiradi. Navoiy ijodiyotining ma’no-mazmunini zarur darajada mushohada etilmasligining bir sababi mana shudir.
Sh.N.: Shekspir ingliz, Gyote olmon adabiyotini harakatga keltirgani kabi Navoiy ham hozirgi davr o‘zbek adabiyotini harakatga keltirishi, har bir yangi adabiy oqim, yangi adabiy yo‘nalish, yangi shakl ichiga o‘ziga xos tarzda har gal yangi nafas bilan kirib borishi kerak edi. Ustoz, Siz bugungi adabiy jarayon va Navoiy siymosini qanday umumiy manzarada tasavvur qilasiz?
I.H.: Navoiyning shaxsiyati tomonidan ham, shoirlik mahorati nuqtai nazaridan ham xususan bugungi adabiy jarayonda nainki vorislik, sobit bir izdoshlik ham ko‘zga tashlanmaydi. Ingliz ijodkorlari Shekspir, nemislar Gyote, rus adiblari Pushkin maktabidan ta’lim olmaslikni noqislikmas, ehtimol, gunoh hisoblashar. Bizda bunday emas: Yassaviyni, Navoiy yo Ogahiyni o‘qib-o‘rganmasdan ham shoir bo‘ldik deb o‘ylovchilarga har qadamda duch kelishimiz mumkin. Ular Navoiyni nomiga maqtab, umumiy “urf”ga ko‘ra unga sirtdan ehtirom ko‘rsatishdan aslo xijolat chekishmaydi. Biroq biror marta Navoiyning tafakkur va ruh vodiysida sayr aylash uchun til, tarix, din, tasavvuf va falsafa bilan birga turk hamda fors tilidagi mumtoz adabiyotni bilish zarur, degan gapni xayoldan ham o‘tkazishmagan. Navoiy ijodiyotining tub ildizi Sharq tamadduni zaminida – G‘arbnikida emas. Bir mutafakkir ijodkor “Odam yo sharqlik bo‘ladi, yo g‘arblik”, deydi. Bu fikrga tepadan turib e’tiroz bildirish noto‘g‘ri. Negaki, inson ayni bir paytda ham nasroniy, ham musulmon bo‘lolmaydi. Bu haqiqatni tushungan qalam sohibi g‘arb kishisining fikr-qarashi va psixologiyasini “milliylashtirish”ga sira kuch sarflamaydi. Demoqchimizki, Yassaviy, Attor, Rumiy, Jomiy va Navoiyni chetlab erishilgan ijodiy yangilik qurbu quvvatdan mahrum yangilik bo‘lib qolaveradi. Ko‘z tegmasin, necha zamonlardan keyin xalqimiz endi erkin nafas olib, tahlika va qo‘rquvni unuta boshladi. Xushomad va tilyog‘lamalik o‘yinlari to‘xtatilib, maddohlik ovozlari hozircha bir qadar tindi. Bizning o‘ylashimizcha, Olloh xohlasa, bundan buyog‘iga xalqning o‘zi Navoiyni haqqoniy his etish va anglashga yo‘l izlaydi, qanday bo‘lmasin she’riyat sultoniga ma’nan yaqin boradi. Navoiy benazir tilshunos, adabiyotshunos, tarixchi olim. Buni hamma biladi. Navoiy din darg‘asi, dili yoniq mutasavvif, benazir faylasuf, siyosat va davlat arbobi… Ko‘pchilik buni ham yaxshi anglaydi. Ammo bularning hech biri Navoiyning shoirligidan oldingi mavqega ko‘tarilgan emas. Navoiy uchun shoirlik yurak va ruhoniyat shavqi, nomus va qismat mashaqqati edi. Navoiyga dunyoning pastu baland, maqbulu nomaqbul ishlari bir yon, shoirlik bir yon edi. Shoir bo‘lish, shoir bo‘lganda ham tengsiz san’atkor bo‘lish uchun dunyoga kelganini u hamma narsadan ortiq aniq his qilardi. Shoirlik ilhomi, shoirlik iztirobi, shoirlik sharafi Navoiy shaxsiyatining yolqinini aks ettiradi. Albatta, uning ko‘ngil osmonida oy ham, turfa-turfa porloq yulduzlar ham bo‘lgan. Biroq shoirlik, oshiqlik Navoiy siyratining oftobidir. Aks holda u junun maqomiga yuksalolmas va:
To tutdi junun yo‘lin Navoiy,
Kim bo‘ldi vatanga rahnamoyi,
deyolmasdi. Navoiy she’riyatidan atayin ijtimoiy, siyosiy, axloqiy, didaktik yoki diniy-tasavvufiy mazmun axtarmaslik, allambalo targ‘ibotlar yuzasidan uni uni har kim o‘ziga manzur bir qiyofada ko‘rsatishga urinmasligi kerak. Navoiy ham dunyo, ham oxirat, ham shodlik, ham qayg‘u, ham umid, ham armon, ham baxt, ham baxtsizlik, ham visol, ham hijron, ham o‘tmish, ham zamon shoiri. Uning so‘z, tuyg‘u, fikr, xayol va holatlarini kundalik turmushning tor, biqiq, o‘tkinchi talabu manfaatlariga muvofiqlashtirib bo‘lmaganidek, beshafqat hayotning yolg‘on, aldov, riyo, hiyla-nayranglariga xizmat ettirishdan ham tiyilish lozim. Chunki Navoiy she’rlarida har bir ma’ni, ramz, belgi va ishorat soflik, go‘zallik, ilohiylik yog‘dusidan sayqal topgan.
Sh.N.: Navoiyshunoslikning bugungi holati qanday? Bizda yangi davr navoiyshunosligi qachon shakllanadi? Ularning maqsad va vazifalari nimalardan iborat bo‘lishi kerak? Xorij navoiyshunosligi bilan qiyoslaganda o‘zbek navoiyshunosligining o‘rni, nufuzi qanday?
I.H.: Ijtimoiy-gumanitar fanlarning ahvoli qanday bo‘lsa, navoiyshunoslikniki ham qariyb shunday. Albatta, bu jabhada ham ma’lum yutuq, e’tiborga molik natijalar qo‘lga kiritilgan. Xorijiy o‘lkalarda Navoiy mavzusida ancha-muncha tadqiqotlar yaratilgan. Lekin istaymizmi, istamaymizmi, navoiyshunoslikning poytaxti – O‘zbekistondir. Chunki navoiyshunoslikning mashaqqat va mas’uliyati o‘zbek olimlarining zimmasida. Shundan kelib chiqib ta’kidlaydigan bo‘lsak, navoiyshunoslik yosh va talantli tadqiqotchilarni kamolga yetkazib, tubdan isloh etishga juda-juda muhtojdir. So‘nggi vaqtlarda navoiyshunoslikda soxta, g‘ayriilmiy tamoyil mavqe qozona boshladi. Bu ham tasodifiy urinish yoki uyushish emas, albatta. O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida ilm-fanning ahvoliga xolis baho berib, “Biz yigirma besh yil ilm bilan shug‘ullanmadik. Bor ilmni yo‘q qildik”, degan edi. Qanchalik achchiq bo‘lmasin, bu fikr – haqiqat. Sayozlik, laganbardorlik ko‘nikmasi, balki, buni tan olishga monelik etar. Biroq masalaga tarixan yondashilsa, e’tirozga aslo o‘rin qolmaydi. Navoiyning olisni ko‘rishi va bashoratiga faqat hayron qolasan kishi. Ulug‘ shoir besh yuz ellik yil muqaddam “Ilmni kim vositai joh etar, O‘ziniyu xalqni gumroh etar” deb, ilmdan mol-mulk, boylik, mansab, mavqe vositasi o‘laroq foydalanish fojiasiga diqqatni tortgan edi. Biz hatto shu ogohlantirish, hushyorlikka chorlashga ham amal etolmadik. Oxir-oqibatda rost so‘zga og‘iz juftlash ham yoqimsiz, umumiy ko‘nikmaga qarshi urinishga o‘xshab qoldi.
Sh.N.: Ustoz, suhbatlarimizdan birida Navoiyni bir necha bosqichda o‘quvchilar ommasiga taqdim qilish kerak degandingiz.
I.H.: Hozir ham shunday fikrdaman. “Zanjirband sher qoshida”, “Kamol et kasbkim” kitoblarim yosh va o‘spirin yigit-qizlarga mo‘ljallab yozilgan. Navoiy inson umrini to‘rt faslga ajratib nomlaganidek, turli yoshdagi o‘quvchilarni nazarda tutib, navoiyshunoslar ham tili sodda, uslubi jonli va ravon risolayu kitoblar yozishi kerak. Aytaylik, bolalar uchun yozilgan asarda bolalik talabi, holati va ehtiyojlari inobatga olinsa, Navoiyni yoshlarga tanitishda nisbatan boshqacha maqsad va usulda qalam tebratiladi. Navoiy ijodi bosqichma-bosqich o‘rganilib, qarabsizki, navoiyxonlik o‘z-o‘zidan tarmoqlanib keng quloch yozib boraveradi.
Sh.N.: Ustoz, Siz mehnat qilayotgan O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida bir necha yillardan buyon Navoiy ijodiga bag‘ishlangan tadqiqot loyihalari ustida ish olib boriladi. Bizni amaliy natijalar qiziqtiryapti.
I.H.: Maqsadingizni angladim. “Navoiy qomusi” to‘g‘risida so‘ramoqchisiz. Ikki jildga mo‘ljallangan “Qomus”ning qo‘lyozmasi uch jilddan ham ziyodroq hajmda yozib tugallandi. Endi hamma gap uni ko‘ngildagiday tahrir qilib, sifatli nashr eta bilishda. Unga kiritiladigan maqolalarning ma’lum bir qismi jurnal, to‘plam va kitoblarimizda e’lon qilindi. Qomus yaratish oson emasligini kim bilmaydi deysiz? Bu ishning ham o‘z qonun-qoida va shartlari bor. Biz, albatta, ularga rioya qilish va ijodiy yondashishga uringanmiz. Lekin oxir-oqibatda nashr taqdirini baribir mablag‘ hal etadi. Navoiyning muborak nomi va buyuk sharafi qarshisida hech qanaqa moddiy narsa to‘siq bo‘lib qololmaydi, deb umid bildiramiz.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 2-son